“Qayta-qayta vaʼda qilingan tramvay kutib turadi” – Kanatli jamoat transporti e’tirozlarga sabab bo’lmoqda


Saqlash
15:01 / 26.01.2024 1687 0

Avvalroq, Toshkent shahrida kanatli jamoat transport tizimi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik. Mazkur yangilik ijtimoiy tarmoq faollarining e’tirozlariga sabab boʻldi. Oyina.uz tarmoq faollarining munosabatlarini jamladi.

 

Bloger va jurnalist Muhrim A'zamxoʻjayev ushbu loyihaga sarflanadigan pulni mavjud jamoat transportlarini rivojlantirish uchun yoʻnaltirishni taklif etmoqda.

 

 

“Bu loyiha necha pulga tushadi, bilmadim-u, lekin shuning puliga ham yana avtobus sotib olgan yoki Toshkentdagi jamoat transporti uchun ajratilgan boʻlaklarni yaxshiroq ishlaydigan, avtobuslarni tezroq qatnaydigan qilgan yaxshiroq boʻlsa kerak”, deydi u.

 

Tep-tekis Toshkentda kanat yoʻli qurilishi iqtisodchi va bloger Otabek Bakirovni hayratga solmoqda.

 

 

“Oʻzbek amaldorlari toʻlovi soliq toʻlovchilar gardaniga tushadigan, byudjet va davlat resurslarini oʻzlashtirish uchun qanaqa loyihalarni oʻylab topishmaydi?! Loyiha yasab pul oʻzlashtirishda ularning fantaziyalari umuman cheklanmagan.

 

Toshkentda tobora ogʻirlashib borayotgan infratuzilma, transport, logistika muammolarining yechimlari uchun qator ratsional takliflar bir chetda qolib, kanat yoʻlini qurish boʻyicha loyiha ham shu jumladan (probkani keyingi chorrahaga surish orqali trillionlar oʻzlashtirilib quriladigan 12ta koʻprikka qoʻshimcha bonus boʻlsa kerak).

 

Xullas, tep-tekis Toshkentda Yangi Toshkentdan Eski Toshkentga qarab yer usti kanat yoʻli qurishmoqchi. Loyiha qanchaga tushishi va Xitoy bilan tuzilgan 50 milliard dollardan ziyodroq bitimlar orasida bormi yo yoʻqmi, nomaʼlum. Lekin asosiysi, shahar hokimi Xitoydan shunday ajoyib loyiha topib qaytayapti. Hokimiyatning avtonom choʻntagi “Toshkent invest kompaniyasi” AJ va “Beijing North Bartholet Ropeway Technology Co., Ltd” oʻrtasida bitim tuzilgan.

 

Endigi vazifa kanat yoʻli qurib mablagʻ oʻzlashtirishni boshlab olish. Qayta-qayta vaʼda qilingan tramvay kutib turadi. Quruvchi va avtomobilchi terroristlar egallab olgan trotuarlar kutib turadi. 3 smenalik maktablar kutib turadi. Navbat bosgan poliklinikalar kutib turadi. Izdan chiqqan isitish tizimi kutib turadi. 5-qavatdan tepaga koʻtarilmay qoʻygan suv taʼminoti kutib turadi”, deb yozadi iqtisodchi.

 

Bloger Temurmalik Elmurodov esa Moskvadan misol keltirmoqda.

 

“Hukumat loyihalari haqidagi yangiliklarni kamdan-kam sharhlayman. Biroq ushbu xabarga bogʻliq loyiha yodimga tushdi.

 

Agar kimdir bilmasa, Moskvada monorels bor. Men 2010-yillarning oʻrtalarida u yerda yashaganimda, bu yoʻqotishdan boshqa hech narsa keltirmaydigan oʻlik loyiha ekanligiga guvoh boʻlganman.

 

Noqulay, sekin, quvvati kichik, qimmat.

 

Soʻnggi yillarda ruslar uni sayyohlar uchun diqqatga sazovor joyga aylantirishga harakat qilishdi. Ammo bu juda yaxshi natija bermadi, shuning uchun bir kun kelib bu “moʻjiza”, albatta, buziladi.

 

Toʻgʻri, kanat jamoat transporti boʻlishi mumkin. Lekin faqat suv toʻsiqlari va noqulay yoʻllar mavjud boʻlgan joylarda undan foydalaniladi. Barcha muvaffaqiyatli misollar (Amerika Nyu-York, Kolumbiya Medellini yoki Braziliya Rio-de-Janeyro) buni tasdiqlaydi.

 

Oddiy qilib aytganda, kanatdan tramvayni (eng yaxshi va eng samarali jamoat transporti) ishlatish mumkin boʻlmagan joylarda foydalanish samara beradi. Relyefi tekis, daryolar boʻlmagan Toshkentda kanat yoʻli kutilgan natijani bera olmaydi.

 

Shuningdek Yangi Toshkentga olib boradigan Maxtumquli shossesi boʻylab koʻrish uchun hech narsa yoʻq. Shuning uchun kanatdan turistik maqsadlarda ham foydalanib boʻlmaydi.

 

Odamlarning ma’lum bir qismi, albatta, oʻyin-kulgi uchun unga chiqadi. Lekin bu xarajatlarni qoplamaydi. Bu har qanday nuqtai nazardan, ayniqsa, iqtisodiy jihatdan mutlaqo foydasiz loyiha.

 

Xitoyning Beijing North Bartholet Ropeway Technology Co., Ltd kompaniyasi oʻz mablagʻlari evaziga qurayotganga oʻxshaydi va uni oʻzi boshqaradi”, deydi bloger.

 

Troll.uz kanali muallifi Umid Gʻafurov byudjet kimning choʻntagiga borishiga qiziqyapti.

 

 

“Rasmda Maxtumquli koʻchasi. Chamasi, Yangi Oʻzbekiston bogʻigacha qurishmoqchi. U yergacha boʻlgan masofa taxminan 10 km.  Bunday transportning tezligi oʻrtacha 10-15 km soatiga. 1-1,5 soatda borasiz Yangi Oʻzbekistongacha. Avtobusda borsangiz, 20 daqiqada boradigan joy. “Zato” mashinalarning tutunini hidla-ab ketasiz, har bir kabinkada 10 kishidan boʻlib. Mazza... Dori-porisini ichiringlar bunaqa loyihalarni oʻylab topganlarga. Amakivachchasining choʻntagimidi byudjet?”, deb yozdi u.

 

Kanat yoʻli qurish gʻoyasi qachon paydo boʻldi?

 

 

23-yanvar kuni Xitoyning Shenchjen shahrida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiya “Beijing North Bartholet Ropewey Technology” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvda, “Toshkent invest kompaniya” AJ va “Beijing North Bartholet Ropewey Technology” oʻrtasida investitsiya shartnomasi imzolandi.  Jamoatchilikka oldindan taqdim etiladigan mazkur loyiha boʻyicha Poytaxtda kanatli taksilar (osma yoʻl) qurish rejalashtirilgan. 

 

Maʼlumot uchun, “Beijing North Bartholet Ropewey Technology” Xitoy va Shveysariyaning “Bartholet Maschinenbau AG” kompaniyasi oʻrtasidagi qoʻshma korxona boʻlib, kanat yoʻllari, istirohat bogʻlari, mashinasozlik va yoritish uskunalari sohasida jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi.

 

Shahnoza TO‘RAMURODOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19357
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16490
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi