“Siyosat bilan ishim yo‘q” deydiganlar, qayerdasiz?


Saqlash
10:09 / 29.09.2023 890 0

So‘z – atomdan kuchli. Bu ko‘p bora aytilgan haqiqat. Adabiyotning qon qoniga “atom”ning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak degan qoida singib ketgan. Boshqa sohalarda ham so‘z shunday qudratga ega.  U inson mulki. Uning ongi, tafakkuri, butun dunyoqarashi, millatining mahsuli. Demak, har bir sohada so‘zning qudrati, qadri bor. Shu kabi siyosatda ham!

 

Siyosatda so‘z “boshqaruv”, “g‘oyalar kurashi”, “harakatga/harakatsizlikka keltirish”, “undash, chorlash” kabi ko‘plab vazifalarni bajaradi. Ko‘z oldingizga keltiring, qo‘g‘irchoq teatrida qo‘g‘irchoqlar bir harakat bilan qo‘lini ko‘taradi, raqs tushadi, harakatlanadi – ongsiz ravishda. So‘z ham shunday ta’sir kuchiga egaki, u ongli insonni ham bemalol boshqara oladi.

 

So‘z deganda faqat nutqlar, matnlar tushunilmaydi. Tilshunoslar noverbal usul deb aytadigan harakatlar ham borki, buning natijasida ham ongimizda so‘z paydo bo‘ladi. Bunda  “tana-so‘zlovchi” (turli qo‘l ishoralari, mimikalar, his-tuyg‘u ifodalari), “surat-so‘zlovchi”, “video-so‘zlovchi”, “kino-so‘zlovchi”, “qo‘shiq-so‘zlovchi” kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.

 

Amerikalik politolog, sotsiolog G.Lassuell “Язык власти” kitobida tilga hokimiyat holatini namoyon qiladigan, siyosiy tendensiyalarni belgilovchi omil sifatida qarash lozimligini, so‘z va hokimiyat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini aytadi.

 

So‘z – propaganda, manipulyatsiya, kommunikativ strategiya deb aytilayotgan har qanday kuchli ta’sir usullarining asosi. Xo‘sh, bu “qurol”dan bizning siyosiy sferamizda qanday foydalaniladi? Deputatlar, siyosat sohasidagi faollar, rasmiy idoralar xalq bilan muloqotda so‘zdan o‘rinli foydalana olmoqdami? Siyosiy muloqotlarda aslida doimiy muloqot ishtirokchisi bo‘ladigan omma, xalq-chi? So‘zning ta’sirini qanday anglaydi?

 

Biz har kuni davlat bilan “gaplashamiz”

 

Siz davlatdan har kuni turli xil “message”lar olasiz. Ularning ko‘rinishi, yetkazish usuli har xil. Bular sizga nutqlar, rasmiy bayonotlar, turli xil ko‘rsatuvlar, sharhlar, OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetib boradi. Masalan, qonun hujjatlari ham davlatning siz bilan muloqoti. Unda belgilangan har bir norma davlatning sizga aytayotgan “so‘zi”.

 

Kimdir unga “javob qaytaradi”, kimdir shunchaki qabul qiladi. Lekin har ikki holatda ham siz to‘liq muloqot ishtirokchisiga aylanasiz. Shu sababli siyosatga qiziqmayman, deydiganlar ham bir kunda bir necha marotaba davlat bilan “gaplashadi”.

 

Har bir yangilik, o‘zgarishlarga qaysidir ma’noda o‘z munosabatimizni bildirib borishimiz, “davlat” bilan muloqotimizni mustahkamlaydi. Axir, faqat eshituvchi suhbatdosh bo‘lish ham kommunikatsiyani “o‘ldiradi”.

 

Tilshunoslikda davlatning xalq bilan muloqotini o‘rganadigan yo‘nalish kommunikativ strategiya va taktika doirasida tahlil qilinadi.

 

Siyosatda kommunikativ strategiya – bu butun boshli muloqotning ipidan ignasigacha, natijasigacha rejalashtirishdir. Taktika esa shu rejani amalga oshirish usuli.

 

Siyosatga qiziqmayman”, “u bilan ishim yo‘q” deydiganlar, qayerdasiz? Shu yerda bo‘lsangiz bilib oling, aslida siz har kuni uyda o‘tirib telefon, televizor, gazeta va boshqa visitalar orqali siyosat bilan miriqib “suhbatlashasiz”. Siz istaysizmi-yo‘qmi, gapirasizmi yoki gapirmaysizmi, siyosat “gapiraveradi”. Gap esa teshik qulog‘imiz orqali, albatta, ongimizga yetib boradi. Shuning uchun befarqlik bilan “mening ishim yo‘q” deyish men o‘z taqdirim bilan qiziqmayman deyishdek gap.

 

Mamlakatdagi o‘zgarishlar, avvalo, har birimizning ongimizdagi o‘zgarishlar bilan uyg‘un bo‘lgan taqdirdagina real hayotimizda to‘la-to‘kis aks eta boshlaydi. 

 

“Qovun tushirish”lar davlatga ishonchsizlik keltiradi

 

So‘z shaxmat o‘yini bo‘lsa, nutq har bir o‘yinchining o‘z o‘yin qoidasi. Bu tilshunoslar ko‘p eslatadigan haqiqat. Shunday haqiqatki, so‘z notiqning tilida zarga, no‘noqning tilida zaharga aylanadi.

 

Siyosat kishisi uchun so‘zni o‘rinli ishlatish, uni his qilish juda muhim.

 

Ijtimoiy tarmoqlarni titkilasak deputatlarimiz, davlat boshqaruvining ma’lum bir funksiyasini amalga oshiruvchi rasmiy idora vakillari va bir qator siyosatchilarimiz o‘z nutqlarida “qovun tushirgan” holatlarini bemalol topib olamiz. Aybsiz Parvardigor. Biroq xalq davlat bilan shu siyosiy vakillar orqali “gaplashadi”. Ularning so‘zini davlat so‘zi deb qabul qiladi. Shunday bo‘lgach, bu so‘z degani o‘rinli, to‘g‘ri, mazmunli bo‘lishi kerak. Chunki davlat va xalqni bu muloqot orqali o‘zaro ishonch bog‘lab turadi.

 

 

Mayli, nomma nom aytmaylik. Lekin muloqotda “qamoqda o‘tirish bilan qo‘rqitgan”, “Konstitutsiyada bor moddani yana qayta taklif qilgan”, “ko‘p go‘sht yeyishda ayblagan”, “pivani ko‘p ichgan ayollarda mo‘ylov paydo bo‘lishini aytgan” va yana bir qator trendga chiqqan “qovunchilar” ancha muhokamalarga sabab bo‘ldi. Eng yomoni, xalq ularning nutqidan keyin davlatga nisbatan ishonchiga putur yetayotganini ko‘rsatdi. Bu bo‘yicha memlar, karikaturalar rosa avjiga chiqdi.

 

 

Hazil hazilku-ya, lekin o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, degan maqol bejiz aytilmagan.

 

 

Xo‘sh, nimaga odatda siyosatchilarimiz nutqlarida bunaqa “kalla qo‘yisha”di. O‘ylashimizcha, juda oz, balki ozdan ham kam siyosatchilarimiz o‘z “siyosiy imidj”lari ustida bosh qotiradi. Imidj degani chiroyli kiyinish, qimmat kostyum-shim bilan o‘lchanmaydi. “Siyosiy imidj”ning namoyon bo‘lishidagi asosiy faktorlardan biri, aslida, ta’sirchan nutq hisoblanadi. Amaliyotda ko‘pincha vazirlar, deputatlar tayyor matnlardan foydalanishadi. Matn uzun, raqamlarga to‘la, butun faoliyat yoritilgan, shablonli hisobot shaklida bo‘ladi. Bu ko‘rinish esa muloqotni “o‘ldiradi”.  O‘ylashimizcha, allomalarimiz aytganidek, siyosatchilar nutqi to‘g‘ri, ravon, qisqa, adolatli, ya’ni yolg‘on aralashmagan va albatta, chiroyli talaffuzga ega bo‘lishi lozim. Buning uchun shunchaki hisobotlardan iborat matn emas, ta’sirchan, maqsadli, mazmunga boy, fikr bor, aniq gaplar yoritilgan matnlardan foydalanish kerak. So‘zga xuddi inju kabi munosabatda  bo‘lish, faqat adabiyotchilar uchun emas, siyosatchilar uchun ham suv va havodek zarurdir.

 

Masalan, hukumat va xalq muloqotining bir ko‘rinishi: deputatlarimiz qonunchilikdagi ayrim o‘zgarishlarni ma’qullashgani haqida xabar berdi.  Unda nikoh, jamoat joylarida kiyinish, ko‘p xotinlikni targ‘ib qilish bo‘yicha kiritilayotgan yangi, qat’iy normalar bor. Bular ijtimoiy tarmoqlarda muloqotlarning markazini tashkil qildi. Blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qizg‘in bahslarga kirishdi.

 

Deputatlarning bu “message”lariga berilgan “javoblar” qayta aloqaga ham zarurat paydo qildi. Alisher Qodirov bu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

 

Gap bu haqida emas. Gap siyosiy muloqotlarning chalkashligida. Ya’ni, deputatlar bu xalqning vakillari, xalq ular orqali hukumat bilan “gaplashishi” kerak.

 

Lekin kuzatishlarimizga ko‘ra, ko‘pincha deputatlarimizning xalq bilan “gapi bir joydan chiqmay” qoladi. Aslida, xalq vakillari uyi, avvalo, xalq bilan samarali kommunikatsiya qoidalarini yaratib olishi kerak.

 

Hozir tashqaridan qarasak, “xalq bilan xalq” muloqot qilayotgandek. Siyosiy kommunikatsiyada qonunchilik palatasi deputatlari “xalq”ga aylanishi va “xalq va hukumat” muloqotini yaxshi yo‘lga qo‘yishi lozim.

 

Xalq vakillari xalq bilan muloqotni to‘g‘ri va samarali tashkil qilib, davlat bilan xalq o‘rtasida ishonchli “ko‘prik” vazifasini o‘tashi kerak.

 

Shunda samarali kommunikatsiya ishonchga  aylanadi. 

 

Siyosat haqida gapirmaslik kerakmi?

 

Siyosat qo‘rquv, gapirmaslik, “nozik” odamlarning “nozik” mavzulardagi tor doiradagi suhbatlarimi? Yo‘q, siyosat aynan siz-u biz, xalq bilan bog‘liq  faoliyat. Jamiyatni boshqarishga qaratilgan faoliyat. Biz istamaymizmi, qiziqmaymizmi yoki xohlamaymizmi, siyosat doim biz bilan. U o‘z faoliyatini biz bilan bog‘liq tarzda olib boraveradi.

 

Qarashlarimizda siyosatga tilni tilib bo‘lsa ham gapirmaslik kerak bo‘lgan “yuksak” soha sifatida emas, sizning, mening, hammamizning taqdirimiz sifatida qarash shakllanishi lozim. Shunda biz haqimizda gapirilayotgan gaplar, qilinayotgan ishlar, islohotlar bizga ham qiziq bo‘la boshlaydi.

 

Nega ba’zan yutuq yoki kamchiliklar haqida gapirishdan ko‘ra, jim turishni afzal ko‘ramiz?

 

Buni bir holatga o‘xshatgim keladi. Kichkina qizim qaysargina. Har safar opasi qo‘shiq aytsa, yig‘lab, xarxasha qilib uni to‘xtadi. Mayli, u yig‘lab shovqin qilmasin deb, biz ham undan aytmasligini so‘raymiz. Shu bilan opasi ham istamaygina to‘xtaydi.

 

Muloqotlardagi ma’lum mavzuga qo‘yilgan “chegaralar” ham shunday paydo bo‘ladi.  Aslida, baland ovozda aytilayotgan muammo  faqat bir kishiga yoqmasligi mumkin. U kuch bilan  “mavzuni yopishga” harakat qiladi: baqiradi, qo‘rqitadi... Atrofdagilar ham “qo‘y, shu shovqin qilmasin, aytmay qo‘ya qol”, deydi. Ko‘pchilik so‘zi bilan mavzuga “nuqta” qo‘yiladi. Senzurani jamiyatning o‘zi ham paydo qiladi. Eng yomoni, o‘zimiz o‘zimizga qo‘ygan “chegaralar”.

 

Bir marta “og‘zi yopilgan” odam, keyingi safar o‘z “ichki chegarasi” bilan muloqotda shu mavzuni ochmaydi.

 

Samarali kommunikatsiyaning muhim talabi esa oshkoralik, shaffoflik, ishonchli axborot, adolatli tanqid  va albatta, o‘zaro ishonch!

 

Har qanday chegara bu omillarning barchasini yo‘q qiladi. Bularsiz o‘tgan muloqot “maska” kiyib olgan odamga o‘xshaydi.

 

Davlat, xalq, OAV, faollar hech bir yolg‘onlarsiz, shaffof, oshkora, ishonch bilan gaplashganda siyosat insonlar manfaati uchun xizmat qila boshlaydi.

 

Sitora BARLIBOYEVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 12
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19362
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16496
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi