Ishkomda o‘sgan tomoshaqovoq, cho‘p o‘yinchoqlar va qo‘g‘irchoq teatri – xonadonda ochilgan kreativ muzeyga sayohat


Saqlash
22:08 / 29.08.2023 0 1082

Toshkentda qovoqlardan iborat muzey haqida eshitganmisiz? Shaharning Mirzo Ulug‘bek tumani, Sultoniya ko‘chasi-62 manzilida Baxtiyor Po‘latov va uning turmush o‘rtog‘i Dildora Po‘latovalar o‘z uylarida antiqa muzey bunyod etishgan.

 

 

 

Darvozadan kirishingiz bilan 200-yillik tarixga ega ikki xonadan iborat muzeyning kirish qismi bo‘y ko‘rsatadi. Bu uyda sulolaning besh avlodi istiqomat qilgan. Oilada doim kenja o‘g‘il ota uy chirog‘ini yoqib kelgan va shu vaqt mobaynida anʼanaga muvofiq kenja o‘g‘il sifatida Baxtiyor akaga meros bo‘lib qoldi. Yon-atrofdagi odamlar — “Bu uyni buz, eski uy hech qayerda qolmadi, yangi imorat qur!” — deyishlariga qaramay Baxtiyor aka uyni buzmay, kelajak avlod eski hovlilarni ko‘rsin deb imoratni saqlab kelgan.

 

Muzey qariyb 2002-yildan buyon faoliyat yuritadi. Bu xonadon ichida 32 xil qovoq navlari yetishtiriladi, qo‘l mehnati bilan bunyod bo‘lgan qo‘g‘irchoqlar, niqoblar, qandillar va boshqa xildagi amaliy sanʼat asarlaridan ko‘zingiz hayratlanadi! Qovoqlar avvaliga o‘zimizda yetishtiriladigan navlardan bo‘lgan, keyinchalik Amerika, Xitoy, Indoneziya, Yaponiya va Yevropa davlatlaridan kelgan turistlar doim o‘zlari bilan qovoq urug‘larini olib kela boshlashgan. Uzun va kalta dastali tomoshaqovoq, kartoshkaqovoq, Marakas shular jumlasidan.

 

 

 

Qovoqlarga o‘sish davridayoq plastik idishlar, turli ip va arqonlar bilan shakl berish boshlanadi. O‘yinchoqlarga bezak berish, naqsh, surat tushirish ishlari o‘n kundan uch yilgacha vaqt talab qiladi. Ularning har donasiga bo‘yoq va boshqa materiallar uchun taxminan 40–50 ming so‘m atrofida mablag‘ ketadi.

 

Baxtiyor aka va Dildora opa nafaqagacha maktabda o‘qituvchilik qilib, bolalarga fizika-matematikadan saboq berib kelgan.

 

 

– Nafaqaga chiqib, endi nima qilamiz, hayotning oxiri shumi endi, uyga qamalib olib o‘tiramizmi?! Kel, undan ko‘ra, darvozani ochamizda, muzeymi, biror nima qilib, qolgan umrimizni xalqimizga bag‘ishlaymiz deb ishni boshlaganmiz. Muzeyni ochish oson kechgani yo‘q. Tuppa-tuzuk oliy maʼlumotli odamlar eshikni lang ochib, eski-tuskilarni osib qo‘yibdi, nima bo‘lgan bularga, deb hamma avvaliga ustimizdan kulgan, – deydi Baxtiyor aka. – Ularga eʼtibor qilmay, boshqa narsaga og‘ishmay ishladik. Mana, o‘n besh yil o‘tdi, mehnatimiz natijasi endi ko‘rina boshladi. O‘yinchoqlar baʼzida juda tez bitadi, bir xil vaziyatda esa juda sekin. Eng qiyin jarayon o‘yinchoq xarakterini yaratish, chunki usiz qo‘g‘irchoq jonli chiqmaydi.

 

 

 

Muzeyda asli olmaliqlik, hozir Indoneziyada yashayotgan koreys oilasi bor edi. Ular — “Ajoyib va kreativ, ayniqsa bolalar uchun juda qiziqarli, kutilmagan, o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyatga tushdik. Raqs, ashula, qo‘g‘irchoq teatri, cholg‘u asboblari – barisi go‘yo bir spektakl bo‘ldi biz uchun” – deya taʼriflashdi.

 

Baxtiyor aka yoshi ulug‘ligiga qaramay yosh ustalarga shogird tushib, kechalari musiqa chalish, ashula aytish, maxsus uskunalarda o‘yinchoqlarga ishlov berish, bo‘yash kabi ishlardan saboq oladi, qunt bilan o‘rganadi. Bugun mahallada uning talaygina shogirdlari bor. Yosh bolalar o‘zlari qiziqib o‘yinchoq yasash sirlarini o‘rganishadi. Qovun, tarvuz, pista, yong‘oq kabi har xil meva va urug‘lardan chorcho‘plarga terib, portret yasashadi. Muzey kelajagi haqida so‘raganimizda esa shunday deydi — “Uchta qizimizni uzatganimizdan so‘ng butun kuchimizni, vaqtimizni, sog‘lig‘imizni shu muzeyga bag‘ishlaganmiz. Shuncha mehnatimiz uvol bo‘lmasligi uchun, bizdan keyin kelajak avlod ham bu ishlarimizdan bahramand bo‘lishini taʼminlash uchun muzeyimizda jon-jahdini berib ishlaydigan davomchi izlayapmiz. Agar shunday inson bo‘lsa, bu yerdagi ishlarning hammasini o‘rgatib, topshirib ketardim, lekin hali unaqa odam uchratmadik”.

 

 

 

 

O‘yinchoqlarga dunyoning turli mamlakatlari jumladan, AQSH, Germaniya, Indoneziya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Gretsiya kabi davlatlardan kelgan mehmonlar o‘zlari bilan sovg‘alari olib ketishadi.

 

 

 

Shunday qilib, hovlidan ichkariroq kirsangiz, yana bir nechta kengroq xonalar joylashgan. Bulardan birinchisida Baxtiyor aka doira, rubob, dutor kabi milliy cholg‘u asboblari jo‘rligida xalq qo‘shiqlari va laparlardan jonli kuylab berib, mehmonlar uchun qo‘g‘irchoq o‘yinlarini namoyish etib beradi. Xona devorlari o‘yinchoq va portretlar bilan to‘lgan. Har bir o‘yinchoqqa alohida xarakter berilgan va turli xil liboslar bilan bezatilgan. U yerdagi o‘yinchoqlarda laganda osh ko‘tarib turgan otaxon, anor ushlab turgan qiz, tarvuz ko‘targan chol, yelkasiga savat osgan yigit, non ushlagan momo kabi obrazlar gavdalantirilgan. Shu asnoda siz u yerda milliy liboslarni kiyib, o‘zingiz ham musiqa asboblarini chalib ko‘rishingiz mumkin. Keyingi xonada esa, o‘yinchoq tayyorlash jarayonlari bilan tanishasiz. O‘yinchoqlarning aksar qismi shu yerda yasaladi. Ularga rang beriladi, obraz topib, rasm tushiriladi. Hovlining navbatdagi qismi bog‘ bo‘lib, uzum va qovoq mevalari boshingiz uzra osilib turadi.

 

 

 

Muzey o‘zining eng kichik va eng katta qovoq o‘yinchoqlariga ega. Eng kichik qovoqni kaftingizda o‘ynab ko‘rishingiz mumkin. Bundan tashqari mehmonlar muzeydan olgan taassurotlarini bayon etishlari uchun alohida kundalik tutilgan. Ko‘p sportchilar, mashhur sanʼatkorlar, turli davlatdan kelgan mehmonlarning xotiralari shunda saqlanadi. Siz ham o‘z fikrlaringizni qoralab, tarixga muhrlash imkoniyatiga egasiz.

 

 

 

 

Muzey – bolalarda milliylikni tanish va shakllantirish uchun juda qulay joy. O‘qish va taʼtil kunlari maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun qovoq muzeyiga sayohatlar uyushtiriladi, turli tomoshalar qo‘yiladi. Xullas, qovoqlar uyining shahar shovqinidan alohida, o‘ziga xos olami sizni va farzandlaringizni kutmoqda.

 

 

Abdumannon MUHAMMAD,

Oyina.uz





 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 174
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 433
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 204987
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95904
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22226
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20538
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16282
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15464
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13424
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11986
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya