Hasad


Saqlash
10:01 / 05.01.2024 0 252

Hasad – oʻzga kishidagi yutuq, omadning oʻzida boʻlishiga ichki va tashqi xohish, boshqaning hayoti, faoliyati, atrofdagilar xulq-atvorini koʻrolmaslikni ifodalovchi tushuncha. Abdulla Avloniy fikricha: “Hasad deb, bir odamga janobi haq tarafindan berilgan neʼmat va davlatning zavolini tilamakni aytilur. Gʻiybat, boʻhton, suʼizan kabi yomon xulqlar hasaddan tugʻilur”. Hasad barcha dinlarda qoralanadi. Masalan, xristian dinida hasad yettita gunohi kabiralardan biri hisoblanadi. Chunki bu dinda aytilishicha, hasad qilish Xudo tomonidan oʻrnatilgan tartibdan norozilikni bildiradi. Hasad islom dinida ham qattiq qoralanadi. Masalan, Qurʼoni Karimning “Falaq” surasida taʼkidlanishicha, “Panoh tilab iltijo qilurman tong Parvardigoriga, yaratgan narsalari yovuzligidan, zulmatga choʻmgan tun yovuzligidan, tugunchalarga dam soluvchi ayollar yovuzligidan, hamda hasadchining hasadi yovuzligidan”. Hasad tuygʻusi odamlar orasida nizo, kelishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab boʻladi. Jamoalarda esa hasad maʼnaviy-axloqiy iqlimni buzadi, korporativ madaniyatni yemirib tashlaydi. Odamzod va jamiyat hayotida ogʻir asoratlar qoldiradigan hasad tuygʻusi avvalambor boshqalarni koʻrolmaslik, ularning yutugʻidan quvonish oʻrniga, qandaydir kuyinish, ichiqoralik oqibatida paydo boʻladi. Shuning uchun ham muqaddas kitoblarimizda hasad insoniylikka mutlaqo zid boʻlgan jirkanch odat sifatida qattiq qoralanadi. Jumladan, muborak hadislarda “Birovga hasad qilishdan saqlaning, chunki olov oʻtinni qanday kuydirib tugatsa, hasad ham qilgan savob ishlaringizni xuddi shunday kuydirib tugatadi”, deb aytilgani bejiz emas.

 

Azal-azaldan ochiqkoʻngil, samimiy va mehnatkash, yaxshilikni yuksak qadrlaydigan xalqimiz bunday illatlardan doimo hazar qilib keladi. Lekin, ming afsuski, umr yoʻllarida hasad balosiga koʻp duch kelamiz. Olis va yaqin tariximizda ne-ne buyuk zotlar hasad va baxillik, koʻrolmaslik tufayli qanday azob-uqubatlarni boshidan kechirgani, sogʻligʻi, hatto hayotidan judo boʻlganini achchiq misollarda koʻrish mumkin». Sharq donishmandlari hasadning zararli illat ekani toʻgʻrisida shunday fikr yuritadi: “Dunyoda hasad va ginadan ogʻirroq gunoh yoʻq. Chunki, hasadchi kimsa odamlarning shodligidan payvasta gʻam ostida yuradi. Oʻzgalar rohatidan doimo zahmat tortadi” (Muhammad Husayn); “Hasad balosi ulkan fasodlar paydo qilur. Chunki hasad bagʻoyat jirkanch xislatdir”, “Hasad, boshqalarning rohatini koʻrolmaslik – hamma sifatlarning pastrogʻidir. Hasad himmat pastligi va koʻngil xastaligidan hosil boʻladi (Husayn Voiz Koshifiy); «Hasad bilan gʻazab ikki qanot boʻlib harakatga kelsa, toza va chiroyli hayotlarni xira va kuduratli qilib yuboradi” (Abu Rayhon Beruniy). Hasad ijtimoiy illat sifatida ham insoniyat boshiga katta kulfatlar keltirgan. Turli xalqlar, millatlar boshqa millat va davlatlarning yutuq va muvaffaqiyatlarini ijobiy qabul qila olmaslik, uni oʻziniki qilib olishga intilish zamirida aynan hasad hissi yotadi. Yurtimizdagi behisob tabiiy boyliklar, uning geostrategik sharoiti jahonda bizga nisbatan faqat xayrixohlik yoki havas tuygʻusini emas, balki hasad, qora niyatlarni ham uygʻotishi sir emas. Atrofimizda bizga havas bilan qaraydiganlar bilan birga, hasad koʻzini tikib turganlar ham yoʻq emas. Bunday vaziyat barchamizni doimo ogoh, sezgir va hushyor boʻlishga, yagona uyimiz, qoʻrgʻonimiz, muqaddas oilamiz boʻlmish Oʻzbekistonimizning kuch-qudratini mustahkamlashga daʼvat etadi, fidoyilikka chorlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 195
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 446
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205058
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95937
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22252
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20644
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16318
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15516
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13473
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11999
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya