Bir shoir va ikki vazir haqida hikoyat


Saqlash
17:01 / 08.01.2024 0 1034

Bir shoir toʻn, olqish va shon-shuhrat ilinjida shohga sheʼrlarini olib keldi. Shoh shoirlarni qadrlovchi boʻlgani bois unga ming tanga qizil oltin berdi, mehr koʻrsatib, sovgʻa-salom bilan siyladi. Shunda vazir unga dedi: “Bu kamlik qiladi. Oʻn ming tanga berilsa, u mamnun boʻlib ketardi. Sening saxovatli qoʻlingdan shunday zakovatli shoirga men aytgan oʻn ming tillani berish ham kam aslida!” Toki xirmondan oʻndan birini undirmaguncha vazir shohga shariat yoʻl-yoʻriqlaridan, falsafadan misollarni qalashtirib tashladi. Shunday qilib, vazir shoirning iqtidoriga yarasha oʻn ming tanga va sarpo berdi, uning boshi shukr-u sano uyiga aylandi. Shundan soʻng shoir surishtira boshladi: “Bu kimning saʼy-harakatlari edi? Shohga mening fazilatlarimni kim koʻrsatib berdi?” Unga dedilar: “Bu ishlar xulq-u odobi va qalbi benazir vazirning sharofati bilan yuz berdi, uning ismi Hasan”. Shoir vazir shaniga madh-u sanodan iborat uzun sheʼr yozib uyiga ravona boʻlarkan, shoh va shohning hadyalarini til-u labsiz madh etardi.

 

Oradan yillar oʻtib shoir qashshoqlig-u muhtojlikka tushdi. Yegani na noni, na doni bor edi. U dedi: “Muhtojlik va mahrumlikda sinalgan chora-tadbirni qoʻllagan maʼqul. Men bu dargohdan mehr koʻrganman, ehtiyojimni oʻsha yerga eltaman”. Sibavayh[1] Ollohning maʼnosini “Muhtojlikda Unga talpinadilar”, deya sharhlagan. U degandi: “Biz nimagadir muhtoj boʻlsak, senga murojaat qildik. Nimaiki izlagan boʻlsak, Senda topdik”.

 

Necha yuz minglab donishmandlar iztirobda qolsa, oʻsha yagona Hakam qoshida nola qiladi. Eng ahmoq kimsa ham ziqna va ojizdan yordam soʻrab murojaat etarmidi? Agar donishmandlar Ollohning lutf-u karamidan minglab marta bahramand boʻlmaganlarida, unga shunchalar iltijo qilarmidi? Hatto dengiz mavjidagi barcha baliqlar, hatto osmon toqidagi barcha qushlar, fil-u boʻri, ovchi sher, ham ulkan ajdaho, chumoli, ilon, hatto yer, havo, suv va oʻtning har bir uchquni – bari-bari, har qanday vaqtda, bahorda ham, qishda ham Unda oʻz aslini topadi.

Osmon har lahzada Unga iltijo qiladi: “Ey Olloh, bir lahza ham meni tubanlikka uloqtirma! [2] Sening pokliging va himoyang mening tayanchimdir, barcha osmonlar Qoʻllaring qudrati ila oʻraladi”. [3] Yer esa deydi: “Ey sen, meni suv uzra oʻrnatgan, meni barqaror saqla!” [4]

 

Barcha uning lutfu karamidan astoydil umid qildi. Barcha hojatbarorlikni undan oʻrgandi. Har Paygʻambar undan: “Sabr va namoz bilan yordam soʻranglar” degan yorliq oldi. Shunday ekan, oʻzgalardan emas, undan soʻra. [5] Suvni quruqlikdan emas, dengizdan axtar. Sen oʻzgadan soʻragan taqdiringda ham baribir U beradi. Ehson qilguvchi maylining kaftiga saxovatni U joylashtiradi. Undan yuz oʻgirganga zar ato aylab, uni Qorun[6]ga aylantiruvchi Zotga sen itoat bilan yuz bursang, U nimalar qilishini tasavvur etasanmi?!

 

Shunday qilib, shoir sovgʻa-salom umidida yana xayrixoh podshoh huzuriga yoʻl oldi. Shoirdan qanday ehson kutish mumkin? Albatta, yangi sheʼrlar. Ularni ehson qilguvchiga olib kelib, garovga beradi. Yuzlab inʼom, neʼmat va ehsoni bor saxovatlilar shoirlarni zar sochib kutib olishga tayyor turadilar. Ular uchun sheʼr, ayniqsa, chuqurlikdan gavhar ovlovchi shoirning sheʼri yuz toy ipakdan afzal.

Inson avvalo non tusaydi, chunki osh-u non hayot tayanchidir. U manfaat, egallash, yuzlab turlanishlar, hirs-u umidga toʻla jon-jahdi bilan shunga intiladi. Nonga ehtiyoji qolmagan kamdan kam holatlarda shon-shuhratni va shoirlarning madhu sanosini koʻngli tusab qoladi. Kundalik non tashvishidan xalos boʻlgan inson shoirlar uning ishlarini ulugʻlashini, uning xizmatlari haqida hamma joyda gapirishini istaydi. Toki uning qudrati, shon-shuhrati va himmati shoirlarning nutqida anbarday xush boʻy taratsin.

 

Olloh biz odamlarni Oʻz suratida yaratdi, bizning xususiyatlarimiz uning xususiyatidan oʻrganildi. [7] Chunki Xallok shukru hamd izlaydi, odamzod tabiatida ham madh izlash bor. Ayniqsa, fazilatda chaqqon haq erlari xuddi meshday oʻsha yel bilan toʻla boʻladi. Ammo agar u bu maqtovga loyiq boʻlmasa, oʻsha yolgʻon yeldan mesh yorilsa, u nurni qayerdan oladi?!

Bu masalni men aytmadim, ey birodar. Agar munosib va hushyor boʻlsang, eʼtibor bilan tingla. Buni Paygʻambar (с.а.в.): “Nega Ahmadga maqtov yoqadi?” degan taʼnalarini eshitib, aytgan. [8] Shunday qilib, shoir shohning saxovati oʻlmagan deb, shukur tariqasida sheʼrlar keltirdi. Saxovatpeshalar oʻladilar, ammo saxovat qoladi. Kim bu otda oʻtirgan boʻlsa, baxtiyordir! Zolimlar oʻladi, zulm esa qoladi. Makr-u xiyla toʻqiydiganlar holiga voy. Paygʻambar (с.а.в.) dedi: “Oʻzidan ezgu amallar qoldirib bu dunyoni tark etgan odam baxtlidir”. Ezgu amal qilguvchi oʻladi, ammo uning ezguliklari oʻlmaydi. Axir Olloh huzurida din va ezgulik mayda narsa emas. [9] Kimki oʻzi oʻlib, gunohlari oʻlmasa, u odamning holiga voy. U oʻlib jonini jazodan qutqardi, deb oʻylama!..

 

Buni qoʻya tur, chunki shoir yoʻlga chiqdi. U boʻynigacha qarzga botgan boʻlib, zarga muhtoj edi. Shoir oʻtgan yildagidek lutfu yorliqdan umidvor boʻlib, shohga sheʼrlar olib keldi. Dur yogʻilib turgan goʻzal sheʼrlar avvalgi lutfu karamlar atridan umidvor edi. Shoh odati boʻyicha yana unga ming tanga atadi. Chunki hukmdorning odati shunday edi. Ammo bu vaqtga kelib oʻsha saxovatli vazir foniy dunyoni ulugʻvorlik Buroq[10]ida tark etgandi.[11] Uning oʻrniga hokimiyatni yangi vazir egallagandi, u juda shafqatsiz va xasis edi.

U dedi: “Ey shoh, katta sarf-xarajatlar bor, shoirlarni bunday mukofotlar bilan siylash toʻgʻri kelmaydi. Ey, hamma yaxshilik kutgan zot, men buning oʻndan birining toʻrtdan bir qismi bilan bu shoirni shod va rozi qilaman”.

Atrofdagilar unga dedilar: “U ilgari shavkatli podshohdan oʻn ming tanga undirgandi. U shakardan keyin qanday qilib qamish chaynasin? U sultonlikni koʻrgandan keyin qanday qilib gadolikka koʻnsin?” Vazir dedi: “Men uni shunday siquvga olamanki, u intizorlikdan xor-u zor boʻladi. Shunda unga yoʻlning gardini bersam ham gulzordagi gul oʻrnida qabul qiladi. Buni menga qoʻyib ber, chunki men bunga ustaman. Soʻrguvchi har qancha otashin boʻlmasin, Surayyo[12]dan yergacha – butun olamni kezib chiqqan boʻlmasin, meni koʻrsa, muloyim tortib qoladi”.

Sulton unga dedi: “Bor, nimani buyursang buyur, lekin uni xursand qil, u bizning maddohimiz axir”. Vazir dedi: “Uni va unga oʻxshagan ikki yuzta xayr-u ehson kutguvchini menga topshir va oʻzimga qoʻyib ber”. Vazir uni kutish azobiga mubtalo qildi, qish oʻtib, bahor keldi. Shoir bu intizorlikdan qarib, gʻam va tashvishdan qaddi bukilib qoldi. Soʻng vazirga dedi: “Agar zar bermasang, dashnom ber menga. Toki, jonim ozod boʻlib, senga qulluq etay. Intizorlik meni adoyi tamom qildi. Menga “Daf boʻl!” deb aytgin, toki bu bechora jonim tutqunlikdan xalos boʻlsin”. Shundan soʻng vazir unga chorakning oʻndan bir qismini berdi. Shoir achchiq oʻyga choʻmdi: Oʻshanda tangalar salmoqli va juda koʻp edi. Endi kech gullagan esa-da, bir dasta tikan boʻldi, xolos.

 

Soʻngra unga dedilar: “Ul saxovatli zot dunyoni tark etdi, endi seni Xudo siylasin. Chunki ul zot shohning ehsonlarini oʻn karralab oshirardi, ehson belgilashda xato qilmasdi. Endi esa u ketdi, xayru ehsonni oʻzi bilan olib ketdi. Ha, darhaqiqat, u oʻlmadi, balki xayru ehson oʻldi. Olijanob va saxiy zot bizni tark etdi, uning oʻrniga kambagʻallarning terisini shilib olguvchi yulgʻich keldi. Bor, buni olginda, vazir seni qiynoqqa solmasidan tunda bu yerdan qochib qol. Ey, bizning saʼy-harakatlarimizdan bexabar shoir, biz undan bu hadyani sen uchun ming xiyla-nayrang bilan undirdik!”

 

Shoir ularga qarab dedi: “Ey mehribonlar! Ayting-chi, bu vazir qayerdan paydo boʻldi? Qashshoqdan toʻnini shilib olguvchi bu vazirning ismi nima?

Saroy ayonlari dedilar: “Buning ismi ham Hasan”. Shoir dedi: “Yo Rab! Uning nomi bilan buning nomi qanday qilib bir xil boʻlishi mumkin? Vodarigʻ! Avvalgi Hasan qalamining bir qimirlashi bilan yuzlab vazir-u amaldorlar saxovatli boʻldi. Bu Hasanning esa irkit soqoli donishmandlik belgisi emas, yuzta arqon toʻqishga yaraydi, xolos! Agar shoh shunday vazirning gapi bilan ish qiladigan boʻlsa, oʻzini ham, saltanatini ham abadiy sharmandalikka duchor qiladi”.

 

Jaloliddin Rumiy

“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar

Nasriy bayon mualliflari:

Odil IKROM, OYDINNISO


[1] Sibavayh – mashhur tilshunos Amr ibn Usmonning laqabi.

[2] Axir, koʻrmadingizmi, Alloh yerdagi bor narsalarni va Uning amri (qonuni) bilan dengizda suzib yurgan kemalarni sizlarga boʻysundirib (xizmat va istifodangizga berib) qoʻygandir. Osmonni ham, Oʻz iznisiz yerga tushib ketmasligi uchun, U zot tutib turur. Albatta, Alloh insonlarga behad shafqatlidir, benihoyat rahmlidir (“Haj” surasi, 65-oyat).

[3] Alloh osmonlarni, sizlar koʻra olgudek, ustunsiz koʻtarib qoʻygan, keyin Arshni Oʻz hukmi ostiga olgan, har biri belgili bir muddatga qadar suz(ib harakatlan)ib yuradigan quyosh va oyni (amriga mos) boʻysundirib qoʻygan, ishlarni (bir nizom asosida) boshqarib turgan Zotdir (“Raʼd” surasi, 2-oyat).

[4] Biz yerni bir beshik, togʻlarni esa (yerni muvozanatda tutib turuvchi) bir qoziq qilib qoʻymadikmi? (“Nabaʼ” surasi, 6-7-oyatlar).

[5] (Ey musulmonlar!) Sabr va namoz bilan (Allohdan) yordam soʻranglar (“Baqara” surasi, 45-oyat).

[6] Qarang: 785-bayt izohi.

[7] Abu Hurayra (р.а.)дан: “Rasululloh (с.а.в.): “Alloh taolo Odamni oʻz suratida yaratdi”, dedilar (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

[8] Dahriy shoirlar Muhammad (с.а.в.)нинг unga atab yozilgan maddohlarcha sheʼrlardan xursand boʻlgani borasida taʼna qilishganda, u: “Darhaqiqat, sening Allohing maqtovni yoqtiradi” dedi; baʼzi bir forsiy sharhlovchilar, shuningdek, Nikolson ham, bu yerda shoir Hasson ibn Sobitning (661-yilgacha vafot etgan) madhlari Muhammad paygʻambarga yoqqaniga, shu bois uning uchun Madina masjidida minbar tashkil qilganiga ishorani koʻrmoqdalar. Bir hadisga koʻra Paygʻambar shunday degan: “U Allohning paygʻambarini himoyasiga olganda Allohim Hasson ibn Sobitga Muborak Ruhi (Jabroilning) bilan koʻmak bermoqda”. Allohning yerdagi vojibini maqtash, aslida, Allohning Oʻzini – istalgan maqtovning asl egasini maqtash ekanligini tushunmagan holda, gʻanimlari ushbu insoniy zaiflikni Muhammad (с.а.в.)га nisbatan qoʻllaydilar.

[9]Kim (Allohga) bir yaxshilik bilan kelsa, unga oʻn barobar (savob) bordir (“Anʼom” surasi, 160-oyat).

[10] Qarang: 552-bayt izohi.

[11] Yaʼni, oʻlimidan keyin oliyjanob vazir ulugʻvorlik bilan osmonga koʻtarildi.

[12] Surayyo – kichik yulduzlar turkumining nomi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 228
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 460
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205111
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95978
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22274
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20681
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16347
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15535
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13509
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 12019
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya