Bayram arafasida 426 nafar shaxs afv etildi

Saqlash
09:04 / 09.04.2024 2036 0

Bayram arafasida imzolangan farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 426 nafar shaxs afv etildi.

 

Ushbu shaxslarning 135 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etilgan boʻlsa, 200 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 26 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi esa yengilroq jazo bilan almashtirildi.

 

Shuningdek, 65 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

 

Hujjatga koʻra, afv etilganlarning 11 nafarini chet el fuqarolari, 50 nafarini ayol, 13 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 157 nafarini yoshlar (shulardan, 3 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

 

“Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish