Mast fuqaro metroda bomba borligi haqida maʼlum qildi

Saqlash
17:04 / 26.04.2024 2495 0

Maʼlum boʻlishicha, “Ming oʻrik” bekati platformasida asli Fargʻona viloyatidan, ayni paytda Toshkent shahrida yollanma ishchi boʻlib ishlaydigan E.M. ismli shaxs oʻzini noxush his qilayotganini bildirgan. Natijada metro xodimlari tomonidan tez tibbiy yordam xizmati xodimlari chaqirtirilgan.

 

Bemor Mirobod tumani 7-podstansiya shifokori tomonidan koʻzdan kechirilgach, 16-sonli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazining zaharlanish boʻlimiga olib borilgan.

 

Bemor shifokor tomonidan koʻzdan kechirilgan va unga “Alkogoldan oʻtkir zaharlanish” tashxisi qoʻyilgan.

 

Bemor tibbiy yordam koʻrsatilayotgan paytda qogʻoz salfetkaga “DXX va Ichki ishlarga telefon qil. Bomba”, deya yozib, hamshiraga bergan.

 

Shifokor vaziyatni aniq tushunmagan holda “102” raqamiga qoʻngʻiroq qilgan va “metroda bomba bor” deya xabar qoldirgan.

 

Holat boʻyicha Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boʻlimi navbatchilik qismi tomonidan zudlik bilan “Ming oʻrik” bekatiga portlovchi moddalarni zararsizlantirish maxsus otryadi xodimlari yuborilgan.

 

Qidiruv davomida mazkur bekat toʻliq koʻzdan kechirilgan va berilgan maʼlumot oʻz tasdigʻini topmagan.

 

Fuqaro E.M. bilan olib borilgan surishtiruv davomida esa u oʻsha kuni kayfda boʻlgani bois bergan maʼlumoti haqida hech narsani eslolmasligini bildirgan va jazodan shu tariqa qutilib qolgan.

 

“Mazkur fuqaro xulqiga baho berilganda, uni kaltabin, tarbiya koʻrmagan, irodasi zaif, hayotda oʻz yoʻlini topa olmagan kimsa, deb baholash mumkin. Bunday shaxslarni oʻz vaqtida bu yoʻldan toʻxtatib qolinmas ekan ertami, kechmi, bir kun kelib qonun oldida javob berishi, guldek umrini xazon qilib, temir panjara ortida oʻtkazishga majbur boʻlishi aniq”, deyildi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish