Mashhurlarning noodatiy va gʻaroyib vasiyatnomalari


Saqlash
18:02 / 22.02.2023 0 1060

Taniqli shaxslarning oʻziga xos feʼl-atvori, yashash tarzi, dunyoqarashi atrofdagi odamlarni taajjubga soladi. Hatto ularning oʻlimi ham, oʻlimidan oldin qoldirgan vasiyatlari ham juda gʻaroyib. Quyida ulardan bir nechtasini eʼtiboringizga havola etamiz.

 

Haynening sermaʼno vasiyati

Mashhur nemis shoiri Haynrix Hayne rafiqasiga yozgan hazilomuz va sermaʼno vasiyati tufayli tarixga kirgan. U 44 yoshida hamma Matilda deb ataydigan 26 yoshli Kseniya Yevgeniy Miraga uylangandi. Doʻstlarining aytishicha, ayol u kabi savodli boʻlmagan. Matilda hatto oʻqishni ham bilmas, umri davomida Haynening birorta asarini oʻqimagandi. Qolaversa, u juda injiq va jahldor ayol boʻlgan, biroq shunga qaramay, Hayne uni qattiq sevgan deyishadi. Matilda bilan yigirma yildan ortiq umr kechirgan Hayne bir kuni xotini bilan hazillashishga qaror qiladi. Yozuvchining oʻzi bu voqeani shunday soʻzlab bergan: “Cherkovdan qaytganimdan keyin vasiyatnoma yozdim. Butun mulkimni xotinimga qoldirdim. Faqat bir shart bilan – u oʻlimimdan keyin yana turmushga chiqishi kerak. Dunyoda hech boʻlmaganda bitta odam oʻlimimdan qaygʻurib, “Bechora Hayne... Nega bizni tashlab ketdi, agar u tirik boʻlganida xotiniga uylanmasdim!”, deyishini xohladim. Ushbu vasiyat dunyodagi eng sermaʼno hazil vasiyatnoma deb qaraladi. Matilda erining barcha merosini qabul qilgani, biroq boshqa turmush qurmasligini bildirgan.

 

Gogol: “Kim mening oʻlimimga hurmat bajo keltirishga urinsa, gunohlarimni zimmasiga olgan boʻladi”

Ukrain yozuvchisi Nikolay Gogolning ijodi ham, hayoti ham, oʻlimi ham fantastika. Adabiyotshunoslar buni uning ruhiy holati buzilishi bilan bogʻlashadi. Yozuvchi soʻnggi vasiyatnomasining birinchi bandi shunday edi: “Vasiyat qilamanki, tanam butunlay chirimagunicha dafn qilinmasin”. Yettinchi band esa quyidagicha edi: “Vasiyat qilamanki, menga hech qanday yodgorlik oʻrnatilmasin, bunday kichik, noloyiq nasroniy haqida hech kim oʻyga tolmasin. Hech kim men uchun motam tutmasin. Kim mening oʻlimimga hurmat bajo keltirishga urinsa, barcha gunohlarimni oʻz zimmasiga olgan sanaladi”. Gogol oʻz vasiyati orqali uni chindan ham yaxshi koʻrgan, hurmat qilganlar uning xotirasini yodgorliksiz ham hamisha esda saqlay olishlariga ishora qilgan.

 

Chaplinning million dollarlik merosi

Mashhur va sevimli komediya ustasi, aktyor Charli Chaplin vasiyat qoldirganida ham hazilkash harakateriga sodiq qolgan. U farzand dunyoga keltirgan birinchi erkakka bir million dollar qoldirishini yozgan. Koʻrib turganingizdek, hali hech kim Chaplinning vasiyatnomada aytgan ishni bajara olmagan. Bir million dollarlik meros esa hali-hamon oʻz egasini kutmoqda.

 

Monroning egalariga yetib bormagan merosi

1962-yilda Amerika kinosining yulduzi Merlin Monro vafot etdi, biroq uning toʻgʻridan-toʻgʻri merosxoʻri yoʻq edi. U oʻlimidan bir yil avval uchinchi eri bilan ajrashadi va qayta vasiyat yozishga majbur boʻladi. Monroning soʻnggi vasiyatiga koʻra, oʻgay singlisi va psixologiga kichik mablagʻda meros qoladi. Aktrisa kinodagi muvaffaqiyati uchun ustozi Li Strasbergga minnatdorlik maktubi yozadi va unda shaxsiy narsalarining bir qismini oilasi hamda boshqa qarindoshlariga tarqatishini soʻraydi. Biroq ustozi uning vasiyatini bajarmaydi. Monroning shaxsiy buyumlarini u aytgan insonlarga berishni rad etadi va 1982-yil – vafot etguniga qadar omborida saqlaydi. Strasbergning oʻlimidan soʻng meros va barcha huquqlar uning rafiqasi Annaning ixtiyoriga oʻtadi. Yosh beva darhol Monrodan qolgan buyumlarni kimoshdi savdosiga qoʻyadi. Aytilishicha, ayol eri omborga tiqqan narsalar uchun 20 million dollargacha pul ishlagan. Hozir ham aktrisaning merosxoʻri sanalgan Anna har yili 8–9 million dollar pul topadi.

 

Boyvachcha it

Yurak yetishmovchiligidan vafot etgan amerikalik kinoprodyuser, 62 yoshli millioner Rojer Dorkas oʻlimidan soʻng iti Maksimilian nomiga yozgan vasiyatnomasi dong taratgan. U pullari 25 yashar rafiqasi, aktrisa Vendi Ditrixning qoʻliga tushmasligi uchun itiga 65 million dollarlik meros qoldirgan. Beva xotiniga esa boyligidan atigi 1 sent tekkan, xolos. Ayol itdan merosni tortib olishga qancha harakat qilgan boʻlsa-da, sud vasiyatnomani haqiqiy deb topgan va uning daʼvosini rad etgan.

Rahmat BOBOJON tayyorladi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 267
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 333
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205879
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96437
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22675
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 21818
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16707
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15948
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14214
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12273
Ommaviy madaniyat