Xorijga ishlagani ketuvchilarning umumiy xarajatlari qoplab beriladi

Saqlash
09:04 / 03.04.2024 804 0

Kunikecha Prezident rahbarligida migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

 

Unda mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgani koʻrsatilgan.

 

Jumladan, endi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi davlat muassasasi shaklida boshqaruv organiga aylanadi. U mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini ham boshqaradi.

 

“Xorijga ish – mahalladan” tamoyili yoʻlga qoʻyiladi. Bunda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqaroni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Nomzodlar xorijdagi ish beruvchilar tanlovlariga jalb qilinadi.

 

Kasbiy malakasi yoʻq va tilni bilmaydigan fuqarolarni kasbga oʻqitish va proftaʼlim muassasalarida maqsadli tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

 

Buning uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida fuqarolarni xorijiy tillarga oʻrgatish va ishlashga maqsadli tayyorlash markazi ochiladi.

 

Xorijda ishlash istagida boʻlganlar muayyan xarajatlarga ham duch keladi. Shu bois endi migrantlarning ishchi viza, yoʻl chiptasi, xorijiy til va kasb boʻyicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanadi.

 

Chet tili boʻyicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga til oʻrganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab beriladi.

 

Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligiga koʻmaklashish maqsadidan ularga tomorqada mahsulot yetishtirib, daromad olishi uchun moliyaviy koʻmak beriladi hamda boshqa turdagi bandlik xizmatlari koʻrsatiladi. Imtiyozli kreditlar ajratiladi. Migratsiyadan qaytgan shaxslar va ularning oila aʼzolari tibbiy muassasalarda bepul tibbiy koʻrikdan oʻtish huquqiga ega boʻladi.

 

Shuningdek, “Inson” markazlari tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam koʻrsatiladi.

 

Mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan oyiga 500 ming soʻm miqdorida subsidiya beriladi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ushbu tadbirlarga bu yil uchun barcha manbadan 100 milliard soʻm ajratilishi belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish