Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi oʻtkaziladi

Saqlash
10:04 / 24.04.2024 993 0

Hindistonning “Sarkaritel” axborot portalida joriy yil may oyida Samarqand shahrida Osiyo xotin-qizlari forumi boʻlib oʻtishi haqidagi maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda Dunyo.

 

Xabarga koʻra, materialda xalqaro anjuman mavzusi xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv boʻlishi aytiladi.

 

Forumni oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan. Portal oʻquvchilari eʼtibori ana shunga qaratilgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, Samarqandga Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining aʼzolari, hukumatlari rahbarlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda.

 

Maqolada forum ishtirokchilari xotin-qizlarning fan, taʼlim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambagʻallikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qilishi taʼkidlangan.

 

Bundan tashqari, unda “yashil” iqtisodiyotni targʻib qilish, iqlim oʻzgarishining mintaqadagi gender muammolariga taʼsiri masalasining koʻrib chiqilishi ham aytilgan.

 

Shuningdek, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilgʻor tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham forum mavzularidan biri hisoblanadi.

 

“Forum yakunida Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan”, deb yakunlangan material.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish