45 yillik omonat


Saqlash
17:06 / 06.06.2023 0 1664

Eronning Zinjon shahrida temirchilik bilan tirikchilik qilib kun ko‘rgan Hoji Hasan degan kishi bo‘lgan. Shahar bozori oldida kichik temirchilik ustaxonasi bo‘lib, hunari ajdoddan avlodga meros o‘tgani tufayli uning oila aʼzolari ismi-sharifiga Nalchigar rutbasi qo‘shib aytilgan va el orasida ardoqlangan.

 

Hoji Hasan har kuni o‘zining eski velosipedida ishga kelar, do‘kon yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lar, kech tushgach velosipedida yana uyiga qaytardi. Do‘st-u birodarlari temirchiga shalog‘i chiqqan ulovini tashlab yuborishni qancha maslahat bermasin, pinagini buzmas, zero velosiped otasidan yodgorlik edi.

 

Bir kuni shahar hokimiyati xodimi ustaxona oldida turgan velosipedga eʼtiroz bildirdi. Orada kelishmovchilik bo‘lib, xodim g‘azabi qaynab velosipedni yo‘lning o‘rtasida itqitib otgandi, eski velosiped sindi-qoldi. Shunda Hoji Hasan indamay yaroqsiz velosipedni chetga olib ishiga qaytdi, shahar hokimiyati xodimi ham yo‘lida davom etdi.

 

Bir necha kun o‘tib, temirchi do‘koni eshigini ochgani kelsa, ne ko‘z bilan qarasin-ki, eski velosipedi joyida yangi velosiped turibdi.

 

 

U qancha urinmasin, velosipedning egasini topolmadi. Hatto hokimiyatga murojaat qildi, lekin birov “Bu meniki edi” deb kelmadi. Hoji Hasan velosipedni o‘ziga qoldirilgan omonat deb bilgan, bir kuni egasi chiqsa berib yuboraman, degan o‘yda edi, shu bois hech umidsizlikka tushmadi. Omonatni egasiga bus-butun topshirish uchun saqlashga qaror qildi. U egasi o‘tib qolsa ko‘rar deb, har kuni ertalab eshigini ocharkan, velosipedni do‘kon yoniga chiqarib qo‘yar, kechga esa ichkariga kiritib uyiga yo‘l olardi. Hasan omonatni umrining so‘nggigacha, 45 yil davomida saqladi. 2019-yil, uning vafotidan bir yil o‘tib shahar ahli o‘sha velosiped yoniga omonatga xiyonat qilmagan temirchi haykalini o‘rnatdilar.

 

 

Aytishlariga qaraganda, velosiped Hoji Hasanning o‘ziga atalgan bo‘lgan – uning eski ulovini yaroqsiz holga keltirgan shahar hokimiyati xodimi bir og‘iz kechirim so‘rashga yuzi betlamagan, ammo yangi velosiped tashlab ketgan. Yana bir voqea: orada temirchining haykali oldidagi ulov yo‘qolib qoladi va bundan shahar ahli qattiq g‘azablanadi. Ular 45 yil davomida do‘kondor ko‘z qorachig‘i kabi asragan omonatni bir yilga qolmay o‘g‘ri urib ketdi degan qarorga keladilar, ammo shahar hokimiyatidagilar shikoyatni eshitib ularni tinchlantiradilar. Gap shundaki, shahar hokimiyati velosipedga zarar yetmasin deb uni shisha bilan o‘rab qo‘yish uchun olgan bo‘lishgan. Maʼlum vaqtdan so‘ng velosiped yana o‘z joyiga qaytariladi.

 

 

Gavhar ESHONQULOVA

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 237
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 468
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205228
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96047
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22296
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20755
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16381
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15557
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13550
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 12034
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya