“Turku kelbatli, yevropoid qiyofasidagi qirimchaqlar yahudiylik diniga e’tiqod qiladi” – etnografik tadqiqot


Saqlash
17:12 / 29.12.2023 788 0

Qirimchaqlar va ularning tili

 

Qirimchaqlar – yahudiylik dinidagi turkiy xalq, lekin diniy e’tiqodidan kelib chiqib o‘zlarini “Isroil bolalari” deb ham atashadi.

 

Qirimchaqlar asosan Qirim yarim orolida yashab kelgan eng kam sonli хalqlardan biridir. Ularning hozirgi kunda aniq soni ma’lum emas. Chunki 1990-yildan keyin ularning katta qismi Isroilga ko‘chib keta boshlagan. Ungacha esa Qirim yarim oroli, Simferopol, Rossiyaning yirik shaharlarida 2000 ga yaqin qirimchaqlar yashagani haqida statistik ma’lumotlar bor. 1989-yilgi aholi sanog‘iga ko‘ra O‘zbekistonda ham 173 nafar qrimchaq yashagan[1]. XX asrga qadar qirimchaqlarning soni anchagina ko‘p bo‘lgan, ammo 1941-yildagi nemislarning ommaviy qirg‘inida ularning 80 foizi qirib yuborilgan. Qirim nemis fashistlaridan ozod qilingandan keyin ham ular erkin yashay olmagan. 1944-yildan boshlab NKVD[2] qirimchaqlarni boshqa hududlarga surgun qila boshlagan. Qarshilik qilganlar esa qamoqqa tashlangan yoki turli yo‘llar bilan o‘ldirilgan. Natijada qirimchaqlar vatanidan ajralish bilan birga jipslashgan millat sifatida ham shakllana olmagan.

 

Qirimchaqlarning etnik tarkib topishi, aniqrog‘i boshqa turkiy xalqlardan farqli milliy xususiyatlarining shakllanishi XIV–XVI asrlarga to‘g‘ri keladi. Ungacha Qirim yarim orolida kechgan tarixiy jarayonlar oqibatida, xususan Botuxon Qirimni egallaganidan so‘ng odamlar bu yerdan Yevropa tarafga siljiy boshlagan. Oltin O‘rda tarkibida kirgan Qirimga 1299-yilda No‘g‘ayxon beklarbegi etib tayinlangach, bu kabi ko‘chishlar yanada kuchaygan. Qirimchaqlar ana shu evrilishlardan keyin ham Qirimni vatan tutib qolgan kam sonli yahudiy-turkiylardan biridir. Shuning uchun ularning etnonimi Qirim toponimi bilan bog‘liq tarzda “Qirimchaq” deb nom olgan. Aslida esa ularning ajdodlari bo‘lgan yahudiy turklari Qora dengiz bo‘ylariga ancha avval, taxminan miloddan avvalgi birinchi asrlarda kelishgan[3].

 

Yahudiylarning aynan Qirimga kelishi esa Rim imperatori Adrian davriga to‘g‘ri keladi. Bu davrda, aniqrog‘i milodiy 132–136-yillarda Rim imperiyasining tarkibida bo‘lgan Iudeya (Yahudiya)da yahudiylar isyon ko‘taradi. Qo‘zg‘olonchilarning rahnamosi Shimon Bar Koxba o‘zini ilohiy shaxs yoxud avliyo sifatida tanishtirib, yahudiylarni Rimga qarshi birlashtirishga urinadi[4]. Ammo bu urinishlari uning 580000 nafar tarafdorlarining qatl qilinishi, millionlab yahudiylarning yurtdan badarg‘a etilinishi bilan yakunlanadi. Milodiy 136-yilda bir qism yahudiylar Qirim yarim oroliga surgun qilinadi[5]. Shu tariqa Qirimda yahudiylarning ilk jamoalari paydo bo‘la boshlaydi. Asrlar o‘tishi bilan Mangup, Kafa qoziliklari, Eski Qirim va Qoravulbozor shaharlari yahudiylarning manzilgohlariga aylanadi.

 

Tarix sarlavhalarida yozilishicha VII asrga kelib Qirim xazarlar qo‘liga o‘tadi. VIII asrdan boshlab esa xazarlar yahudiylik dinini qabul qila boshlaydi[6]. Shundan so‘ng bu yerlarda yahudiylarning yashashi ancha osonlashadi va asta-sekin ularning soni ham ortib boradi.

 

XV asrdan boshlab Vizantiya, Ispaniya, Italiya, Kavkaz-Rus yerlaridan ashkenazlar[7], Vizantiya va Bobil yahudiylari qochib kela boshlashadi va asta-sekin  ular turkiy tilda so‘zlashuvchi yahudiylar bilan aralashib ketadi. Shuning uchun qirimchaqlar orasida turku kelbatli va yevropoid qiyofasidagi kishilar ko‘p uchraydi.

 

Qirimchaqlarning dini qarayimlardan farqli o‘laroq yahudiylikning ravvinizm (rabboniylik) yo‘nalishida. Faqat, ular o‘z diniy rahnamolarini ravvin emas, balki boshqa Sharqiy Yevropa yahudiylari kabi xaxam[8] deb atashadi. Bosh ravvinni esa xaxambashi, deb atashadi. Buning sababi “ravvin” atamasi arabcha Ar-Rabb (الرَّبُّ) ya’ni Allohning ismlaridan biri bo‘lgani uchun bu nomni insonga nisbatan qo‘llash musulmonlar va nasroniylarning g‘azabi va e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

 

E’tiqod jihatidan ular boshqa yahudiylardan farq qilmaydi. Yahudiylikning asosiy manbasi Tanax bilan bir qatorda Talmud va Og‘zaki Qonunlarni ham muqaddas sanashadi. Diniy hayotda va axloqda ular Muso alayhissalomning mishnasi (sunnati)ni qo‘llashadi. Mishnani ilk to‘plagan olim Aqiba ben Yusuf bo‘lib, u ham Bar Koxba qo‘zg‘olonidan so‘ng qatl qilingan.

 

Qirimchaqlar e’diqodi ordotoksal yahudiylikdan shunisi bilan farq qiladiki, unda tangrichilik dinidan qolgan elementlar ko‘p uchraydi. Ular xudoning ismini Tangri deb atashga odatlanishgan. Shu bilan birga Adonay (Rab) ham qo‘llaniladi. Eng qizig‘i, ular boshqa yahudiylar kabi Allohga Yeloh emas, balki aynan musulmonlar kabi Alloh deb murojaat qilishadi.

 

XX asrga qadar Qirimda qirimchaqlarning ibodatxonalari ko‘p bo‘lgan. Ular ibodatxonalarini qaal deb atashgan. Qirimchaqlar qaallarga ibodat qilish uchun ikki kunda bir marta yig‘ilishgan. Ammo Sovet davrida qaallar buzib tashlangan yoki ulardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan. Qirimchaq ibodatxonalari Isroilda mavjud bo‘lgan, ammo ularning ham eng oxirgisi 1881-yilda yopilgan, jamoasi esa boshqa yahudiy sinagogalariga qo‘shib yuborilgan.

 

Qirimchaqlar diniy mansubligiga, aniqrog‘i ortodoksal yahudiylik talabiga ko‘ra sochining yon tomonida zulf (kakul) qo‘yib yurishgan[9]. Shu yerlik qarayimlar esa zulfsiz yurishgan. Shu sabab Qirim tatarlari Qirimchaqlarni “zuluflu juhud”, qarayimlarni “zulufsuz juhud” deb atashgan.

 

Qirimchaqlarda endogamiya saqlangan, ya’ni aka-uka, opa-singillarning farzandlari bir-biri bilan turmush qurishiga ruxsat beriladi. Shu sababli, familiyalar unchalik ko‘p emas va ularning kelib chiqishi ko‘pincha bitta otaga borib taqaladi[10].

 

Qirimchaqlarning turmush tarzi asosan hunarmandchilik bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular teriga ishlov berish va undan mahsulot tayyorlash bo‘yicha usta bo‘lishgan. Ularning tayyorlagan kiyim kechaklari, ayniqsa bosh va oyoq kiyimlarining bozori chaqqon bo‘lgan. Taomlar masalasida esa ularni boshqa turklardan farqlash qiyin. Qirimchaqlar go‘shtni juda ko‘p iste’mol qilishadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, eng sevimli taomi ham “ko‘bete” ya’ni “ko‘p et solingan taom” deb ataladi. Go‘shtdan tayyorlanadigan qovurma, bastirma, bo‘rana (karam va go‘shtdan tayyorlanadi), buber ashi (qalampir va go‘shtdan tayyorlanadi), musaqa (meva va go‘shtdan tayyorlanadi), no‘xat ashi (no‘xat va go‘shtdan tayyorlanadi), tavete (guruch va go‘shtdan tayyorlanadi) ham qirimchaq oshxonasining tansiq taomlari sanaladi[11].

 

Ular sutli va xamirli taomlarni, xususan pishloq, sutli ashni ham xush ko‘rishadi. Bo‘za, yazma (qatiq), yog‘urt ularning sevimli ichimligi[12].

 

Qirimchaq tili

 

Qirimchaqlarning tili turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub. A.N.Samoylovich tilning shakllanishini Xazarlar hukmronligi davri bilan bog‘laydi va bu haqiqatga yaqin. Tilning asosi qipchoq bo‘lsa-da, keyingi uch yuz yil davomida boshqa qoradengizbo‘yi turkiylardagi kabi, qirimchaq tiliga ham onado‘li turkchasining ta’siri kuchaygan va shu jarayonda o‘g‘uz elementlari ko‘proq o‘zlashgan. Shuningdek, qirimchaq tili qaysidir jihatlari bilan chig‘atoy tiliga ham o‘xshab ketadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, XIX asrga qadar ular o‘z tilini chig‘atoy tili deb bilishgan. Umuman olganda, tilning asosiy tarkibini turkiy so‘zlar tashkil qiladi.

 

Qirimchaq tilini tadqiq qilishni birinchi bo‘lib Avram Isxaq boshlab bergan. U 1729-yilda “Qoidalar. Katta va kichik harakatlar (diakretik belgilar)” nomli kitobida 1600 ta (diniy mazmundagi) so‘zni tahlil qilgan. Undan keyin Nisim Natan Mortkay ga-Levi Chaxchir 1822-yilda chop etilgan “Glossariy”sida qadimgi yahudiy tili va qirimchaq tilidagi 1822 ta so‘zning lug‘atini taqdim qilgan. XX asrning 20-yillarida Isaak Samuilovich Qoya qirimchaq tilidagi birinchi darslikni va rus-qrimchaq lug‘atini yaratgan. Keyinchalik Yevsey Isaakovich Peysax “Qirimchaq-rus lug‘ati”ni va “Qadimgi yahudiy-qirimchaq-rus tillari lug‘ati”, “Qirimchaq-tatar-rus tillari lug‘ati” va boshqa kitoblarni chop ettirgan.

 

David Ilich Rebi keyinchalik I.S.Qoya va Y.I.Peysaxning lug‘atlarini jamlagan holda qirimchaq-rus lug‘atining mukammalroq variantini yaratgan[13]. Mazkur maqolada asosan David Rebining lug‘atidan foydalanilgan.

 

Qirimchaqlar bir-birlari bilan o‘zaro muloqotda turkiy tilda ibodat qilayotganda, duo o‘qiyotganda va bosha diniy marosimlarda yahudiy tilida so‘zlashishadi. Shuning uchun tilning tarkibiga gebraizmlar, ya’ni yahudiy tilidan Israel, Srel – Isroil; genam – jahannam; Yarab – Yo, Rabbim; qaal – yahudiy ibodatxonasi, mashiyax – messiya; masih (Dovud messiya); midrash – diniy maktab (madrasa), tanax (muqaddas kitob), mishne – diniy (og‘zaki) qonunlar to‘plami, xaxam – diniy ruhoniy, rebi – diniy muallim kabi ko‘plab so‘zlar ko‘p o‘zlashgan.

 

Qirimchaq tilida yahudiycha so‘zlarning arabchaga o‘zgarishi ham kuzatiladi. Bu albatta, ular bilan baqamti yashagan musulmonlar, xususan Qirim tatarlari ta’sirida yuzga kelgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo yana bir versiya borki, unga ko‘ra qadimgi yahudiy tili arab tiliga hozirgidan ancha yaqinroq bo‘lgani va qirimchaqlar uni saqlab qolgani ta’kidlanadi. Nima bo‘lganda ham, qirimchaq tilida juda ko‘plab leksemalar, xususan Alloh, Aziz, Azrayil, Malak, mashallah, shayton, sheyx, baynalmilal, mamlakat, oila, maorif, daqiqa va hokazo so‘zlar arab tilining fonetik qoidalari doirasida talaffuz qilinadi.

 

Eng qizig‘i, qirimchaq tiliga fors tilidan ham juda ko‘plab so‘zlar o‘zlashgan va ular chig‘atoy tilidagidan deyarli farq qilmaydi. Podishoh, vazir, payg‘ambar, derek (daraxt), devon, devona, diyor, do‘st, dil, dori, darmon, doston, zindon kabi so‘zlar qirimchaq tilida faol qo‘llanilgan.

 

Hozirgi qirimchaq tilida o‘g‘uz lahjasining, xususan onado‘li turkchasining o‘rni katta. Bu ayniqsa, o‘zaro muloqotda ko‘proq ko‘zga tashlanadi:

 

Sizge za(h)met olmasa – Mumkin bo‘lsa;

Xosh kelding (keldingiz) – Xush kelding(iz);

Saba (sabangiz) xayir olsin – Xayrli tong;

Axsham (axshamingiz) xayir olsin – Xayrli tun;

Sag‘ ol – Rahmat;

Sening ading ne? – Sening oting nima?

Atangning adi ne? – Bobongning oti nima?

Sen neyerde ishliysing? – Qayerda ishlaysan?

Sen qach yashindasing? – Yoshing nechada?

Sen soleding mi onga (olarg‘a)? – Sen ularga aytdingmi?

Eki aftadan son men Qirimg‘a kitejeem – Ikki haftadan so‘ng Qrimga ketaman:

 

Avtobusqa (trolleybusqa) minayik – Avtobus (trolleybus)ga minaylik[14].

 

Umuman olganda, qirimchaqlarning tilini tushunish unchalik qiyin emas. Ayniqsa, birinchi muloqot oson kechadi. Chunki, ular ham o‘zbeklar kabi erkaklarga aka(y), ayollarga opa(y)deb murojaat qilishadi. Shu o‘rinda tilning yaqinligini his qilish uchun qavm-qarindoshlikni ifodlovchi so‘zlarga e’tibor qaratamiz:

 

 

Qirimchaq tilining tushunib olishimizni qiyinlashtiradigan bir jihati boshqa tillardan o‘zlashgan yumshoq h yozuvda ham, talaffuzda ham ishlatilmaydi. Misol uchun, o‘zbek tilidagi yumshoq h bilan boshlanadigan hamma so‘zlar qirimchaq tilida a tovushi bilan boshlanadi: alva (halva), ammam (hammom), aram (haram), afta (hafta) va hokazo. Bu xususiyat aslida barcha qipchoq tillariga xos bo‘lib, hayit so‘zining ayit shaklida talaffuz qilinishi hammaga ma’lum. Ayrim holatlarda yumshoq h so‘z o‘rtasida ham tushib qoladi: baar (bahor), sana (sahna), zamet (zahmet)... Uzun u unlisidan oldin kelgan t tovushining ch shaklida talaffuz qilinishi ham tilni tushunishni qiyinlashtiradi: chush – tush, chushmek – tushmak, chushinmek – tushinmoq va hokazo.

 

Qirimchaq tilida so‘z yasalishida ham turkiy tillarga xos r bilan boshlanuvchi so‘zlar oldida unli tovushning orttirilishi ko‘zga tashlananadi: Oris (rus), Rossiya (Orusiya), Ro‘za (O‘raza) va hokazo.

 

Unli bilan boshlanadigan, ikkinchi tovush s bo‘lgan so‘zlarda birinchi unli tushib qoladi. Srel (Isroil), suti (usti), stemek (istamak).

 

Qirimchaq tilida agglyutinatsiya[15] saqlangan. Bu ang o‘zagidan yasalgan so‘zlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi va o‘z-o‘zidan tilning oltoy tillari oilasiga mansubligini ko‘rsatadi:

 

ang – anglash, tushunish;

anglayishli – anglamli, tushunchali;

anglayishsiz – anglamaydigan, tushunmaydigan;

anglayishsizlix – anglamaslik;

anglamax – anglash;

anglatmax – anglatish, tushuntirish.

 

Qirimchaq tilining asosini qipchoq tili tashkil qiladi, shuning uchun qipchoq dialektiga xos xususiyatlar saqlangan: ayuv (ayiq), tav (tog‘), ayip (ayb), balaq (ishtonning pochasi[16]), bezav (bezak), biy (bek), bilay (bunday), o‘lay-bilay (unday-munday), oyaf-buyaq (uyoq-buyoq), biltir (bultur), qibirdamax (qirmirlamoq), qiliy (g‘ilay), qiliq (xarakter), manglay (peshona), minda (bu yerda), pitaq (butoq), pitamaq (shoxlarni kesmoq, butamoq), pitirmoq (bitirmoq), suvuq (sovuq), achchuv (g‘azab), buv (bug‘), kiyiz (kigiz), chibin (pashsha), jiyin (yig‘ilish) va hokazo.

 

Qirimchaq tilning, ayniqsa adabiyotining shakllanishida so‘fizm falsafasining ham katta ta’siri bo‘lgan. Shuning uchun, leksikada so‘fiyona so‘zlar ham uchraydi. Mavlo, mavlono, hazret, darvish, majnun, mushovara, hilvat, fano, baqo, nazm, ruboiy, g‘azal kabi so‘zlarning o‘zlashgani shuni ko‘rsatadiki, o‘rta asrlarda qirimchaqlar madaniyatining va adabiyotining shakllanishida tasavvuf falsafasining ham tasiri bo‘lgan. Shu sababli, tilning fonetik xususiyatlari chig‘atoy tiliga o‘xshab ketadi. Qolaversa, qirimchaq adabiyotida ruboiylar va g‘azallar muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kundagi eng mashhur qirimchaq shoiri Aleksandr Baginskiy ham “ruboiychi shoir” sifatida tanilgan[17].

 

Biqiq qalblar bugun uyquga cho‘mgan,

Nafosat ularchun misoli tilsim.

Ularning qalbi – tosh, po‘panak bosgan

Ruboiylaringni ayt tushunar kim?

 

Qiziq ma’lumot: bilzmizki, turkiy tillarda “boja” degan so‘z bor va u opa-singillarning erlariga (bir-biriga) nisbatan ishlatiladi. Qirimchaq leksikasining tahlili shu so‘zning etimologiyasini bir muncha oydinlashtirib berar ekan. Qirimchaqlar bojani bajanaq deyishadi. Endi tahlil qilsak: o‘g‘iz tillarida opa va singilga nisbatan baji so‘zi qo‘llaniladi. Bajanax(q) esa ularning erlariga nisbatan. Demak, bajanaq asta sekin naq affiksini yo‘qotgan va bojaga aylangan. Bajanaq Edvard Sevortyan tuzgan “Turkiy tillarning etmologik lug‘ati”da keltirilgan va naq affiksi ham unda o‘z tasdig‘ini topgan. Ammo Sevortyan negadir bu so‘zning kelib chiqishini baji (opa yoki singil) so‘zi bilan bog‘lab tahlil qilmagan[18].

 

 

Yana bir qiziq ma’lumot: qrimchaqlarda kelindash degan leksema bor ekan va u aka-ukalarga turmushga chiqqan opa-singil kelinlarga nisbatan qo‘llanilar ekan.

 

Qirimchaq tilining o‘ziga xos jihatlaridan biri, unda negizi turkiy, ammo boshqa turkiy tilda uchramaydigan so‘zlar yoki ma’nosi boshqa tillardan bo‘lakcha qo‘llaniladigan so‘zlar ham talaygina[19]:

 

 

 

Atalar so‘zi

 

Qirimchaqlar maqolni “atalar so‘zi”, topishmoqni “tapmaja”, deb atashadi. Maqollar qirimchaqlarning o‘zaro muloqotida juda faol qo‘llaniladi. Shuningdek, farzand tarbiyasi va axloq me’yorlarining shakllanishida ham muhim o‘rin tutadi. Maqollarning aksariyati o‘zbek maqollari bilan mos keladi:

 

Besh parmaxim – besh turli (besh barmog‘im besh turli);

Besh parmaxim, qaysini chishlesem – oag‘irir (besh barmog‘imnig qaysini tishlasam ham og‘rir);

Bash sag‘ olsa, qalpax tapilir (bosh sog‘ bo‘lsa qalpoq topilar);

Balix bashindan sasir (baliq boshidan sasiydi);

Bash yazisini köz körer (boshga tushganni ko‘z ko‘rar);

Birche ichun yurg‘ani yaqmaylar (burga uchun ko‘rpani kuydirma);

Qazanda ne tashlasang, qashыxqa o chusher (qozonda bori cho‘michga chiqar);

Dog‘ru solegen tuvgang‘a yaramag‘an (to‘g‘ri gapirgan tuqqaniga yoqmaydi);

So‘z – buyuknыng, suv – kыchkenenыng (so‘z kattadan, suv kichikdan);

Qash tuzetem – dep, koz chыxaray (qo‘sh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarma);

Qizim, sanga soleim, kelinim, sen ishit (qizim senga aytaman, kelinim sen eshit).

Og‘lan olsa shoq olsun, shoq olmasa – yox olsun (o‘g‘il bo‘lsa sho‘x bo‘lsin, sho‘x bo‘lmasa yo‘q bo‘lsin);

Sabur tibi – sari altin (sabirtagi sariq oltin);

Toshegine kore ayaxni uzat (to‘shaginga qarab oyog‘ingni uzat);

Yig‘lamag‘an balag‘a emchek vermiyler (yig‘lamagan bolga emchak bermaslar).

Eger yel uflemez, drek teprenmez (shamol bo‘lmasa, daraxt tebranmas).

 

Turkiy tubli maqollarning dinga ko‘ra tuslanishi ham odatiy holat. Shimol turkiylarida “shaman(qam)ning aytganini qil, qilganini qilma”, musulmon turkiylarida “mullaning aytganini qil, qilganini qilma”, degan maqol saqlangan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu yerda faqat ega o‘zgargan. Turk tilida ayni maqol “xojaning aytganini qil, qilganini qilma” shaklida uchraydi. Bu maqol qirimchaqlarda “rebinыng solegennы et, etkennы etme (rebi(ravvin)ning aytganini qil, qilganini qilma” shaklida qo‘llaniladi.

 

Ayrim maqollarda nozidlik munosabatlari ham ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, o‘zbekcha “to‘yga to‘yib bor”, maqoli qrimchaqlarda “to‘ydan to‘yib qayt” (toyg‘a varsang – toip qayt) shaklida keladi. Yoki mehmon kutish bilan bog‘liq “mehmonning izzati uch kun” maqoli o‘rnida sal qo‘polroq, aniqrog‘i mehmonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kofirga chiqaruvchi maqol bor: Bir ko‘n misafir, eki ko‘n misafir, uchinji ko‘n – kit, kafir (bir kun musofir, ikki kun musofir, uchinchi kun ket, kofir). “Devorning qulog‘i bor” maqoli ham ularda o‘zgargan: Qapuda qulaxlar var (eshikning qulog‘i bor).

 

Qirimchaqlarda nomadik va ularning turmush tarzi bilan bog‘liq maqollar ham ko‘p uchraydi. Avvalo, chorvachilik bilan bog‘liq maqollarga e’tibor qaratamiz:

 

Saxla samanni, kelir zamani (Somonni saqla, hali zamoni keladi);

Bыr qoy bir terede em azar, em semizir (Bir qo‘y bitta terining ichida ham ozadi, ham semiradi);

Olg‘anda tay, buzav olir, olmag‘anda – ne tay ne buzav (Bo‘lganda toy ham buzoq ham olasan, bo‘lmaganda toy ham buzoq ham yo‘q);

Bir at ichun bin at seveplengen (Bir otni tanlash uchun ming otni saralaymiz);

Kopeksiz qoy olmaz (It bo‘lmasa qo‘y (boqib) bo‘lmas);

Sen – xan, men – xan, atqa pichen vermege kishi yox (Sen – xon, men – xon, otga pichan tashlaydigan kishi yo‘q);

Atqa torbani kosterme (Otga to‘rvasini ko‘rsatma).

 

Maqollar orasida asalarichilik, dehqonchilik va bog‘bonlikka oid didaktik mazmundagilari ham uchraydi:

 

Bal tutqan – parmaxini yalar (Asalari boqqan barmog‘ini yalar);

Baxilmag‘an pichen yel alir, yel almasa – el alir (Pichanni olib ketmasang yel olar, yel olmasa el olar).

Baxsang – bag‘ olir, baxmasang – dag‘ olir (Boqsang bog‘ bo‘lar, bog‘masang to‘qay bo‘lar).

Baxchi baylix – besh aylix (Bog‘bonning boyligi besh oy).

 

Maqollar orasida ilim olishga, tafakkur qilishga undaydigan, bilimga intilmaganlar qoralanadiga maqollar ham ko‘p:

 

Bilyuv yarixi kuneshden kuchlyu (Ilmning nuri quyoshdan kuchli);

Bashinda aqil olmasa – eki ayaxqa zor vepep (Boshida aqli bo‘lmasa, ikki oyoqqa qiyin bo‘ladi);

Bilmemek ayip dugul, bilmek stemegen ayiptir (Bilmagan ayb emas, bilishni istamagan aybdir);

Fikirsiz uchqan qush qonmag‘a yer tapmaz (Aqlsiz uchgan qush, qo‘nmoqqa yer topmas);

Bir deli derege bir tash atsa, bin usli chixarmazlar (Bir dalli axmoq daraga tosh otsa, mingta aqqli ham uni topib chiqolmas);

Alla aqilni alg‘anchez – djanni olsin (Alloh aqlni olguncha jonni olgani yaxshi).

 

Qirimchaq maqollarida ham boshqa turkiy xalqlar aforistik poeziyasiga xos bo‘lgan kontrar munosabatli maqollar ustunlik qiladi:

 

Ax axchi qara kunge kerek (Oq aqcha qora kunga kerak);

Qara yerden ax otmek chixar (Qora yerdan oq non chiqar);

Tatli quru otmek yashlikda, imshax qartlixda (Yoshlikda quruq non, qarilikda yumshoq non totlidir);

Az olsa yeter, choq olsa da kiter (Oz bo‘lsa yetadi, ko‘p bo‘lsa ham baribir ketadi).


Maqo
llar orasida yahudiylarning xarakterini aks ettiruvchi mazmundagilari ham uchrab turadi:

 

Bulbul ol da, qafeste olma (Bulbul bo‘l-u, qafasda bo‘lma);

Manga ne fayda dunyaning kenish olg‘andan, chizmam tar olsa? (Etigim tor kelib turgan bo‘lsa, menga dunyoning kengligidan nima foyda?);

Yaxshi ash qalg‘anchez yaman qursax patlasin (Yaxshi ovqat qolib ketgandan ko‘ra, mayli yomon oshqozonim yorilsin);

Yoxsa sening djaning – djan, ya menim patildjan? (Nima, sening joning jon-da, meniki baqlajonmi?);

Ach kozingi ozing, yoxga acharlar kozingi (Ko‘zingni o‘zing och, bo‘lmasa boshqalar ko‘zingni ocharlar);.

Arslannen – arslan ol, qozunen – qozu, amma esheknen
eshek olma (Arslon bilan arslondek bo‘l, qo‘zi bilan qo‘zidek, ammo eshak bilan eshakdek (muomalada) bo‘lma;

Kim su tapmay ichmege, kopir tapmay kechmege (Kim ichmoqqa suv topmas, kim kechmoqqa ko‘prik);

Dombel keledjegine qulax asmay (Dangasa kelajagi haqida qayg‘urmaydi);

Choq yashag‘an choq bilmez, choq gezgen choq bilir (Ko‘p yashagan ko‘p bilmas, ko‘p kezgan ko‘p bilar);

Suvg‘a chushken – quri chixmaz, mezarg‘a kirgen – tiri chixmaz (Suvga tushgan quruq chiqmas, go‘rga kirgan tirik);

Direkler kiingende – adamlar teshinirler,

Direkler teshingende – adamlar kiinirler

(Daraxtlar yechinganda odamlar kiyinadi, daraxtlar kiynganda odamlar yechinadi);

Meni tiymegen yilan bin yashasin (Menga tegmagan ilon ming yil yashasin);

Ne baldan tatli ol, ne zeerden ekshi (Asaldan totli, zahardan achchiq bo‘lma);

Evdegi esap bazarg’a uymaz (Uydagi hisob bozorda to‘g‘ri kelmaydi).

 

Qirimchaqlarning topishmoqlari ham juda tanish va boshqa turkiylarning topishmoqlari bilan aynidir:

 

Kulaxlari var – mitmiy, yaxlari var – gezmiy (Quloqlari bor – eshitmaydi, oyoqlari bor yurmaydi. (qozon)

Kecheden ayaxsiz, sabaxtan dort ayxlarda, kunduz – eki ayxlarda, axsham – uch ayxlarda (Kecha oyoqsiz, ertalab to‘rt oyoqda, kunduzi ikki oyoqda, oqshomda uch oyoqda). (odam)

 

Qirimchaq edebiyati

 

Qirimchaq adabiyotining asosini diniy-ma’rifiy mavzudagi asarlar tashkil qiladi. Ularning aksariyatini payg‘ambarlar tarixi, olimlarning diniy tafsirlari, pand-nasihat mazmunidagi nazmiy va nasriy asarlar, kichik hajmli rivoyat, matal, masallar to‘ldirgan. 846-yilda yozilgan “Katta va kichik payg‘ambarlar kitobi” ular orasida eng qadimiysi sanaladi[20]. O‘rta asrlarda qrimchaq shoirlari g‘azal va ruboiy janrida ijod qilishgan, ammo ularning deyarli hammasi bugungi kungacha yetib kelmagan yoki topilmagan. Diniy mazmundagilari esa ko‘proq saqlangan.

 

Hozirgi kunda Simferopolda “Qirimchaxlar” nomi ostida ilmiy-ommabop, adabiy-ba’diy jurnal chop etiladi va unda qirimchaq yozuvchilari va shoirlarining ijod namunalari berib boriladi. Yangi davr yozuvchilarining ijodida turkona ruh ko‘proq seziladi. Ammo uslubi ko‘proq sho‘ro davri qoliplariga mos keladi.

 

Xulosa

 

Qirimchaq xalqining va tilining o‘z tarixi bor. Qirimchaqlar asli turk, yahudiylik diniga e’tiqod qiluvchi qipchoqlardir. Tili turk leksikografiyasining, aniqroq aytilsa, Qora dengiz bo‘yidagi turkiy til shevalari kontiniumining ajralmas qismidir. Rus olimlari qrimchaq tilini qirimtatar tilining bir shevasi sifatida ko‘rsatishga ham urinishgan. Ammo qanday qilib? Dini bo‘lak, madaniyati tubdan farq qiladigan ikki xalqning tili bitta bo‘lishi mumkinmi? Albatta yo‘q!

 

Qirimchaq tilining miloddan avvalgi davrdagi tarixi o‘lik qipchoq tili bilan bog‘langan. Keyinchalik til tarkibiga somiy tillar, xususan aramiy va oysor tillaridan so‘zlar o‘zlasha boshlagan.

 

Arab tilidan so‘zlarning o‘zlashishi Qirimda yashovchi musulmonlar ta’sirida yuzaga kelgan. XIX asrning oxirlarida Xaim Xizkiyagu ben Medini falastindan Qirimga kelib qirimchaqlarning bosh ravvini lavozimida ishlaganda mahalliy aholiga Andalusiyada shakllangan sefard an’analarini ham kiritgan[21]. Sefard tilida esa arab elementlari ko‘proq bo‘lgan[22]. Fors tili va chig‘atoy tilidan so‘zlarning o‘zlashgani shuni ko‘rsatadiki, XII–XIX asrlarda ijod qilgan qirimchaq shoirlari va olimlari tasavvuf falsafasi va adabiyoti bilan yaxshi tanish bo‘lishgan.

 

Qirim xonligi 1475-yildan to‘liq Usmonli turklar qo‘liga o‘tgach, qirimchaqlar o‘g‘uz dialektini o‘zlashtira boshlagan va shu davrdan bu yerda qoradengizbo‘yi o‘g‘uz shevasi shakllangan. Bu sheva turk tilidan q (arabcha ق) tovushining mavjudligi va qipchoq tili elementlarining ko‘pligi bilan farqlanadi.

 

Umumiy xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, qirimchaqlarning kelib chiqishi va tili boshqa qipchoq ellari bilan mushtarak. Yahudiylik dinini qachon qabul qilgani esa aniq ma’lum emas. Ammo qirimchaqlarning o‘z tarixchilari buni VIII asrda xazarlarning yahudiylikni qabul qilishi bilan bog‘lashadi. XX asrning 90-yillaridan boshlab qirimchaqlarda milliy tiklanishga bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlanadi. Bunda hozir ham faoliyat yurgizib kelayotgan “Qirimchaqlar” milliy madaniy-ma’rifiy jamiyati muhim o‘rin tutadi.

 

 

Anvar BO‘RONOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori



[1] Национальный состав населения по республикам СССР. Архивировано 6 января 2012 года. http://www.demoscope.ru/weekly/ssp/sng_nac_89.php?reg=4

[2] Ichki ishlar xalq komissariati.

[3] Куповецкий М.С. К этнической истории крымчаков. || Этнокантактние зоны европейский части СССР. М: изд. АН СССР. 1989 – С. 53.

[4] Bar Kokhba // Catalogue of the Library of the Pontifical University of Saint Thomas Aquinas.

[5] Крымчаки – статья из Электронной еврейской энциклопедии.

[6] Ивик О., Ключников В. Хазары. Очерки хазарской археологии. – Москва, 2013.

[7] Yevropa yahudiylari.

[8] Qarayimlarda gaxam.

[9] Куповецкий М.С. К этнической истории крымчаков. || Этнокантактние зоны европейский части СССР. М: изд. АН СССР. 1989. – С. 53–69.

[10] Крымчаки (кърымчаки): история и реальность / О.Г. Мормуль // Культура народов Причерноморья. – 1999. – № 6. – С. 167–170.

[11] «Крымчахлар» (Крымчаки): научно-популярный, литературно-художественный Альманах № 9/2019. – Симферополь: ГАУ РК «Медиацентр им. И. Гаспринского», 2019. 264 с.

[12] https://nazaccent.ru/nations/krimchaki

[13] Реби Д.И. Крымчакский язык. Крымчакско-русский словарь. – Симферополь, ДОЛЯ, 2004. 224 с.

[14] Реби Д.И. Крымчакский язык. Крымчакско-русский словарь. – Симферополь, ДОЛЯ, 2004. – С. 26-27.

[15] Agglyutinatsiya (ot lat. agglutinatio – “yopishtirish, qo‘shish”) – tillarda so‘zning o‘zagiga grammatik va derivatsiyaviy ma’noga ega affikslarni qo‘shish yo‘li bilan yangi so‘z yoki grammatik shakl hosil qilish.

[16] Aslida barcha turkiy tillarda “balaq” bo‘ladi. Pocha (poycha) fors tilidan o‘zlashgan.

[17] Андрей Багинский - Рубаи и четверостишия. https://www.litres.ru/book/andrey-baginskiy-12002870/rubai-i-chetverostishiya-25279734/chitat-onlayn/

[18] Этимологический словарь тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на букву “Б”. М: «Наука», 1978. С. 24-26.

[19] Asosiy manba: Rebi D.I. Крымчакский язык. Крымчакско-русский словарь. – Симферополь, ДОЛЯ, 2004. 224 с.

[20] Радлов В.В. Образцы народной литературы северных Тюркских племен. – СПб., 1896. – ч. VII. 935 с.

[21] Sefardlar (sefard yahudiylari) (yahudiy. סְפָרַדִּים‎ Sfaradim, Ispan yerlarini anglatuvchi ‎ סְפָרַד Sfarad toponimidan olingan) – Pireneya yarim orolida, Rimskoy imperiyasida keyinchalik, Arab xalifaligi davrida shakllangan yahudiylar jamoasi.

[22] Ачкинази В.М. Имена крымчаков // Проблемы истории Крыма, Сф., 1991 г., т. 1, с. 9-10.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19341
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16447
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi