Oʻzbekistonda xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha kanal va saytlar faoliyatini zudlik bilan cheklash kerak – Minhojiddin Mirzo


Saqlash
16:01 / 24.01.2024 1823 3

Kishan kiyma, boʻyin egma,

ki sen ham hur tugʻilgʻonsen!

Abdulhamid Choʻlpon

                                              

Imperiyaparastlik talvasasi yana turli koʻrinishlarda namoyon boʻla boshladi. “Yoʻqsullar dohiysi” Lenin vafotining 100-yilligi munosabati bilan Rossiyaning NTV kanalida uyushtirilgan “tok-shou”da rossiyalik “tarixchi” Mixail Smolin 1917-yilga qadar oʻzbeklar, qozoqlar va ozarboyjonlar millat sifatida mavjud boʻlmagan, inqilobdan keyingina ular SSSR nomi bilan paydo boʻlgan, degan nihoyatda ahmoqona safsatani oʻrtaga tashladi. Bu bir shaxsning fikrimi yoki rus shovinizmining asl basharasimi?

 

Garchi madaniyatsizlarcha va kaltabinlarcha boʻlsa-da, shovinizmining asosiy basharasini koʻrsatuvchi ushbu “siyosiy qarash” istibdod kishanlarini parchalab, necha ming yillik milliy davlatchiligini qaytadan tiklagan el-u yurtlarni mana shunday olchoq gʻoyalari bilan ruhan choʻktirishga urinishdir. Aks holda, ularga bunday media imkoniyat yaratib berilmagan boʻlardi.

 

Ikki daryo – Amu bilan Sir oʻrtasi, buyuk Movarounnahrda mavjud boʻlgan kuchli davlatchilik, taraqqiyot nafaqat Markaziy Osiyoga, balki butun dunyo tamadduniga progressiv taʼsir koʻrsatganini bu “tarixchi” bilmaydimi? Oʻzbek milliy davlatchiligi uch yarim ming yillik tarixga egaligidan, Turk hoqonliklaridan boshlab Amir Temur va Temuriylar davrigacha boʻlgan ulugʻ zamonlardan bexabarmi? Aytganimizdek, “oʻzbek kecha paydo boʻlgan”, deb tomoq yirtayotgan “tarixchi” haqqoniy tarixni juda yaxshi biladi. Lekin uning shovinizm bilan “emlangan” tafakkuri azaldan buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqning kimligini tan olgisi kelmaydi.

 

Turon, Turkiston eli azaldan bagʻrikeng, joʻmardlikni oʻziga kasb qilib olgan, hamisha yuksak maqsadlarni koʻzlagan oqkoʻngil xalq boʻlgan. Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahtumquli, Abay, Toʻxtagʻul kabi ulugʻ zotlar oʻz ijodi, falsafiy, ilmiy-ruhoniy asarlari bilan nafaqat ikki daryo oraligʻidagi xalqlarni, balki butun bashariyat farzandlarini doimo mehr-oqibatli, doʻst-birodar boʻlib yashashga daʼvat etib kelgan.

 

Bobolarimiz necha asrlar mobaynida mintaqada ahil, bahamjihat boʻlib, buyuk qadriyatlar asosida yashab kelgan boʻlsa, bugun ham, taʼbir joiz boʻlsa, tarix va hayot gardishi, tabiatning oʻzi bizni – butun Markaziy Osiyo xalqlarini aynan ana shunday doʻstlik va hamkorlik ruhida hayot kechirishga daʼvat etmoqda. Bu tarixiy voqelik! Ming afsuski, mana shunday tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan Mixail Smolinga oʻxshaganlar bunday qarashlari bilan bir butun xalqlarni haqorat qilmoqda. Bu kechirilmaydigan va shunchaki “alahsirash” deb qarab boʻlmaydigan holdir!

 

Bugun shovinistik propaganda yuzidagi niqobni yirtib, haqiqiy basharasini namoyish qilar ekan, har bir xatti-harakatida fashizmning “qoʻlansa hidi” anqiydi... Afsuski, shovinistlarning jinoiy harakatlari oʻz jamoatchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani oʻta ayanchlidir. Aslida, Mixail Smolin va unga oʻxshash “siyosatdon”larning ogʻzida aylanayotgan “til” qora niyat egasining tilidir.

 

SSSR deb nomlangan, allaqachon tarix axlatxonasiga itqitilgan imperiyani tiriltirish – amalga oshirib boʻlmaydigan xom-xayoldan boshqa narsa emas. Tarixdan yaxshi bilamiz: faqat olchoqlik va zoʻravonlik bilan kun koʻrgan bu “imperiya” boshqa xalqlarning mehnati evaziga zuluk singari “yashab” kelgan. Bugun prilepinlar, smolinlar yana oʻsha “sovet”ning istibdod asosiga qurilgan tuzumini qoʻmsab ayyuhannos solishmoqda.

 

Jamiyatimizni bunday xurujlardan, zaharli gʻoyalardan saqlash uchun mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-telvedeniye kanallari hamda internetdagi saytlarni zudlik bilan cheklash masalasini koʻrib chiqishni vaziyatning oʻzi taqozo etayotir.

 

 Minhojiddin MIRZO,

         Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

3 Izohlar

Azizjon O'rinboyev

10:01 / 25.01.2024

Ahmoqqa yig'lagan hayfi ko'zim,nodonga so'zlagan hayfi so'zim.Bu nodon burnini tagidan boshqa kutubhonalarga ham bir kirsa tarixga sal qiziqsa bu gaplari hatoligini bilardi.

Mirzabek

21:01 / 24.01.2024

Naqadar haq gaplarni aytayapsiz ustoz. Bizning kim ekanligimizga tariximiz yaqqol misol bo'la oladi. Butun yer sayyorasi, jamiki insoniyatni o'zining ilm-u ma'rifati, kuch-qudrati, shijoati, dovyurakligi, ochiqko'ngilligi, mardligi bilan uyg'ota olgan, kerak bo'lsa taajjublantirgan buyuk ajdodlarning avlodi ekanligimizni manaman degan davlatlar tan olib qulluq qilib turgan bir paytda Mixail Simolin kabi kaltafahmlarga so'z aytishga yo'l bo'lsin. Safsataning ham chegarasi bo'lish kerak-ku. Biz buyuk yurt farzandlarimiz. Hech kimga hech qachon na o'zimizni, na millatimizni na Vatanimizni kamsitib qo'ymaymiz. Mirzabek Sherbekov Toshkent viloyati, Bekobod tumani

Shohruxbek Baxtiyorjon o'g'li Shokirov

17:01 / 24.01.2024

Bugun insoniyatning ongini zabt etish uchun kurashlar kuchaygan axborot xurujlari alanga olgan bir davrda yashayapmiz ya'ni g'oyalar muhorabasi ichidamiz. Kuni kecha rossiyalik “tarixchi” Mixail Smolinning fikri ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Bir millarning oyoq osti qilib gapirish bu tarixchining ishi emas. Tarixchi haqiqatni aytsagina asl tarixchidir aksincha bo'lsa ig'vogar shovinist boshqasi emas. Bilmagan bilib qo'ysin O‘zbek millati haqli ravishda sayyoramizdagi eng qadimgi xalq ekanligi o‘ziga xos madaniyati, sivilizatsiyasi uch yarim ming yil davomida shakllangan milliy ma'naviyati borligini barchaga ma'lum. Bu millat yer deb atalmish sayyoraga ilm fanda tamaddun ya'ni oltin beshik bo'lib buyuk mutafakkirlar berdi. Buni bilmagan ba'zi tarixchilarni nima deb atashni o'zlaringga havola qilaman.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 36
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19364
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16500
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi