Xitoyda asirlikdan omon qolgan, oʻris poshshosining polvonini yiqitgan oʻzbekning Ahmad polvoni


Saqlash
16:04 / 14.04.2023 0 1203

Sheʼrlarini oʻqib, bir necha avlod tarbiya topgan shoir Tolib Yoʻldosh juda odamjon kishi. Koʻngli kelib qolsa, suhbatga jon kirgizib yuboradi. Shoir davralarda oʻtgan polvonlar, ularning turli sarguzashtlarini huzurlanib soʻzlaydi. Masalan, Ahmad polvon haqida xuddi birga-birga yurib, birga-birga turib, bel olishib, lutf qilishgandek hikoya qiladi. Tolib Yoʻldosh bunday paytda soʻz polvoni boʻlib soʻzlaydi:

 

“Ahmad polvon bu oʻrtada oʻtgan hech bir polvonga oʻxshamagan. Gapi bilan ishi bir, kuchim bor deb maqtanmagan, kichik feʼl odam boʻlgan… Bir dehqon bozorga ketayotganida ustiga toʻla qovun ortilgan aravasi borib-borib ariqqa tiqilgan. Dehqon yaqin atrofdagi choyxonada oʻtirgan besh-oʻn boʻz yigitni yordamga chaqirgan. Haligilar birgalashib unday koʻrgan, bunday koʻrgan – boʻlmagan. Shu voqea ustiga Ahmad polvon kelib qolgan.

 

– Hormanglar…Chiqmayaptimi? – degan.

– Chiqarib koʻring, – degan bular.

 

Polvon toʻnining oʻngirini qayirib: “Qani koʻraylik”, – deya shotidan tutib, aravani qovun-povuni bilan sudrab, tepalikka olib chiqib qoʻygan. Soʻng “Eh, yigitlar, siz guruchning shirasuviga palov yemas ekansizlarda”, deb ketvorgan.

 

Alp Ahmadning Oʻris polvonni yiqitganiyam qiziq (1895-yil). Oʻris polvon – Rus podshosining bahodiri Rippel Toshkentda bir qancha vaqt tomosha koʻrsatib, “Shahringizda menga teng odam yoʻq”, deb maqtangan. Harb talab qilgan. Ammo unga daʼvogar boʻlib hech kim chiqmagan. Shunda Ahmad polvonning joʻralari: “Sen chiq” deb qoʻyishmagan. Polvon “Roziman, faqat bir oti ildam izvoshni kurash joyiga yaqin bekitiqcha ushlab turasiz, kurash tugashi bilan meni davradan tezda olib chiqib ketasiz” deb shart qoʻyadi. Tumonat odam yigʻilgan kurashda Ahmad polvon oʻris polvonni aylantirib, shunday yiqitganki, ancha vaqt oʻziga kelmay qolgan. Hushiga keliboq, yugurgancha kiyim almashtirgan joyidan miltigʻini olib chiqib: “Qani meni yiqitgan? Hozir otib tashlayman”, deb har tomonga chopgan. Bu vaqtda Ahmad polvon izvoshga oʻtirib, joʻnab ketib boʻladi. Shunaqa, nima boʻlishini oldindan aql bilan koʻrib biladigan odam oʻtgan Ahmad polvon”.

 

Aytadilarki, Ahmad polvon yoshligida Qashqarga, undan Xitoy tomonga oʻtgan ekan. Oʻshanda Chin yurtining polvonlari bilan ham kurashib, ularning usullarini oʻrgangan, koʻpchiligini esa olishuvda yenggan. Bu holga baʼzilarining gʻayirligi kelib, Ahmad polvonni tuhmat bilan qozixonaga torttirishibdi. Oʻsha vaqtlar Xitoyda odamlarni uchta-uchta qilib, boʻyniga darvoza urib, qirq kun suvsiz, oshsiz koʻchaga haydab qoʻyar ekan. Koʻpchilik oʻn-oʻn besh kunga yetmay, sillasi qurib, oʻlar ekan. Tirik qolganlari oʻlgan sherigini koʻtarib yurishga majbur qilinar, oxiri u ham tamom boʻlarkan. Kamdan-kam odam qirq kunga chidab, jazoni oʻtab, ozod boʻlgan. Ahmad polvonni ham ikki kishiga qoʻshib, boʻyinlariga darvoza urib, koʻchaga haydashibdi. Polvonning bir sherigi 10 kunga, ikkinchisi 18 kunga borib tamom boʻlibdi. Ahmad polvon qirqinchi kungacha darvoza bilan birga ikki jasadni ham koʻtarib yurib, jazoni oʻtagan ekan. Buni koʻrib, tuhmat qilganlar ham, uni jazoga tortganlar ham qoyil qolishgan, yaxshi odamlar esa “Sen gunohsiz ekansan” deb, yurtiga qaytib kelishiga yordamlashgan ekan.

 

“Kunlarning birida Ahmad polvon bogʻda oʻrikning tagida sarpoychan yonboshlab dam olayotgan ekan. Mahallaning bir xomsemiz, jarjagʻ (ogʻziga kuchi yetmaydigan) odami: “Ha, polvon, kuchdan qolib yotibsizmi endi…” – deb mazax qilgan boʻlibdi-yu, qanday qilib uch paxsa tomning ustiga “uchib” chiqqanini bilmay qolibdi. Oʻshanda Ahmad polvon koʻz ochib yumguncha oʻrnidan turib, xomsemizni oyogʻi bilan tomga ilib otib yuborgan”, deyishadi. Yana bir kuni Ahmad polvon joʻralari bilan bahslashibdi: “Men ustunni ushlab turaman. Oʻn kishi boʻlib joyimdan siljita olmaysizlar”, deb. Joʻralari chindan ham oʻn besh odam boʻlib ham polvonni turgan yeridan siljita olmagan ekan.

 

Shunaqa, Tolib Yoʻldoshning suhbati qiziq, samovar qaynab tursa, choyni damlab, quyib uzatib, jimgina quloq tutsangiz, ikki asr nari-beriga borib kelaverasiz. Soʻzdan hikmat, suhbatdoshdan quvvat quyilib oqaveradi...

 

Shomirza TURDIMOV,

filologiya fanlari doktori

 

Maʼlumot uchun, mashhur oʻzbek polvoni AHMAD POLVON (Tolibboyev) (1867–1932) Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tugʻilgan. Bolaligidan baquvvat boʻlib voyaga yetgan Ahmad polvon xalq sayillarida oʻtkaziladigan kurash musobaqalarida chiniqqan. Ahmad polvon 1895-yilda Toshkentga kelgan mashhur nemis polvoni Rippel (vazni 133 kg) bilan eski sirk binosida bellashib, kuragini yerga tekkizgan. Fargʻona vodiysi va Toshkent vohasidagi bellashuvlarda gʻolib kelgan Xoʻja polvon ham unga bas kelolmagan (1904). Ahmad polvon tabiatan kamtar boʻlgan, bellashuvlarda milliy kurash qoidalariga qatʼiy rioya qilgan. Polvon “Zaxariq” qabristoniga dafn etilgan. “Toshkent” ensiklopediyasi. 2009-yil (Tahririyat).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 0 235
Omad yosh tanlamaydi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 2 467
Yaponlarning yaxshi odati



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 205209
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96033
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22295
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 20750
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16376
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15554
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 13541
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 12034
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya