Himmat. Hojatbarorlik


Saqlash
12:01 / 05.01.2024 0 288

Himmat (arabcha gʻayrat, shijoat, joʻshqinlik; harakat, hafsala, qunt) – odamgarchilik, muruvvat yuzasidan qilinadigan yaxshilik, yaxshi ish, yordam; insonga xos tuygʻu, xislatni anglatuvchi tushuncha. Himmat muruvvatlilik, olijanoblik, mardlik, tantilik, sahiylik, qoʻli ochiqlik, saxovatlilik, ulugʻvorlik, bagʻrikenglik, buyuklik va hotamtoylik kabi tushunchalarni oʻz ichiga qamrab oladi. Xalq nazdida himmatli kishi doimo mard va tanti hisoblangan. Bunday insonlarning obroʻ-eʼtibori baland, nufuzi el orasida kuchli boʻladi. Xalqimiz sharqona milliy urf-odatlardan boʻlgan himmat koʻrsatish fazilatini hamisha ardoqlab kelgan. Oʻzbek xalqi yurt boshiga qanday tashvish tushmasin, ne balolarni boshidan kechirmasin, asl saxovati bilan ajralib turgan. Himmat bu axloqning asosiy qoidalaridan biridir. Uning zamirida saxovat, pokizalik yetakchi oʻrin tutadi. Himmatli kishilar har qanday vaziyatda ham el farovonligi uchun qaygʻuradi. Himmatli kishi toʻgʻriligi, ogʻir-vazminligi bilan ajralib turadi, odamlarga doimo saxovat koʻrsatib, nochor, xayru zakotga muhtoj boʻlganlarga yordam beradi. Himmatli kishida til va dil yumshoqligi, mehribonlik, soʻz va muomala madaniyati, yomonlik qilganga ham yaxshilik qila olish kuchi, bagʻrikenglik va dil pokligi mujassamlashgan boʻladi. Himmatli kishi har qanday ishga achchigʻlanmaydi. Sheryurak boʻlish bilan birga, bagʻrikeng va yumshoq tabiatli boʻladi. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida saxovat va himmatning oʻzaro mushtarakligini shunday taʼriflaydi: “Saxiylik insoniyat bogʻining hosildor daraxtidir, balki u daraxtning shirin mevasidir. Odamiylik oʻlkasining toʻlqinli daryosi, balki u toʻlqin daryosining asl gavharidir. Saxovatsiz kishi – yogʻinsiz bahor buluti va isi yoʻq totor mushkidir. Mevasiz daraxt ham biru, oʻtin ham bir, yogʻinsiz bulut ham biru, tutun ham bir. Saxovatsiz kishi bilan gavharsiz sadafni birday hisoblasa boʻladi... Saxiy – bulutdir. Ishi xirmon, balki xazina bermoq, baxil esa chumolidir, odati don va mashoq termoq... Himmatlilarning ixtisosi saxiylikdir. Bu ikki sharafli sifat (saxovatlilik va himmatlilik) pokiza kishilarga xosdir, saxiylik insonning badanidir, himmat – uning joni.

 

Himmatsiz kishi er sonida emas, chunki jonsiz badanni kishi tirik demas”. Himmatli kishiga xiyonat – ezgulik, odamiylik, insonparvarlikka xiyonat hisoblanadi. Himmat – bu adolat va diyonatning posboni boʻlib, hamisha haqiqatga intilib yashaydi. Himmat atamasi “muruvvat” va “saxovat” soʻzlarining maʼnodoshlaridan biri. Bu soʻz gʻayrat qilish, olijanoblik va baxtiyorlik maʼnolarini ham bildiradi. Himmatning negizida ham mardlik yotadi. Boshqalardan yordamini ayamaydigan, oʻzini qoʻyib, oʻzgani oʻylaydigan, bagʻrikeng, qoʻli ochiq, saxiy insonlarni xalqimiz azal-azaldan “Himmati baland” deb taʼriflab kelgan. Birovning ogʻirini yengil qilish, bor bisotini boshqalarning baxti yoʻlida sarflash, molu jonini ayamaslik qadimdan eng savob ishlardan sanalgan. Shuning uchun ham nazari past, himmatsiz, saxovatdan yiroq odamni xalqimiz hech qachon suygan emas. Himmatli zotlar boʻlgan ajdodlarimiz oʻz avlodlari uchun axloq-odob haqida koʻplab oʻgitlar, nasihatlar, rivoyatlar, asarlar qoldirishgan. Oʻzbekistonning mustaqilligi tufayli ularning himmati bugungi kunda yuksak salobat kasb etmoqda. Mehr-muruvvat, xayriya, saxovat haqida gapirganda, barchamiz himmatlilikning mazmun-mohiyatini tushunib olmogʻimiz kerak. Bir ogʻiz shirin soʻz aytish yoki bir piyola choyga taklif etish oʻzbek xalqiga xos fazilatdir. Shirin soʻz, yuzdagi tabassum inson uchun eng oliy himmatdir. Himmatlilik oʻzining saxovati, mehr-muhabbati bilan odamlar qalbiga singib ketadi, hamisha ezgulikka xizmat qiladi.

 

Hojatbarorlik – bir inson tomonidan boshqa kishiga koʻmak berish, uning hojatini chiqarish ifodalovchi tushuncha. Hojatbarorlik soʻzi “saxiylik” atamasiga maʼnodosh boʻlib tuyulishi mumkin. Aslida bu ikki soʻz oʻrtasida katta farq mavjud. Hojatbarorlik soʻzida kimgadir yaxshilik qilayotgan insonning oʻz manfaatlarini koʻzlagan holda, yaʼni qilmoqchi boʻlayotgan yaxshiligidan umidvorlik tuygʻusi ilinjida boʻlishi mumkin. Saxiylik esa chin koʻngildan, sidqidildan, beminnat qilinadi. Shuning hojatbarorlik soʻzi koʻpgina hollarda salbiy maʼnoda qoʻllanadi. Chunki kimgadir yaxshilik qilib, yaʼni hojatini chiqarib, bundan naf kutadigan insonlarni xudbinlar qatoriga kiritish ham mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 195
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 446
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205057
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95932
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22252
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20644
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16318
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15516
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13473
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11999
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya