Ovoz yigʻishga majburlagan hokim oʻrinbosarining ishiga huquqiy baho berildi

Saqlash
15:04 / 05.04.2024 1941 0

Oldinroq Qiziltepa tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Zoom orqali yigʻilish qilib, tashkilot rahbarlarini “Open Budget”da ovoz toʻplashga majburlagani haqida xabar berilgan edi.

 

Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha komissiya mazkur ishni oʻrganib, oʻz xulosasini taqdim qildi.

 

“Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyasi tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda “Open Budget” uchun ayrim soha vakillarining ovoz yigʻish ishlariga jalb qilinganlik holatlari atroflicha oʻrganildi”, deyiladi xabarda.

 

Ochiqlanishicha, rostdan ham hokim oʻrinbosari tomonidan “Open Budget” dasturi doirasida tashkilot rahbarlarining xizmat vazifalariga kirmaydigan tashabbusli budjet loyihasiga ovoz yigʻishga targʻib qilganligi va majburan jalb qilganligi maʼlum boʻlgan.

 

Bosh prokuratura hamda Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishda hokim oʻrinbosarining harakatlarida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalarida koʻrsatilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan. Shu hisobda, Qiziltepa tumani hokimi oʻrinbosariga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.

 

“Milliy komissiya barcha masʼullarni, shuningdek, ish beruvchilarni, hudud rahbarlarini xodimlarning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashga chaqiradi”, deyiladi komissiya xabarida.

 

Shu bilan birga, xabarda “har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga egaligi, shuningdek, mamlakatimizda majburiy mehnat taqiqlanganligi hamda milliy qonunchiligimizda bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan”ligi eslatib oʻtilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish