14 yoshli qizning maktabda bullingga uchrayotgani aniqlandi

Saqlash
14:04 / 05.04.2024 2394 0

Bolalar ombudsmaniga 2010-yilda tugʻilgan, Boʻstonliq tumanida yashovchi E.O. (qiz bola) murojaat qildi, deb yoziladi xabarda.

 

Maʼlum boʻlishicha, Boʻstonliq tumanidagi maktablardan birida oʻqiydigan E.O. oʻz murojaatida maktabda sinfdoshlari tomonidan muttasil tazyiq va bullingga uchrayotgani, bu holatga maktab maʼmuriyati ham, boshqa masʼullar ham eʼtiborsiz ekanini bildirgan.

 

Shundan soʻng, Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Ichki ishlar organlari mazkur holatni oʻrgangan.

 

Natijada, joriy yilning 18-mart kuni informatika darsida E.O, S.M., M.K., K.V. lar (barchasi qizlar) oʻzaro gap talashib qolishgani, dars mashgʻulotlari tugaganidan soʻng nizoni hal qilishni kelishib, dars tugaganidan keyin maktab sinf xonasida yigʻilib oʻzaro janjallashgani va 3 nafar qiz birgalikda E.O. ni urishgani, uni turli haqoratli soʻzlar bilan kamsitgani maʼlum boʻlgan.

 

Shuningdek, Boʻstonliq tumani, “Markaziy” MFY profilaktika inspektori tomonidan bolalar oʻrtasidagi bu holat boʻyicha tergovga qadar tekshiruv olib borilib, voyaga yetmagan oʻquvchi qizlar E.O. va K.V. ga sud tibbiyot ekspertizasi tayinlanganda ularning yengil tan jarohati olganliklari aniqlangan.

 

Mazkur bulling holati yuzasidan K.V., S.M., M.K. larning ota-onalari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi 1- qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosida maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Qizlarga esa maxsus psixologik korreksion ish olib borish uchun psixolog biriktirilgan.

 

“Maktab rahbariyati va inspektor-psixolog bolalar oʻrtasida bu kabi bulling holatlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tegishlicha ogohlantirildi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish