Yakuniy imtihondan oʻtolmagan oʻquvchi sinfdan qoldirilishi mumkin

Saqlash
10:04 / 02.04.2024 1133 0

Maʼlumki, maktab bitiruvchilari umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini toʻliq oʻzlashtirgandan keyin yakuniy attestatsiyadan oʻtishi majburiy hisoblanadi.

 

Maktab bitiruvchilarining bilimi, malaka va koʻnikmalariga qoʻyilgan talablarning bajarilishi boʻyicha yakuniy attestatsiya yozma, ogʻzaki yoki test usulida, har bir fanning amaldagi oʻquv dasturi asosida oʻquv yilining yakuni boʻyicha oʻtkaziladi.

 

Agar bitiruvchi taʼlim dasturlarini davlat taʼlim standartlari talablari darajasida oʻzlashtirgan va oʻquv fanlaridan yil yakuni boʻyicha ijobiy baholangan boʻlsa, yakuniy attestatsiyaga qoʻyiladi.

 

Shuningdek, bitta oʻquv fanidan qoniqarsiz baholangan bitiruvchilar ham maktab pedagogik kengashi qaroriga asosan yakuniy attestatsiyaga kiritilishi mumkin.

 

Ammo yakuniyda qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilar-chi?

Bunda bir yoki ikki fan boʻyicha oʻtkazilgan yakuniy attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilarga eng oxirgi yakuniy attestatsiya tugab, oradan ikki hafta oʻtgach oʻsha qoniqarsiz baho olgan fanidan qayta yakuniy attestatsiyadan oʻtish huquqi beriladi. Mazkur tartib 2008-yil 29-fevralda tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi toʻgʻrisida”gi nizomga asoslanadi.

 

Biroq yillik baho va yakuniy attestatsiya natijalariga koʻra, agar bitiruvchi umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartlari talablarini bajarmasa va “qoniqarsiz” baho olgan boʻlsa, shu sinfda, yaʼni keyingi yil ham maktabning bitiruvchi sinfida qayta oʻqishga qoldirilishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish