Maktablarda oʻquvchilar oʻzbek tili darslariga kam qatnashgani ochiqlandi

Saqlash
11:04 / 09.04.2024 2047 0

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlarining olib borgan tadqiqotlari natijasida maʼlum boʻldiki, 2023-yilda maktablarda davomat koʻrsatgichlari 82,5 foizni tashkil etgan. Buni 2022-yilniki bilan solishtirganda, 1,1 foizga pastligini koʻrish mumkin(2022-yilda 83,6 foiz).

 

Hududlar boʻyicha davomatning eng past koʻrsatkichlari Toshkent shahri (57,8 foiz), Jizzax (76,9 foiz), Toshkent (75,8 foiz) va Fargʻona (79,8 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Eng yuqori koʻrsatkichlar esa Buxoro (89,1 foiz), Surxondaryo (88,3 foiz) va Qashqadaryo (88,2 foiz) viloyatlarida boʻlgani aytiladi.

 

Predmetlar kesimida, boshlangʻich sinf oʻquvchilari orasida eng past davomat koʻrsatkichlari oʻzbek tili va matematika darslari vaqtiga toʻgʻri kelgan.

 

Oʻrta sinf oʻquvchilari esa oʻzbek tili, informatika, adabiyot va ingliz tili darslariga kam qatnashgan. Yuqori sinf oʻquvchilari orasida ham oʻzbek tili, informatika, algebra va ingliz tili fanlarida davomatning eng past koʻrsatkichlari kuzatilgan.

 

Tahlilga koʻra ota-onalarning quyidagicha qismi turli sabab va bahonalar bilan bolalarini maktabdan olib qolgan:

◽️ Betob boʻlib qolishi sabab – 75,4 foiz;

◽️ Uy ishlarida yordam berishi sabab – 8,9 foiz;

◽️ Ishga chiqishim uchun, 6 yoshgacha boʻlgan bolamga qaraydigan boshqa odam yoʻqligi sabab – 3,1 foiz;

◽️ Xususiy oʻqituvchi/repetitorda oʻqishi sabab – 1,7 foiz;

◽️ Maktabga borishi uchun qoʻshimcha xarajatlarga mablagʻ yetishmasligi sabab – 1,1 foiz.

 

Qizigʻi, soʻrovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini aytgan.

 

Maʼlumotda yozilishicha, Oʻzbekistonda darslarni ketma-ket uch oy qoldirgan oʻquvchilar ulushi 18,5 foizni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich oʻgʻil bolalar orasida qiz bolalar bilan solishtirganda nisbatan yuqoriroq.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish