2023-yil sarhisobi: O‘zbekistonni larzaga solgan 5 voqea


Saqlash
14:12 / 31.12.2023 634 0

O‘tayotgan har bir yil nafaqat quvonchli, balki qayg‘uli voqealarga ham boy bo‘lishi mumkin. Quvonchli voqealar taqdirdan sovg‘a, qayg‘uli voqealar esa xulosa chiqarishimiz lozim bo‘lgan sinovlardir.

 

O‘tgan yillar davomida turli sinovli kunlarga duch keldik. Covid-2019 pandemiya davri, Sardobadagi suv toshqini… Xuddi shuningdek, 2023-yilda ham o‘zbek xalqi bir necha yillar yoddan chiqara olmaydigan fojialarni boshidan o‘tkazdi. Oyina.uz qanchalar og‘ir bo‘lmasin ushbu voqealarni xotirlaydi.

 

65 nafar bola fojiasi

 

10-avgust kuni Oliy sud matbuot xizmati O‘zbekistonda “Dok-1 Maks”dan 65 nafar bola vafot etganini ma’lum qildi. Voqealar xronologiyasini sizga eslatamiz.

 

 

Yanvar oyining ilk kunlarida 3 yoshli bola Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining bolalar reanimatsiya bo‘limiga og‘ir ahvolda yotqizilgan edi. Ota-onasining ma’lum qilishicha, bolada siydik chiqmasligi, qayt qilish, qo‘l-oyoqlar shishishi holati kuzatilgan. Shu bilan birga bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan a’ziyat chekkan. Oqibatda, unga “Dok-1 Maks” siropidan o‘tkir zaharlanish tashxisi qo‘yildi.

 

Shundan so‘ng, birin-ketin sovuq xabarlar tarqala boshladi. Namanganda 3 nafar, Samarqandda 15 nafar bola zaharlandi. Barchani yanada ogohlikka chorlagan voqea esa Samarqandda davolanayotgan 18 nafar norasidaning o‘limi bo‘ldi. Ushbu bemorlarning barchasi 6 yoshgacha bo‘lgan. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, begunoh go‘daklarning 15 nafari hatto 3 yoshga to‘lmagan edi. Achinarlisi, o‘limlar shu bilan yakunlanmadi. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz bo‘ylab hozirgacha 65 nafar bolaning o‘limi qayd etilgan. Norasmiy manbalar (Samarqand tibbiyot birlashmasi bosh shifokori) esa 66 nafar bola hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qilmoqda.

 

“Dok-1 Maks” dori vositasini sotish 2022-yilning 22-dekabrida to‘xtatildi. 2023-yil 13-yanvarda esa “Quramax Medical”ning litsenziyasi bekor qilindi. Mart oyida esa Hindistondagi “Dok-1 Maks” siropi ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi litsenziyadan mahrum qilingan. Shuningdek, "Dok-1 Maks" dorisi tarkibida zaharli modda – etilenglikol topilgani ham bildirildi. Ushbu voqeaga xalqaro darajada e’tibor qaratila boshlandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-yanvar kuni Hindistonning Marion Biotech ishlab chiqaruvchisining "Dok-1 Maks" va "Ambronol" siroplari sifat standartlariga mos kelmasligi haqida ogohlantirish e’lon qildi. JSST holat bo‘yicha xabarnomani O‘zbekistondan 22-dekabr kuni olganini bildirdi. Tashkilot ikkita dori vositasini “standartga nomuvofiq bo‘lgan suyuq dori vositalari (kontaminatsiyalangan)” ro‘yxatiga kiritdi. “Bugungacha ishlab chiqaruvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati haqida kafolat bermagan”, deyiladi bayonotda.

 

Buning ortidan O‘zbekiston davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi “Quramax Medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mas’ul shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

 

Hammasi shu bilan yakunlanmadi. Bolalar o‘limlari ko‘plab korrupsiya botqog‘ini ochib berdi, go‘yoki. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda juda ko‘p miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar hamda budjet mablag‘larining sarf qilinishida belgilangan talablarning qo‘pol ravishda buzilganlik holatlarini aniqladi. To‘plangan dalillar asosida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo‘lgan bir nechta shaxslar ish bo‘yicha gumon qilinib, qamoqqa olindi.

 

Hindistonda “Dok-1 Maks” yo‘tal siropini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining uch nafar xodimi qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish va sotishda ayblanib hibsga olindi. Keyinroq esa O‘zbekistonda qamoqqa olinganlar soni ham ortdi. Ular ro‘yxatiga Samarqand viloyat SSB boshlig‘i qo‘shildi.

 

Sud jarayonlarida OAV ishtirok etib turli raqamlarni e’lon qila boshladi. Xususan Hindistonning yana 11 ta dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 88 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilingan. Avvalroq esa 33 ming AQSh dollari miqdorida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘lgandi. Mazkur dorini bemorlarga tavsiya qilish uchun dorixona egalariga pul to‘lab kelingan. “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha so‘nggi sud majlisi 15-noyabrda bo‘ldi. Ish hali yopilmagan. Ushbu fojia 2023-yil O‘zbekiston xalqi va jamoatchilik faollarining diqqat markazida bo‘ldi va hamon muhokamada.

 

Yana bolalar o‘limi

 

Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi. O‘zbekistondagi rasmiylar(SSV)chi?! Afsuski yil boshida qayd etilgan ommaviy zaharlanish bizga dars bo‘lmadi. O‘quv yili boshlanishi bilan yana sovuq xabarlar bolalay boshladi. Gap shundaki, 2023-yil 20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bog‘chalarida yod bilan ta’minlash dasturi boshlangandi. Unga ko‘ra, har chorshanba kunlari yod yetishmovchiligidan himoya qilish uchun bolalarga profilaktik dozada yod tabletkalari ichirilishi belgilgan. Ammo oradan bir necha kun o‘tmay, Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab o‘quvchilari – jami 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizildi. Shu kunning o‘zida Prezident Matbuot xizmati davlat rahbarining “qattiq tashvishda” ekanligini ma’lum qildi.

 

 

Voqealar keskin tus oldi. SSV mazkur dori vositasidan foydalanishga taqiq joriy etdi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ilmira Bositxonova esa mazkur holat doridan zaharlanish emas, O‘RVI bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Ko‘p o‘tmay prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham Namanganga borib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

 

Oy oxirida “Antistrumin” yod preparatini ishlab chiqaruvchi “Samo” kompaniyasi faoliyatini tekshirish boshlanib, Sog‘liqni saqlash vazirligi “Samo” kompaniyasidan 3,55 mln quti “Antistrumin” (kaliy yodid) preparatini qariyb 22 mlrd so‘mga tendersiz sotib olgani ochiqlandi. Yana bir axborot esa ijtimoiy tarmoq vakillari tomonidan nafrat bilan qarshi olindi. Ya’ni, “Samo” farmatsevtika kompaniyasi hamta’sischisi Nodir Yunusov AQShda qidiruvdagi shaxs bo‘lgan. Yod preparati bilan bog‘liq mojaro fonida u ta’sischilar safidan chiqqan.

 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari – bosh shifokori, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi Feruza Haydarova va ushbu markaz laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodim, Sog‘liqni saqlash vazirligi Bolalar bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi Nasiba Alimova 7-noyabr kuni Yashnobod tuman sudi qarori bilan hibsga olinib, tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

 

16-noyabr kuni esa Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Hilola G‘aniyeva qamoqqa olingan.

 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasi Shavkat Mirziyoyevga xat yo‘llab, qamoqqa olinganlarga nisbatan yengilroq ehtiyot chorasi tanlangan holda tergov harakatlari olib borilishini so‘ragan. Bunga sabab qilib esa ushbu ayollarning sohaga qo‘shgan hissasi keltirilgan va e’tirof etilgan.

 

Umuman olganda, ushbu ish ham 2023-yil hisobidan ochiqligicha qoldi. Ijtimoiy tarmoq faollari esa ushbu voqeada asosiy aybdor sifatida yod mikroelementi topilishini kinoya qilishmoqda.

 

Talofatsiz fojia

 

12-avgust. Toshkent Xalqaro aeroporti yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning birvarakayiga uzunligi 42 metr bo‘lgan 5 ta to‘sini qulab tushdi. Hodisadan hech kim jabr ko‘rmagan. Temir-beton oraliq qurilmalarini (balka) kran yordamida montaj qilish jarayonida ehtiyotsizlik oqibatida bir-biriga urilib, balkalar montaj joyidan tushib ketgan. Qurilish “Ko‘prikqurilish” tresti UK tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lgan. 2 milliard 760 million so‘mlik zarar ko‘rilgan. Mazkur holat yuzasidan Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 3 nafar mansabdor shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

 

 

Ushbu holat yuzasidan reportaj tayyorlamoqchi bo‘lgan jurnalistlarni “Ko‘prikqurilish” xodimi kaltaklashga urindi. Mazkur ish sudda ko‘rildi. Mutasaddi 4 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilindi. Aybdorga 2 yillik sinov muddati belgilandi va undan 23,7 mln so‘m zarar undirildi.

 

Voqea sabab ijtimoiy tarmoq faollari keskin chiqishlar qilishdi. Ulardan biri ko‘prik ishga tushmasdan qulagani yaxshi ekanligini aytsa, yana biri O‘zbekistondagi yo‘l o‘tkazgichlar ostidan o‘tishga qo‘rqishini qayd etgan.

 

Oktabr oyi yakunida esa Shavkat Mirziyoyev aeroportga olib boruvchi ko‘prikdagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Mas’ullar davlat rahbariga ushbu obyektning qurilishi va to‘sinlarni sinovdan o‘tkazish jarayonlari haqida ma’lumot berganini ma’lum qilishdi. Ushbu ikki holat bir-biriga qanchalar aloqador ekanligi bizga ma’lum emas. Ma’lum bo‘lgan yagona fakt, ushbu ish ham 2023-yilda yakunlanmadi.

 

15 milliardlik portlash va 1 o‘lim

 

28-sentabr kuni Toshkent osmonini qora bulut qopladi. Shu kuni soat 02:43 da Toshkent shahri Sergeli tumani Xonobod ko‘chasi 3-uy manzilida joylashgan “Inter Logistics” MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv metr maydonda yong‘in chiqqan. Shu sabab omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi.

 

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabariga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 8 soat davomida o‘chirgan. FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilingan.

 

Mazkur logistika markazida ro‘y bergan portlash oqibatida 14,5 milliard so‘mlik zarar ko‘rilgan.

 

Yong‘in sodir bo‘lgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan, aralash holda saqlab kelingan. Hodisa joyidan olingan namunalar asosida o‘tkazilgan kimyoviy tadqiqotlar natijasida poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekulyar karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalar mavjudligi aniqlandi.

 

Portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 kishini tashkil etdi, ulardan 150 nafari yengil, 13 nafari og‘ir tan jarohati oldi. 17 yoshli o‘smir vafot etdi. Bunga sabab esa omborxonaning aholi zich yashaydigan hududda qurilganidadir.

 

Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetgan. Favqulodda vaziyat tufayli hududdagi 305-maktab (1250 o‘rinli) va 600-sonli bolalar bog‘chasining (720 o‘rinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismi zararlangan.

 

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ushbu ish ham shu yilning o‘zida yopilmadi, nazarimizda. Har holda kimlar aybdor deb topildi? Sud hukmi o‘qildimi? … Shu kabi bir qator savollar ochiq qolmoqda.

 

Derazadan uloqtirilgan bolalar

 

Shu yilning yana bir dahshatli voqealaridan biri Sergeli tumanida sodir bo‘ldi. Gap shundaki, ko‘p qavatli uylarning birida istiqomat qiluvchi 27 yoshli ayol avvaliga 4 va 5 yoshdagi o‘g‘illarini derazadan uloqtiradi. So‘ng olti oylik chaqalog‘ini qo‘liga olib, o‘zi ham pastga sakraydi va o‘sha joyning o‘zida vafot etadi.

 

 

Bu voqeadan aholi dahshatga tushdi. Ko‘p o‘tmay jamoatchilik ushbu oila haqidagi ayrim ma’lumotlarni ochiqlay boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, marhuma va turmush o‘rtog‘i o‘rtasida doimiy kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Shuningdek, ayol uch nafar farzandi bilan olti oydan beri ona uyida yashayotgani aniq bo‘ldi. Biroz muddat o‘tib, marhumaning turmush o‘rtog‘iga qoldirgan videomurojaati ham tarqaldi. Unda ayol bolalarini “Alloh dargohiga yuborayotganini” aytgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) va 103-moddasi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ammo bu voqea yuzasidan ham keyingi jarayonlar noma’lumligicha qolmoqda.

 

Shahnoza To‘ramurodova.

Oyina.uz

 

 Oyina.uz’ni Telegramda kuzating!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 41
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19365
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16500
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi