Respublika boʻyicha bolalar kambagʻalligi darajasi yuqori hududlar ochiqlandi

Saqlash
16:04 / 01.04.2024 1376 0

CERR UNICEF bilan birgalikda Oʻzbekistondagi bolalarning monetar kambagʻalligi darajasini baholadi, deb xabar berdi “Iqtisodiy sharh” jurnali.

 

Mazkur tadqiqotda ijtimoiy himoya tizimining kambagʻallik darajasiga taʼsiri tahlil qilingan.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda uch yil ichida bolalar kambagʻalligi 7,8 foizga kamaygan. Yaʼni, natijalar bolalar kambagʻalligi darajasi 2021-yildagi 21,5 foizdan 2023-yilda 13,7 foizgacha kamayganini koʻrsatmoqda.

 

Taqsimlanganda, qishloq joylarda bolalarning kambagʻallik darajasi 24,6 foizdan 14,5 foizga, shaharlarda esa 18 foizdan 13 foizga pasaygan.

 

Shuningdek, tadqiqotda respublika kesimida qaysi hududlarda bolalar kambagʻalligi darajasi past yoki yuqoriligi ochiqlangan. Jumladan, bu boʻyicha eng past koʻrsatgich Navoiy viloyati va Toshkent shahrida kuzatilgan. Boshqa joylarga qaraganda foizi nisbatan yuqori hududlar Sirdaryo va Jizzax viloyatlari ekanligi aniqlandi.

 

Taʼkidlanishicha, agar ijtimoiy nafaqalar boʻlmasa, mamlakatda bolalar kambagʻalligi darajasi 1,6 baravar oshar ekan.

 

Xulosaga koʻra, daromad yetarli boʻlmagan taqdirda, daromadlar kambagʻallik chegarasidan past boʻlsa, ijtimoiy oʻtkazmalarning yetishmasligi kambagʻallik darajasini 11 foizdan 20,8 foizgacha, bolalar kambagʻalligini – 13,7 foizdan 21,8 foizgacha va kambagʻal pensionerlar ulushini – 7,3 foizdan 31,4 foizgacha oshiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish