Siyosiy-mafkuraviy kuchlarning manfaatlari uchun butunboshli sivilizatsiyalar barham topadiganga o‘xshaydi. Hantington haq edimi?


Saqlash
17:11 / 09.11.2023 726 0

Bundan o‘ttiz yilcha avval amerikalik siyosatshunos Semyuel Hantington “Sivilizatsiyalar bir kuni shubhasiz to‘qnashadi va bu, insoniyat tarixida oxirgisi o‘laroq, G‘arb sivilizatsiyasining hal qiluvchi g‘alabasi bilan yakun topadi” degan fikri bilan jahonga mashhur bo‘lgan edi. Xulosa asosli yoki asossiz ekanidan qat’i nazar, o‘shanda men bu shov-shuvli bashoratga ishonmagan edim. Yashirib nima qildim, marksizm-leninizm, tarixiy materializm ruhida tarbiya topgan ko‘pchilik odamlar singari pirovardida G‘arb sivilizatsiyasi emas, kommunizm to‘liq qaror topishiga iymonim komil edi.

 

Yillar o‘tdi, asr almashdi. Insoniyat taraqqiyotining “o‘qi”, “qutb”lari ham o‘zgardi. O‘sha damlarda o‘z “zafarli yurishi”ga qat’iy ishongan ayrim kuch markazlarida bugun sarosima, parokandalik hukm surmoqda. Ular yo‘qotilgan mavqeni qayta tiklash ilinjida hozircha uzil-kesil bir to‘xtamga kelmagan xalqlar ong-u tafakkurini o‘ziga og‘dirishdan durustroq yo‘l topolmay qoldi. Yo‘lini keskin o‘zgartirgan tarixga xalal berishga qodir kuch endi deyarli yo‘q.

 

Keng miqyosli ijtimoiy evrilish, bir bosqichdan ikkinchisiga o‘tish pallalarida muayyan sivilizatsiyani ro‘kach qilish, uning nomidan yo‘l tutish usuli harakatga kelar ekan. Muammo shundaki, sivilizatsiyalar bir necha yoki undan ko‘proq sotsium va xalqlarning hamjihat bo‘lib yashash istagi o‘laroq bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilmoqda. Ziddiyatdan manfaatdor siyosiy-mafkuraviy kuchlar esa voqea-hodisalar maromini bamaylixotir orqavoratdan kuzatayotir. Avvallari ularning manfaatlari-yu ambitsiyasi uchun ijtimoiy sinflar qurbon etilgan bo‘lsa, bu gal butunboshli sivilizatsiyalar barham topadiganga o‘xshaydi. Hantington bashariyatni bunga da’vat qilmagan, undan ogohlantirgan edi, xolos. Ammo insoniyat bugun “gibrid urush” timsolida sivilizatsiyalar to‘qnashuviga guvoh bo‘layotgani – achchiq haqiqat.

 

Sivilizatsiyalar muhorabasi obyektiv ravishda, birovning xohish-irodasisiz kelib chiqyaptimi yoki uni harakatga keltirayotgan subyektiv turtki bormi? Dangalini aytganda, ixtilof chiqarishga o‘rganib qolgan subyektlar keragidan-da ko‘p. Xo‘sh, ular nima sababdan har doim shu yo‘lni tanlaydi, asl maqsad-muddao nima o‘zi? Bu savolga javobni bugun yoki kechadan emas, balki tarix qatlamlaridan – xalqlarning xohish-irodasini sindirish, ularni o‘z izmiga bo‘ysundirib, birxillashtirish mafkurasining ildiz otish pallalaridan izlamoq lozim. Nima bo‘lganda ham, Yer kurrasining turli mintaqalarida ro‘y berayotgan katta-kichik to‘qnashuvlar vaqt-soatini kutib, hayot-mamot jangiga otlangan imperiyaviy zehniyatning xususiy ko‘rinishidan boshqa narsa emasligi aniq.

 

Sirtdan turli-tuman, ammo mohiyatan birbutun bu fenomen odamlarga jozibali tuyulishi, hatto manipulyatorlik (chalg‘itish) kuchi orqali o‘ziga rom etishi mumkin. Alqissa, bu o‘rinda ham individuumga xos ma’lum vaqt kesimini sayoz diaxronik idrok etish, har bir davr vertikal va gorizontal o‘lchamga ega qatlamlardan iborat ekanini bilmaslik xastaligi yana yuzaga chiqmoqda. Vaholanki, zukko mutafakkirlar ijtimoiy-siyosiy jarayonlar maromida sezilarli o‘zgarishlar boshlanayotgani, mafkuraviy jabhada chuqur evrilish bilan bog‘liq yangi davrga o‘tilayotganini aytganiga yarim asrcha bo‘ldi. Kimdir-birov uni idrok etishdan butkul yiroq, kimdir “bu hol soat millarining shunchaki navbatdagi siljishi o‘laroq hech narsani o‘zgartirmaydi” deb biladi. Vaqt maromini qat’iy chiziqli deb hisoblovchi boshqa bir toifa jarayonni shunchaki eskining o‘rnini yangi egallashiga o‘xshatadi. Ularning tasavvurida tarix g‘ildiragi mutlaq mavhumlik tomon harakatlanmaydi, balki oldindan hisob-kitob qilingan manzilda to‘xtab, makon va zamon o‘zgarishi effektini beradi, vassalom.

 

Bizningcha, har bir yangi davr butkul yangi mezon-o‘lchamlar, yangi ijtimoiy-ma’naviy ufq sari eltuvchi tendensiyalarni vujudga keltiradi. U, o‘z navbatida, ijtimoiylik, hamjihatlikning turli variantlarini shakllantiradi. Shunday ekan, barcha umumjahoniy burilishlarni ko‘pvariantlilik kontekstida  idrok etmoq lozim. Bu – obyektiv reallik. Hayotiy faoliyatni “besh bosqichli to‘g‘ri chiziq”, ya’ni formatsion talqin qilish, xalqlar, millatlarni mifologik “prokrust o‘rindig‘i”ga zo‘rma-zo‘raki o‘tqazish usuli esa umumbashariy tabiiylikka soya soladi.

 

Tarixning har bir yangi odimi taraqqiyotning son-sanoqsiz yo‘llariga boshlashi, ulardan biriga ustuvorlik berishda har bir xalq erkin, suveren ekanini inobatga olish lozimligi allaqachon aksiomaga aylangan. Bundan bexabarlik yoki uni mensimaslik qanday oqibatlarga olib kelishiga postkolonial jamiyatlar kechmishi guvohlik berayotir (Л.Бондаренко. Историко-культурные аспекты формирования наций в постколониальных государствах Африки // Вестник Российской АН. 2022, №1. Т. 92. Стр. 86 – 96).

 

Keyingi izlanishlarda dunyo bir markazli emas, aksincha, ko‘p markazli ekani asoslandi. Natijada, “XXI asr boshlaridayoq insoniyat jahon tarixini o‘rganish va talqin qilishda ijtimoiy-gumanitar fanlarda radikal burilish tomon, uni global birbutunlik sifatida idrok etish sari yuz burdi. Dunyo dinamikasi markazlarining har biri yangi davrda makonini o‘zgartirishi – nochiziq ko‘p markazli yaxlitlik deb e’tirof etiladigan bo‘ldi” (Ю.Гранин. Бесконечная имперскость России, цивилизационная измерение // Вопросы философии. 2022, №9. Стр. 78).

 

Yevropaning g‘arbiy nuqtasi (Buyuk Britaniya, Fransiya va Gremaniya) bir necha yuz yil mobaynida umumjahoniy dinamikaning markazi bo‘lgani sir emas. Bugunga kelib “Yevroatlantika” deya jug‘rofiy qamrovi kengaytirilgan makon hamon globalistik da’vodan voz kecha olmayapti. U xayolan 100–150 yil avvalgi mashhur Viktoriya davrida yashayotgandek. Bizningcha esa, jahon siyosati va iqtisodiyoti kuch markazi u yerni tark etib, Sharq sari ixtiyor qildi. Ushbu umumsayyoraviy tektonik siljishning zamirida jumlai jahonning bir necha asrlik tajribasi yotadi. Bu tajriba asrlar davomida hamjihatlikda yashashning ibtidoiy shaklidan inson zotiga yarashiqli yuqori maqomga muttasil intilish natijasi o‘laroq tarkib topgan sivilizatsiyalararo tabiiy sog‘lom raqobat, ma’rifiy muloqot hamda bir-birini yaqindan bilish istagida namoyon bo‘ladi. Ularni tabiiy maromidan mosuvo etib to‘qnashtirayotgan ta’limotlar, mafkuralar, strategiyalar ham mavjud.

 

Sivilizatsiyalar, geografik qamrovidan qat’i nazar, fozil ijtimoiy guruhlarning ilohiy va dunyoviy ko‘rsatmalar asosida tarkib topgan murakkab strukturali nosiyosiy, tarixiy-madaniy birikmasidir. U – odamzodning marraga yetmoq uchun ming yilliklar mobaynida bexatar qo‘nimgoh izlashi natijasidir (В.Федотова. Меняющаяся современность: всемирность и социальность // Вопросы философии. 2020, №11. Стр. 5–14). Afsuski, mohiyatan ijtimoiy-ruhiy turtki hosilasi bo‘lmish sivilizatsiyani ayrim kuchlar oxir-oqibat siyosiylashtirdi, oqibatda tabiiy rivojlanish maromiga darz ketdi. S.Hantingtonni xavotirga solgan ehtimoliy xatar bugun deyarli voqelikka aylandi. Natsizm, shovinizm, militarizm, irqchilik kabi aksilinsoniy oqimlar vaziyatdan uddaburonlik bilan foydalandi. Oxir-oqibat eng ko‘p zarar ko‘rgan subyekt – sivilizatsiyaning o‘zi bo‘lib chiqdi.

 

Yer kurrasining qaysi nuqtasini qamrab olishidan qat’i nazar, ilg‘or tamaddunlar bashariyatga hamjihat yashash modelini tavsiya etishi ma’lum. Ming yillar burun Xitoyda o‘rnatilgan noyob Yao va Shun komil inson boshqaruvi (meritokratiya), qadimgi hind zaminida paydo bo‘lgan Artxashastra, Sharq-u G‘arb tutashgan makonda ildiz otib, umumbashariy kuchga ega bo‘lgan ellinizm kabilar hamon insoniyat xotirasida. Turli elatlarning hamnafaslikda yashashiga ozmi-ko‘pmi sharoit yaratgan moziy ijtimoiy tartibot modellari hozirgi avlod qalbida ham umid va ishonch nurini sochayotir. Demak, bugun tarixiy ijtimoiy-siyosiy tartibot, ijtimoiylikning tamomila yangi uslublari sahnaga chiqayotgani obyektiv qonuniyat ekan. Yangi mezon-andazalar esa tarixiy taraqqiyotni yanada yuqori bosqichga olib chiqsa ajab emas.

 

Sivilizatsiya mohiyatan madaniy-ma’naviy fenomen. Biroq uning ijtimoiy-ma’naviy kuchi ro‘yobga chiqmog‘i uchun quvvat markazi – yadro zarur. Bu zalvarli yukni o‘sha tamaddun mansub ijtimoiy-siyosiy birlashmalarning yaqqol yetakchisi, ya’ni to‘laqonli suveren davlatlardan biri o‘z zimmasiga olishi mumkin. Ilg‘or siyosiy kuchlar o‘z vaqtida maydonga chiqadi, albatta. Biroq tasavvurimizdagi quvvat markazi endilikda o‘tmishdagilarga o‘xshamasligi tayin.

 

Hozirgi davrda dunyo aholisining katta qismi o‘z e’tiborini Xitoydagi chuqur ijtimoiy-siyosiy transformatsiyaga qaratayotir. Bu borada so‘nggi xulosani aytmoqqa hali vaqt bor. Biroq turli jabhada yuksalayotgan zamonaviy Xitoyning ideallari-yu qadriyatlari, xususan, “Buyuk hamjihatlik” ta’limoti, aksincha, Yevroatlantika sivilizatsiyasining qadriyatlardan yiroqlashuvi Chin o‘lkasi jahon tamaddunini tubdan o‘zgartirishi haqidagi farazlarni tug‘dirmoqda.

 

Ta’kidlash joizki, dunyo ko‘pqutblilik tomon yuzlanayotgan ekan, sotsiumlardan birining yetakchi-avangard maqomga erishishi boshqa davlatlar ruhiyatiga ta’sir qilmasligi lozim. Poygada barcha ishtirokchilar so‘nggi chiziqni birvarakay kesib o‘tishi imkonsiz. Bunday sharoitda yetakchi jamiyat yoki davlatning maqomi o‘zgacha bo‘lishi tabiiy. Axir, u – yangicha hamjihat yashash timsoli, yangi sivilizatsion tartibot tashuvchisi! Kuchdan qolgan sivilizatsiya bunday zalvarli missiyaga qodir emas. Insoniyatning istiqboli xususida gap borar ekan, muqobil tamaddun global “vesternlashtirish”dan asrlar mobaynida aziyat chekkan mintaqalardan birida vujud­ga keladi, degan taxmin xayolga keladi.

 

Qalamga olingan global omil, ya’ni ijtimoiy tartibot tashuvchi jamiyatga qaytsak, u peshqadam ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy markaz, aksar sohalarda karvonboshi bo‘lmog‘i lozim. Shundagina u dastlab o‘z mintaqasi, so‘ngra boshqa sotsiomakonlar uchun ulgi bo‘la oladi. Jahon hamjamiyatining boshi berk ko‘chadan chiqib, yangi tartibotga o‘tishida maqbul yo‘l bu!..

 

Dunyo hamjamiyati son-sanoqsiz imkoniyatlar makoni ekanini unutmaslik kerak. Ulardan eng samaralisini tanlash esa elatlar, sotsiumlarning vazifasigina emas, mas’uliyati hamdir. Bugungi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ruhiy holat o‘zgacha: insoniyat istiqboli xususida mas’ul shaxslar chuqurroq o‘ylashiga to‘g‘ri kelyapti. O‘zimbo‘laychilik, o‘ylamay-netmay andak jozibali tuyulgan yo‘lni ixtiyor qilish, javobgar institutlarning mas’uliyatni soqit etishi, “barchaning barcha bilan urushi” holati bora-bora sivilizatsiyalar to‘qnashuviga olib kelishi tayin. Inson intellekti va uning imkonsizlikni imkoniyatga aylantirishdek buyuk kuchi esa taraqqiyotning ilg‘or yo‘lini topishi shubhasiz.

 

Boya jahon hamjamiyati o‘ziga yarashiqli o‘zanga tushishida yetakchi kuch zarurligiga urg‘u berdik. Ammo ilg‘or ijtimoiy-siyosiy munosabatlar tizimiga o‘tishda yo‘llar shu qadar ko‘pki, ulardan maqbul-u manzurini tanlash oson emas. Bu borada jahon hamjamiyati bir necha ma’naviy yuksak davlatlar atrofida birlashish va shu asosda dunyoni o‘zgartirish yo‘lini tanlashi ham mumkin.

 

Voqealar maromi shuni ko‘rsatmoqdaki, Yer kurrasining turli mintaqalarida zarur ijtimoiy-tarixiy muhit, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, shakllanmoqda. Bu o‘rinda xalqaro siyosat maydonida vujudga kelgan qit’alararo va tamaddunlararo birlashma – BRICS faoliyati to‘g‘risida muxtasar ma’lumot berib o‘tmoqchimiz. Suverenitetni bayroq qilgan ushbu ittifoqni tuzgan davlatlar – yevroosiyo, konfutsiychilik, hinduviylik, afrosiyo hamda iberoafrika tamaddunlari vakillaridir. Rasmiy hujjatlariga e’tibor qaratilsa, BRICS endigina ildiz otayotgan yangi sivilizatsiyalararo ijtimoiy tartibotga yo‘naltirilgani oydinlashadi.

 

Besh sivilizatsiyaning besh mamlakatini (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika) birlashtirgan bu siyosiy ittifoq ochiqlik, bo‘ysunmaslik, etnik va lisoniy bag‘rikenglik, tenglararo tenglik kabi qadriyatlarga tayanadi. Ehtimol shu boisdir, tuzilma ko‘plab davlatlarda qiziqish uyg‘otmoqda. Argentina, Turkiya, Eron, Misr, Jazoir kabi o‘nlab davlatlar BRICS safiga qo‘shilish niyatida.

 

Boshqa tomondan, taraqqiyotning “Yevroatlantika modeli” bugun sinovli damlarni boshdan kechirmoqda. Buning sababini esa davlatlar o‘zidan izlashi kerak. O‘tgan asrning birinchi choragida olmon faylasufi va sotsiologi Maks Sheler mazkur sivilizatsiya haqida “ularning ong-u tafakkuri, ruhiyatida o‘zini shunchaki oddiy millat emas, balki umumsayyoraviy imperiya egasi deb hisoblash ustuvor bo‘lib kelgan” degan ediki, mazkur xulosa XXI asrga kelib yana bir karra isbotini topdi.

 

Insoniyat qay bir sivilizatsiyani tanlaydi – aytish mushkul. Tamaddun loyihasini oldindan laboratoriyada yaratish va amaliyotga zo‘rma-zo‘raki tatbiq etish inqilob, fuqarolik urushi va boshqa fojialarga sabab bo‘lishi mumkin. Bashariyat yangicha munosabatlar tizimini ommaviy majburlov orqali o‘rnatilishini endi ko‘tara olmaydigan ko‘rinadi. Keng qamrovli global ijtimoiy-siyosiy evrilishni amalga oshirishning durust yo‘li – insoniyat ong-u tafakkuri hamda rejalarining ezgulik tomon tadrijiy siljishidir. Bu borada ilmiy tafakkur, yangi ijtimoiy­gumanitar izlanishlar-u tadqiqotlar turtki bo‘lishi tayin.

 

Darhaqiqat, moziy – hikmatlar xazinasi, ideallar koni, u muhim kechmishlardan voqif etib, kelajak tilsimini ochishga ko‘mak beradi. Nimaga qo‘l urish va nimaga qo‘l urmaslikni ham uqtiradi u. Shundan kelib chiqsak, bugungi ijtimoiy tartibot kelajakda qanday metamorfozani boshidan kechiradi, u qanday shakl-u shamoyil kasb etadi? Tarixning bir bosqichdan ikkinchisiga o‘tish qonuniyatiga tayanib aytsak, bo‘lajak gumanistik hamjamiyatda milliardlab insonlarning hamnafas yashash madaniyati samarali xo‘jalik yuritish va ilmiy-texnik taraqqiyot uchun zarur sharoit yaratishga bog‘liq holda kechadi.

 

Yangi davrda axloqiy-huquqiy kodekslar, ma’naviy muhit isloh etilishi, xalqaro va ichki institutsiyaviy o‘zgarishlar ro‘y berishi aniq. Bularning bari tamaddunlar to‘qnashuviga o‘rin qoldirmaydi.

 

Tafakkur-u tasavvurda gavdalanayotgan ideal jamiyat yoki tartibotga chizgilarni Yer kurrasining turli o‘lkalarida yashab o‘tgan buyuk mutafakkirlar ilmiy merosidan topish mumkin. Sirasini aytganda, umumsayyoraviy ma’rifiy tartibotga doir utopiya Homer, Yao va Shun, Zardo‘shtdan to bugungacha mutafakkirlar ijodida yashab kelayotgan metatarixiy fenomendir. Aksar ta’limotlarning utopiyaligicha qolgani, tarix qa’riga unsiz sho‘ng‘igani rost. Ammo ba’zilari hayotiyligi bois nafaqat tafakkurda makon tutdi, amaliyotga izchil tatbiq ham etildi.

 

Dunyodagi jarayonlar, ezgu niyat-maqsadlarning yakuni xususida so‘z borar ekan, insoniyat uchun qaysi yo‘l yaxshi va qay biri yomon degan jumboqli savol ko‘ndalang bo‘laveradi. Taassufki, hatto olamda nimalar ro‘y berayotganidan boxabar kishilar davrasida ham an’anaviy “ilg‘or mamlakatlar” modeliga moyillik kayfiyati saqlanib qolmoqda. Ko‘hna dunyo taraqqiyotning behisob shakl va usullari xazinasi ekanini faromush etmagan ma’qul. Yo‘l-yo‘nalishlardan qay biri yaxshi yoki yomonligini aniqlashda esa umume’tirof etilgan mezon mavjud: taklif etilayotgan tamaddun insonning, siz-u bizning osoyishta va farovon hayotimizni ta’min etmog‘i lozim. Achchiq bo‘lsa-da, tan olaylik, an’anaviy “izm”lardan birortasi ijtimoiy-siyosiy uyg‘unlik orzusini ro‘yobga chiqara olmadi. Savol ketidan savol tug‘iladi: afsonaviy Shambaladek saodatli go‘shani qayerdan qidirmoq kerak?

 

Postnoklassik falsafaga ko‘ra, uni bir vaqtning o‘zida bugun va kelajakdan axtarmoq noravodir. Binobarin, inson zoti necha asrlardan buyon izlayotgan o‘zaro hamjihat yashash modeli bir necha mintaqada emas, balki bugungi voqelikning o‘zida mavjud.

 

Nechog‘li murakkab va ziddiyatli bo‘lmasin, bugun dunyo yaxlit gipertizimga aylandi. Oddiy nigohdan panadagi chuqur qatlamlarda azaliy va abadiy kurash kechayotir. Hayotdek betakror ne’matni asrashda jahon ahlining hammaslak, hamfikr ekanini hisobga olsak, globallashuv va mintaqalashuvning ko‘lami-yu shiddati oydin bo‘ladi-qo‘yadi. Alqissa, olamning ravish-raftori, kayfiyati uning botiniy qatlamlaridagi betinim harakat, siljishlarga bogliqdir.

 

Temur JO‘RAYEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Hantington haq edimi?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 12
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19362
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16496
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi