Endi kredit qarzdorligida penya hisoblanmaydi

Saqlash
14:04 / 08.04.2024 2516 0

Qonunchilikka koʻra kredit qarzdorligiga nisbatan kredit shartnomasida koʻrsatilgan foizlar, pul majburiyatini bajarmaganlik uchun hisoblanadigan foiz va neustoyka hisoblanishi toʻxtatilmoqda, deya maʼlum qilgan Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidov AOKAda oʻtkazilgan brifingda.

 

Maʼlum boʻlishicha, endi joriy yil 1-yanvardan boshlab olingan kredit uchun penya hisoblanmaydi, ammo buning uchun sud qarori chiqqan boʻlishi lozim.

 

Yaʼni, masalan, agar qarz oluvchi 10 mln kredit olgan va uning foizi taxminan 3 mln boʻlsa, u sudgacha boʻlgan kredit toʻlanmagan kunlari uchun penya toʻlaydi. Ammo uning ishi sudga oshirilsa va sud ajratilgan kreditlar boʻyicha qarzdorlikni undirish yuzasidan hal qiluvchi qaror chiqarsa, keyingi toʻlanmagan davrlar uchun penya toʻlanmaydi.

 

Bu yangi tartib 2023-yil 4-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda nazarda tutilgan.

 

Amaldagi tartibga koʻra, kredit tashkiloti kredit qarzdorligi sud qarori bilan undirilgandan soʻng ham kredit amalda qaytarilgungacha boʻlgan davrlar uchun foiz va neustoyka undirish huquqiga ega boʻlgan.

 

Endilikda qonunchilikka kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, sud qarori bilan undirilgan kredit qarzdorligiga nisbatan kredit shartnomasida koʻrsatilgan foizlar, pul majburiyatini bajarmaganlik uchun hisoblanadigan foiz va neustoyka hisoblanishi toʻxtatilmoqda.

 

Yangi qonun normasi shu yil 27-fevralda qabul qilingan boʻlsa-da, unda qonunning orqaga qaytish kuchi ham nazarda tutilgan. Gap shundaki, sud qarori bilan undirilgan asosiy kredit qarziga nisbatan foiz va neustoyka undirish 2024-yil 1-yanvaridan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq qilinadi.

 

Fuqarolik kodeksining 4-moddasida qonunning vaqt boʻyicha amal qilish qoidalari belgilangan boʻlib, unga koʻra, fuqarolik qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida qonun u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etilishi belgilangan.

 

Shu maʼnoda sud qarori bilan undirilgan kreditning asosiy qarziga nisbatan 2024-yil 1-yanvardan boshlab foiz, neustoyka hamda boshqa shaxslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamgʻarish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz hisoblanishi toʻxtatiladi.

 

Ayni chogʻda sud qarori bilan undirilgan summaga nisbatan foiz va neustoyka hisoblanmasligi mikroqarz munosabatlariga nisbatan tatbiq qilinishi nazarda tutilmaganini ham eslatib oʻtish lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish