Jinoyatchiga pul bermang. Firibgarlar bizni qanday ovlashlari haqida besh hikoya


Saqlash
10:02 / 14.02.2024 1266 0

Qishloqdan oʻrtogʻim keldi. Maslahatli va manfaatli ish bor dedi hovliqib. Ishdaligimni aytdim, kechqurun uyda koʻrishamiz dedim. Kechqurun koʻrishdik. 

– Oʻrtoq bittasi 600.000 dollar yubormoqchi, yaqinda oʻlarkan, pulimni xayriya qilmoqchiman, muhtojlarga tarqat, menga u dunyoda yengillik boʻladi, dedi.

– Xoʻp, nima qilmoqchisan, qayerdan tanishding?

– Telegramimga yozdi, oʻsha pulni kartaga tushirib berarkan, buning uchun 5 000 AQSH dollar miqdorida bank xarajatini toʻlash kerak deyapti. 3 000 yigʻdim, oʻzimdagi va ukamdan olib. 2 000 berib tur, pul tushishi bilan qaytaraman.

– Mayli 2 000 beraman, menga pulni yarmini berasan.

– E yoʻgʻ-a, hech yoʻq 10 mingini degin, “ni za chto” bir kunda 8 000 yomonmas-u sangayam.

– Koʻrdingmi, osmondan tushgan pulniyam yarmini berging kelmayapti, u sanga shuncha pulni 5 000 ga bervorarmidi...

 

Xullas unga feysbuk messenjeri, telegramdagi xorijlik firibgarlar yozgan smslarni koʻrsatdim. Kiberfiribgarlik kuchayganini bunaqa legendalarni 50 tasini oʻchirib tashlaganimni, Jizzaxda bir fuqaro 10 mingga tushganini tushuntirdim. Agar man shunaqa pulga ishonib oʻsha pullarni olganimda chala bitgan hovlida maoshdan maoshga kredit toʻlab yashab yurmasligimni tushuntirdim. Oʻrtogʻimga shuncha pul va Toshkentga kelguncha oʻsha 600.000 dollar pul boʻyicha qilgan shirin orzu xayollaridan kechish oson boʻlmadi. Toʻgʻri-da ikkita koʻchaga bir-biriga qaratib solinadigan uch oʻgʻilga 3 ta hashamatli hovli, “Bivaydi” moshinalar, qishloq markazida quriladigan “Osh markaz”dan kechish osonmi? Feysbukdagi shunaqa postlarniyam topib koʻrsatganimdan keyin ishondi. Hattoki, menga kelgan bir sms bilan unga kelgan xabar matni bir xil chiqdi. Faqat mening Toshkentda yashashimni hurmat qilib, summani 1 million yozganakan. Oʻshandayam ishonmay, “Demak, 400 ini uje bervorgandir-da”, deydi. Oxiri ishondi, tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi. Mehmon qilib, ertasiga kuzatvordim. Sodda odamlarimiz koʻp, oʻshanchunam u firibgarlar tinmaydi.

 

 

Feysbuk foydalanuvchisi Bahriddin Asrorovning sahifasidan olingan ushbu voqea haqiqatan ham hayotda yuz bergan. Va soʻnggi vaqtlarda biz bu kabi firibgarlarga deyarli har kuni, har bir ijtimoiy tarmoqda duch keladigan boʻldik. Ularning qarmogʻiga tushishga odamlarning nafaqat soddaligi, balki, maʼlumotlarni analiz qilib koʻrmasligi sabab boʻladi. Holbuki, bu kabi xabarlarni biroz vaqt ketkazib tahlil qilinsa, firibgarlikdan boshqa narsamasligi ayon boʻlib qoladi. Xoʻsh, bu kabi xabarlar tahlil qanday qilinadi?

 

Tekin pishloq faqat qopqonda boʻladi

 

Sizga “xorijdagi shu paytgacha nomaʼlum boʻlgan amakingizning xolasining qudasining boyvachcha jiyanidan katta miqdordagi meros qoldi” degan smslar kelganda, eng avval xabar yuborgan shaxsning profil sahifasiga kirib koʻrish, uning joylagan postlarini kuzatish kifoya qiladi. Odatda, bunday firibgarlarning sahifasida uch-toʻrtta internetdan olingan rasmlar boʻladi yoki boʻlmaydi. Shuningdek, ularning ismlari, aytaylik, inglizcha boʻlsa, profil suratlarida koreys, nemis, rus millatli odamlar boʻladi. Baʼzilarida esa noprofessionallik shu darajadaki, huddiki ishonch qozonish uchun oʻzbekcha erkaklar ismi tanlanadi, ammo suratga ayol rasmi qoʻyib qoʻyiladi. Xullas, bunday xabarlarni olgan kishilarga birozgina sinchkovlik firibgarlik qurboniga aylanmasliklari uchun yetarli boʻladi. Har ehtimolga qarshi bunday profillarni “qora roʻyxat”ingizga kiritib, yaqinlaringizni ham ogohlantirib qoʻying.

 

 

Ehtiyot boʻling: mashhurlar!

 

Ikkinchi turdagi firibgarlikda asosan mashhur shaxslarning suratlari, ismlaridan foydalaniladi. Bu tarzdagi fishinglar nimasi bilan xavfli? Gap shundaki, ularda biror mashhur shaxsning tezda boyib ketgani haqdagi intervyusi joylashtiriladi va siz ham buni sinab koʻrishingiz uchun havola beriladi. Tabiiyki, havolaga kirgan kishidan shaxsiy maʼlumotlar, jumladan, bank karta raqami soʻraladi. Natijada mashhur shaxslarning nomiga aldanib, tezda boyib ketishni oʻylagan qurbon maʼlumotlarni kiritarkan, choʻntagidagi bor puldan ham ayriladi.

 

 

Bunday aldov reklamalarda, sizga qizil chiroq – bank karta raqami soʻralishi boʻlishi kerak! Shuningdek, yodda tuting, mashhurlar shunchaki boyib ketishmagan va sizga qayergadir pul tikib, boy boʻlishingiz haqida tavsiya berishmaydi:

“Firibgarlar endi dipfeyk texnologiyalari yordami bilan odamlarni aldashga tushishibdi. Bunday texnologik qarmoqlarga tushib yurmang, umuman bilingki, agar mening nomimdan tarqalayotgan biror bir xabar mening oʻzi sahifamda boʻlmasa, bu menga tegishli emas. Va yana bir jihat, men hech kimga pulni qayerga tikib, qanday pul ishlashni maslahat bermayman”, deb yozadi Korzinka.uz asoschisi Zafar Hoshimov, uning nomidan tarqalgan ana shunday firibgarlik holati haqida.

 

 

Rasmiy saytlarni kuzating!

Soʻnggi vaqtlarda davlat rahbari, uning oila aʼzolari nomidan ham foydalanish urfga kirdi. Sababi oddiy – odamlar Prezidentga ishonadi. Bunday xabarlar “Tezkor! Prezident ajratgan pulni oling!”, “Har bir oilaga 650 ming soʻmdan”, “Prezident oilalarga pul ajratish haqidagi qarorni imzoladi, siz ham pulingizni oling!” sarlavhalari bilan tarmoqlarga joylashtiriladi. Berilgan havola orqali oʻtganingizda, doimgi “shablon” pulni olish uchun bank karta raqamini kiritishingiz kerak boʻladi. Afsuski, oramizda hamon bu kabi feyk xabarlarga aldanib qolayotganlar uchraydi.

 

Nima qilish kerak: bunday xabarlarda “pul mukofoti yutib olish” yoki “mablagʻ tarqatilyapti” kabi soʻzlar boʻlsa, bu haqidagi xabarlarni rasmiy saytlardan qidirib koʻring. Ungacha havolaga kirmang va oʻzingiz haqingizdagi har qanday shaxsiy maʼlumotlarni kiritmang. Shuningdek, soʻnggi vaqtlarda prezident nomidan turli soxta telegram kanallar va instagram sahifalari ham yurgizilayotganini koʻrish mumkin. Bunday kanallar shunisi bilan xavfliki, ularda xabarlar orasiga turli notoʻgʻri maʼlumotlar, firibgarlik havolalari joylashtirilganda, sahifa kuzatuvchisi qarmoqqa ilinishi mumkin. Masalan, Prezident qaroriga koʻra, baʼzi fuqarolarga pul ajratildi, degan xabarga foydalanuvchi oʻylab ham oʻtirmay, avtomatik tarzda kirib ketishi mumkin. Chunki u bungacha berilgan xabarlarda hech qanday muammoga duch kelmagan. Bunday holatga tushmaslik uchun davlat rahbari nomi bilan ochilgan turli kanallarni emas, balki uning rasmiy sahifasinigina kuzatish eng toʻgʻri yoʻl boʻladi.

Prezident bilan bogʻliq xabarlar, imzolangan qarorlar haqida rasmiy sahifalar https://t.me/shmirziyoyev, www.president.uz va www.lex.uz saytlarida tanishish mumkin.

 

Firibgarlar ham rivojlanyapti

 

Yuqori keltirilgan usullar har doim ham oʻzini oqlamagani uchun, firibgarlar yangidan yangi usullarni oʻylab topishdan charchashmayapti. “Open byudjet” yoki turli tanlovlarda qatnashayotgan tanishlarimizning telegramdan havola yuborib, yutishim uchun ovoz berib yuboring, degan iltimos qilishlariga oʻrganib qolganmiz. Endi firibgarlar ham xuddi shunday matn bilan sizga xabar yuborishadi. Siz havolaga kirishingiz bilan telegram akkauntingiz ularning qoʻliga oʻtadi.

 

 

 

Ular profilingizni egallab olishganini uzoq vaqt bildirmay, barcha chatlarni oʻqishlari, shaxsiy maʼlumotlaringizni qidirib, karta raqamingizni topishlari yoki sizni darhol akkauntdan chiqarib yuborib, sizning profilingizdan foydalanishlari mumkin. Bunday holatning eng yomon tarafi jinoyatchilar kontaktingizdagi barchaga shunday xabar yuboradi. Doʻstlaringiz ham katta ehtimol bilan havolaga kirishlari va profillaridan ayrilishlari, bu virusli zanjir uzilmay davom etishi mumkin. Bu holga tushmaslik uchun shubhali havolaga kirmaslik, bunday xabar kelganda, havola matniga eʼtibor berish tavsiya etiladi.

 

Jinoyatchiga qarz bermang!

 

Shu kunlarda tadbirkor Dilshod Odilov feysbukdagi sahifasida yangicha firibgarlik usuli haqida xabar berdi. Unga koʻra, firibgarlar telegramda tadbirkorning ismi bilan akkaunt ochgan va tanishlaridan qarz soʻrab, xabar yuborgan. Yana bir nechta kishi bilan bogʻlik bu kabi holatlar kuzatilganini hisobga olsak, bu holatni ham firibgarlikning yangi usuli deyish mumkin. Bu kabi xabarlarga aldanmaslik uchun esa pul soʻragan tanishingizga telefon qilib, aniqlashtirib olish eng toʻgʻri yoʻl boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlar egalari uchun bu turdagi firibgarliklar yangilik emas, ular haqida maxsus sahifalarda gapiriladi.

 

 

 

Masalan, Meta ijtimoiy tarmogʻi bir qator firibgarliklar haqida ogohlantiradi, jumladan:

·                    romantik firibgarlik;

·                    ish qidirish bilan bogʻliq firibgarlik;

·                    lotereya firibgarligi;

·                    kredit firibgarligi;

·                    xayriya bilan bogʻliq firibgarlik;

·                    meros bilan bogʻliq firibgarlik;

·                    tijorat firibgarligi.

 

Bularning barchasi Meta platformasida mavjud boʻlishi mumkin va foydalanuvchilar hushyor boʻlishlari kerak. Mashhur film qahramoni pullarni oʻmarayotib, “Pullaringizni bankada saqlang, albatta, bor boʻlsa” deganda, balki bir qadar haq edi. Agar bank siz uchun u qadar ham qulay boʻlmasa, plastik kartangiz raqamini hech kimga bermang. Shubhali tuyulgan har qanday xabarni tekshirib koʻrishga erinmang. Har holda xalqimiz bekorga, “oʻzingni ehtiyot qil, qoʻshningni oʻgʻri tutma”, demaydi.

 

Nodira SAYDULLAYEVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19360
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16491
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi