Maktablarda “Matnshunoslik” darslari tashkil etiladi

Saqlash
14:04 / 03.04.2024 1243 0

Prezident qaroriga koʻra, 2024/2025 oʻquv yilidan Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablarida bir qator yangiliklar boʻlishi kutilmoqda.

 

Jumladan, mazkur taʼlim maskanlarida ijtimoiy va ijodiy faol, keng jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari oʻtkaziladi.

 

Shuningdek, “Yosh tarjimonlar” klublari faoliyati tashkil etiladi.

 

Ushbu maktablarda “Matnshunoslik” darslari ham oʻtiladi.

 

Har yili 2 marotaba oʻquvchilarning “Ijod bogʻidan guldasta” nomli toʻplamlarini nashr etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

 

Dars jadvaliga “Tasviriy sanʼat va chizmachilik” oʻrniga “Sanʼat” (ART) fani kiritiladi.

 

7–9-sinflarga oʻtiladigan “Texnologiya” fani doirasida robototexnika asoslari ham oʻrgatiladi.

 

2024/2025 oʻquv yilidan boshlab esa umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida badiiy adabiyot va sanʼat sohasida iqtidorli yoshlarni saralashga qaratilgan koʻrik-tanlov oʻtkaziladi.

 

Bundan tashqari, “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida har bir ijod maktabidan kamida ikki nafar oʻquvchining ijodiy ishlar toʻplami nashr etiladi.

 

Anʼanaviy “Zomin seminari”da ham har bir ijod maktabidan kamida 5 nafardan ijodkor oʻquvchilarning ishtiroki taʼminlanadi.

 

Har bir ijod maktabi “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat kitoblar majmuasi bilan taʼminlanib, bu turdagi maktablar oliy taʼlim muassasalari va Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalariga biriktiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish