“Biz bu burchni ado etishga qodirmizmi?” Xayriddin Sultonov Islom sivilizatsiya markazining ahamiyati haqida gapirdi

Saqlash
18:07 / 04.07.2024 259 0

Bugun, 4-iyun kuni “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” Oʻzbekiston olimlar forumining yalpi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida boshlangan tadbirda Islom sivilizatsiyasi markazining bugungi kunda qanday qiyofada bunyod boʻlayotgani, undan kelgusida qanday natijalar kutilayotgani haqida soʻz bordi.

 

Jumladan, ushbu markaz nafaqat tarixiy, balki oʻsib kelayotgan yoshlar uchun maʼrifat maskani boʻlishi lozimligi qayd etildi.

 

 

Maʼlum boʻlishicha, Islom sivilizatsiya markazini eksponatlar bilan boyitishda 450 nafardan ortiq olimdan turli taklif va tavsiyalar olinmoqda.

 

“Sizlar berayotgan taklif va tavsiyalar jiddiy oʻrganib chiqiladi va eʼtiborga olinadi. Islom sivilizatsiya markazi mamlakatimizning madaniy-gumanitar yoʻnalishidagi ulkan mega loyihadir. Bu nafaqat yurtimizda, balki dunyo boʻyicha keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotmoqda. Shu oʻrinda haqli bir savol tugʻiladi: Biz bu burchni ado etishga qodirmizmi? Bugungi oʻzbek ilm-fani ziyolilari mana shunday ulkan masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodirmi? Albatta, qodir. Chunki diniy gen, irsiyat hech qachon yoʻqolmaydi. Dunyoga ikki buyuk renessansni bergan ajdodlarimizdan meros bu”, deydi Prezident maslahatchisi – spichrayter Xayriddin Sultonov.

 

 

Taʼkidlanishcha, markaz ilmiy tadqiqot olib boriladigan maskan sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar dunyoviy, diniy, maʼrifiy hamda tarixiy maʼlumot olish imkoniga ega boʻladi. Shuning uchun ham markazga qoʻyilayotgan har qanday eksponat, yozuv, muhr, tangadan tortib libosgacha, hattoki Qurʼonning turli davrdagi nusxalari, qoʻlyozma manbalar oʻrganiladi. Bundan maqsad esa muqobili yoʻq markazni Oʻzbekistonda tashkil etishdir.

 

“Bu yer ham dunyoviy, ham diniy olimlar birlashayotgan katta maskan boʻladi. Eng muhimi, u Oʻzbekistonning 3 ming yillik tarixini aks ettirmoqda. Bu III Renessans poydevori boʻladi. U keyingi ming yillikka xizmat qilishi lozim. Bu yerga kelgan yoshlar qaytib ketishar ekan oʻz tarixidan faxrlanishi lozim. Ularda milliy gʻurur paydo boʻlishi kerak. Ekspertlar juda koʻp muhokama qilyapti. Har bitta detalga eʼtibor qaratilmoqda. Sababi, kelajakka qoldirilayotgan har bir narsa tarixiy asoslangan boʻlishi kerak. Kelajakka toʻgʻri, asoslangan tarix qoldirish kerak”, deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov.

 

“Islom sivilizatsiya markazi bu faqatgina bitta yoki ikkita sohani oʻzida ifoda etadigan emas, balki bizning shonli tariximizni boʻy-u basti bilan, hatto islomdan oldingi va keyingi  davrlariga oid ilmiy yutuqlarimizni namoyish qilib beradi”, deydi Toshkent shahar “Hasanboy” jomeʼ masjidi imom-noibi Hasanxon Abdulmajidov.

 

Maʼlumot uchun, Islom sivilizatsiya markazi Prezidentning 2017-yil 23-iyundagi qaroriga asosan tashkil etilgan.

 

 

U Toshkent shahrining Eski shahar qismida joylashgan boʻlib, 7 gektar maydonni egallagan.

 

Markaz uch qavatdan iborat boʻlib, birinchi qavatida “Usmon Qurʼoni” joylashtiriladi. Hozirda ushbu zalning koʻrinishi qanday boʻlishi haqida 100 dan ziyod takliflar muhokama qilingan.

 

Markaz binosining uzunligi 161 metr, eni esa 118 metr. Asosiy gumbazning balandligi 67 metr. Binoning jami foydalanish hududi 4 gektardan oshadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//