“Tajovuzkor imperiyachilarga milliy birligimiz va ruhiyatimizni koʻrsatib qoʻyishimiz kerak” – oʻzbekistonlik faollar Zaxar Prilepinning SSSR hududlarini qayta tiklash taklifi haqida


Saqlash
11:12 / 22.12.2023 1016 0

Rossiyalik amaldor Zaxar Prilepin Oʻzbekistonni Rossiya tarkibiga qoʻshib olish haqida gapirdi.

 

Hammasi qanday boshlandi?

 

Rossiyalik propagandachi-amaldor, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Zaxar Prilepin ochiqchasiga bosqinchilik gʻoyasini ilgari surdi.

 

Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya tarkibiga qoʻshib olishni va uning aholisiga rus tilini oʻrgatishni taklif qildi. U shu yoʻl bilan muhojirlar muammosini hal qilishga chaqirgan.

 

Zaxar Prilepin Moskvada matbuot anjumani oʻtkazib, kelajak rejalari haqida gapirgan va demografiyadagi muammolar va migrantlar bilan mojarolarga toʻxtalib, bu muammolarni hal qilish uchun ruslar koʻproq bola tugʻishi kerakligini uqtiradi. “Ruslar qancha koʻp boʻlsa, chetdan kelgan odamlar oʻzini notoʻgʻri tutishi bilan bogʻliq muammolar kamroq boʻladi”, deydi u.

 

“Bizga kelgan muhojirlarga bu yerda emas, balki Oʻzbekistonning oʻzida rus tilini oʻrgatish uchun ularni qoʻshib olish zarur”, deydi propagandachi.

 

U misol sifatida Oʻzbekistonning ikki million fuqarosi shu yerda yashayotgani uchun Rossiya bu hududga daʼvo qila olishini qayd etgan.

 

“Kiyevdagi paraddan keyin Yevroosiyo hududida nimadir qilishimizni kim taqiqlaydi? Hech kim”, degan u.

 

Siyosatchining fikrlari oʻzbek jamoatchiligida keskin norozilik uygʻotdi. Oyina.uz ularni bir joyga jamladi.

 

Oʻzbek jamoatchiligi bayonotni qanday kutib oldi?

 

“Bunday tahdidlarga aniq va keskin javob qaytarilishi, Rossiya elchisidan izoh talab qilinishi kerak. Va albatta, umrbod “qora roʻyxat”ga kiritilishi lozim”, deya yozdi Davletovuz kanali.

 

Jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev sovetparast chet elliklar roʻyxatini shakllantirish va eʼlon qilish, ular Oʻzbekistonga kelganda aeroportning oʻzidan deportatsiya qilishni taklif etdi.

 

Jurnalist Oʻzbekiston haqida, uni SSSR chegarasida yana Rossiya tarkibiga qaytarish haqida koʻp va xoʻb gapirgan Vladimir Jirinovskiyni Buxoroda zoʻr hurmat-eʼtibor bilan kutib olib, choponlar kiydirilganini eslar ekan bu ishni “ tentaklik edi” deya yozdi.

 

“Bu roʻyxatga duch kelgan odam kiritilavermaydi, aynan – xatti-harakatlari, gapirgan gaplari Oʻzbekiston mustaqilligiga tahdid sifatida koʻrilgan shaxslar asos bilan kiritiladi. Masalan, “SSSR qanday parchalangan boʻlsa, oʻsha holida tiklanishi kerak”, “SSSR noqonuniy parchalangan, uning parchalanishi haqidagi hujjatlar noqonuniy va haqiqiy emas”, desa, tamom - dabba detekted va darhol roʻyxatga!

 

Ha, bu mantiq boʻyicha Putin ham roʻyxatga kiritilishi kerak boʻladi. Umuman, dunyoda Putin bormaydigan davlatlar koʻp va ular Putin kelmaganidan qiynalayotgani yoʻq (biz esa, aksincha, Putin shuncha kelsa ham qiynalamiz, uning dabbalari esa Oʻzbekistonni qoʻshib olish haqida gapirishdan tinmaydi)”, deb yozgan Muhrim Aʼzamxoʻjayev.

 

Shuningdek u, oʻzimizda ham SSSRning qayta tiklanishini orzu qiluvchilar borligi, unaqalar uchun SSSRni qayta tiklash haqidagi bayonotlarga qarshi moddalar boʻlishi kerakligini taklif qildi. “SSSRni qayta tiklash haqida gapirish - bu Oʻzbekistonga, uning mustaqilligiga tajovuz qilishdek gap”, deb yozdi u.

 

Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova Muhrim Aʼzamxoʻjayev taklifini qoʻllab-quvvatladi va mustaqillikni orzu qilib yoki himoya qilib qon toʻkayotgan xalqlar koʻpligi haqida yozdi.

 

“Biz 32-yil davomida bir davlat qurdik, birovdan oldin, birovdan keyindir, yashayapmiz. Rivojlanishni istayapmiz, intilyapmiz. Shuncha yurt kezib, muammosiz davlatni koʻrmadim. Lekin mustaqillik orzu qilib yo uni himoya qilib, qon toʻkayotgan xalqlar koʻp. Mustaqillik boʻlsa, hammasi yaxshi boʻlishiga umid boʻladi, yoʻqsa bir emas, koʻp avlodlarning asosiy muammosi mustaqillikka erishish boʻladi – mustaqillik shu darajada muhim narsa.

 

Mustaqillik – bizning muqaddasotlarimizdan, bosh qadriyatlarimizdan biri. Uni xoh ichkarida, xoh tashqarida turib kamsitishga uringanlar, tahdid qilish u yoqda tursin qadrini oz boʻlsa-da pasaytirib gapirganlarga nisbatan choralar boʻlishi kerak. Bu koʻp millionli xalqning taqdiri, xavfsizligi va kelajagi haqidagi masala”, deb yozdi Soatova.

 

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Rossiyada imperiyachilik kayfiyati kuchayishi mumkinligi va bunga oʻzbek rasmiylari qanday javob berishi kerakligi haqida yozdi.

 

“Hali Ukraina yengilgani yoʻq, hali urush davom etayapti. Lekin, rossiyalik imperiyachilar, propagandachilar boshqalarga tajovuz qilishni boshlab yuborishdi. Sababi – ular “Ukrainani yutdik, endi navbat qolganlarga!” degan xulosaga kelib boʻlishdi. Agar Rossiya Ukrainani toʻliq va oson yutganida edi, bugun urush boshqa davlatlarda boʻlayotgan boʻlardi. Men bunga ishonaman. Balki, urush gibrid shaklida kechardi. Lekin, Putin Rossiyasi imperiyachilikdan voz kechmaydi. Bu kayfiyat kuchayishi mumkin, pasayishi mumkin. Lekin, yoʻqolmaydi.

 

Oʻzbekiston davlatchiligi, Tashqi Ishlar vazirligi Prilepin misolidagi imperiyachilarga sovuqqon, lekin uzil-kesil javob berishi kerak. Aks holda, bular andishani otini qoʻrqoq qoʻyishgan va qoʻyishadi. Javob yumshoq ham boʻlmasligi kerak, provokatsion ham boʻlmasligi kerak. Lekin, tajovuzkor imperiyachilarga milliy birligimiz va ruhiyatimizni koʻrsatib qoʻyishimiz kerak”, deydi siyosatshunos.

 

Shuningdek, Rabbimov Prilepin shaxsi haqida ham toʻxtaldi.

 

“Oʻzbekistonni bosib olishni taklif va targʻib qilayotgan Zaxar Prilepin bir vaqtlar muxolifatda boʻlgan. Qirim bosib olinishidan keyin Putinga munosabati oʻzgargan, ijobiylashgan. Ukraina urushiga qadar, Prilepin juda koʻp marta “Ukrainani bosib olish kerak!” degan chaqiriqlar bilan chiqqan. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan. Bugun esa, Prilepin, Kremlga yaqin siyosatchi sifatida Markaziy Osiyoni, Oʻzbekistonni bosib olish kerak degan fikrni oldinga surmoqda.

 

Prilepin – rasmiy siyosatchi, rasmiy roʻyxatdan oʻtgan partiya lideri, va “Spravedlivaya Rossiya” bilan birga tuzilgan koalitsiyada liderlardan biri. Yaʼni, Prilepinning bayonoti – Kremlning qarashi, loyihasi, kayfiyati boʻlish ehtimoli yuqori. Prilepin – emotsiyaga berilib gapirmadi. Oʻylanib, soʻz izlab, gapirdi. Davlat uchun jiddiy signal!”, deb yozadi Rabbimov.

 

Bloger Zafarbek Solijonov hukumat Kreml targʻibot mashinasini toʻxtatish haqida bosh qotirishi kerakligi haqida yozdi.

 

“Videoda migrantlar soni urgʻulanishi orqali Kreml bosimini his qilish mumkin. Ularning aksari esa avvalgi va hozirgi hukumat xatolarining hosilasi xolos. Davlatchilik mustahkamlanishi, fuqarolik jamiyati rivojlanishi, korrupsiya darajasi keskin kamayishiga xizmat qiluvchi va shu kabi boshqa muhim loyihalar ijrosi haliyam paysalga solinyapti. Bu esa bosqinchi buyuk davlatlar foydasiga xizmat qilaveradi. Ular xohlagan kayfiyatini koʻrsataveradi.

 

Ikkinchidan, ertaga rus bosqinchilari bostirib kelsa, darvozani ochib beradigan sotqinlar yuz minglab topilsa kerak. Kreml targʻibot mashinasi Oʻzbekistonga ham uzatiladigan telekanallarda aylanib yotibdi. Hukumat na ularni taqiqladi, na qarshi muqobil platforma yaratdi, na shu kabi targʻibotga qarshi munosabat beradigan, haqiqatni koʻrsatadigan faollarni qoʻlladi. Deputatlar qayerdagi bir shaxsning fikriga munosabat berishdan koʻra muhim savollarni oʻzimiznikilarga qaratsin”, deydi bloger.

 

“Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov ham birinchilardan boʻlib oʻz munosabatini bildirdi.

 

“Zaxar Prilepinning “Oʻzbekistonni bosib olish" tahdidi mutlaqo qabul qilib boʻlmaydigan holat.

 

Rus siyosatchilarining bunday qarashlari shubhasizki, oʻzbekistonliklar orasida Rossiya Federatsiyasiga salbiy munosabatni kuchaytirmoqda.

 

Uning tobora kamayib borayotgan nufuzini yanada pasaytirmoqda. Rus siyosatchilari agressiv kayfiyat va soʻzlar bilan doʻst orttirib boʻlmasligini anglab yetishi zarur.  Aynan shunday agressiv harakatlari doʻstona munosabatdagi mamlakatlar bilan aloqalarning yomonlashishiga sabab boʻlmoqda.

 

Ikkinchidan, Zaxar Prilepinni bunday harakat Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida qatʼiy ogohlantiramiz.

 

Uchinchidan, Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emas. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, Oʻzbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir.

 

Qolaversa, qariyb 60 ming aʼzoga ega boʻlgan Harakat nomidan Rossiya rasmiylarini ittifoqchi mamlakatga nisbatan bunday agressiv bayonotlarga eʼtibor qaratishga va batamom chek qoʻyishga chaqiraman.

 

Prilepin bu gaplari bilan Rossiya Konstitutsiyasining oʻzga davlatlar bilan tinch hayot kechirish, ichki ishlariga aralashmaslikni nazarda tutuvchi 79.1 moddasiga zid chiqmoqda”, deb yozdi Bekmurodov.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov ham oʻz fikrlarini bildirdi.

 

“Janob Prilepin shuni yaxshilab oʻqib oling! Oʻzbekiston MUSTAQIL, SUVEREN DAVLAT. Uni bosib olishga, unda oʻz hukmini oʻtkazishga, xorijiy til oʻrgatishga hech kimning haqqi yoʻq va bunday surbetlik bilan eʼlon qilingan fikrlar na xalqaro huquqqa, na sogʻlom aqlga toʻgʻri kelmaydi. Aksincha, urushni targʻib qilish – bu jinoyatdir.

 

Shuni gʻurur bilan aytamizki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik hukm surayotgani, bunyodkorlik ishlari izchillik bilan davom etayotgani, iqtisodimiz yuksalayotgani, sportchilarimiz zabt etayotgan shohsupalar, erishayotgan yutuqlarimizning barcha-barchasi mamlakatimiz qudratidan dalolatdir.

 

Bizning ulugʻ xalqimiz muqaddas huquqimiz – mustaqilligimizni hech kimga, hech qachon berib qoʻymaydi! Mustaqilligimizni, suverenitetimizni, davlat chegaralarimiz daxlsizligini himoya qilishga kuch-qudratimiz ham, jurʼatimiz ham yetarli”, deb yozdi deputat.

 

TIV Rossiya elchisini taklif qildi

 

Oʻzbekiston TIV rus siyosatchisining respublikani Rossiyaga qoʻshib olish haqidagi soʻzlari ortidan Rossiya elchisini taklif qildi.

 

Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida boʻlib oʻtgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya — za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning Oʻzbekiston hududini Rossiyaga qoʻshib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qatʼiy tarzda yetkazildi.

 

Rossiya kabi doʻst mamlakat partiya rahbarlarining bunday oʻylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi maʼlum qilindi, deyiladi bayonotda.

 

Rossiya OAVda keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda boʻlib, ikki xalq oʻrtasida oʻrnatilgan tarixiy doʻstona munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin, deb yozadi vazirlik.

 

Oʻz navbatida, Oleg Malginov toʻliq masʼuliyat bilan Prilepinning bayonotlari Rossiya rahbariyatining doʻst va mustaqil Oʻzbekiston toʻgʻrisidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yoʻqligini taʼkidladi.

 

Rossiyaning Oʻzbekistondagi vakili sifatida elchi “Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan”ini bildirdi.

 

Malginov, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa boʻyicha izoh berishni rejalashtirayotganini qayd etdi.

 

Mazkur voqealar fonida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Konstitutsiyaning 153-moddasidan iqtibos keltirib, Oʻzbekiston oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun yetarli Qurolli Kuchlarga ega ekanini eslatdi.

 

Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova rus siyosatchisi Zaxar Prilepinning Oʻzbekistonni Rossiyaga qoʻshib olish boʻyicha taklifiga munosabat bildirdi.

 

“Rossiya va Oʻzbekistonni har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bogʻlab turadi. Va bu shunchaki yoqimli ibora emas. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil oktyabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifining taʼsirchan yakunlari, ikki davlat rahbarlarining keng koʻlamli yigʻilishida hukm surgan iliq muhit buning yaqqol dalilidir”, — deya boshlanadi bayonot.

 

Qayd etilishicha, Rossiya 2004-yil 16-iyundagi strategik sheriklik va 2005-yil 14-noyabrdagi ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomalarga toʻliq sodiq. Oʻzaro majburiyatlarga koʻra, hamkorlik suverenitetni hurmat qilish, aralashmaslik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik asosida qurilgan. Ikki davlat vakillarining MDH, SHHT va BMTdagi faoliyati teng huquqlilik va manfaatlarni oʻzaro hisobga olish ruhi bilan sugʻorilgan.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, Prilepinning bayonotlari uning shaxsiy fikri hisoblanadi va Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasidan ancha uzoqda, dedi Zaxarova.

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19359
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16491
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi