Qovoq va qovachoqdan qolip va qoshiqqacha – Turkiy tillarga xos bo‘lgan qa (qo) o‘zakli so‘zlar tahlili


Saqlash
16:11 / 21.11.2023 1378 0

Bir necha yil oldin elimizning sermahsul yozuvchisi Nurali Qobul qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Quloq tutsam, “...Tezda Do‘rmonga, Yozuvchilarning ijod uyiga yetib keling. Bir odam bilan tanishtiraman, keyin xursand bo‘lasiz, indamay kelavering!” deb qoldi. Aytganiday, indamay bordim. Borsam, bir necha yozuvchi, shoir va noshirlar yig‘ilgan ekan. Ko‘pchiligini sirtdan tanir ekanman.  Shuning  uchun Nurali aka meni ularga tanishdirdi. Ular orasida Hayitboy og‘a (shoir Orolli O‘zbek)ni ko‘rsatib: “...Sizni mana shu odam so‘ratgani uchun chaqirdim. Ikkovlaring ham turkiy tilning tadqiqi bilan shug‘ullanasizlar. Tanishib olsalaring zo‘r bo‘ladi”, deya ikkimizni tanishtirib qo‘ydi.

 

Shu kuni Hayitboy og‘a bilan uzoq suhbatlashdik. Ikkimizning turkiy so‘zlardagi eng kichik o‘zaklar  tahlili haqidagi mulohazalarmiz uyg‘un edi. Qolaversa, og‘a mening “Oltoylar” kitobimni o‘qigan ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, rosa berilib bahs qildik, kun kech bo‘lgach Hayitboy og‘a meni Qibray yo‘lidagi bekatgacha yayov kuzatib ham qo‘ydi.

 

Hayitboy og‘a bilan suhbatimiz jarayonida mening e’tiborimni tortgan asosiy tezis “qa (qo)” o‘zakli so‘zlarning tahlili bo‘ldi. Aslida “qa” idish yoki qop ma’nosini anglatishi “Devonu lug‘atit-turk”da ham berilgan. Ammo Hayitboy og‘aning fikrlari menga tizimli, asosli va davomli, uning yondashuvi esa lug‘at boyligimizda saqlanayotgan  so‘zlarni etimologik tahlil qilishda maqbul ko‘rindi.

 

Shundan so‘ng bu borada Farrux Jabborov bilan ham bir necha bor mulohaza yuritdik. Shu g‘oyani rivojlantirish uchun yo‘l axtardik. Ammo bu ishimiz ancha kechikib ketdi. Va nihoyat, turkiy til sandig‘ida qolgan “qa” o‘zakli so‘zlarni bir jam qilib tahlil qilishga bel bog‘ladim va mazkur maqola yozildi. So‘z avvalida yana bir bor aytamiz, g‘oya O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Hayitboy Abdusodiqovga tegishli.

 

 

***

 

Ko‘hna tilning hali o‘rganilmagan jihatlari, ochilmagan qirralari, ajoyibotlari, tilsimlari juda ko‘p. Ammo bu tilsimlarni ochish uchun ham bir kalit kerak. Shunday kalitki, u bilan tilga oid har qanday tilsim ochilsin. Bizga qadimiy toshbitiklardagi, boshqa yozma yodgorliklardagi yoki xalq og‘zaki ijodida saqlanib kelayotgan so‘zlarning ma’no-mazmunini ochib bersin. To‘g‘ri, turkiy tillarning agglyutaniv[1] xususiyati, ya’ni o‘zaklarning buzilmasligi qaysidir jihatdan tilni tahlil qilishda qo‘l keladi. Inchunin, o‘zak so‘zlar ko‘pincha bir bo‘g‘indan tashkil topadi. Bo‘g‘in nutqda tovushlar talaffuz qilinadigan minimal birlik bo‘lib, so‘zning yadrosini tashkil qiladi. Shuning uchun nutqda so‘z tovushlarga emas, balki bo‘g‘inlarga bo‘linadi. Va, aynan shu bo‘g‘inlarda ma’no anglashiladi.

 

Ammo turkiy tillarda hozirgacha ochiq bo‘g‘inlar tahlilga tortilmagan. Garchi, uning nazariy asoslari bo‘lsa-da, bo‘g‘inni tashkil qiluvchi tovushlar va tovushlar birikmasining semantik tavsifi bo‘yicha tadqiqotlar juda kam. Agar shunday tahlillar ko‘paysa bu o‘z-o‘zidan tilni geneologik jihatdan o‘rganish, qiyosiy-tarixiy tahlil qilish tilga xos bo‘lgan xususiyatlarini qayta tiklash – rekonstruksiya qilish imkonini beradi.

 

Xo‘sh, bunda qanday uslublardan foydalanamiz?

 

Ma’lumki, turkiy xalqlar tillarining o‘rta asrlar va yangi davrdagi rivojlanishi turlicha kechgan. Shu davrdagi rivojlanish jarayonida yunon, arab, hind, fors, xitoy, mo‘g‘ul, rus yoki boshqa tillarning ta’siri katta bo‘lgan. Ulardan so‘zlarning o‘zlashtirilishi natijasida esa turkiy til o‘z qoliplaridan uzoqlashib borgan. Qadimgi turkiy tildagi so‘zlarning tarkibiga nazar solsangiz undagi harflar, bo‘g‘inlar, so‘zlar, iboralarning zamonaviy tillarda qanchalik shaklan va mazmunan o‘zgarishlarga uchraganiga guvoh bo‘lasiz. Tarixiy davrlarda yuzaga kelgan fonetik o‘zgarishlar bugungi turkiy tillardagi farqlarda aks etadi. Bu haqda Sh.Rahmatullayevning “O‘zbek tili lug‘atining turkiy qatlami”[2] nomli kitobida ko‘plab misollar keltirilgan. Olim o‘z kitobida tarixiy taraqqiyot davomida turkiy so‘zlarda yuz bergai turli-tuman tovush jarayonlari, turkiy so‘zlarning morfem tarkibi, tub deb qaraluvchi turkiy leksemalarning ayrim belgi va xususiyatlari haqida mulohazalar yuritgan.

 

Tildagi tovush o‘zgarishlari faqat o‘zbek tilida emas, balki barcha turkiy tillarda kuzatiladi. O‘zbek tilidagi ch tovushining qozoq tilida sh, boshqird tilida s tarzida yoki o‘zbek tilidagi s tovushining qozoq tilida sh, boshqird tilida x shaklida talaffuz qilinishi bunga misol bo‘ladi. Tovushlarning fonetik o‘zgarishlari o‘zak so‘zlarning leksik ma’nosiga unchalik ta’sir qilmaydi, lekin shakliga ta’sir qilish holatlari kuzatiladi. Bunga misol tariqasida “yog‘mir” so‘zining “yomg‘ir”ga o‘zgarganini ko‘rsatish mumkin. Bunda e’tibor berilsa yog‘ o‘zagi yomga o‘zgargan.

 

Sh.Rahmatullayev bir bo‘g‘inli tub turkiy leksemalar o‘zbek tili lug‘atining eng qadimgi qatlamini tashkil etishini tasdiqlab, ularning tovush ifodasini quyidagicha tasniflaydi: 1) unli (V), 2) unli + undosh (VS), 3) undosh + unli (SV), 4) undosh + unli + undosh (SVS), 5) undosh + unli + undosh + undosh (SVSS)[3].

 

Yuqorida aytganimizdek, mazkur maqolada biz turkiy tillarga xos bo‘lgan qa (qo), o‘zagidan yasalgan, ya’ni undosh + unli (SV) tovush ifodasiga ega bo‘lgan leksemalarni tahlil qilib ko‘ramiz. Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, “qa” o‘g‘uz tillarida “ka”, xakas, yakut, mo‘g‘ul tillarida “xa”, o‘zbek adabiy tilida “qo” shaklida keladi.

 

 

Ulgu

 

Turkiy so‘zlarning leksik ma’nolari haqidagi ilk ulgular Mahmud Koshg‘ariyning lug‘atida uchraydi. U o‘zining “Devonu lug‘otit-turk” asarida birinchi marta bo‘g‘inlar yoki bir nechta harflardan tuzilgan so‘zlarni ajratib ko‘rsatgan. Qa (qo) o‘zagi idish yoki qop ma’nosida kelishini ham Koshg‘ariy ko‘rsatib o‘tgan[4]. Shuningdek, asarda qat (SVS) – qavat, qi (SV) – yaqinlik, em (VS) – dori, sin (SVS) – qiyofa, gavda ma’nosini berishi  ham qayd etilgan[5].

 

“Qadimgi turkiy til lug‘ati”ni tuzgan I.V.Kormushin (qa I-qan, qara I-qaraqunaz), N.I.Letyaginalar (qana – qar-III, qarar-qazuq)  qa (qo)  leksemasi ustida ishlashgan[6]. V.V.Radlov esa o‘zining «Опыт словаря тюркских наречий» nomli asarida qa (qo) o‘zagidan yasalgan qacha loy idish, qachaq esa tuvak (gorshok), idish ma’nosini berishini keltirib o‘tadi[7].

 

Mahmud Koshg‘ariy qa (qo) so‘zining leksik ma’nosiga  to‘xtalganda negadir qa (qo)  faqat suyuq narsalar solinadigan idishga nisbatan qo‘llanilishini aytib o‘tgan. Ammo shu bilan birga aynan o‘sha joyda ushbu o‘zakdan yasaladigan qap-qanor, qap-qapchiq kabi juft so‘zlarning qaqacha shaklidagi talaffuzini ham keltirib o‘tganki, bu o‘z-o‘zidan boshqa narsalar solinadigan idish ma’nosini beradi[8]. Zamonaviy turkiy tillarda qa (qo) o‘zagidan yasalgan so‘zlarda idish yoki qop ma’nosidan tashqari qolip, eshik, qopqoq, biron narsani qamrash yoki qopla, qavat ma’nolari ham uchraydi.

 

O‘zbek tilining imlo lug‘atiga kiritilgan idish, qop, eshik, qolip, qopqoq ma’nosidagi qa (qo) o‘zakli so‘zlar quyidagilar: qobiq, qovoq, qovun, qovuz, qovga, qovzoq (po‘stloq), qovachoq, qolip, qop, qopchiq, qopqoq, qorin, qoriq, qozon, qoshiq. Ulardan uchtasi qovoq (bot.), qovg‘a (suv idishi), qoriq (qon solinadigan idish), qozon va qoshiq aniq idish ma’nosini beradi. Qop, qopchiq, qovuz, qorin biron narsani solib qo‘yadigan narsa, qobiq, qovzoq, qovachoq po‘stloq ma’nosini beradi. Qolip esa biron narsani yasash uchun maxsus tayyorlangan andaza hisoblanadi va aslida u ham idish ma’nosini anglatadi.

 

Qadimgi  turkiy tilda idish ma’nosini beruvchi qaban (patnis), qabirchaq (sandiq), qacha (loy idish), qadiz (po‘stloq), qaltuq (ho‘kiz shoxidan yasalgan qadah), qamich (cho‘mich), qap yoki qapay (eshik), qas (daraxt po‘stlog‘i), qasuq (mesh), qating (ko‘za) kabi o‘nlab so‘zlar ishlatilgan[9]. Ular orasidagi qabirchoq oltoy tilida qayirchoq shaklida, sandiq ma’nosida saqlanib qolgan. V.V.Radlov tahlilida qacha sopol kosa, qachaq esa tuvak (gorshok) ma’nosini berishini yuqorida keltirib o‘tgan edik. Turkman olimi S.Ataniyazov ushbu so‘zning zamonaviy turkman tilidan unutilganini, ammo shu o‘zakdan qap-qach (idish-tovoq) so‘zining saqlanib qolganini qayd etgan. Shuningdek, S.Ataniyazov «Слова, означающие футляр для пиал в диалектах туркменского языка» nomli maqolasida  teridan tikilgan chelak ma’nosini beruvchi qava so‘zini ham keltirib o‘tgan[10].

 

Oltoy tilida boshqa turkiy tillarda saqlanmagan qo‘yidagi so‘zlar ham saqlanib qolgan: qaargish (qovurgich) – tova, skovorodka, qabay – beshik, qalbak – qoshiq,  qapchuur – teridan tikilgan qopcha[11]. Qumandin dialektida cho‘michni qalaq, tog‘orani qarit deb atashadi[12].

 

Ervand Sevortyanning “Turkiy tillar etimologik lug‘ati” nomli turkum kitoblarida K va Q harflari bilan boshlanadigan so‘zlarga alohida bitta jild ajratilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu boradagi Ervand Sevortyanning tahlillari etimologik asoslanganlik jihatidan ancha  ishonchliroq. Inchunin, u birgina qa so‘zining ma’nolari bo‘yicha umumoltoy tillaridan 20 dan ziyod so‘zlarni keltirgan va ularning turli tillarda turlicha ma’no berishini ham tahlil qilib chiqqan:

 

1.                 Qop;

2.                 Idish;

3.                 G‘ilof;

4.                 Qo‘zoq, po‘choq;

5.                 Bachadon;

6.                 Quti.

 

Shuningdek, u qop ma’nosini beruvchi, ammo bir-biridan farq qiladigan yana uchta so‘zni tahlil qiladi. Bular: 1. qapturg‘ay – katta  qop; 2. qapturg‘uch – charm  qop; 3. qapturg‘ich – qopning og‘zini bog‘laydigan metal qistirgich.

 

E.Sevortyanning tahlillari biz turkiy deb o‘rganayotgan ayni o‘zakning umumoltoy leksemasi sifatida taqdim etilishi ham e’tiborga molik.

 

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki,  vazifaviyligiga ko‘ra qa (qo) o‘zakli so‘zlar idish, qop, g‘ilof, eshik, qopqoq yoki qobiq, biron narsaning ustidan qoplab turuvchi ma’nolarida ishlatilar ekan.  Keling, quyida so‘zlarni shu tasnif asosida tahlil qilamiz.

 

Qa (qo) o‘zakli idish ma’nosini beruvchi so‘zlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Misol uchun, qazan (qozon) so‘zini olsak, bu so‘z barcha turkiy tillarda saqlangan, shu bilan birga ayrim fors va yevropa xalqlari tomonidan ham keng qo‘llaniladi. O‘zbek olimasi Sh.Usmanova o‘zining “Oltoy tillarida mushtarak maishiy leksika” nomli kitobida qozon ovqat pishirishga mo‘ljallangan idishlarning ibtidoiysi ekanini aytib o‘tgan. Shuningdek, Sh.Usmanova ushbu so‘zning etimologiyasi xususida to‘xtalar ekan,  H.Vamberining qozon so‘zi  qaz (qazimoq)  o‘zagidan kelib chiqqan, degan taxminini ham keltirib o‘tadi[13]. Agar shu fikrga e’tibor qaratilsa, demak qazish oqibatida biron chuqur hosil qilinishi, har qanday qazilgan joy esa idish xususiyatiga ega bo‘lishi haqida fikr qilish mumkin. Ammo hozir gap bitta undosh q va bitta unli a tovushlari birikuvidan hosil bo‘lgan qa o‘zagi haqida ketayotgani va qa ga z qo‘shib hosil qilingan faqat bittagina so‘z borligini inobatga olib, bu haqda hukm chiqarishga shoshilmaymiz.

 

Qashuq (qoshiq)ni tasniflayotganda Sh.Usmonova bu so‘zning turkcha “qash” – “yog‘och kosa” so‘zi bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratgan. Olimaning turkiy tillarda sigmatizm hodisasi mavjudligi, ya’ni turkiy tildagi sh undoshining l lateral undoshidan taraqqiy etganiga asoslangan holda quyidagi qiyosni keltirib o‘tgani ham e’tiborga molik. “Qiyoslang: proto-turkiy tilda qalaq – “qoshiq”, “kurak”; proto-mo‘g‘ul tilida  qalbuga “qoshiq”, “cho‘mich”, “kurak”; proto-tungus-manjur tilida qalan – “qozon”, “xalta”; proto-koreys tilida qaraq – “tayoq”; proto-yapon tilida qasira – “idishning bir turi”; umumoltoycha proto-shakl qala – “bir joyga to‘plamoq”. Zamonaviy mo‘g‘ul tilida qoshiq – xalbaga (qalbag‘a) deyiladi. Bundan ko‘rinadiki, ayni leksema turk tilidan o‘zlashgan. Chunki mo‘g‘ul tilida qoshiq ma’nosini beruvchi uxar (yog‘och qoshiq), shanag‘an kabi boshqa variantlari ham bor[14]. Demak, Sh.Usmonovaning bu tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, gipotetik oltoy tillarining qarindoshligini isbotlashda eng kichik leksemalarni qiyosiy tahlil qilish orqali yondashish yaxshi natija berishi mumkin. Shu o‘rinda turkiy tillarning bulg‘or guruhiga mansub chuvash tilida qoshiq qashaq shaklida saqlanganiga ham e’tibor qaratish lozim[15].

 

Ma’lumki, qovoq, qovun kabi so‘zlar aslida palak otib o‘sadigan o‘simlikning mevasi ma’nosini beradi. Qovoq bir necha ma’nolarda qo‘llaniladi: hosili (asosan ko‘zaga o‘xshash) idish bo‘ladigan qovoq, osh qovoq, dastmol (hosili idishlarni yuvish uchun ishlatiladigan) qovoq,  cho‘mich qovoq, do‘mbira qovoq, nosqovoq. Shuningdek, ko‘zni qoplab turadigan qovoq tushunchasi ham bor. Bundan ko‘rinadiki, qovoq so‘zi har doim idish yoki biron narsaning qobig‘i ma’nosida keladi. Qovun ham qovoqdoshlar oilasiga mansub, o‘z-o‘ziga idish bo‘ladigan poliz mevasi sanaladi. Demak, uni ham idish sanash mumkin. Biroq tarvuz ham qovoqdoshlar oilasiga mansub bo‘lsa-da, o‘zbek tilidagi bu so‘zda qa (qo) bo‘g‘ini yo‘q. Shu o‘rinda tarvuzning boshqa tillardagi talaffuziga e’tibor qaratamiz: ozarboyjoncha – qarpız, turkcha – karpuz, tatarcha, boshqirdcha – qarbuz, turkmancha – garpyz, qozoqcha – qarbiz[16]. O‘zbek tilining qipchoq shevalarida ham qorbiz shaklida talaffuz qilinadi. Chuvash tilida qovun – tin deyiladi va bu slavyancha дыня so‘zining o‘zlashgan varianti bo‘lishi mumkin. Ammo qovoq qavan deyiladi[17].

 

Qovg‘a – suv idishi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida qovg‘aning ikki xil ma’nosi berilgan:

 

1. Yog‘och paqir;

 

2.  Ichi g‘ovak va yumshoq, bardiga o‘xshash  ko‘p yillik o‘simlik[18].

 

Qovg‘aning boshqa ma’nolari ham bor. Osmon (ekliptika) burjlaridan biri ham qovg‘a (vodoley) deb ataladi. Qadimgi turkiy tilda chelak – qava deb atalgan[19]. Kemaga kirgan suvlarni chiqarib turuvchi kishini qavg‘achi deb atashgan.

 

Qoriq – qon idish. O‘zbek tilining izohli lug‘atida qoriqqa tabobatda ishlatiladigan, sigirning shoxidan maxsus tayyorlangan asbob, qortiq deb izoh berilgan[20]. Ammo xalq orasidagi istilohotda chorva mollarini so‘yganda qoni solinadigan idish (kosa) ham qoriq deb ataladi. Qozoq tilida qariq deb sun’iy ariqni aytishadi[21].

 

Qadimgi turkiy tilda qaban patnis, qaltuq – ho‘kiz shoxidan yasalgan qadah, qamich cho‘mich, qasuq mesh, qatingko‘za, oltoy tilida saqlangan qovurgich (qaarg‘ish) – tova (skovarodka), qalbaq – qoshiq, qanaq – chelak, qaydasin – temir chelak bo‘ladi. V.Radlov taklif qilgan qacha – loy idish, qachaq – tuvak so‘zlari ham idish ma’nosini beradi.

 

Qa (qo) o‘zakli qop ma’nosini beruvchi so‘zlar qo‘yidagicha: Qop, qopcha, qopchiq, qovuz, qorin narsalarni solib qo‘yish uchun tikib tayyorlagan buyum sanaladi. Qop – mato, teri yoki boshqa materiallardan tikiladigan katta hajmdagi, qopchaesa kichikroq hajmdagi buyum sanaladi. Oltoy tilida xurjunni qap deb atashadi[22]. Qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq tillarida qopchiq ham qap ma’nosida ishlatiladi[23],[24]. Oltoy tili va o‘zbek tilining qipchoq lahjasida esa qopchiq hamyon ma’nosida ishlatiladi. Oltoylar hamyon ma’nosida aqchaqap so‘zini ham ishlatishadi. Va oltoy tilida qapchuur deb nomlanadigan chaqmoqtosh, pilik yoki  o‘q solish uchun mo‘ljallab teridan tikilgan qapchiq (o‘qdon) so‘zi  ham saqlangan. Tatar tilida qop leksemasi qap, quti (ber qap shirpi, korobka spichek), g‘ilof ma’nolarida qo‘llaniladi[25]. Ayrim turkiy tillarda poyabzal ham oyoq qopi (turk. ayakkabı; ozarb. ayaqqabi; turkman. ayakgap)[26] deb ataladi.

 

Qonar. Qipchoq shevalarida qonar degan turkiy so‘z mavjud va u kamida o‘n pud bug‘doy (160 kg) sig‘adigan ulkan qopga nisbatan ishlatiladi: Paxta terip, qanarg‘a to‘gip keteber[27]. Ayni so‘z o‘zbek tilining imlo lug‘atiga qanor shaklida qabul qilingan.

 

Qovuz – ichiga ko‘pincha archa yaprog‘i yoki boshqa tabiy narsalar solib tikiladigan beshik to‘shagi. Bu so‘z ayrim viloyatlarda qovuzloq, qovuzg‘oq shaklida, o‘zbek tilining qipchoq lahjasida esa qobiz shaklida ishlatiladi. Qipchoq lahjalarida qavuz donning po‘sti, kepagi ma’nosida ham qo‘llaniladi: Apkegen sabanin qavuz saban yeken, siyirimman yekevmiz sana duva berib jatirmiz[28].

 

Qorin – hayvon yog‘i solib qo‘yish uchun ishlatiladigan, qora mol yoki qo‘yning qornidan tikiladigan to‘rva. Shimol xalqlari unda salo tayyorlaydi. O‘zbekistonning chorvachilikka ixtisoslashgan tog‘ hududlarida saryog‘ kuvida pishib tayyorlangach, uni qorinda saqlashadi.

 

Qovuq (anat) inson organizmidagi siydik to‘planadigan  xaltasimon a’zo sanaladi. M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida keltirilishicha, qadimgi turkiy tilda ichi bo‘sh narsa ham qavuq deyilgan[29].

 

M.Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk” asarida qop (eshik) o‘zagidan yasalgan yana uchta  qapug‘ (eshik), qapg‘a (qopqa, darvoza), qapqaq kabi so‘zlar ham keltirilgan bo‘lib, ularda biron xona, hovli (sath) yoki idishni yopib turish ma’nosi mavjud[30]. Bu yerdagi qapqa so‘zi zamonaviy o‘zbek tilida ham osmon qopqasi, shahar qopqasi shakllarida keng qo‘llaniladi. Qozoq tili lug‘atida qopqa va qopqoq fonetik o‘zgarishlar bilan qaqpa va qaqpaq shaklida keladi[31]. Bundan ko‘rinadiki, qa (qo) o‘zagi eshik, qopqoq yoki yopinchiq ma’nosida ham qo‘llanilishi mumkin ekan.

 

Qolip va po‘stloq ma’nosidagi so‘zlar. Qolip leksemasi qo o‘zagidan yasalsa-da, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da bu so‘z arabcha deb ko‘rsatilgan[32]. Ammo bu izoh to‘g‘ri emas. Arab tilida qolip o‘rniga muhr so‘zi ishlatilgan. Qolip leksemasi esa deyarli barcha turkiy tillarda bor va u biror buyumni yasash uchun maxsus tayyorlangan andazani anglatadi. Agar qolip arabcha so‘z bo‘lganida u arab tili mutlaqo integratsiyalashmagan oltoy yoki yakut (saxa) tilining lug‘atida bo‘lmas edi. Oltoy tilida bu so‘z “qalip” shaklida yoziladi va shunday talaffuz qilinadi: (Uchulezi bir qaliptan edilgen ulus deyten (B.Bedyurov), (tarj: Uchalasi bir qolipdan chiqqan odamlar deyishar edi)[33].

 

Qobiq, qovzoq (po‘stloq), qovachoq kabi so‘zlar biror narsaning qobig‘ini anglatadi. Qobiq – po‘st, po‘stloq, qovzoq – dukkakli o‘simliklar doni va makkajo‘xori so‘tasi po‘stlog‘i, qovachoq esa paxtasi sug‘urib olingan ko‘sak ma’nosida qo‘llaniladi[34]. Oltoy tilining qumandin dialektida po‘stloqning qag‘ash (qagash) varianti ham bor. Biron narsani yopinish qag‘ashtiyar deyiladi[35]. M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida to‘n (chopon)ning qaftan varianti ham keltirilgan[36].

 

Qa (qo) o‘zakli leksemalar bo‘yicha tahlillarni umumlashtirish shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy turkiy tillarda qa (qo) o‘zagidan yasalgan va idish, qop, qobiq, qavat, yopinchiq, qopqoq (eshik) ma’nolarini beruvchi yuzlab so‘zlar uchraydi. Quyida shu so‘zlarning jadvalini keltiramiz:

 

T/r

  leksema

ma’nosi

Manba

1.                 

qaba

ustki kiyim

NAL (Navoiy asarlari lug‘ati)[37]

2.                 

qabay

beshik

Altay-Orus Sozluk[38]

3.                 

qaban

patnis

QTL (DTS)[39]

4.                 

qabar

pufak (o‘t pufagi), qavariq.

Sevortyan E.V.[40]

5.                \

qabat

qavat, qat

Sevortyan E.V.[41]

6.                 

qabz(a)

changal, o‘rab olish

NAL

7.                 

qabiq

qobiq

O‘TIL[42]

8.                 

qabirchoq

sandiq

Altay-Orus Sozluk

9.                 

qava

teridan tikilgan chelak

S.Ataniyazov[43]

10.             

qava

chelak

DLT[44]

11.             

qaval

ichi bo‘sh idish

Sevortyan E.V.[45]

12.             

qavan

qovoq

Chuvashsko-russkiy slovar[46]

13.             

qavaq

qovoq

O‘TIL

14.             

qavachaq

paxtasi sug‘urib olingan ko‘sak

O‘TIL

15.             

qavzoq

dukkakli o‘simliklar doni va makkajo‘xori so‘tasi po‘stlog‘i

O‘TIL

16.             

qavuz

archa yaprog‘i yoki boshqa tabiiy narsalar solib tikiladigan beshik to‘shagi

O‘TIL

17.             

qavun

qovun

O‘TIL

18.             

qavuzloq, qovuzg‘oq

donning po‘sti

O‘TIL

19.             

qavuq

1. inson organizmidagi siydik to‘lanadigan  xaltasimon a’zo;

2. ichi bo‘sh narsa

DLT

20.             

Qavurgich (qaarg‘ish)

tova, skovorodka

Altay-Orus Sozluk

21.             

qavg‘a

1. yog‘och paqir;

2.  ichi g‘ovak va yumshoq, bardiga o‘xshash  ko‘p yillik o‘simlik;

3.burj.

O‘TIL, NAL,

22.             

qadiz

po‘stloq

DTS

23.             

qazan

qozon

O‘TIL

24.             

qaziq

yer qazadigan asbob – belkurak

Sevortyan E.V.[47]

25.             

qayizg‘aq

savat

Sevortyan E.V.[48]

26.             

qayiq

qayiq

Umumturkiy so‘z

27.             

qalan

qozon (proto-tungus-manjur tilida)

Sh.Usmonova[49]

28.             

qalaq

cho‘mich

Кумандинско-русский словарь[50]

29.             

qalbag‘a

qoshiq (mo‘g‘ul)

Большой академический монгольско-русский словарь[51]

 

30.             

qalag‘ash

xamir solib aralashtiriladigan idish, kurakcha, xokandoz

Sevortyan E.V.[52]

31.             

qalbaq

qoshiq

Altay-Orus Sozluk

32.             

qalip

qolip

O‘TIL

33.             

qaltuq

ho‘kiz shoxidan yasalgan qadah

DLT

34.             

qamich

cho‘mich

DTS

35.             

qamrash

o‘rab olish, qamrash

O‘TIL

36.             

qanar

kamida o‘n pud bug‘doy (160 kg) sig‘adigan ulkan qop (laqay va boshqa qipchoq shevalari)

Nazarov N.[53]

37.             

qap

qop

O‘TIL

38.             

qap

quti, g‘ilof (tatar tili)

Татарско-русский словарь[54]

39.             

qap

xurjun (oltoy tilida)

Altay-orus sozlik

40.             

qap

eshik, darvoza

DLT

41.             

qapay

eshik

DLT

42.             

qapug‘

eshik, darvoza

DLT

43.             

qapchuur

teridan tikilgan qopchiq (o‘qdon)

Altay-orus sozlik

44.             

qapchiq

hamyon

Altay-orus sozlik

45.             

qapqa (qapg‘a)

eshik, darvoza

DLT

46.             

qapqaq

qopqoq, yopgich

O‘TIL

47.             

qap-qach

idish-tovoq

Ataniyazov S.[55]

48.             

qarbiz

tarvuz

translate.google.com

49.             

qarin

1. qorin;

2. hayvon yog‘i solib qo‘yish uchun ishlatiladigan qora mol yoki qo‘yning qornidan tikiladigan to‘rva

O‘TIL

50.             

qarit

tog‘ora

Кумандинско-русский словарь

51.             

qariq

qon solinadigan idish

O‘TIL

52.             

qarma(sh)

o‘rash, qamrash

NAL

53.             

qars

ustki kiyim, ro‘mol, yopinchiq

Sevortyan E.V.[56]

54.             

qas

daraxt po‘stlog‘i

Кумандинско-русский словарь

55.             

qasir

idishning bir turi (yaponcha)

Sh.Usmonova

56.

qasiq

siydik qopi, chuqurcha, qorinning ostki qismi

Sevortyan E.V.[57]

57.             

qasuq

mesh

DTS

58.             

qating

ko‘za

DTS

59.             

qaftan

to‘n

DTS

60.             

qacha

loy idish

Radlov V.V.[58]

61.             

qash

yog‘och kosa (turkcha)

Sh.Usmonova

62.             

qashaq

qoshiq

Чувашско-русский словарь.[59]

63.             

qashiq

qoshiq

O‘TIL

64.            qach

qacha

sopol kosa

Sevortyan E.V.[60]

65.             

qachaq

tuvak

Radlov V.V.

66.             

qaqacha

qop, qopchiq, sumka

DLT

67.             

qaqpa va qaqpaq

qopqoq (qozoq)

Казахско-русский словарь[61]

68.             

qag‘ash

po‘stloq

Кумандинско-русский словарь

 

E’tibor bergan bo‘lsangiz, jadvalda turli tillar lug‘atidan va turli davrlarda ijod qilgan turkologlarning asarlaridan iqtiboslar olingan. Bundan maqsad esa qa (qo) o‘zagining avvalo turkiy qatlamga, qolaversa protooltoy davriga taalluqli ekanini ko‘rsatish edi.

 

Mazkur tadqiqot ishidan kelib chiqadigan mulohazalarga tayanib xulosa kilish mumkinki, qadimgi turkiy til kichik leksemalardan tarkib topgan. Bu haqdagi tadqiqotlar Mahmud Koshg‘ariydan boshlanib bu kungacha davom etib kelmoqda. Ular orasida eng mashhur turkologlar A.Dulzon, N.Poppe, G.Ramsted, V.Rassadin, E.Sevortyanlar muhim o‘rin tutadi. Bu tadqiqotchilar orasida eng tartiblisi va tizimlisi, shubhasiz, Ervand Sevortyanga tegishli.

 

Yuqorida keltirilgan qa (qo) o‘zakli leksemalar o‘zining tarixiy-etimologik asoslariga ega bo‘lsa-da, ushbu o‘zak bilan boshlanadigan so‘zlarning hammasida ham ayni ma’no topilmaydi. Misol uchun, qor, qora, qosh, qon kabi so‘zlarning ma’nosi butunlay boshqacha. To‘g‘ri, qadimgi davrda ushbu ma’noni tashiydigan so‘zlar ancha ko‘proq bo‘lgan, ammo tarixiy evrilishlar jarayonida ularning o‘rnini boshqa so‘zlar egallagan va tub so‘zlar unutilib ketgan. Ayniqsa, harflarning o‘zgarishi sabab so‘zlar fonetik o‘zgarishlarga uchragan: tatar va oltoy tillarida talaffuzda q tovushi ishlatilsa-da, uning o‘rniga k qo‘llanilishi sabab qa va ka o‘zakli so‘zlarni farqlab olish qiyin kechadi.

 

Keyinchalik bu leksemalarga grammatik qo‘shimchalar qo‘shish tufayli boshqa so‘zlar yasalgan. Asrlar o‘tishi davomida esa bu so‘zlar sayqallanib, rivojlanib borgan. Ammo shu bilan birga o‘zgarishlarga uchrab, asl ma’nosi va turkiy qoliplaridan ham uzoqlashib borgan. Agar ushbu leksemalarning o‘ziga xos xususiyatlari qaytadan o‘rganilsa, tadqiq etilsa, haqiqiy turkiy so‘zlar hisobiga  til boyligini oshirish imkoniyatini beradi. Masalan, bugungi kunda o‘zbek tilida tova (рус. сковородка) so‘zi bor. Oltoy tilida esa uning qovurgich (qaarg‘ish) shakli saqlangan. Ayni so‘zning yakut (saxa) tilida xobordoobu, ozarboyjonchada  qızartma qab (qop) va gaurgish, qozoqchada quirug‘a arnalg‘an tabaq variantlari bor. E’tibor bersangiz, qozoq tilida qovurishga mo‘ljallangan tovoq degan ibora ishlatilgan. Qiyosiy metod ulardan eng maqbulini tanlash imkonini beradi.

 

So‘nggi xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, qadimgi turkiy tildagi bir o‘zakli, ma’no yuklangan leksemalarni qiyosiy tahlil qilish bobotildagi ko‘plab so‘zlarni qayta tiklash (rekonstruksiya qilish), tillar o‘rtasidagi genetik qarindoshlikni aniqlash, ya’ni tillarning geneologik tasnifi yaratish imkonini beradi. Bu esa zamonaviy tillar lug‘atini boytish uchun zamin yaratadi.

 

Anvar BO‘RONOV,

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi



[1] Agglyutinativ tillar (lot. agglutino – qo‘shilish) – so‘z o‘zagi yoki negizi buzilmaydigan, ularga qo‘shimchalar qo‘shilishi (ulanishi) natijasida yangi so‘zlar hosil bo‘luvchi tillar.

[2] Rahmatullayev Sh. “O‘zbek tili lug‘atining turkiy qatlami”. “Universitet”. Toshkent. 2001.

[3] Rahmatullaev Sh. “O‘zbek tili lug‘atining turkiy qatlami”. “Universitet”. Toshkent. 2001. – B. 8.

[4] Koshg‘ariy. M. “Devonu lug‘otit-turk”. I jild. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1963. – B. 386.

[5] Koshg‘ariy. M. “Devonu lug‘otit-turk”. I jild. Indeks-lug‘at. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1967. – B. 359, 360.

[6] Древнетюркский словарь. Изд. «Наука». Ленинград. 1969. – С. 4.

[7] Радлов В.В. Опыт словаря тюркских наречий. Т. 2. СПб., 1699, – С. 333-334.

[8] Koshg‘ariy M. “Devonu lug‘otit-turk”, III jild. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1963. – B. 228.

[9] Древнетюркский словарь. Изд. “Наука». Ленинград. 1969. – С. 399–439.

[10] Атаниязов. С. Слова, означающие футляр для пиал в диалекта х туркменского языка. Журнал «Советская тюркология» №1. Баку. 1985.

[11] Алтайско-русский словарь/ Алтай-орус созлик. БНУ РА «НИИ алтаистики им. С.С.Суразакова», Горно-Алтайск. 2018. – С. 244, 267.

[12] Кумандинско-русский словарь. Изд. “Бийский котельщик”. Горно-Айлтайск.1995. – С. 17.

[13] Usmanova Sh. Oltoy tillarida mushtarak maishiy leksika. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 2010. – B. 31-32.

[14] Большой академический монгольско-русский словарь. Изд. «Academia». Москва. 2001.

[15] Чувашско-русский словарь: изд. «Русский язык». Москва. 1985. – С. 150.

[16] https://translate.google.com/?hl=ru&sl=ru&tl=kk&text=%D0%B0%D1%80%D0%B1%D1%83%D0%B7&op=translate

[17] Чувашско-русский словарь: изд. «Русский язык». Москва. 1985. – С. 130.

[18] O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Q harfi. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008. – B. 322.

[19] Koshg‘ariy M. “Devonu lug‘otit-turk» I jild. «Fan» nashriyoti. Toshkent. 1963. – B. 147.

[20] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Q harfi. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008. – B. 344.

[21] Qazaqstan»: Ulttiq ensiklopediya / Bas redaktor E.Nisanbayev – Almati «Qazaq ensiklopediyasi» Bas redaksiyasы, 1998-jil.

[22]Алтайско-русский словарь/ Алтай-орус созлик. БНУ РА «НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова», Горно-Алтайск. 2018. – С. 282.

[23] Бектуров Ш., Бектурова А.  Казахско-русский словарь. Изд. «Фолиант». Астана. 2001. – С. 142.

[24] Киргизско-русский словарь. Ред. «Киргизский советской энциклопедии». Фрунзе. 1985. – С. 342.

[25] Татарско-русского словаря. Библиотека Болгарика. Казан. 1966. ­– С. 362.

[26] https://translate.google.com/?hl=ru&sl=ru&tl=tt&text=%D0%BE%D0%B1%D1%83%D0%B2%D1%8C&op=translate

[27] Nazarov N. Laqaylar: dialektologiya va frazeologiya. Toshkent-2010. – B. 319.

[28] Nazarov N. Laqaylar: dialektologiya va frazeologiya. Toshkent-2010. – B. 313.

[29] Koshg‘ariy M. “Devonu lug‘otit-turk” Indeks-lug‘at. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1967. – B. 369.

[30] Koshg‘ariy M. “Devonu lug‘otit-turk” (indeks-lug‘at). “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1963. – B. 349.

[31] Бектуров Ш., Бектурова А.  Казахско-русский словарь. Изд. «Фолиант». Астана. 2001. – С. 142.

[32] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Q harfi. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008. – B. 322.

[33] Алтайско-русский словар/ Алтай-орус созлик. БНУ РА «НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова», Горно-Алтайск. 2018. – С. 272.

[34] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Q harfi. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008. – B. 317-318.

[35] Кумандинско-русский словар. Изд. «Бийский котелщик». Горно-Айлтайск. 1995. – Б. 15.

[36] Koshg‘ariy M. “Devonu lug‘otit-turk” Indeks-lug‘at. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1967. – B. 357.

[37] Navoiy asarlari lug‘ati. G‘.G‘ulom nashriyoti. Toshkent. 1972 yil.

[38] Алтайско-русский словар/ Алтай-орус созлик. БНУ РА «НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова», Горно-Алтайск. 2018.

[39] Древнетюркский словар. Изд «Наука». Ленинград. 1969.

[40] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы”, 1997. – С. 165.

[41] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 166.

[42] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi nashriyoti. Toshkent. 2008.

[43] Атаниязов С. Слова, означающие футляр для пиал в диалекта х туркменского языка. Журнал «Советская тюркология» №1. Баку. 1985.

[44] Koshg‘ariy M. “Devoniu lug‘otit-turk” I jild. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 1963.

[45] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 171.

[46] Чувашско-русский словар: изд. «Русский язык». Москва. 1985.

[47] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 191.

[48] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 191.

[49] Usmanova Sh. Oltoy tillarida mushtarak maishiy leksika. “Fan” nashriyoti. Toshkent. 2010.

[50] Кумандинско-русский словар. Изд. «Бийский котелщик». Горно-Айлтайск. 1995.

[51] Большой академический монголско-русский словар. Изд. «Academia». Москва. 2001.

[52] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 231.

[53] Nazarov N. Laqaylar: dialektologiya va frazeologiya. Toshkent-2010.

[54] Татарско-русский словар. Библиотека Болгарика. Казан. 1966.

[55] Атаниязов С. Слова, означающие футляр для пиал в диалекта х туркменского языка. Журнал “Советская тюркология» №1. Баку. 1985.

[56] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 312.

[57] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 331

[58] Радлов В. В. Опыт словаря тюркских наречий. Т. 2. СПб., 1699.

[59] Чувашско-русский словарь: изд. «Русский язык». Москва. 1985. – С. 150.

[60] Этимологический словар тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на буквы К и Q. М: «Языки русской културы», 1997. – С. 342

[61] Бектуров Ш., Бектурова А.  Казахско-русский словар. Изд. «Фолиант». Астана. 2001. – С. 142.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19341
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16447
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi