“Oʻgʻri kanallar va shaxslarga ‘yoʻq’ deng”. Faollar qirg‘iz kinoijodkorlari filmi ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborilganini qoraladi


Saqlash
12:05 / 06.05.2024 1098 0

Qirgʻizistonlik kinoijodkorlar tomonidan surat olingan, ancha katta muvaffaqiyatga erishib, bir necha milliardlar kassa yigʻayotgan “Jannat onalar oyogʻi ostida” (Бейиш – эненин таманында) filmi oʻzbekistonlik “uddaburonlar” tarafidan oʻgʻrilanib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborildi. Shubhasiz, filmdan katta natijalar kutayotgan qoʻshni mamlakat ijodkorlariga uchun bu yoqimsiz holat boʻldi. Biroq ushbu voqea bunday ishlarning birinchisi emas. Oʻzbek kinomuxlislari, allaqachon filmlarni kinoteatrlarda emas, internet va ijtimoiy tarmoqlarda koʻrishga oʻrganib qolgan. Mualliflarning mehnatini bir chaqaga aylantiruvchi ushbu “oʻzbekona” odat qachongacha davom etadi? 

 

Bir qancha Oʻznet foydalanuvchilari va faollari ushbu holatga oʻz munosabatini bildirdi.

 

Furqat Joʻraqulov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarinig birinchi oʻrinbosari

 

“Birovning haqqiga xiyonat qilmaslik, boshqalar mehnatini hurmat qilishni qadriyat darajasiga olib chiqishimiz kerak.

 

Birodar qirgʻiz ijodkorlarining “Jannat onalar oyogʻi ostida” filmi yurtdoshlarimiz orasida anchayin ommalashdi. Kinoteatrlarimizda bir haftada 1,5 milliard soʻmga yaqin mablagʻ toʻplangani, film haqiqatdan oʻzbek tomoshabinlariga manzur boʻlganidan dalolat. Men film mazmuni, gʻoyasi haqida emas, uning atrofidagi voqealar sabab kun tartibiga chiqayotgan mualliflik huquqi masalasiga biroz toʻxtalmoqchiman.

 

Furqat Jo‘raqulov

 

Film hali kinoteatrlarda ketayotgan, ijodkorlar mehnati ortidan mablagʻ ishlayotgan bir vaqtda ayrim “shovvozlar” kinoni Telegram kanallar orqali tarqatib yuborgani kishini uyaltirdi. Biz nega birovning haqidan qoʻrqmayapmiz, ijodkorlar mehnatini oyoqosti qilyapmiz?

 

Masalaning yuridik tomoni, bu ish uchun qonunda javobgarlik borligi eslatildi. Baraka topishsin, huquqshunoslarimiz bu ishdan qaytarib, qancha jarima toʻlanishi boʻyicha tushuntirish ham berdi. Bu masalaning yuridik tarafi, huquqbuzarlikka qatʼiy jazo bor.

 

Lekin muammo yuzaga kelishining ijtimoiy, maʼnaviy sabablari ham bor. Ularga qarshi kurashmas ekanmiz, bu illatni tag-tomiri bilan yoʻqotib boʻlmaydi. Buning uchun bolaga oila, taʼlim, kundalik hayotda birovning haqiga xiyonat qilish mumkin emasligi oʻrgatilishi, inson mehnatini hurmat qilish qadriyat darajasiga olib chiqilishi kerak. Ijodkor ishlagan film, media mahsulotni pulini toʻlab original sifatda koʻrish, olimlar yozgan kitob, ilmiy ishlarni sotib, pulli manbalardan koʻchirib foydalanishga oʻrganish vaqti keldi. Shunda Oʻzbekistonda ham ijodkor va olimlar intellektual mehnati sabab boyiydi. Yangi asar, tadqiqotlar qilishga motivatsiya oladi.

 

Men, avvalo, ota-onalar, qadrli ustozlarga iltimos qilardimki, bolaga boshqalar mehnatini qadrlash, haqini toʻlab foydalanishni yoshligidan singdiraylik. Arzimas koʻringan holatlardan boshlab tushuntiraylik. Oʻrtogʻining uy vazifasidan koʻchirib besh olganini aytganda, qaroqchi saytlardan foydalanganda bu ishni uddaburonlik deb maqtash emas, xato ekanligini tushuntirish lozim. Shunda munosabat oʻzgaradi, qadriyatlar mustahkamlanadi”.

 

Ilyos Safarov, jurnalist

 

“Qirgʻizistonlik rejissyor Ruslan Akun suratga olgan “Jannat onalar oyogʻi ostida” (Бейиш – эненин таманында) filmi Oʻzbekiston kinoteatrlarida namoyish etila boshlaganidan koʻp oʻtmay tarmoqlarga chiqarib yuborilibdi.

 

Hozircha oʻzim duch kelmadim, ammo filmni toʻliq va sifatli formatda tashlab berishgan taqdirda ham koʻrmoqchi emasman. Reja qilib qoʻyganman, nasib etsa, filmni oilam bilan kinoteatrga tushgan holda tomosha qilaman.

 

 

Doʻstlar, sizga tavsiya, mualliflik huquqi, ijodkorlar mehnatini hurmat qiling. Oʻgʻri kanallar va shaxslarga esa shunchaki “yoʻq” deng.

 

Katta qiziqish va muhokamalarga sabab boʻlayotgan filmni kinoteatrga borgan holda tomosha qilib, ijodkorlar mehnatini hurmat qilishimiz, bu huquqlar buzilishiga befarq emasligimizni koʻrsataylik.

 

Unutmaslik kerak, Oʻzbekistonda kinoni oʻldirgan, yaxshi sanʼat asarlari yaratilishiga toʻsiq boʻlayotgan omillardan biri ham shunday oʻgʻriliklar va ularning tomoshabin tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi aslida”.

 

Sarvar Karimov, rejissyor

 

“Qaysidir oʻgʻri “Jannat onalar oyogʻi ostida” filmini telefonga suratga olib, tarqatibdi. Xoʻp, u oʻgʻri, insofi yoʻq tushunamiz.

 

Sarvar Karimov

 

Kap-katta odamlar shu oʻgʻrilikka sherik boʻlib, uni oʻz Telegram kanallarida tarqatyapti. Facebookʼdagi kinochilar guruhiga ham yuklashibdi.

 

Bu birovning haqqini yeyish ekanini nahot tushunishmasa?

 

Xudo xayringizni bergur, tushuning, bu qip-qizil oʻgʻrilik.

 

Kinoni koʻrgingiz kelsa kinoteatrga boring. Rasmiy onlayn platformada pul toʻlab koʻring. Film oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmagan-ku, kimdir pul sarflab ishlagan. Siz oʻsha tadbirkorning mulkini oʻgʻirlayapsiz.

 

 

Samandarbek Sharifjonov, foydalanuvchi

 

“ʼJannat onalar oyogʻi ostidaʼ qirgʻiz filmi internetda tarqalib ketdi. Kimningdir qilgan oddiy ishi (videoga olib, tarqatib yuborishi), kimlarningdir yillab qilgan mehnatini bir zumda yoʻqqa chiqardi”.

 

Shahnoza Soatova, bloger

 

“Kecha ʼJannat onalar oyogʻi ostidaʼ filmiga tushdik. Film yaxshi, koʻringlar, tavsiya qilaman. Spoyler boʻlmasligi uchun batafsil taqriz yozmayman.

 

 

Bitta fikr faqat: shunday filmning oʻgʻrilangan versiyasini koʻrayotganlar qanday oʻylashadi? Hay, qaroqchilarning xudosi puldir, tomosha qilayotganlar filmning maʼlum bir joyiga kelganda miyasiga “ting” etib urmaydimi, man ham yomon odam ekanman-ku, birovning haqini yeb qoʻyibman-ku deb tavba qilmasmikan? Chunki kartinada umuminsoniy va diniy qadriyatlar koʻrsatilgan: hajga borish, onani ulugʻlash, birovning haqidan qoʻrqish…

 

Paradoks-da gʻalati”.

 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda yana koʻplab foydalanuvchilar qirgʻiz filmining oʻgʻrilanganini qoralamoqda. Koʻpchilik bu omil Oʻzbekistonda ham kino sanoatiga rivojiga jiddiy taʼsir koʻrsatayotgani, ijodlarni moliyaviy ragʻbatdan ayirayotganini taʼkidlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19456
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi