Yurt taraqqiyoti: istiqbolni belgilovchi hayotiy mezonlar


Saqlash
16:11 / 09.11.2023 455 0

Inson qadr-qimmati, unga eʼtibor, taʼbir joiz boʻlsa, butun jamiyatning qiyofasini belgilaydi. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda yuz bergan mislsiz yangilanish va evrilishlarni koʻrib, shunday xulosaga keldim.

 

Yaqin oʻtmishni bir eslaylik. Kuz ibtidosidanoq boʻyi gʻoʻzadan ham past maktab oʻquvchisidan tortib, talaba va oʻqituvchilar, keksa otaxon-u onaxonlargacha paxta terimiga jalb etilardi. Ha, mustamlakachilik zamonlaridan meros boʻlib kelayotgan bu jarayondan kattayu kichik chetda qolmasdi. Mana, olti-yetti yildan buyon fermerning oʻzi paxtasini binoyidek yigʻib-terib olib, davlatga topshiryapti. Hech qanaqa vahima, zugʻum yoʻq. Oʻqituvchi oʻz auditoriyasida, shifokor oʻz shifoxonasida yumushi bilan mashgʻul. Paxta dalalaridagi majburiy mehnatga barham berilib, oʻquvchi-yu talabalar mashaqqatli mehnatdan butunlay xalos boʻldi.

 

Oʻsha yillarda plastik kartaga tushgan pullarni naqdlashtirishning azobi-chi, yoki banklardan soʻmni dollarga almashtirib olish-chi? Bu muammolar taʼbir joiz boʻlsa, butun el-ulusning bosh ogʻrigʻiga aylanib, yillar mobaynida yechimi topilmagan edi. Viloyatdan shaharga keluvchilarni ayting, bechoralar xuddi chet elga kelgandek har muyulishda pasport koʻrsatishga majbur boʻlardi. Qarangki, oqilona islohotlar tufayli qisqa muddatda bu muammolar barham topdi. Chorasi bor ekan, hammasini ijobiy hal etsa boʻlar ekan-ku! Koʻzimizga mayda-chuyda koʻringan bu masalalar aslida inson qadr-qimmati, shaʼnini yerga urishdan boshqa narsa emasdi.

 

Mamlakat rahbari tashabbusi bilan 76 mingdan ziyod fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga fuqarolik berish, Suriya va boshqa yerlardagi lagerlardan 500 nafardan ortiq ayol hamda bolalarni  ona Vatanga qaytarish, xorijdagi migrantlar haqida oʻylab, ularga gʻamxoʻrlik qilish – inson qadrini ulugʻlash shunday boʻladi-da!

 

Xizmat yuzasidan yoki qarindosh-urugʻlardan xabar olish bahonasida yilda bir-ikki marta Surxondaryo viloyatiga borib turaman. Shu yil yozda ham Qumqoʻrgʻon va Boysun tumanlari qishloqlarida boʻlib,  necha oʻn yillar mobaynida  tuproq koʻpchigan koʻchalarning asfaltlanganini koʻrdim. Onlayn ovoz toʻplab, tashabbusli byudjetda gʻolib chiqib, loy-tuproq koʻchalarini asfalt qilayotgan yoki elektr hamda gaz tarmoqlarini yangilayotgan qishloq ahliga tahsin deyish bilan birga, shu tashabbusni boshlaganlarga qayta-qayta rahmatlar aytdim. Hartugul, XXI asrning bolalari maktabga toʻpigʻigacha loyga botmay borib keladigan boʻlishdi.

 

Kimlar uchun arzimas, ammo kimgadir muhim boʻlgan ushbu evrilishlarning oʻzi ham turli jabhalarda erishilayotgan natijalarimizning barometri emasmi? Islohotlar nafasi nafaqat soha yoki tarmoqlarga, balki mahallalar, oilalar, oddiy insonlar hayotiga kirib bormoqda. Zero, pirovard-natija ham manzilli, yaʼni real bir oila farovonligini oshirish, har tomonlama unga qulay shart-sharoit yaratishdan iboratdir.

 

Bugungi kunda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”,”Yoshlar daftari”ni kim bilmaydi, deysiz? Kam taʼminlangan oilalar, qarovchisi boʻlmagan qariyalar, imkoniyati cheklangan fuqarolarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar-chi? Bularning bari shubhasiz, “Inson manfaati hamma narsadan ustun”, degan tamoyilga koʻra ishlab chiqilgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, erkin fuqarolik jamiyatini yaratish, xalqimizning koʻngildagidek  turmush kechirishini taʼminlash gʻoyalariga hamohang boʻlgan siyosat samarasidir.

 

Insonga  eʼtibor haqida soʻz ketar ekan, beixtiyor ijtimoiy masalalar – ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish masalalariga yuzlashamiz. Ammo bu ham nisbiy, daromad oshgani zahoti bozordagi narxlar undan battar osmonga sapchisa, bundan kimga naf? Endilikda bu jihatlar ham nazardan chetda qolmayapti. Oʻtgan yili Oʻzbekiston tarixida ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqildi. Ijtimoiy koʻmak miqdori ham yildan yilga ortib borayotir. Xususan, 2017-yilda kam taʼminlangan 500 mingta oilaga ijtimoiy yordam koʻrsatilgan boʻlsa, oʻtgan yilda 2 milliondan ortiq oilalarga koʻmak berildi. Bunga ajratilgan mablagʻlar 7 barobarga koʻpaytirilib, yaʼni yiliga 11 trillion soʻmni tashkil etgan.

 

Muhimi, bu jarayonlar bir zum ham toʻxtab qolayotgani yoʻq, aksincha, izchil va faol davom ettirilmoqda. Joriy yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berilishining oʻziyoq, bundan keyin ham Oʻzbekistonda oʻzgarish va yangilanishlar, islohotlar, olib borilayotgan siyosat negizida inson, uning manfaatlari ustuvor oʻrin tutishidan dalolat beradi. Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni asosiy maqsad olinishi ham inson manfaatlari koʻzlaydi.

 

Keyingi yillarda maktabgacha taʼlim, uy-joy kommunal, “mahallabay” ishlash, investitsiya, davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik sohalarida salmoqli ijobiy natijalarga erishildi, deb aytishga toʻla asoslarimiz bor. Ayniqsa, xususiy sektor va tadbirkorlikka eʼtibor va ragʻbat ortga qaytmas jarayonni boshlab berdiki, biz bugun tadbirkorlarning iqtisodiyotning lokomotivlariga aylanganini koʻrib turibmiz. Prezidentimizning har yili tadbirkorlar bilan bevosita muloqotlari, u yerda tadbirkorlar tomonidan koʻtarilayotgan muammolar ham butun mamlakat taqdiriga daxldor boʻlmoqda. Eng asosiysi, bu oʻrinda insonlarning farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan birga iqtisodiyotimizning ertangi kuni, ravnaqi ham eʼtibordan soqit qilinmayapti. Tarixda birinchi marta oʻtgan yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi 80 milliard dollarlik marrani zabt etdi. Bu shubhasiz, mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanib borayotganini koʻrsatadi. Iqtisodiyot tarmoqlariga esa 8 milliard AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilib, eksport hajmi 19 milliard dollarni tashkil etdi.

 

Inson dunyoga kelibdiki, albatta, u oʻzining alohida boshpanasi boʻlishini orzu qiladi. Lekin hammaniyam bunga qurbi yetmaydi yoki boʻlmasa aksariyat insonlar hayotining koʻp yillarini ijarada oʻtkazishga majbur boʻladi. Oxirgi olti yilda aholi uchun mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp miqdordagi xonadonlar barpo etildi. Juda koʻp kam taʼminlangan yoki yosh oilalarga imtiyozli kreditlar asosida  uy-joylar berildi. Ammo uy-joylarning arzonlashishi qiyin boʻlayotgani talab naqadar yuqori ekanini koʻrsatadi.

 

Turarjoylar qurish haqida soʻz borar ekan, loyihalari aholi bilan hamjihatlikda ishlab chiqilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida olib borilayotgan ishlar alohida tahsinga loyiq. Ayni kunda respublikamizning 29 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivida 21 ming 312 xonadonga moʻljallangan 619 ta zamonaviy uy-joylar qad rostladi. Mazkur koʻp qavatli uylar muhandislik-transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari bilan bir butun majmua shaklida bunyod etilayotgani yangi uylar sohiblariga qulaylik tugʻdiradi. Aytish kerakki, bu ishlar davomli boʻlib, kelgusi besh yillikda yana 250 mingdan ziyod oila zamonaviy qulayliklarga ega uy-joylar bilan taʼminlanishi koʻzda tutilmoqda. Mana shu dalil va raqamlarning oʻzi ham Oʻzbekiston siyosati insonparvarlik, ijtimoiy adolat  tamoyillariga yoʻgʻrilganiga yaqqol misol boʻla oladi.

 

Respublikada yaqin yillarda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmini esa 30 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Agar, 2018-yilda bu koʻrsatkich 52 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yilda 80 milliard dollardan oshdi. 2030-yilgacha koʻzlangan katta maqsadlardan biri mamlakatni aholisi oʻrtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishi hisoblanadi.

 

Oʻzbekistonni jugʻrofiy oʻrniga koʻra, shimol hamda janub, mashriq hamda magʻribni magistral tranzit yoʻlaklari orqali bogʻlab turuvchi Markaziy Osiyo mintaqasining yuragi desak xato boʻlmaydi. Hozir jahonda yuz berayotgan vaziyat transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va xalqaro yuklar tashiluvchi yangi marshrutlarni ochishni taqozo etayotir. Oʻzbekistonda keyingi yillarda hududlarni bir-biriga bogʻlaydigan yangi transport kommunikatsiyalarini barpo etish borasida jiddiy ish olib borilayotgani zamirida ham ham shunday maqsadlar yotibdi. Mintaqa davlatlarining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari bilan “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston-Afgʻoniston” hamda “Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari – Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya - Yevropa” transport marshrutlari ishlab chiqildi. Ushbu mulohaza va raqamlarni keltirishimizning boisi shuki, shu kabi hamkorliklar mamlakatning aynan xalqaro doiradagi aloqalari, jahon bozor bilan integratsiyalashuvini taʼminlaydi.

 

Inson kamoloti uchun sarmoya avvalo, taʼlim va tarbiya yoʻli bilan yoʻnaltiriladi. Bugun jahonda vaziyat oʻta murakkablashgan, insoniyat koʻplab qadriyatlaridan mosuvo boʻlayotgan zamonda yoshlarning axloqi, maʼnaviyati, taʼlim-tarbiyasi har qachongidan koʻra dolzarblik kasb etayotir. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev deyarli har bir yigʻilishda taʼlim va tarbiyaga alohida urgʻu qaratayotgani bejiz emas. Bolani bogʻcha yoshidan boshlab tarbiyalashga jiddiy ahamiyat qaratish nihoyatda muhim. Shuni inobatga olgan holda, keyingi yillarda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha taʼlim muassasalari tashkil etildi. Ularda ayni kunda taʼlim-tarbiya olayotgan bolajonlarning qamrovi 2016-yildagi 27 foizdan 70 foizga koʻtarildi. Endi 27 va 70 foizning magʻzini chaqadigan boʻlsak, butun manzara oydinlashadi. Shuningdek, oʻtgan fursatda 200 dan ziyod Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablari, bundan tashqari 400 ta xususiy maktablar barpo etildi. Uch mingdan ortiq mavjud maktablar esa rekonstruksiya qilindi va toʻliq jihozlandi. Bularning hammasi Uchinchi renessans bunyodkorlari – kelajak insonlariga tikilgan kapital hisoblanadi.

 

Keyingi besh yilda ham barcha sohalarda yuksalishlar kutilmoqda. Xususan, bu davrda bogʻchalar soni 10 foizga koʻpaytirilib, taʼlim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash uchun yangi dastur qabul qilinadi. Bogʻchalar qamrovini yanada kengaytirish maʼnosida xususiy sektorga imtiyozlar beriladi va pirovardida qamrov darajasi 80 foizga yetkaziladi. Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga jalb etish darajasi esa 50 foizga yetkaziladi. Taʼlim tizimidagi bunday yangilanishlar, shubhasiz, yurtimizning kelgusidagi taraqqiyoti uchun tamal toshi boʻladi. Joriy yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi bizni yanada yuksak marralarga daʼvat etadi. Unga koʻra, mamlakat yalpi  ichki mahsulot  hajmi 160 mlrd. dollarga, aholi jon boshiga esa 4 ming dollarga yetkazish belgilandi. Kecha ushalmaydigandek koʻringan  orzu-umidlar bugun real voqelikka aylanmoqda.  Shu maʼnoda “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida koʻzlangan rejalar roʻyobga chiqib, yurtimiz yangi taraqqiyot pogʻonasiga, aniqrogʻi rivojlangan davlatlar qatoriga koʻtarilishiga shak-shubha yoʻq.

 

                                                                            Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 29
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19364
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16499
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi