“Open Budget” sabab hokim oʻrinbosarining ishi tekshirilmoqda

Saqlash
16:04 / 04.04.2024 1805 0

Qiziltepa tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Zoom orqali yigʻilish qilib, tashkilot rahbarlarini “Open Budjet”da ovoz toʻplashga majburladi, deb xabar berdi Kun.uz.

 

Maʼlum boʻlishicha, mazkur yigʻilishda yozib olingan audio ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.

 

Hokim oʻrinbosari audioyozuvda “qaysi tashkilot rahbari kechgacha belgilangan ovozni toʻplamasa, kim boʻlishidan qatʼi nazar uni ishdan boʻshatib yuborish”ini aytgan.

 

     “Hozir hokim topshiriq berdi, agar natija qilmaydigan boʻlsang, xafa boʻlib oʻtirma birortang.

     Shahriyor, natija qilsang qil, boʻlmasa arizangni yoz, tushundingmi gapimni? Menga bugun natija qilasan. Agar “obed”dan keyin yuzta ovoz yigʻib bermasang, yoʻq boʻlasan, joʻra. Menga sen kabi rahbar kerak emas. Bugun kechga “razbor” boʻladi.

     Qani 3-bogʻcha, deputat, Atamurodova? Nima uchun natija qilmayapsiz? Oqoltinning bogʻchalari bilan gaplashyapman, Vangʻozining bogʻchalari ham bittayam oʻzgarish qilgani yoʻq. Aytib qoʻyay, bugun juda katta oʻzgarish boʻladi kadrlar masalasida. Kamida 50 foiz bogʻcha mudirasi ishdan ketadi”, degan hokimiyat vakili.

 

Shuningdek, u har bir rahbarga 50 tadan ovoz yigʻish vazifasini topshirar ekan, “agar oʻzini hurmat qiladigan rahbar boʻlsa, kerak boʻlsa birorta qarindoshining nomiga sim karta olib boʻlsa ham qilishi”ni taʼkidlagan. “Zam” ovoz uchun hatto yogʻ ham berishni boʻyniga olgan.

 

     “Agar yogʻ kerak boʻlsa, yogʻ ham beraman sizlarga. Tayyorman shu narsaga ham”, degan u yigʻilish davomida.

 

Audioyozuv tarqalishi ortidan Qiziltepa hokimligi tezkorlik bilan munosabat bildirgan.

 

Unda onlayn yigʻilishda yozib olingan audio va undagi ishlatilgan qoʻpollik yuzasidan tuman hokimligi oʻrinbosar Oʻlmas Istamovga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi va tegishli chora koʻrilishi aytilgan.

 

Munosabatda xizmat tekshiruvi natijalari boʻyicha qoʻshimcha axborot berilishi haqida ham yozilar ekan, “tuman hokimligi bu kabi nojoʻya harakatlar va xodimlarga nisbatan hurmatsizlikni keskin qoralash”i taʼkidlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish