Hisobini topmagan chol, muridlar soʻrogʻiga javob – ming bir naqldan ikki naql


Saqlash
11:05 / 04.05.2023 0 760

Orzuning ikki qutbi

Shoʻro davridan hangoma...

Bobom choʻpon edi. Avval otasining, keyin kolxozning, soʻng sovxozning qoʻylarini boqdi... Kam soʻzlardi. Gap kovlasam... “Senam davlatning odamisan-da, bu davlating bir dona qand berdi, endi qoʻy qilib olyapti”, degandi. Momom: “Hisobini topmagan chol”, deb koyib qolardi. Bobom indamasdi, oʻziga-oʻzi: “Bir qora choygum boʻlsa, olsang-da, gʻorga kirib ketsang”, deganini eslayman...

Anvar qori bilan laborantura[1]da birga ishlaganmiz. Aytardi: “Kichkina hujrang boʻlsa, mahsi tikib oʻtirsang, hech kim tergamasa...”

Eshitganim...

Enshteyn oʻtin yoruvchiga havas qilgan ekan.

Oʻqiganim...

Parchagina bulut,

Cheksiz osmon,

Adir ortidagi yolgʻizoyoq yoʻl,

Barcha tashvishlarni unutib, shodon

Qaytgim kelayotir qoshingga butkul.

Qismat mayin ichdim – achchiq va taxir,

Tuydim ehtirosning samoviy kuchin.

Dunyoda odamzod yashamas, axir,

Faqat irodasin sinamoq uchun.

Parchagina bulut,

Cheksiz osmon,

Adir ortidagi yolgʻizoyoq yoʻl,

Barcha tashvishlarni unutib, shodon,

Qayta olsam edi qoshingga butkul.

(Abdulla Oripov)

 

Saboq

 

Orzusiz odam boʻlmaydi...

Orzu hamisha biz bilan birga, bizni yashashga undaydi...

Orzuning qutblari bor. Biriga intilamiz, boshqasiga qayta olmaymiz...

Kishi intiluvchi orzu VAQTda undan oldinda, MAKONda ancha yuqorida turadi. Qaytabilmas ikkinchi qutb xiyla quyida miltillaydi...

Orzu qutblariga yetishning eng qulay, oson yoʻli XAYOLdir. Har kimning koʻnglida bir qoʻshlik yeri boʻladi. Kishi bu yerga ORZU urugʻlarini qadab, undirib, hosillar yigʻaveradi...

Orzuga xayolda yetish qanchalar lazzatli boʻlsa, shu qadar alamli ham. Ana shu makonda ORZU qutblarining chegarasi aniq boʻy koʻrsatadi. Aniqlashadi. Chegara chizigʻi aynan kishi orzu qilayotgan damda u egallab turgan mavqe va imkon ustidan oʻtadi.

Kishini toliqtirib, hatto yanchib tashlaydigan kuch Orzu yetib joylashgan makonu vaqtning U egallagan imkoniyatdan uzoq-uzoqlarga ketib, sarobday oʻziga imlashidir.

Shunda kishiga tayanch boʻlgan ISHONCH yeri qumga evriladi, tushkunlik izidan suv quyib, ishonchga qoʻshib kishini ham joyidan qulatadi.

Shunda kishi Enshteynning oʻtinchiga havasmand boʻlganiday, ORZUsi va amali aniq odamga intilib: “Nega men “oʻtin” yormayman”, deb armonda noliydi.

Ana shunda koʻngilning tub-tubida yasab olgan “gʻor”iga, “hujra”siga qaytishni istayveradi. “Qayta olsam edi qoshingga butkul”, deb iztirobda oʻrtanadi.

Kishi orzular qutblari aro “BIR qoʻshlik yerida...” yashaydi. ASL manzilga qaytguncha mehmon...

 

Oʻgit

 

Pirni kimdir Yassaviy edi, deb naql qiladi. Boshqasi Naqshband, yana birov Xoʻja Ahrorga nisbat beradi...

Pir jon taslim qilayotgan dam muridlar yigʻilib soʻradi:

– Pirim endi HIKMATlaringizni qayerdan topamiz?

Pir sekin shivirladi:

– Oʻzingizdan izlang...

Mohiyat odami boqadi, anglaydi, soʻzlaydi.

Ena gap barcha hakimlar bisotida boʻladi. “Yassaviy, Naqshband, Xoʻja Ahror edi”, deb turlanishi shundan.

Ena gap qanotli tulpor. Aql tulporni jilovlasam, deydi. Qanotli tulpor qoziqqa kelmaydi. Aqlning qaychisi rahmni bilmaydi. Qanoti kesilgan tulpor – bu endi ot. Hukmbardor aql otni koʻzi tushgan qoziqqa bogʻlab, poyloqchilik qilishni xush koʻradi.

Hikmat koʻngillardan koʻngilga oqadi. Bitik oʻchmaydi. Qoʻlyozma yonmaydi.

Shomirza TURDIMOV


[1] Institutdagi eng kichik lavozim – laborantlikka hazil tariqasida aytilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 232
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 462
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205128
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96003
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22288
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20698
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16359
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15540
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13519
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 12025
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya