Maktablardagi shtatlar qisqartirilishi mumkinmi?

Saqlash
13:04 / 01.04.2024 4569 0

Maʼlum boʻlishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim lavozimlar qisqarishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu haqida esa hozircha asosli normativ hujjat taklif etilgani va aynan qaysi vazirlik yoki idora tomonidan ishlab chiqilgani boʻyicha aniq ma'lumot yo'q emas.

 

“Xalq taʼlim info” sayti bu boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan bogʻlangan. Tashkilot Axborot xizmati boshligʻi Dilfuza Sobirova bunday hujjat vazirlik tomonidan tayyorlanmaganligini maʼlum qilar ekan, bugungi kunda shtatlar qisqartirilishi boʻyicha hech qanday meʼyoriy hujjatlarga oʻzgartirish kiritilmaganini aytgan.

 

“Demak, ushbu taklif boshqa vazirlik yoki idora tomonidan ilgari surilgan boʻlishi mumkin”, deyiladi xabarda.

 

Maʼlumotga koʻra, ayni vaqtda qisqarishi mumkin boʻlgan lavozimlar quyidagilar:

 

◾️ Laborant;

Izoh: Ushbu lavozim qisqarishiga sabab qilib ularning tegishli malaka toifasiga ega emasligi va hech qanday vazifa bajarmayotganligi asos qilib koʻrsatilgan.

 

“Masalan, Andijon tumanidagi 47-sonli maktabda laboratoriya xodimi mavjud boʻlmasa-da, shtat ajratilgan holda maktab farroshiga biriktirilgan”, degan mazmunni aniq manbasi koʻrsatilmagan hujjatdan keltiradi elektron nashr.

 

Maʼlum boʻlishicha, laborant uchun jihozlangan xonalar fizika yoki kimyo oʻqituvchilarining biriga biriktiriladi.

 

◾️ Psixolog;

Izoh: Nashrning yozishicha, hujjatda maktabdagi psixolog lavozimini ham qisqartirish taklif qilingan. Bunga asos qilib esa, psixolog lavozimi bilan deyarli bir xil vazifalarni bajaradigan ikkita lavozim borligidir. Bular – “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari hamda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash boʻyicha direktor oʻrinbosari”.

 

Bundan tashqari, Milliy gvardiya tizimida 2 ming nafar inspektor-psixolog lavozimi mavjud. Shuningdek, psixolog lavozimi uchun malakali mutaxassislar yetishmayapti”, deyiladi xabarda.

 

◾️ Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari;

Izoh: Bunga ham psixolog lavozimining olib tashlanishiga asos boʻlayotgan sabab koʻrsatilgan, yaʼni bir-birini takrorlovchi ikkita qoʻshimcha lavozimlarning borligi.

 

◾️ Kutubxonachi;

Izoh: Mazkur lavozimni ish yuklamasidan kelib chiqib maqbullashtirish, yaʼni sinflar sonidan kelib chiqib, 0,5-1 shtat ajratish taklif qilingan.

 

Aytilishicha, hujjatda hududiy maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimidagi ayrim shtat birliklarini ham qisqartirish taklif qilingan.

 

◾️ Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha metodist;

Izoh: Mazkur lavozimni ayni vaqtda maktablarda ovqatlanish tashkil etilmaganligini hisobga olib, butunlay qisqartirish taklif etilgan.

 

◾️ Markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati xodimlari.

Izoh: Toʻlov jarayonlarining raqamlashishi sabab ish haqini hisoblash boʻyicha buxgalterlarda ish yuklamasi kamaygan.

 

Xabarda shu sababli tuman(shahar) maktabgacha va maktab taʼlim boʻlimi Markazlashgan buxgalteriyada hisob-kitoblar boʻyicha buxgalter lavozimini kiritish meʼyorlarini maktabda har 500 nafar xodimga bitta, bogʻchada har 600 nafar xodimga bitta etib belgilash taklif qilingani yozilgan.

 

“Tafsilotlar haqida yana qoʻshimcha maʼlumot berib boriladi”, deyiladi nashr maʼlumotida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish