Men dunyodagi jamiki qizil narsalarga qarshiman!


Saqlash
10:03 / 01.03.2022 0 1213

Bejiz katta ketmapti

 

Birinchi shaxmat ustasi, O‘zbekistonda shaxmatni ommalashtirish va rivojlantirish borasida ulkan xizmatlar qilgan rahmatli ustoz Mamajon Muhiddinovning yetmish yillik to‘yiga bag‘ishlangan tantanani Ozod Sharafiddinov boshqaradi. Yig‘ilishning rasmiy qismini yakunlayotgan Ozod aka muxlislariga shunday deydi:

 

– Ziyofatdan so‘ng mana shu klubda grossmeysterlar sizlarga seans beradi. Agar ular kelmay qolsa xafa bo‘lmanglar – o‘zim seans beraman sizlarga!

 

Samimiy hazildan kulishdik. Ozod aka garchi seans bermagan bo‘lsa-da, bekorga katta gapirmaganini isbotladi – grossmeyster Mixayil Saltayevni mag‘lub etdi. Hammamiz domlani ajoyib g‘alaba bilan tabrikladik.

 

Ertasi kuni ustoz bilan telefonda gaplashib qoldim.

 

– Ozod aka, kechagi hazilingizga farishtalar omin degan ekan-da. Grossmeysterni indamay yutib qo‘ydingiz-a?! – dedim.

 

Domla jamiki shaxmatchilarga xos ajoyib “kamtarlik” bilan javob qildi:

 

– Ha endi, O‘zbekistonda durustroq grossmeyster bo‘lmasa nima qilay?!

 

 

Qizillarga qarshi

 

Kunlardan bir kun (mustaqillikdan ilgari) Ozod aka Samarqandga safar qiladi. Domlaning hamma yerda shogird va muxlislari ko‘p edi. Samarqandda ustozni Urgutdagi so‘lim bir qishloqqa taklif etishadi. Mehmondorchilikda yaxshigina gurung bo‘ladi. Taomdan keyin taomilga ko‘ra dasturxonga qovun keltiriladi. Ozod aka qovundan ozgina totingan bo‘lib, tezda qo‘lini artadi.

– Domla, qovundan olmadingiz. Tarvuz so‘yib kelaymi? – deb so‘raydi mezbonlardan biri.  

 

– Rahmat uka, hojati yo‘q. Men dunyodagi jamiki qizil narsalarga qarshiman!

 

Davrada o‘tirganlar domlaning jur’atidan hayratlanishadi. Qizil mafkura hukmronligi davrida ancha-muncha odam bunday gapni hatto hazil tariqasida ham aytishga botinolmasdi.

 

 

Чёрт побери

 

Ustoz Ozod Sharafiddinovning yetmish yillik to‘yi Milliy teatr binosida katta tantana bilan, juda fayzli-maroqli o‘tadi. Muxlislar qatori so‘zga chiqqan mashhur shoir Erkin Vohidov talabalik yillarini eslab, shunday hazil qiladi:

 

– Ozod aka universitetda bizga adabiyotdan saboq berardilar. Bir kuni ustoz “Xisrav va Shirin” dostonini o‘tayotib aytdilar: “Shirin kanizaklari bilan ot minib kelib mundoq qarasa, kanal qazilgan, zilol suvlar oqib yotibdi. Shunda u hayratini yashirolmay, “Ничего себе” deb yuboribdi.

 

…Ustoz biz – talabalar bilan juda yaqin, inoq edilar. Esimda, paxta terimida bir kuni barakda o‘tin yorayotsak, yonimizga kelib qoldilar. To‘nka juda chayir bo‘lgani uchun barcha urinishlarimiz zoye ketayotgan edi. Shunda ustoz boltani qo‘limizdan olib, o‘zlari o‘tin yorishga tushdilar. Hash-pash deguncha terlab-pishib ketdilar, ammo savil chayir to‘nka yorila qolmadi. Axiyri bezor bo‘lib, “Чёрт побери?” deya boltani uloqtirdilar. Biz ustozga dalda berdik: “Domla, biz o‘tin yoraveramiz. Siz yonimizda “Чёрт побери?” deb turavering.

 

Erkin aka yuqoridagi hazil-xotiralarni davralarda gapirib bersa, ustoz Ozod aka negadir buni tan olmas, “Men hech qachon o‘zbek tiliga o‘rischani aralashtirgan emasman! “Ни в коем случае! derdilar.  

 

 

General

 

Bir guruh adabiyotshunoslar professor G‘ulom Karimov jo‘raboshchiligida Oqsoqota degan so‘lim, xushmanzara joyda dam olishayotgandi. Bir kuni ularning dilkash gurungiga o‘zini o‘rmon qorovuli deb tanishtirgan odam kelib qo‘shiladi. Chaqirilmagan mehmon andisha, odob degan narsani bilmas ekan, bemavrid gapga suqilaverib, tez orada hammaning joniga tegadi. O‘zining xotinbozligi, qilgan jinoyatlarini aytib maqtanadi. Bu hol bir necha kun davom etadi. Pichoq suyakka qadaladi. Shunda G‘ulom Karimov asta o‘rnidan turib, gap qotadi:

 

– Borib yostig‘imning tagidan to‘pponchamni olib kelay!

 

“Oshirma”ni payqagan Ozod aka domla chiqib ketishi hamon alangaga yana cho‘p tashlab, qorovulga yuzlanadi:

 

– Bu odamni taniysizmi? General G‘ulom Karimov deganlari shu odam! Mashhur izquvar! Dahshatli jinoyatlarni ochgan!

 

Qorovul shosha-pisha o‘rnidan qo‘zg‘alib qochib qoladi va boshqa qorasini ko‘rsatmaydi.

 

Shunda Ozod aka hamkasblariga qarab shunday deydi:

 

– Qaniydi G‘ulom Karimovning nomini eshitganda faqat g‘alamis o‘rmon qorovuligina emas, adabiyotimizdagi ayrim qalloblar ham gumonda bo‘lishsa!

 

 

Yaxshi yozar ekan

 

Ozod aka ma’lum muddat taniqli yozuvchi Erkin A’zam bosh muharrir bo‘lgan “Tafakkur” jurnalida xizmat qilgandi. O‘sha yillari domlaning go‘yo ikkinchi nafas yo‘li ochilgandek bo‘ladi, juda barakali ijod qiladi. Muharrir keyinchalik ustoz haqidagi xotirasida shunday yozgan edi: “Vazifaga bu qadar mas’uliyat bilan qaraydigan, qunt-u hafsala bilan kirishadigan odamni men kam ko‘rganman. “Bu mening soham emas-ku” deya mavzu tanlab, ikkilanib o‘tirish yo‘q. Tarixchi ham, faylasuf ham, siyosatshunos olim ham o‘zlari. Maqola deganlari qatorlashib ketdi. Jurnalning soni ma’lum – cheklangan, hammasini sig‘dirishning iloji yo‘q”.

 

Erkin A’zam domlaning ayrim maqolalarini Ozod Obid taxallusi bilan chop etishni taklif etadi. Ushbu taxallusga domlaning o‘zlari ham ko‘nikib ketadi. Bir gal maqolasining korrekturasini o‘qiyotib, “Чёрт побери, yaxshi yozar ekan, kim o‘zi u?” deya hazillashadi.

 

Shodmon OTABEK

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 262
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 331
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205874
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96426
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22661
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 21800
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16706
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15945
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14210
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12261
Ommaviy madaniyat