Maoizm — marksizmning haligacha “tirik” vorisi. Bu qanday gʻoya va u nega hali ham mashhur?


Saqlash
11:11 / 17.11.2023 692 0

 

Xitoy kommunizmi asoschisi Mao Szedun oʻz mamlakatida SSSR marksizmidan farq qiluvchi siyosiy tizim qurgandi. Uning 27 yillik hukmronligi davrida Xitoyda maoizm siyosiy gʻoyasi shakllandi va amaliyotga joriy etildi. “Katta sakrash”, “Madaniy inqilob” kabi millionlab insonlar oʻlimiga olib kelgan muvaffaqiyatsiz dasturlarga qaramay maoizm bugungi kunda ham, ayniqsa, oʻta soʻl gʻoyalar tarafdorlari orasida ancha mashhur.

 

Maoizm qanday gʻoya?

 

Maoizm — Xitoyda Mao Szedun tomonidan yaratilgan sotsialistik-kommunistik taʼlimotdir. Ushbu taʼlimot baʼzi farqlarga ega boʻlsa-da, marksizm-leninizm tamoyillariga asoslanadi.

 

Xitoy ozodligi uchun Yaponiya bilan kurashib, mustaqil davlatning yangi rahbariga aylangan Mao Szedun mamlakatda asosiy ittifoqchi — SSSRdagi kabi kommunizm qurishga qaror qiladi. Bu yoʻlda u bolsheviklardek terror va repressiyalardan foydalanadi.

 

Szedun hokimiyatni egallash uchun marksizmdagi “qurolli inqilob” gʻoyasidan foydalangandi. U hukmron Gomindan partiyasi bilan fuqarolar urushini olib boradi va gʻalabaga erishib, Gomindan tarafdorlari, boylar va burjua qatlamini mamlakatdan quvgʻin qiladi.

 

Xitoy inqilobi rahbari Mao Szedun

 

Mao Szedun faoliyati shuni koʻrsatadiki, maoizm markazida SSSR kommunizmdagi kabi kuch va zoʻravonlik turadi. Xitoyda amalga oshirilgan va millionlab insonlar oʻlimiga sabab boʻlgan “Katta sakrash”, “Oʻnglarga qarshi kampaniya”, “Madaniy inqilob” loyihalari buning isbotidir.

 

Maoizmning marksizm-leninizmdan yaqqol ajralib turuvchi gʻoyaviy tomonlari ham mavjud. Xususan, maoizmga koʻra, sotsialistik inqilobni marksizmdagi kabi ishchilar sinfi (proletariat) emas, balki dehqonlar sinfi amalga oshiradi va boshqaradi.

 

Maoizm va marksizm oʻrtasida bunday farq paydo boʻlishiga sabab Szedun qurolli inqilobni amalga oshirgan yillarda (1946-1950) Xitoyda deyarli ishchi sinfi yoʻq edi va mamlakatdagi eng qashshoq va katta qatlam dehqonlar edi. Shu sabab ham Mao aynan ulardan inqilob kuchi sifatida foydalanadi.

 

Qolaversa, Mao marksizmdagi ishchilar va ish beruvchilar (kapitalistlar) oʻrtasidagi kurash muqarrar ekanligi haqidagi fikrga qoʻshilmagan. U Xitoy xalqini birlashtirib, iqtisodiyotni kollektiv tarzda rivojlantirishni maqsad qilgan.

 

Ammo maozimning asosiy prinsiplari baribir SSSR mafkurasidan andoza olgandi.

 

Birinchidan, maoizm ham marksizm-leninizm kabi hokimiyatni qurolli qoʻzgʻolon va umumiy safarbarlik orqali qoʻlga kiritishni nazarda tutadi.

 

Ikkinchidan, maozim marksizmdagi kabi kuch ishlatishni yoqlab, uzoq davom etuvchi “xalq urushi”ni targʻib qiladi. Maochilar hokimiyatga qarshi propaganda va dezinformatsiyadan foydalanishni tasdiqlaydi.

 

Uchinchidan, maoizm davlatning zoʻravonlikdan foydalanish huquqini mutlaq qoʻllab-quvvatlaydi. Maochilar davlatning kuch ishlatish huquqi muhokama qilinishi ham kerak emas deb hisoblaydi. Chunonchi, maoizmning asosiy “mushti” boʻlgan Xitoy xalq ozodlik armiyasi terrorchilar va “ichki dushmanlar”ni aniqlashda shafqatsiz qiynoq usullaridan foydalangan.

 

 

Toʻrtinchidan, antikolonializm. Maochilar marksistlar kabi dunyo mamlakatlarining bari ozod boʻlishi va oʻzlarining sobiq metropoliyalaridan qasos olishi kerakligi haqidagi gʻoyani ilgari suradi.

 

Umuman olganda maoizmni marksizmning Mao Szedun tomonidan oʻzgartirishlar kiritilgan agressivroq shakli deyish mumkin.

 

Maoizm qay tariqa paydo boʻldi?

 

Yuqorida aytilganidek, Mao Szedun hokimiyat tepasiga ozodlik va fuqarolar urushi orqali kelgandi. Maochilar aynan mana shu urushlarni qurolli inqilob deya hisoblaydi.

 

Xitoyda kommunistik tuzum oʻrnatgach (1949-yil), Mao endilikda kommunistik davlat mafkurasi ham joriy qilishi lozim edi. Dastlab sotsializm qurishning stalincha modelidan foydalaniladi. Biroq, tez orada xitoylik sotsialistlar SSSR yoʻlidan borishni rad qila boshlaydi. Ular byurokratiyaning oʻsayotgani va Kommunistik partiyaning moslashuvchanligi yoʻqolib borayotganidan norozi boʻladi. Xitoy kommunistlari byurokratiyaning rivojlanishi yana elita (kapitalistlar) paydo boʻlishiga olib keladi deya taʼkidlaydi. Natijada asta-sekin SSSR marksizmidan farqli doktrina yaratila boshlanadi.

 

Ushbu jarayonni Stalinning oʻlimi tezlashtiradi. Xrushchyovning “Stalin shaxsiga sigʻinish”ni qoralovchi nutqi Xitoyda xuddi shunday kult oʻrnatishga intilayotgan Szedunga yoqmaydi va u SSSRdan uzoqlashish siyosatini boshlaydi. Bir vaqtlar qalin ittifoqchi boʻlgan SSSR va XXR deyarli dushmanga aylanadi (ular oʻrtasida hatto qurolli chegara toʻqnashuvlari ham yuz beradi). Xitoy SSSRning “kichik ukasi” boʻlishni toʻxtatadi va Moskva bilan raqobatga kirishadi.

 

1958-yil Mao Szedun “Katta sakrash” nomli dasturni joriy etadi. Unga koʻra, Xitoy besh yil ichida qishloq va sanoat sohasida jadal oʻsishga erishishi hamda SSSRdan oʻtib ketishi kerak edi. Buning uchun mamlakatda xuddi SSSRdagi kabi umumiy xoʻjaliklar — kommunalar tashkil etiladi. Kommunalar kolxozlardan birmuncha yirikroq tuzilma edi, chunki Xitoy aholisi ancha koʻp boʻlib, zich yashardi.

 

“Katta sakrash” dasturining propagandik posteri

 

Ammo Xitoyda kommunalar 1960-yildayoq tarqatiladi. Sababi bunday birlashmalar amalda samarasiz boʻladi. Kommunalarga birlashtirilgan dehqonlar ularga notanish boʻlgan turli xil yumushlarni (hatto kichik sanoatga ham jalb qilingan) bajarishga majbur boʻladi va bu ularning ishchanligi pasayishi va noroziligiga olib keladi. Butun Xitoy boʻylab kommuna dehqonlari norozilik belgisi sifatida oʻz mehnat asboblarini pechlarda erita boshlaydi. Mehnat unumdorligi keskin pasayadi, natijada XXR rahbariyati kommunalarni tarqatib yuboradi.

 

Shuningdek, 1958-yilda dalalardagi hosilni koʻpaytirish uchun “toʻrt zararkunandaga (chivin, pashsha, kalamush va chumchuq) qarshi” kampaniya boshlanadi. Bu kampaniya doirasida asosan chumchuqlar qirgʻin qilinadi, chunki qolgan uch jonzotni yoʻq qilish koʻproq gigiyena bilan bogʻliq edi. Chumchuqlarni esa 15 daqiqa davomida qoʻnishga yoʻl qoʻymaslik orqali charchatib, oʻldirish mumkin edi. Maʼlumotlarga koʻra, “Katta sakrash” davrida amalga oshirilgan chumchuqlar pogromi oqibatida 4-5 milliard qush halok boʻlgan.

 

Chumchuqlarning yoʻq qilinishi ekotizimni buzadi. Dalalarda chigirtkalar va boshqa mayda hasharotlar soni ortadi va ular hosilga jiddiy zarar yetkazadi. Kommuna tizimi inqirozi va zararkunanda hasharotlar koʻpayishi 1959-yilda Xitoyda Buyuk Xitoy ocharchiligi boshlanishga olib keladi. Mamlakatda gʻalla yetishmovchiligi kuzatiladi va Pekin Kanada hamda Avstraliyadan bugʻdoy sotib olishga majbur boʻladi.

 

 

Biroq bu yetarli boʻlmaydi. Turli hisob-kitoblarga qaraganda, 1959-1961-yillardagi Buyuk Xitoy ocharchiligi davrida 15-40 million odam ochlikdan vafot etgan.

 

“Katta sakrash” muvaffaqiyatsizligidan soʻng Xitoyda Szedun siyosatiga ishonchsizlik ortadi. Muxolifatni yoʻq qilish va aholini nima bilandir chalgʻitish uchun Mao yangi inqilob — “madaniy inqilob”ni oʻylab topadi.

 

Maoning “madaniy inqilobi” doirasida qadimiy Xitoy qoʻlyozmalari, yodgorliklari (masalan, Buyuk Xitoy devorining bir qismi buzilib, gʻishtlari choʻchqaxona qurishga ishlatilgan) yoʻq qilinadi. Barcha narsa yangi, inqilobiy ruhda boʻlishi kerak edi. Teatrlarda faqatgina Szedun davrida yaratilgan asarlar namoyish qilinadi.

 

Xitoy hukumati “Madaniy inqilob”ni yoyishda, ayniqsa, yoshlarga eʼtibor qaratadi. Maktab oʻquvchilari va talabalardan tashkil topgan “xunveybin”lar ushbu davrning ramziga aylanadi. Xunveybinlar koʻchalarda ayollarning boʻyalgan sochlarini kesish, tor shimlarni yirtish, poshnali oyoq kiyimlarning poshnalarini sindirish, tadbirkorlarni oʻz bizneslariga inqilobcha nomlar qoʻyishga majburlash kabi ishlardan tashqari, oʻz oʻqituvchilarini “aksilinqilobchi” ayblovi bilan oʻldirish, odamlarning uylarida tintuv oʻtkazish va qimmatbaho buyumlarini olib ketish kabi anarxistik ishlar bilan ham shugʻullanadi.

 

“Madaniy inqilob” doirasida siyosiy repressiyalarni oʻtkazayotgan hukumat xunveybinlarning oʻzboshimchaliklariga qarshilik koʻrsatmagan va aksincha ularni ragʻbatlantirgan. Mao Szedun “madaniy inqilob” bahonasida rasman uning vorisi deb tan olingan, mamlakatdagi ikkinchi shaxs hisoblanuvchi Lyu Shaotsini vazifasidan chetlatgan va qamoqqa tiqqan. Shaotsidan tashqari partiyadagi boshqa muxoliflar, jumladan Den Syaopin ham repressiyaga uchragan (keyinroq reabilitatsiya qilingan).

 

“Madaniy inqilob” Mao Szedunning vafoti (1976-yil) bilangina toʻxtagan. Mao vafot etishi bilanoq “madaniy inqilob” tashkilotchilari boʻlgan “toʻrtlik” (ulardan biri Maoning xotini Szyan Sin edi) hibsga olinadi. XXRning yangi rahbariga aylangan Xua Gofen mamlakatda maoizm siyosatini davom ettiradi, biroq oradan ikki yil oʻtib, u ham hokimiyatni chetlashtiriladi hamda uning oʻrnini “pragmatik” Den Syaopin egallaydi. Syaopin boshliq moʻtadil soʻllar maoizmni amalda bekor qiladi. Xitoy bozor iqtisodiyotiga oʻtadi, repressiyalar toʻlqini kamaytiriladi.

 

 

Hozirgi kunda maoizm Xitoy Kompartiyasining uch asosiy mafkurasidan biri hisoblansa-da, uning gʻoyalari aktualligini yoʻqotgan.

 

Shunday qilib, maoizm asosiy mezonlardan tashqari, davlatni kuch va zoʻravonlik bilan boshqarish, umumiy jamoa tarzida mehnat qilish, agrar sotsializmni joriy qilish, ultra soʻl tadbirlarni qoʻllashni nazarda tutuvchi siyosiy oqimdir.

 

Maoizm Xitoydan tashqarida

 

Xitoyda oʻz oʻrnini Syaopinning pragmatik gʻoyalariga boʻshatib bergan maoizm dunyoda hali ham mashhur. Jahonning koʻplab mamlakatlarida asosiy gʻoyasi maoizm boʻlgan bir qancha partiyalar mavjud.

 

Xususan, 1975-1979 yillarda Kambodjani boshqargan “qizil kxmerlar” harakati toʻliq maoizm gʻoyalariga asoslangandi. Xuddi Xitoydagi kabi Kambodjada ham kollektivlashtirish siyosati olib boriladi va ocharlik yuz beradi. Maoizmning ultra-soʻl gʻoyalariga amal qilgan “qizil kxemerlar” hukumati Kambodjada genotsid oʻtkazib, mamlakatning 25 foiz aholisini qirgʻin qiladi.

 

Maoizm katta tarafdorlarga ega boʻlgan yana bir mamlakat — bu Nepal. Bu yerda Nepal Kommunistik partiyasidan ajralib chiqqan “Maoizm markazi kommunistik partiyasi” maoizmdagi “xalq urushi” gʻoyasini amalga oshirgan va monarxiyaning bekor qilinishi, Nepalning dunyoviy davlat deb eʼlon qilinishiga erishgan. 2006-yildan buyon partiya asoschisi va rahbari Pushpa Kamal Daxal Nepal hukumatida bir necha bor bosh vazir lavozimini egalladi.

 

Nepal Kommunistik partiyasi

 

Maoizm, ayniqsa, Lotin Amerikasi mamlakatlarida ancha keng tarqaldi, chunki bu davlatlarning aksariyati sotsial muammolar girdobida qolgan. Qitʼada maoizm gʻoyalari ilgari suruvchi Puka Inti (“Qizil quyosh”, Ekvador), “Yorqin yoʻl” (Peru) kabi yirik partiyalar mavjud.

 

Maoizm Hindistonda ham oʻz taʼsiriga ega. 2004-yilda, “Hindistonning maoistik kommunistik markazi” va “Xalq urushi Hindiston kommunistik partiyasi” birlashuvidan soʻng paydo boʻlgan “Hindiston kommunistik partiyasi” (HKP) maoistik gʻoyalarga asoslanuvchi partiya boʻlib, ancha yillardan buyon Hindistonda kommunizm qurish uchun “xalq urushi”ni olib boradi. Hindistonning sobiq bosh-vaziri Manmoham Singx HPKni “eng asosiy ichki xavf” deb atagan.

 

Hindiston Kommunistik partiyasi mamlakatda kommunizm qurish uchun qurolli kurash olib boradi va terroristik tashkilot deya tan olingan

 

Maoistik partiyalar Eron, Filippin, Bangladesh va hatto bir qancha Gʻarb davlatlari, masalan Belgiya, Portugaliya, Ispaniya va Turkiyada ham faoliyat yuritib kelmoqda. Biroq ularning koʻpchiligida bu partiyalar “xalq urushi” gʻoyasi sabab terroristik uyushma deb tan olingan.

 

Muxtasar aytganda, maoizm bugungi kunda ultra-soʻl va millatchilik gʻoyalarini yoqlovchi insonlarni birlashtiradi (u marksizmdan koʻra soʻlroq yoʻnalish hisoblanadi). Qolaversa, maoizm bunday gʻoyalarni kuch bilan amalga oshirishni va radikal ijtimoiy islohotlar oʻtkazishni nazarda tutadi. Aynan shu omillar (koʻpchilik uchun qurolli kurash yoʻli tinch, diplomatik yoʻldan osonroq) maoizmning hali ham keng tarqalishiga va mashhurlikni saqlashiga yordam bermoqda.

 

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 11
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19362
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16495
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi