Bolalarga qoʻpol muomala qilayotgan tarbiyachi qoʻlga tushdi

Saqlash
10:04 / 03.04.2024 1189 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirda tarbiyachining kichik yoshdagi tarbiyalanuvchilarga qoʻpol muomala qilayotganini koʻrish mumkin.

 

Bolalar ombudsmanining xabariga koʻra, 27-mart kuni Yunusobod tumani maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi S.X. ning onasi N.X. guruh tarbiyachisi S.I. tomonidan voyaga yetmagan farzandiga qoʻpollik qilingani toʻgʻrisida Yunusobod tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga murojaat qilgan.

 

Aniqlanishicha, tarbiyachi S.I. kunduzgi mashgʻulot vaqtida bola yigʻlagani uchun unga qoʻpol munosabatda boʻlib, qoʻl koʻtargan. Bunga murojaatda N.X. farzandining qoʻlida koʻkarishlar borligini isbot tariqasida bildirib oʻtilgan.

 

Shundan soʻng, Yunusobod tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi holatni oʻrgangan. Maʼlum boʻlishicha, tarbiyachi S.I. haqiqatan ham bolaga nisbatan nihoyatda qoʻpol, pedagog uchun xos boʻlmagan munosabatda boʻlgani aniqlangan.

 

Bogʻcha tomonidan bunday nomaqbul holatlarga yoʻl qoʻymasligi zarurligi taʼkidlanib, joriy yilning 29-mart kuni tarbiyachi S.I. ga nisbatan intizomiy chora koʻrilgan va tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

 

“Hozirda holat Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan oʻrganilmoqda”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish