Hayot falsafasi. Hayotning davomiyligi


Saqlash
12:01 / 03.01.2024 0 741

Hayot falsafasi – keng maʼnoda hayotning mazmuni, maqsadi va qadr-qimmatiga oid muammolarni tadqiq va talqin etuvchi falsafiy oqim. Hayot falsafasi XIX asrning 60–70-yillarida paydo boʻlib, XX asr birinchi choragida keng tarqalgan. Keyinchalik taʼsiri ancha pasaygan boʻlsada, uning ayrim gʻoya va tamoyillari ekzistensializm, personalizm, neogegelyanchilik, pragmatizm, fenomenologiya kabi falsafiy oqimlar rivojida muhim ahamiyat kasb etgan. Hayot falsafasi hayotning mohiyatini uning oʻzidan anglab olishga intiladi. Hayot falsafasi oqimi vakillarining nazarida, voqelik ruh ham, materiya ham emas, u intuitiv tarzdagina anglanishi mumkin. Hayot falsafasi his-tuygʻu va instinktlarni ulugʻlaydi, aqlni tanqid va inkor qiladi. Hayot falsafasining asosiy tushunchasi “hayot” hisoblanadi va u turli variantlarda turlicha talqin etiladi. Fridrix Nisshe tomonidan asos solingan, keyinchalik Klages va T.Lessing tomonidan rivojlantirilgan tabiiy-biologik talqinda hayot tabiiylik bilan qiyoslanadi va har qanday sunʼiylikka qarshi qoʻyiladi. Ushbu yoʻnalish tarafdorlari kuch-qudratni ulugʻlab, har qanday gʻoyaning roʻyobga chiqishini kishilar yoki ijtimoiy guruhlarning manfaatlari bilan bogʻlaydi. Tarixiy talqin tarafdorlari boʻlmish Diltey, Shpengler, Zimmel, Ortega-i-Gasset hayotning mohiyatini ichki ruhiy kechinmalardan izlaydi. Hayot va hayotiylikni borliqning oʻzgarmas tamoyili sifatida talqin etgan faylasuflardan farqli oʻlaroq, bu mutafakkirlar asosiy eʼtiborni hayotning individual shakllariga qaratadi. Bergson esa, Gyotening romantizmidan ruhlanib, hayotning panteistik talqinini taklif etadi. Uning fikriga koʻra, hayotning mohiyati oʻz-oʻzini qayta ishlab chiqarish va yangi shakllarni yaratishdan iborat. Bergson hayotning biologik shaklini uning turli koʻrinishlaridan biri sifatida eʼtirof etadi.

 

Hayot falsafasining turli talqinlari oʻrtasida jiddiy farqni koʻrish mumkin boʻlsa-da, ularning bari XIX asr boshlari – XX asr kantianchilik va pozitivizm taʼsiri tufayli keng tarqalgan metodologizm va gnoseologizmning hukmronligiga qarshi kurashda yaxlit gʻoyaviy oqim sifatida namoyon boʻladi. Kantianchilik va pozitivizmdan farqli oʻlaroq, hayot falsafasi hayotiy asosga tayangan yangi ontologik va gnoseologik konsepsiyani ilgari surishga harakat qiladi. Unga koʻra, hayotiy asos voqelikni ruh bilan izohlagan idealistik falsafa vositasida ham, voqelikni oʻlik materiya bilan tushuntirishga harakat qilgan tabiatshunoslik orqali ham anglanishi mumkin emas. Zero, bularning har biri hayotiy yaxlitlikning birgina jihatini eʼtiborga oladi, xolos. Masalan, Bergsonning fikricha, hayotiy voqelik bevosita, uning botiniga kirish imkonini yaratadigan intuitsiya orqaligina anglanishi, idrok etilishi mumkin. Intuitiv bilim esa subyektni obyektga qarshi qoʻymaydi, aksincha, avvalboshdanoq ularning hayotiy asosga tayangan holda bir-biriga uygʻun tarzda namoyon boʻlishini taqozo etadi. Shu bilan birga, aql orqali bilishdan farqli oʻlaroq, intuitiv bilishning umumiy qonuniyatlarini aniqlash, oʻrganish mumkin emas, uni yuksak badiiy tafakkurga qiyoslash mumkin, xolos. Hayot falsafasi yondashuvi nuqtai nazaridan “ijod” iborasi “hayot” tushunchasining sinonimi hisoblanadi. Ijodiy faoliyatning qay bir jihati muhim ahamiyat kasb etishiga qarab, hayot falsafasining asosiy intuitsiyasi va qarashlarining xarakteri namoyon boʻladi. Masalan, Bergson ijodni yangi narsaning vujudga kelishi, shakllanayotgan tabiat boyligining ifodasi sifatida talqin etadi. Zimmel uchun esa, aksincha, ijodning asosiy jihati uning ikki tomonlama xarakteri bilan ifodalanadi: uning nazarida, ijod mahsuli hamisha qotib qolgan va oxir-oqibatda, ijodkorning oʻziga zid keladigan narsaga aylanadi. Shu maʼnoda, Zimmel falsafasiga xos tushkunlik holati Shpenglerning fatalistik va keskin qarashlari bilan tutashib ketadi. Bilishning ilmiy shakliga tanqidiy muntda boʻlgan hayot falsafasi oʻzgaruvchan tabiatni anglashga xizmat qilmaydigan, sof pragmatik maqsadlarga – dunyoni oʻzgartirish va kishilar manfaatlariga boʻysundirishga yoʻnaltirilgan ilmiy bilish tabiatining yangi konsepsiyasini ilgari suradi.

 

Hayot falsafasi fanining jamiyatning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylangani va uning texnika hamda industrial iqtisodiyot bilan tutashib ketayotganini eʼtirof etib, “nima?” “nima sababdan?” degan savollarni “qanday?” degan masala bilan almashtiradi. Hayot falsafasi nazariyotchilari ilmiy tushunchalar amaliy faoliyatning vositasi sifatida, “haqiqat nima?” degan masalaga bevosita aloqador emasligi, boshqacha aytganda, haqiqatga daʼvo qilayotgan fan aslida yanglish yoʻldan borayotganini asoslashga urinadi. Shu maʼnoda, XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi jadal texnik taraqqiyot davrida olimlar, injenerlar va byurokrat-amaldorlar aristokratik individual ijodga – adib, shoir va faylasuflarga qarshi qoʻyiladi. Hayot falsafasi ontologiya va gnoseologik konsepsiyani yaratish bilan cheklanmay, ayniqsa, Nisshe asarlarida yaqqol namoyon boʻlgan yangicha dunyoqarash shakllarini yoqlab chiqishga intiladi. Yangi majusiylik deb atash mumkin boʻlgan bu dunyoqarash negizida kuch-qudratga asoslangan hamda gʻayritabiiy unsurlarga tayangan dunyo haqida tasavvur yotadi. Tabiat kuchlarini inson manfaatlariga boʻysundirishga intilayotgan pozitivizm falsafasidan farqli oʻlaroq, hayot falsafasi insonni ana shu kuchlarga boʻysunishga, ular bilan uygʻunlashib ketishga, taqdirga qarshi bormasdan, unga tan berishga undaydi. Maʼlum maʼnoda, bunday tushkun gʻoyalar oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning beqarorligi, eʼtiqodsizlik va axloqsizlikning avj olishi bilan izohlanishi mumkin. Nisshe falsafasida, keyinchalik Shpengler, Ortega-i-Gasset, Zimmel, Selin, A.Kamyu, J.P.Sartr tomonidan rivojlantirilgan fojiaviy talqin sanʼat, adabiyot va kino sohasida ham yaqqol namoyon boʻldi. Hozirgi davrda hayot falsafasining ayrim gʻoya va tamoyillari ekzistensializm, personalizm, ayniqsa falsafiy antropologiya tomonidan oʻzlash tirilib, yangicha talqin etilmoqda.

 

Hayotning davomiyligi – kishining oʻsib-ulgʻayishi, kamolot sari borishi, oʻzga insonlar, tashqi muhit, olam, vaqt, davr taʼsirida, hayot qadrini anglash, foniy dunyoning oʻtkinchiligi, hayotning mazmuni, yashash maqsadi, olam abadiyligining qadrini anglab yetish jarayonini ifodalovchi tushuncha. Inson hayotini tugʻilish va bolalik; oʻsmirlik va balogʻat; mustaqil hayot; keksalik davrlariga boʻlish mumkin. Tugʻilish va bolalik davrida inson dunyo yuzini koʻradi, oilaga cheksiz quvonch, orzu-umidlar olib keladi. Avvalo, ota-onasi va oʻzgalar parvarishi bilan ulgʻayadi, oila muhitida gapira boshlaydi, yurishni oʻrganadi, soʻngra bogʻcha va maktabga boradi. Bu davrda otaonaning mavjud saʼy-harakatlari farzandlarning yaxshi yashashi va ulgʻayishiga safarbar etiladi. Oʻzbek oilasida Sharq madaniyatiga xos ijtimoiy va etnomadaniy xususiyatlar oʻz ifodasini topgan. Bunda ota-ona, farzand, er-xotin va qarindoshlar oʻrtasidagi munosabatlarda axloqiy burch hamda axloq meʼyorlariga alohida eʼtibor beriladi. Oʻsmirlik va balogʻat davrida farzand ulgʻayib borgan sayin ota-ona katta orzular bilan yashay boshlaydi. Farzandi kelajakda yetuk mutaxassis boʻlishi yoki hunar egallashi, bir soʻz bilan aytganda, komil inson boʻlishi uchun otaona astoydil harakat qiladi. Bu davrda bolalar oʻzlarini ertaklar olamida yashayotgandek his qilib, nimani istasa, uni amalda ham boʻlishini xohlaydi.

 

Mustaqil hayot davri inson hayotining eng qiyin, shu bilan birga, buyuk sinovlar davri hisoblanadi. Bu davr har bir insonning hayotida turlicha kechadi. Inson hayoti davomida shunday davrlar boʻladiki, yoshlikda oʻylamasdan, hayotni tushunmasdan qilingan xatti-harakat umr armoniga aylanib qoladi. Shu bois bu davr inson kelajagini hal qiluvchi davr, deb atalishi bejiz emas. Hatto, hayotni oqar suvga qiyoslashda ham teran maʼno bor. Vaqt hech qachon kutib turmaganidek, hayot ham toʻxtovsiz oʻtib ketaveradi. Shu maʼnoda, bu davr mobaynida hayotni behuda oʻtkazmaslik, undan samarali foydalanish kerak. Har bir inson hayoti yutuq va kamchiliklar, omad va muvaffaqiyatsizliklardan iborat. Shunday jarayonlar mazkur davr asosini tashkil etadi. Maʼlumki, “hayot” maʼnosini har kim oʻz hayot yoʻli, yutuq va kamchiliklari, erishgan muvaffaqiyat va omadsizliklari bilan belgilaydi. Har kimning hayot yoʻli oʻzgacha, inson yoshligidanoq hayot yoʻlini tanlaydi, har kim oʻz orzusiga erishish uchun intiladi. Keksalik davriga yetgach, har bir inson bosib oʻtgan hayot yoʻliga nazar tashlaydi, yaxshi-yomon kunlarini eslaydi, sarhisob qiladi. Agar baxtli hayot kechirgan, jamiyatga, oilasiga naf keltirgan boʻlsa, shukronalar aytadi. Baʼzilarda esa buning aksi kuzatiladi. Hayoti davomida biror marta ham oʻzgalarga foydasi tegmagan, keksalarga shirin soʻz aytib, gʻamxoʻrlik qilmagan, yoshlarga ibrat boʻlmagan kishilarni dunyoga kelib, izsiz ketgan insonlar deyish mumkin… Qariyalarni qadrlash, ularning hayotiy tajribalaridan keng foydalanish masalasi Qadimgi Yunoniston, Misr, Xitoyda ham eʼtirof etilgan. Yunon donishmandi Pifagor “... odamlar qirq yoshida oʻz qobiliyati rivojining choʻqqisiga erishadi”, deb hisoblasa, Aflotun “...oliy darajadagi davlatni boshqarishni hayot tajribasiga ega, aqlli, qobiliyatli qariyalar olib borishi kerak”, degan gʻoyani ilgari suradi. Bu fikrlardan koʻrinib turibdiki, qariyalarning ibratli hayoti, tarbiyaviy ishlari, pand-nasihatlari katta ahamiyatga ega. Vaqt, umr oʻtishi jarayonini yoshlar va keksalar turlicha talqin qiladi.

 

Kelajakdagi ezgu orzulari tezroq roʻyobga chiqishini istagani bois, yoshlarga vaqt sekin oʻtayotgandek tuyuladi, tezroq ulgʻayib, hamma orzulari ushalishini istaydi. Lekin, donishmand aytganidek, “Keksalikning hovlisiga koʻchib oʻtgan”, umr poyoniga yetib borayotgan kishilar uchun esa vaqt tez ilgarilab ketayotganga oʻxshaydi. Har ikki holatda ham yashash zavqi, orzu-umidlar cheksizligi oʻz darajasida saq lanib qoladi. Chunki hayot va umid insoniyat hech qachon toʻymaydigan boyliklardir. Xalqimizda “Umr gʻanimat, diydor gʻanimat” degan ibora bor. Diydorlashuv hayot mazmunini boyitadi. Ota-onaning farzandlar bilan diydorlashuvini, uning his-hayajonini taʼriflash qiyin. Qarindosh-urugʻ, doʻst-birodarlarning diydorlashuvida ham alohida zavq-shavq mujassam. Ayniqsa, ilmga chanqoq yoshlar ustozlar diydoriga doimo intiq boʻladi. Buyuk faylasuf Umar Hayyomning quyidagi misralari umrning bebaho ekaniga ishoradir: “Keksa, yosh – har kimki hayotga yetar, Hammasi birma-bir, izma-iz oʻtar. Bu dunyo hech kimga qolmas abadiy, ketilar, ketamiz, kelishar, ketar”. Har bir inson hayotining mazmuni ezgu ishlar koʻlami bilan oʻlchanadi, uning eng qimmatli boyliklaridan biri – vaqtdir. Vaqtni boy berish oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotishdir. Vaqt qadriga yetadigan kishilar oʻtayotgan oniy daqiqani ham gʻoyat qadrlaydi, faqat vaqt masalasidagina xasislik qiladi. Mumtoz shoir Dante “Vaqtni boy berayotganida xunob boʻladigan odam eng dono odamdir”, degan edi. Umrning ibtidosi va intihosi mavjud. Inson umri poyoniga yetayotganini bilgach, oʻz mehnati va faoliyati, katta ijtimoiy kuchning kichik aʼzosi sifatida oʻzidan yaxshi nom qoldirganidan mamnun boʻladi, hayotidan qoniqish hosil qiladi. Mashhur “Avesto” kitobida “Bu dunyodan ketar ekansan, ortingda ezgu soʻz, ezgu niyat, ezgu amallar qolsin” deb bejiz taʼkidlanmagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 195
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 446
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205053
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95928
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22251
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20644
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16318
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15516
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13472
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11997
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya