“Millat kelajagiga daxldor maʼrifat soati”. Prezident raisligida oʻtkazilgan Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishi haqida


Saqlash
21:12 / 24.12.2023 848 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yilning 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisda qayd etilgan asosiy masalalar, taklif va tashabbuslar yuzasidan keng jamoatchilik, xususan, ma’naviyat sohasi vakillari o‘z munosabatini bildirmoqda. Oyina.uz shunday fikr va mulohazalarning bir nechtasini jamladi. 

 

Lola SAODATOVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari 

 


 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi tom maʼnoda Maʼnaviyat soati, Maʼrifat soati vazifasini bajardi, desak, oʻrinli boʻladi. Prezidentimiz Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi sifatida jamiyatimiz hayotidagi eng dolzarb masalalarga oʻrtaga tashladi. Shu bilan birga, turli muammolarni, maʼnaviy tahdidlarni hal qilish yoʻllarini, asosli yoʻllarini tushuntirib berdi.

 

Yigʻilishda oʻtirar ekanman, shoirning “Taraqqiyot, sevaman seni, taraqqiyot, qoʻrqaman sendan” degan satrlari bot-bot yodimga tushdi. Sababi, bugun dunyo qanchalik rivojlangani, axborot texnologiyalari oʻziga xos yuksalish bosqichiga yetgani sayin aholining, ayniqsa, yoshlarning ongini, qalbini, tafakkurini zabt etishga urinish hollari, afsuski, bor. Bu kabi yot gʻoyalarga qarshi kurashish faqatgina xos soha odamlarining yoki xos tashkilotlarning ishi emas, balki umummillat ishi ekan, degan toʻxtamga kelasan. Sababi, bugun dunyo sahnasida, davlatimiz rahbari aytgani kabi, oʻzbek, oʻzbekistonlik, Oʻzbekiston nomi qolishi uchun bugun hamma oyoqqa turishi kerak!

 

Kengash yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan oʻrtaga tashlangan masalalar har bir inson qalbida, har oʻzbekistonlik qalbida maʼrifat chiroqlarini, maʼnaviyat nurlarini yoqdi, deb oʻylayman. Va bu chiroqlar, bu nurlar hech qachon oʻchmasligi, katta bir gʻoya atrofida – Vatanni tinch-osoyishta koʻrish, Vatanni taraqqiyotga eltish gʻoyasi ostida har birimiz birlashishimiz darkor.

 

Kengash yigʻilishida bugunimiz va ertamizga doir muhim gʻoyalar, masalalar, takliflar ilgari surildi. Biz kutgan, orzu qilgan, shu bilan birgalikda, gʻururimizni uygʻotadigan masalalar ham kun tartibida boʻldi. Bu ayniqsa, jadid bobolarimiz shaʼni, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, jadidlar merosini keng oʻrganish, ular ilgari surgan gʻoyalarni amalga oshirish boʻyicha bildirilgan fikrlar davrimizning eng dolzarb masalalarini hal etishda qoʻl keladi. Xususan, davlatimiz rahbarining taraqqiy etgan davlatlar yutuqlarini olishimiz, shu bilan birgalikda, oʻzligimizni, milliy qadriyatlarimizni, mental xususiyatlarimizni saqlab qolishimiz kerakligi haqidagi fikrlari diqqatga molik.

 

Umuman olganda, Kengash yigʻilishi millat kelajagi, ertasi yanada yorugʻ boʻlishiga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

 

Azimov Inomjon, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori

 

 

 

Jadid namoyandalaridan biri Hoji Muyin “Yoshlarga murojaat” maqolasida shunday yozadi: “Hamiyatli qarindoshlar! Ko‘pdan beri gazeta va jurnallarda o‘qib va bilib kelmakdadursizki, har millatning taraqqiysi eng avval muntazam maktablardan boshlanur. Zotan insonning saodati maktab tarbiyatidan vujudga kelmasmi?”.

 

Ha, hurmatli vatandosh! Millat taraqqiyoti, rivoji maktabdan boshlanadi. Farzandlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat, vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, buning uchun esa til va milliy adabiyotimizin chuqur o‘rgatish maktab ostonasidan boshlanadi. Bunga aloqador bo‘lgan mutasaddilar bu haqiqatni tushunmasalar yoki tushunishni istamasalar, bilingki, bu eng katta fojia. Kuni kecha hurmatli yurtboshimizning Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida soʻzlagan nutqi buning yaqqol dalilidir. Barcha qatori yurtboshimizning ma’ruzalarini diqqat bilan eshitdim. Ma’ruzada davlat tilining mavqeyi, rivoji boʻyicha asosli fikrlar bildirildiki, bu gaplar barcha vatandoshlar qatori menda ham oʻzgacha kayfiyat uygʻotdi. Quyida ana shu ufikrlarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

 

Birinchidan, “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi, shu maqsadda milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanishi belgilandi. Mazkur masala uzoq paytlardan buyon koʻpchilikning e’tirozga sabab boʻlib kelayotgan edi. “Xorijiy tillarni yaxshi bilsa, ustama berilsayu, davlat tili boʻlgan oʻzbek tilini chuqur bilishlik uchun nega ustama berilmaydi?” qabilida savollar koʻpaygan edi. bugun bu e’tirozga ham nuqta qoʻyildi.

 

Prezidentimizning davlat tili masalasini ma’naviyat va ma’rifat kengashi yigʻilishida koʻtarishi bejiz emas, chunki til va ma’naviyatni ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Jamiyatda milliy qadriyatlarning shakllanishi, ma’naviyatning yuksalib borishi bevosita til bilan bogʻliq. Albatta, bu ishlarni birinchi navbatda, jadid bobolarimiz aytganidek, maktabdan boshlashimiz kerak. Shu ma’noda davlat rahbari tomonidan “oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga e’tibor berilishi jadidlarning “millat taraqqiysi maktabdan boshlanur” degan vasiyatining amaldagi ijrosi deyish mumkin. Zero ta’limda yosh avlodni ona tilimizga hurmat ruhida tarbiyalash, boy adabiyotimiz, tariximiz, madaniyatimizni chuqur oʻrgatish orqaligina “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishga xizmat qiladigan vatanparvar, salohiyatli kadrlarni yetishtira olamiz.

 

Boshqa tillarda ta’lim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini o‘rganishga rag‘batlantirish choralarining ko‘rilishi, boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini o‘qitish soatlari ko‘paytirilish boʻyicha takliflari ham mamlakatimizda davlat tilining maqomini yuqoriga koʻtaradi. Ta’lim oʻzga tillarda olib borilayotgan maktablarda davlat tilini oʻqitish masalasi boʻyicha ham muammolar mavjud. Bu boʻyicha mutaxassislarning maqolalari e’lon qilingan. Bu muammo ham davlat tili mavqeyiga soya solib turgan edi. Endi barcha ta’lim muassasalarida davlat tilini oʻqitish soatlari koʻpaytiriladi.

 

Albatta, bunday tajriba xorijiy mamlakatlarda ham bor. Masalan, Ozarboyjon Respublikasi “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni 5-moddasida: “Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan ta’lim muassasalarida ozarbayjon tilini o‘qitish majburiy. O‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalariga kirishda “ozarbayjon tili” fanidan imtihon topshiriladi”,-deb belgilab qoʻyilgan.

 

Hukumatning davlat tili boʻyicha olib borayotgan izchil siyosati tufayli xorijiy davlatlarda oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqish kuchaydi. Markaz tomonidan ham xorijliklar uchun bir necha oʻquv kurslari tashkil qilindi. Oʻtgan hafta bir guruh meksikalik fuqarolar uch oylik oʻquv kursini tamomladilar. Xorijliklar uchun oʻzbek tili boʻyicha xalqaro olimpiadalar tashkil etish, gʻolib va sovrindorlarni pul mukofotlari bilan taqdirlash, shu bilan birga, filologiya yoʻnalishlariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish taklifi esa xorijda ham oʻzbek tilini keng targʻib qilinishiga, boshqa tillar kabi ommalashishiga xizmat qiladigan muhim qadam deb hizoblaymiz.

 

Ona tilimizning har tomonlama rivojlanishi, uning jamiyatning barcha sohalarida haqiqiy davlat tili maqomiga erishishiga davlat rahbari tomonidan shunday e’tibor qaratilayotgan ekan, jamiyatning barcha ziyoli qatlami bunga befarq boʻlmasligi kerak. Zero yurtboshimiz aytganidek, “...har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.

 

Nargiza RAHMATULLAYeVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi rahbari

 


 

 

Hurmatli Prezidentimiz raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishi bo‘ldi.

 

O‘tkazilgan kengash yig‘ilishning o‘tgan safargisidan farqli jihati, kengaytirilgan tarzda ko‘p sonli ma’naviyatchilar qatorida, madaniyat, san’at, ijod ahli bilan keng ko‘lamda, masshtabda o‘tkazilganligida bo‘ldi. Quvonarlisi, yig‘ilishda ko‘tarilgan har bir masalalar bugungi kunning og‘riqli, yechimini kutib yotgan masalalar bo‘lib, ularning har biriga tizimli yondashilib mamlakatimiz rahbari tomonidan yechimi qilib berilganligi bo‘ldi.

 

Prezidentimiz Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuch yangi harakatga aylanishi kerak dedilar.

 

Aytish kerak, bugun jamiyatimizda biron bir ijtimoiy munosabat yo‘qki, uning poydevorida ma’naviyat turmagan bo‘lsa.

 

Hamma davrlarda ta’lim tarbiya, axloq va odob go‘zal fazilat va xulqlar zamirida shakllanadi. Odob masalasiga insoniyat tarixida boqiy qadriyat asosida to‘la ahamiyat bergan bizning bobolarimiz hisoblanadi.

 

Termiziy allomalarimiz biri hadislardan birida “hech bir ota-ona farzandiga yaxshi tarbiya, go‘zal odobdan buyukroq hadiya berolmas”, degan.

 

Shu bois farzand tarbiyasiga ota-onalar jiddiy e’tibor qaratishi bilan birgalikda mahalla keng jamoatchilik vakillari birdek mas’ul bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlashimiz joiz.

 

Prezidentimiz yig‘ilishda Kengash raisi Prezident, hududlarda birinchi rahbarlar ekanligini alohida ta’kidlab ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat biz uchun ustuvor vazifa masalasidir deya ta’kidladilar.

 

Shuningdek, Prezidentimiz hayot shiddat bilan o‘tib borayotgan bugungi globallashuv, internet asrida turli tahdidlar chegara bilmasdan kirib kelayotganligini azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlarda chuqur transformatsiya jarayonlari yuz berayotganligini ta’kidladi. Ana shunday murakkab tahlikali vaziyatda O‘zbekiston milliy manfaatlariga javob beradigan yo‘lni topishi oson emasligini, bunga barcha e’tibor qaratishi, bor kuch imkoniyatlarini ishga solishi zarur ekanligini aytdi.

 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezidentimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, ba’zan hatto mamlakatimizning o‘zida ham Konstitutsiya va qonunlarimizga zid ilgari surilayotgani diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarimizni ma’rifatga emas jaholatga undash holatlari paydo bo‘layotganligi ta’kidlandi. Bunday vaziyatda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashni kuchaytirish ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirish zarurligi ta’kidladi.

 

– Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv va havodek zarur, dedi Prezidentimiz.

 

Hamda ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.

 

Jadid bobolarimizning g‘oya va dasturlari yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi har tomonlama uyg‘un va hamohang ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

 

Shu bilan birgalikda mamlakatimiz rahbari keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyor turishimiz, yosh avlod tarbiyasi murakkab zamon talabiga javob berishi kerakligini alohida e’tirof etib o‘tdi.

 

Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar yashashini istaydigan bo‘lsak bu savollarga javob topishimiz va ularni amaliy harakatga aylantirishimiz kerak – dedi Prezidentimiz.

 

Kengash yig‘ilishida Prezidentimiz Surxondaryo tajribasi sifatida ma’naviyat sektorini namunali yo‘lga qo‘yishni aytib o‘tgani bu bejiz emas.

 

Surxondaryo viloyati o‘zining boy tarixi, takrorlanmas qadriyat, urf-odatlar bilan birgalikda, azaldan ilm-ma’rifat, ma’naviyat o‘chog‘i hisoblanadi.

 

Keyingi vaqtlarda olimlar tomonidan 200 ga yaqin Termiziy allomalarning yangi nomlari aniqlanganligi, ularning boy ma’naviy merosi olimlar tomonidan xalqchil, tushunarli tarzda chop etilayotganligi quvonarlidir.

 

Prezidentimizning Ma’naviyat sektorining vohamizda tashkil etilishi borasidagi topshirig‘i biz Surxondaryoliklarni quvontirgani bilan birgalikda bizga bildirilgan beqiyos ishonch va ma’sulyat yuklatilganligini anglab oldik.

 

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, Termiziy allomalarga beshik bo‘lgan ko‘hna zaminda Ma’naviyat sektorini tashkil etishga barcha birdek kirishgan va bu borada viloyatimizda barcha imkoniyatlar ishga solingan.

 

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19357
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16490
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi