Ko‘chirmakash emasman! Havolalar keltirganman – filologiya fanlari doktori Zavqiddin Suvonov


Saqlash
11:01 / 09.01.2024 2480 3

Oyina.uz portalida chiqqan “Ilmiy ishlardagi yolg‘onlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar tahlili” maqolasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng mavzu yuzasidan “Professor Baxtiyor Mengliyevning siri nimada?” degan suhbat e’lon qilindi. Maqolada tilga olingan yana bir shaxs – filologiya fanlari doktori Zavqiddin Suvonovning munosabatini e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.

 

 

Xolislikning bahosi ancha(mi?)

 

Jarayonda dissertatsiyalarning soxtaligi xususidagi gaplar virtual olamning o‘zbek segmentida o‘ziga xos aks sado berdi. Bunga asosiy sabab qilib kaminaning ishi ko‘rsatilyapti. Tadqiqotimiz mavzusi “O‘zbek badiiy matnlarini filologik ekspertiza qilishning nazariy-metodologik asoslari” deb nomlanadi.

 

Dissertatsiyada soha ilm-fani doirasidagi zaruriy muammo ko‘tarilgan. Tadqiqotga ko‘ra, badiiy matnning filologik ekspertizasi: talab, ehtiyoj, imkoniyat, isbotlanishi kerak bo‘lgan vaziyatlarda bahsli materiallarni aniqlashga yondashuv, badiiy matnni filologik ekspertiza qilishning metodologik asoslari tanlanishi va izchil qo‘llanishi kutilgan natijaning aniqligi va ahamiyatini ko‘rsatadi.

 

Dissertatsiya sistema sifatida: adabiy turlar matnining filologik ekspertizasi, badiiy matnning filologik ekspertizasi ilmiy muammo sifatida, aynan shu muammoning o‘rganilishi, o‘zbek adabiyoti va maktab (adabiyot) darsliklarini filologik ekspertiza qilish zarurati, unda qo‘llanadigan asosiy tushunchalar sharhi, bahsli materiallarni aniqlash tamoyillari, badiiy matnni filologik ekspertiza qilishda metodologiya muammosi, umumiy metodologik asoslarning o‘rni, badiiy matn filologik ekspertizasining xususiy metodologik asoslari, epik asar tahlilida konfliktli matnni aniqlash va filologik ekspertiza qilish, lirik asardagi obraz tabiatini filologik ekspertiza qilish, dramatik asar haqiqatining badiiy evolyutsiyasi filologik ekspertizaning predmetini qamrab oladi.

 

Badiiy matn filologik ekspertizaning umumiy qonuniyatlari, shuningdek, tafakkur va nutq omili birlamchi hodisaga aylanishi, amaliy tilshunoslik o‘z obyektiga yangi nigoh bilan qarash orqali ekspertiza muammolarini chuqurroq tekshirish yo‘lidan bordik. Bularni ishim haqidagi yigirmaga yaqin xalqaro va respublika miqyosidagi taqrizlar, tegishli tashkilotlarning xulosalari ham tasdiqlab turibdi.

 

2024-yilning 5-yanvar kuni Oyina.uz saytida e’lon qilingan “Ilmiy ishlardagi yolg‘onlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar” maqolasini o‘qib, ochig‘i, hayron qoldim. Ilmi, salohiyatiga shubha bo‘lmagan ustozlarga nisbatan munosabatni ko‘rib ranjidim ham. Muallif maqolaning oltinchi xatboshisidan boshlab kaminaning ishiga to‘xtaladi.

 

Muallifning “Adabiyotdan arang PhD yoqlagan Zovqiddin Suvonov bir yumalab tilshunoslikdan DSc himoya qilgani hech kimni shubhalantirmayaptimi?” degan iddaosi bir savol va bir olimani esga soldi. Savol shuki, muallif tilshunoslik bo‘yicha PhD yoqlagan ekan, men oldin adabiyotshunoslik bo‘yicha PhD yoqlaganman, bu ishim haqidagi ushbu “haqiqat”ni qaydan bildi ekan?

 

Gulnoz Sattorova 2023-yil 31-martda Feysbuk sahifasidagi postida shunday yozgan edi: Bizda kadrlar masalasi qiziq-da, 90 foiz ilmiy darajaga ega bo‘lgan filologiya fakultetining dekani ilmiy darajasiyam yo‘q matematik, kecha adabiyotdan bazur PhD yoqlaganlar tilshunoslikdan bugun fan doktori. Mantiq degani shumikin”. Ikki iddaoda mazmun va obyekt bir xilligiga e’tiborni tortmoqchiman. Bu tasodifiy emas, menimcha.

 

Maqola muallifi tadqiqotimizni anchadan buyon kuzatib kelayotgan shaxs sifatida menda taassurot uyg‘otdi. Afsuski, bu qiziqishning nosamimiy ekanligini muallifning o‘zi oshkor qilibdi: tadqiqotimizning kafedra muhokamasi bosqichidagi nomlanishi “O‘zbek badiiy matnlarini lingvistik ekspertiza qilishning nazariy-metodologik asoslari” tarzida edi. Vaholanki, soha mutaxassislari, kengash a’zolari bo‘lgan ustozlarning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari asosida dissertatsiyamiz “O‘zbek badiiy matnlarini filologik ekspertiza qilishning nazariy-metodologik asoslari” degan nom ostida Ilmiy kengash muhokamasidan o‘tgan va OAKga topshirilgan edi. Maqolada esa ushbu ikki xil nomlanish qayd qilingan.

 

Feruzaning “Adabiyotdan arang PhD yoqlagan Zovqiddin Suvonov bir yumalab tilshunoslikdan DSc himoya qilgani hech kimni shubhalantirmayaptimi?” degan iddaosi kaminaning g‘ashini keltirgani rost. Muallif yozadi: “Axir odamlar bitta dissertatsiya yozishga butun umrini bag‘ishlaydi-ku. Qanday qilib bir yilda DSc dissertatsiyasini tayyorlash mumkin? Oddiygina – ko‘chirib”. 

 

Nega bunchalik ishonch? Axir bu mavzu atrofidagi masala va muammolar, ularning yechimlari borasidagi qiziqish va izlanishlarimning 2019-yillarda ustozim professor Baxtiyor Mengliyev g‘oyalari bilan boshlanganini muallif qayoqdan ham biladi, deyman-u, lekin bunday beandishalik bilan iddao qilishini hazm qila olmayman.

 

Tadqiqotimiz, albatta, bir yil davomida rasmiy bosqichda amalga oshirilgan bo‘lishi tabiiy, lekin har qanday sog‘lom odam ham biladiki, tadqiqotlar uchun ikki-uch yillik muddat yetarli. Darvoqe, doktorantura muddatining ham uch yil qilib belgilanishi bejiz emas, axir. 3 yil+bir umr, bu muddat orasida farq seziladimi? O‘sha bir umr yozadigan tadqiqotchi ham ishni yozishga, o‘sha bir umrning uch yilini sarflaydi, xolos.

 

Tadqiqotimizga qiziqib yurgan muallif mavzumizning dolzarbligi, muammo yechimi doirasida amalga oshirilgan tahlil va natijalar, xulosa va tavsiyalar, ilmiy-amaliy ahamiyati kabi muhim masalalarga e’tibor qaratmagani kishini ajablantiradi. Menimcha, uni tadqiqotimizning bu kabi masalalari qiziqtirmaydi yoki ularni anglay olmagan yoxud bu qobiliyatdan mahrum. Chunki buning uchun sog‘lom fikr talab qilinadi.

 

Muallif nosog‘lom yondashish yo‘lidan borib, ayrim texnik xatolarimizni katta va jiddiy kamchilik deb ayyuhannos solibdi. Asossiz iddaolarini davom ettirib, tadqiqotimiz bo‘yicha e’tirozlarini jadvalga solib, boshqa manbalardan olingan iqtibos, fikrlarga havola ko‘rsatilmaganlikda ayblaydi.

 

 

Jadvalda “o‘zlashtirilgan”, “ko‘chirilgan” deya qayd qilingan 3-, 5-, 6-, 7-bandlardagi e’tirozlar asossiz, chunki dissertatsiyamiz matnida ularning o‘zga manba materiali ekaniga ishora sifatida 95-, 76-, 77-, 78-raqamlar ostida havola berilgan-ku. E’tirozlarning asossizligiga o‘zingiz ham guvoh bo‘lishingiz uchun ana shu o‘rinlar dissertatsiya matnidan aynan olinib hukmingizga havola qilinmoqda. Quyidagilarga e’tibor qarating:

 

 

 

 

 

Keltirilganlardan ayonki, o‘zgalarga tegishli fikr-mulohazalar manbalari tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

 

Ishimizdagi ayrim holatlar yuzasidan yuqoridagi kabi e’tirozlarni rad qiluvchi dalillar, ya’ni havolalar, olingan manbalarga ishora qiluvchi belgilar avtoreferatimiz va dissertatsiyamizda aks etgan. Hayronman, yana nima qilishim kerak edi, mavjud manbalarga murojaat qilmasligim yoki ilmiy doirada mavjud fikr-mulohazalarga umuman munosabat bildirmaslikni istayaptimi muallif?!

 

Mazkur e’tirozsimon izohlar uning uydirma va tuhmatidan, alamzadaligidan boshqa narsa emas. Darvoqe, o‘zga tildagi matn tarjimasidagi mazmun mening talqinimda shunday yoki uni muallif tarjima qilishi kerakmikin? Xullas, maqola muallifining maqsadi hasad libosiga burkanib olganga o‘xshaydi. Men o‘zga tildagi matnlarni so‘zma-so‘z tarjima qilmaganman, shuning uchun “qarang” yoki havola ishorasini berganman. Bunda men iqtibos-havola qoidalariga to‘liq rioya qilganman. Muallif bunday qoidani bilmaydi. Ko‘chirib olish, o‘zlashtirish bilan bog‘liq boshqa e’tirozlari ham asossiz, dissertatsiyada bu kabi o‘rinlarga havolalar raqamlarda ko‘rsatilgan. Maqola muallifining asossiz e’tirozlari shaxs nomini badnom qilish, tirnoq ostidan kir qidirish bilan barobar. Muallifning menga va mening tadqiqotimga nisbatan bildirgan munosabati xolis emas.

 

Hali o‘z muddao va maqsadini yorqin anglay olmay turgan muallifning OAK kengashiga buyruqnamo takliflar kiritishini ham tushunsa bo‘ladi, unga rahmi kelayotganlar ham bo‘lishi mumkin. “Plagiat” deb atalmish noxolislikka botirib olingan aybnomaga munosabatim hozircha shu.

 

Eng achinarlisi, maqola egasining soha mutaxassislari va ustozlar faoliyatiga nisbatan munosabatida nosamimiylik, alamzadalik sezilib turibdi. 

 

Muallifga shoshmaslikni, xolislikka yo‘g‘rilgan fikrlarni yozishni maslahat beraman, uning yuzaki yozilgan, asossiz maqolalarini shosha-pisha ulashayotganlarga ham javobim shu. Ushbu munosabatimni tegishli huquq-tartibot organlariga, Oliy attestatsiya komissiyasi kengashiga ham taqdim etaman. Muallif maqolasi batafsil tahlil qilingan o‘n sahifalik raddiya mavjud. Zarurat bo‘lsa uni ham e’lon qilaman.

 

Zavqiddin SUVONOV

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

3 Izohlar

Siroj

09:01 / 15.01.2024

Demagogiya bu, mavzu haqida gap yo‘q, maqolada. Original mavzu. Filologiya sohasida ko'zim tushmagan bunaqa mavzuga

f.f.n. Dilorom Hamroyeva

19:01 / 11.01.2024

DISSERTANTGA SAVOL: SHU ILMIY ISH YONIB KETIB YOʻQOLSA, OʻZBEK ILM FANI NIMA YOʻQOTADI? NIMAGA DISSERTASIYA MAVZUSI PLOTNIKOVA ASARI BILAN SOʻZMA-SOʻZ BIR XIL ? ILMIY KENGASH VA RAHBARINGIZ MAVZUNI TASDIGʻI JARAYONIDA BU HOLATNI INOBATGA OLMAGANI UCHUN SIZDAN KOʻPROQ AYBDOR EKANLIGINI SHU SHAXSLARGA VIJDONAN OVOZ CHIQARIB AYTA OLASIZMI? BUGUN OʻZINGIZNI ISBOT QILISH, ILMIY OBROʻINGIZNI TIKLASH UCHUN MUSTAQIL YANGIDAN MAVZU OLIB, SOF ILMGA XIZMAT QILISH UCHUN BOSHQA BIR ASAR TAQDIM QILA OLASIZMI? Plagiatlik haqidagi maqola 100 % haqli. Bu yerda masala shaxslar emas, 1-2-3 yilda dissertasiya yozib himoya qilish ham emas: ilmga bunaqa sayoz yondashadigan shaxslarning masʼul vazifalarda oʻtirishi asl fojeadir. "Ziyolisi qoʻrqoq yurtning istiqboli zulmat boʻlur", bu jumlani ming karra takror aytaman. Uyat, "katta ustoz", "bir joyning odamimiz" singari genetik qoʻrqoqlik oqibatida haqiqatan oʻta sayoz va qatʼiyan fanga aloqasiz dissertatsiyalar koʻpaydi. Muallif, mayli, astoydil oʻzini oqlashga urinibdi, lekin uyalish, oʻzini oqlashdan koʻra afzalroq edi. Chunki snoska-iqtibos olishning ham oʻz ilmiy odobi bor: hajmi va qoidasi bor. Buni har bir ilm yoʻliga kirgan inson bilishi shart. Metod va metodikani toʻgʻri tanlashi shart. Uyat esa hammasidan muhimroq. Yana qayta aytaman, gap shaxslar ustida ketmayapti: Men, Siz, U - kimligining ahamiyati yoʻq. Millat va ilm-fan kelajagi degan prizmadan qarashni bilish, ilmiy daraja olishdan koʻra muhimroq fazilatdir.

А.А.А

21:01 / 09.01.2024

Нега диссертациядаги ҳаволаларни олиб қўйиб, таржима қилинган матнларни жадвалга солиб "плагиат" деган айблов қўювчилар кўпайяпти. Уларга ҳам жавобгарлик борми? Шахсга тегадиган турли муносабатларига?

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19320
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16413
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi