Qirq, og‘ayni, sochimni qirq


Saqlash
15:04 / 27.04.2023 0 1099

Iloha Hajiyeva

 

JURNALISTNING SAVOLI

 

Qorabog‘ urushi. 1993-yil.

 

Urushda asirlikdan qutqarilgan janob V. Bokuga keltirilganida bir jurnalist qiz unga yaqinlashdi va:

 

– Ko‘rgan-kechirganlaringiz haqida aytib bera olasizmi? – deya so‘radi.

 

U boshini ko‘ylagining yengi bilan artib, og‘riqdan ingradi:

 

– Mening o‘ng qulog‘imni kesib olishdi...

 

Jurnalist:

 

– Qulog‘ingizni kesishganida og‘ridimi? – deya qiziquvchan ko‘zlarini unga tikdi.

 

Janob V. biroz jim turgach javob qaytardi:

 

– Sizning savolingizchalik emas har holda...

 

Behruz Niftaliyev

 

E’TIROF

 

“Faqat sen bilan birovning yo‘lini to‘qqiz oy kutishga sabrim yetadi”.

 

Shukur Aslonli

 

SHAHIDNING O‘GʻLI

 

Unisining hamma narsasi bor edi. Otasidan unga ko‘p narsa meros qolgandi: uy, mashina, pul va qimmatbaho hayot.

 

Bunisiga esa otasidan faqatgina bir nom qolgandi: shahidning o‘g‘li.

 

U o‘ldi. Tutun va ichkilik hidiga to‘la bir qimor stolida.

 

Bu o‘ldi. Izg‘irin bir qish kuni sovuq kazarmasida tepkilanganicha...

 

Habib Karimov

 

AVTOBUSDAGI SEVGI

 

Har tong bir avtobusda uzun va kelishgan qizga o‘rnimni bo‘shataman. Uydan chiqayotib bugun unga joy bermaslikka qaror qildim. Qiz doimgidek bugun ham avtobusga chiqdi va men sari yaqinlashdi. O‘rnimdan turmadim. Qiz menga go‘yo undan qarz olgan odamdek, xuddi dugonasi bilan sevishib xiyonat qilgandek termuldi. Keyin orqaroqqa o‘tdi, unga boshqa yigit joy berdi. Sochlarini hind kinolaridagi qizlardek qo‘li bir silkitdi. “Senga ishongandim, sen uchun kelgandim, endi ketaman, alvido Jimi” degandek o‘tirdi. Nazarimda, bu muhabbat shu bilan bitdi.

 

Yusuf Javodzoda

 

YETIM

 

Yig‘layotgan singlisini tinchlantirishga qiynalayotgan 9 yashar Halil shunday o‘ylardi: “Otam kelib tezroq ovqat pishirsaydi, to‘yib-to‘yib yerdik...”

 

Husayn Muhammadov

 

BECHORA OBUNACHI

 

Yolg‘iz edi. Na biror odam qo‘ng‘iroq qilardi, na mehmonga kelardi. Yakka-yu yagona umidi bor edi. Umid nuri ham tugayotgan shamdek miltillardi. O‘zini osishga qaror qildi. Ehtimol, shunda kimdir u uchun yig‘lar...

 

Xonasidagi o‘zidek yolg‘iz stolchani oyog‘i ostiga qo‘ydi. Sirtmoqni endi bo‘yniga o‘tkazgandi, telefoniga xabar keldi.

 

Hayotidek qorong‘u xonasi bir soniyaga nurga to‘ldi. Sevindi. Pastga tushib stolchani bir tarafga, sirtmoqni boshqa tarafga irg‘itdi. Telefonini qo‘liga oldi-yu smsni o‘qib qotib qoldi: “Hurmatli obunachi! Bugun sizga ajratilgan daqiqalar tamom bo‘ldi. Iltimos, hisobingizni to‘ldiring!”

 

Samit Nuriyev

 

“SURIYADA TUGʻILISH...”

 

Bola o‘n birinchi sinfda o‘qir edi. Bu tong ham bombaning portlagan ovozidan uyg‘ondi. O‘tirgan joyida atrofni burkab olgan chang-to‘zonni kuzatib, vahimali qichqiriqlarga quloq solib mahzun xayolga toldi: “Qanchalik qiyin-a, Suriyada tug‘ilish...”

 

Elnora Asqarova

 

QIRQ

 

Moskvaga, bolalik do‘stining yoniga keldi. Ishlash uchun. Qishloqda ishi oson emasdi. Tikish-bichish, uni-buni oyoq kiyimini yamardi. Bu yerga kelishdan maqsad do‘stining “tochkasida” sotuvchi bo‘lish edi. Ikki birodar bekatga ketib borishardi:

 

“Til ham bilmayman, shimning narhini so‘rashsa, qirq manat deyman...” – xayoliga kelgan o‘yni tiliga keltirdi:

 

– Qirqning ruschasi nima edi?

 

– Sorok, nimaydi?

 

– ...

 

Ko‘zi to‘satdan yo‘l chetidagi sartaroshxonaga tushdi.

 

Do‘stiga:

 

– Do‘stim, kel shu yerga birrovga kiraylik, sochimni kaltalatay, – dedi.

 

Sartarosh savol to‘la ko‘zini ko‘zgudan unga qadadi. U nimani so‘ramoqchiligini angladi va ko‘rsatgich barmog‘ini boshiga yo‘naltirib:

 

– Davay, sorok, – dedi.

 

Ozar tilidan
Rahmat BOBOJON tarjimasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 235
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 466
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205203
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96031
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22295
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20749
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16376
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15554
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13541
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 12034
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya