“Open byudjet”da ovozlar “nakrutka” qilingani aytilmoqda

Saqlash
17:04 / 01.04.2024 1283 0

“Tashabbusli byudjet”ning 2024 yilgi 1-mavsumida ayrim hududlarda ovoz toʻplashda qingʻirlik yoʻllaridan foydalanilgan boʻlishi mumkin, deb xabar berdi Kun.uz.

 

Nashr Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Chorgoʻsha” MFYga tegishli tashabbusga (elektr tarmoqlarini yangilash) eʼtibor qaratar ekan, oxirgi uchta raqami 963 bilan tugaydigan mobil raqam yoki raqamlardan ketma-ket juda koʻp marotaba ovoz berilgani aniqlangani haqida yozadi.

 

 

Shuningdek, xabarda Paxtachi tumani “Goʻroʻgʻli” MFYga tegishli loyihaga (oilaviy shifokorlik punktini kapital taʼmirlash) ham oxiri 113 va 956 boʻlgan telefon raqamlardan koʻp marta ovoz yuborilgani aytilmoqda.

 

 

Kun.uz bilan suhbatlashgan murojaatchilardan birining aytishicha, bu xalq orasida “vozdux” qilish yoki “nakrutka” deb ataladigan usulning ish berayotgani bilan bogʻliq ekan.

 

Natijada, ayrim loyihalarda kechqurun soat 00:00 dan ertalab soat 06:00 gacha boʻlgan paytda ham minglab ovozlar qoʻshilganini kuzatish mumkin.

 

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan ovoz toʻplab beruvchi “xaker”lardan birining soʻzlariga koʻra, ovoz berish boshlangan paytda 1000 ta ovoz 25-30 mln. soʻmga baholangan. Keyinroq narx-navo ikki barobargacha koʻtarilgan.

 

Boshqa bir “xaker” esa unda yetarlicha ovozlar qolmagani, lekin u tomonidan yordam berilgan loyihalar oʻz tumanida yetakchilik qilayotganini maʼlum qilgan.

 

Ushbu shaxslar qanday qilib ovoz toʻplab berishlariga aniqlik kiritmagan.

 

Xabarga koʻra, shubhali tarzda ovozlar soni oshib borayotgan bir qancha loyihalar haqida Moliya va iqtisodiyot vazirligi vakillariga xabar berilgan va hozirda tegishli oʻrganish ishlari boshlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish