Haq. Haqiqat. Haqsizlik


Saqlash
11:01 / 05.01.2024 0 336

Haq – Alloh ismlaridan biri, Xudo, Baqo; adl, adolat, layoqat, rostgoʻy, toʻgʻrisoʻz. Voqelik haqida bildirilgan fikrlarni yoki fikr-mulohazalarning voqelikka mos kelishini sidq atamasi bilan nomlangan. Haq din yoki mazhabga ishontirish uchun ishlatilsa, sidq (toʻgʻrilik) hukm, mulohazani, kizb (yolgʻonchilik) esa uning ziddini ifodalagan.

 

Haqiqat (arabcha chin, toʻgʻri) – inson ongida voqelikning toʻgʻri, haqqoniy aks etishi, olam, voqea-hodisa, tafakkur mahsuli, muntlar va b.ni aslida qanday boʻlsa shunday tushunishni ifodalaydigan tushuncha. Gollandiyalik faylasuf Spinoza inson bilimlarining voqelikka muvofiq kelishini haqiqat deb atagan. Haqiqatning quyidagi turlari bir-biridan farqlanadi: 1) obyektiv haqiqat (olamdagi narsa va hodisalar mohiyatining inson ongi va istaklariga bogʻliq boʻlmagan holda mavjudligi); 2) nisbiy haqiqat (inson bilim doirasining cheklangani); 3) konkret haqiqat (predmet yoki hodisaning hamisha aniq joy va sharoitda mavjudligining inson ongida aks etishi); 4) mutlaq haqiqat (predmet yoki hodisa mohiyatining inson ongida toʻliq aks etishi). Mutlaq haqiqat nisbiy haqiqatlar majmuasidan tashkil topadi. Haqiqat mezoni ijtimoiy amaliyotdir. Haqiqat maʼnaviyatda eng koʻp eʼtibor qaratiladigan tushunchalardan biri boʻlib, inson maʼnaviyatining shakllanishi, rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Haqiqatni chuqur anglash inson ruhiyatiga turlicha taʼsir koʻrsatib, maʼnaviy xususiyatlarning jonlanishiga turtki berish bilan oʻz natijalarini namoyon etadi. Haqiqatni anglash orqali inson tomonidan amalga oshiriladigan xatti-harakatlar yoki tafakkur mahsuli uning maʼnaviyati darajasini ham belgilab beradi va shunga koʻra, inson maʼnaviyatini yuksaltirish omillaridan biri hisoblanadi.

 

Haqsizlik – haq-huquqdan mahrum etilgan, haq-huquq toptalgan holatni anglatuvchi tushuncha. Haqsizlik soʻzi adolatsizlik soʻzi bilan maʼnodoshdir. Maʼlumki, har bir inson adolat bilan ish tutsagina, haqiqatga erishadi. Amir Temurning “Kuch – adolatda” degan taʼbirini unutmaslik lozim. Adolat va haqiqat gʻoyasi qonunchilik faoliyatining zamini, bosh yoʻnalishi boʻlmogʻi shart. Davlatchilik va fuqarolik munosabatlari, mehnat va uy-joy, nafaqa va soliq, tabiatni muhofaza qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari, hayotning barcha jabhalarida adolat va haqiqat zaminiga tayanish zarur. Bu jamiyatning umumiy madaniy-maʼnaviy qiyofasini belgilash bilan birga mamlakat fuqarolarining maʼnaviy-ahloqiy va ruhiy kechinmalariga ham katta taʼsir koʻrsatadi. Ana shuning oʻzi davlat bilan fuqaro, jamiyat bilan aholi oʻrtasidagi munosabatlar, ularning adolatga tayangan va uygʻunlashib ketgan yagona jonli organizmga aylanib borishiga keng imkoniyat yaratadi.

 

Agar jamiyat adolatli boʻlsa, unga adolatpesha shaxs rahbarlik qilsa, jamiyat aʼzolari uchun ham baxtning kulib boqqanidir. Inson yaxshi xulqli, olijanob boʻlsa, adolatli jamiyatda odamlarga katta naf yetkazadi. Adolatsiz jamiyatda esa axloqli shaxsning axloqi jamiyat axloqiga mos kelmaydi. Dono inson adolatsiz jamiyatning axloqsiz talablariga boʻyin egmaydi. Aksincha, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga intiladi. “Shoh ishni adolat bilan yurgizsa, adolat uning vayrona mamlakatini ham obod qilib yuboradi. Adolat istovchi zulm oʻtidan figʻon qilsa, adolating soyasidan unga panoh ber. Mazlumning soʻzi toʻgʻri boʻlib chiqdimi, endi zolim oʻzingga tegishli odam boʻlsa ham, yuziga boqma. Jazolashda ham farosat kerak. Yolgʻon gapirishga oʻrgangan odam rost gapira olmaydi. Rostgoʻy odam hech qachon yolgʻon gapirishga intilmaydi. Chunki tun bilan kun oʻzaro mutanosibdir. Zero, haqsizlik qilib birovning aybi uchun boshqani gunohkor etma, har qoʻyning oʻz oyogʻidan os. Xayolingga yaxshi bir buyruq kelsa, uni maslahatsiz amalga oshirishga oshiqma. Ishonchli kishilar fikridan foydalan”. Hazrat Navoiyning haqsizlik, adolatsizlik va haqiqat haqidagi ana shu oʻgitlariga doim amal qilinsa, jamiyatda haqsizlikning ildizi qoʻporib tashlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 230
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 461
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205117
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95980
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22275
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20684
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16353
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15537
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13511
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 12020
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya