Alifbomizga ñ (ng) harfi kerak


Saqlash
10:09 / 25.09.2023 1150 1

Mana, keyingi paytda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Ayni paytda oldimizda yangi, yanada muhim vazifalar turibdi. Jumladan, ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimiz bilan bamaslahat, lotin yozuviga asoslangan alifbomizni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur.

Shavkat Mirziyoyev

 

Til, yozuv xalq hamda jamiyat tarixi bilan uzviy bog‘liq ekan, bu yo‘rig‘da ura-urachilikka, shoshma-shosharlikka sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki milliy-ma’naviy qadriyatlar, tarixiy meros, urf-odat, an’analarni avloddan avlodga o‘tkazish bevosita yozuv orqali amalga oshadi.

 

Lotin yozuviga bosqichma-bosqich o‘tish, alifboni takomillashtirish jarayoni ketayotgan bir paytda yaqin o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolar takrorlanmasligi  lozim. Salkam yuz yilda uch bora alifbo o‘zgartirib og‘zi kuygan, ajdodlari qoldirgan bemisl xazinadan mosuvo xalq oldida qarzdorligimizni his etgan holda, ba’zi mulohazalarni bildirmoqchiman.

 

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori  bilan lotin alifbosiga to‘liq bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, hozirda kiril alifbosida yuritiladigan barcha joy va ko‘cha nomlari, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar, ish qog‘ozlari va turli blanklar 2022-yil yakuniga qadar lotin grafikasiga o‘tkazilishi lozim edi. Yo‘l xaritasida lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosining yangi tahriri asosida O‘zbek tilining imlo qoidalarini tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Prezidentimiz 2023-yil 5-iyul kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda alifbomizni isloh qilish boʻyicha takliflar bergan edi. O‘tgan qisqa davr mobaynida Ishchi guruh takomillashtirilgan alifbo loyihasini ishlab chiqdi. Kuni kecha (2023-yil 22-sentabr kuni) Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida mazkur loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy seminarda quyidagi takliflar ilgari surildi:

 

Amaldagi alifbo               Taklif etilayotgan loyiha

         Ch ch                          C c

         G‘ g‘                            Ğ ğ                   

         O‘ o‘                            Õ õ

         Sh sh                          Ş ş

    

Taqdim etiltgan C c harfiga shunday izoh berildi:

 

1) C c harfi 19291940-yillardagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham Ch ch tovushini ifodalagan. 

 

2) C c harfi amaldagi Ch harfining tarkibiy qismi bo‘lgani uchun aholi tomonidan oson qabul qilinadi.

 

3) C c harfi alifboga kirishi tufayli lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi to‘kis holga keladi.

 

4) C c harfi orqali Ch ch tovushini ifodalash tajribasi boshqa xalqlar (masalan, italyan) yozuvida ham mavjud.

 

Birinchidan, haqiqatan ham 1929–1940-yillarda C c harfi Ch ch ni ifodalagan. Biroq 1993-yil 2-sentabrda imzolangan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan alifboda  C c harfi ruscha  ц ni ifodalash uchun belgilangan, Ch ch esa Ç ç harfi bilan berilgan. Shu o‘rinda aytish kerakki, hozirda turk, turkman, ozarbоyjon alifbolarida ham Ç ç belgisi matnda Ch ch ni aks ettiradi. Demak, bugun turkiy tilli davlatlar integratsiyasi ketayotgan bir davrda mazkur variantni tanlagan ma’qul.

 

Ikkinchidan, Ç ç belgisi ham aholi uchun u qadar qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ustiga ustak Ş ş harfi bilan qaysidir jihatdan uyg‘unlik kasb etadi.

 

Uchinchidan, italyan tili biz uchun o‘rnak bo‘lolmaydi. Chunki turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining o‘ziga xos yozuv xususiyatlari mavjud.

 

Bundan tashqari, Ğ ğ, Õ õ harflari ustidagi belgini birxilllashtirish lozim. Õ õ  harfining belgisi olingani ma’qul. Shunda ushbu harflarning yozma shakli bilan birxillikka erishiladi, o‘quvchi, o‘rganuvchi uchun oson va qulay bo‘ladi, ortiqcha chalkashlik tug‘ilmaydi.

 

Taklif qilinayotgan 28 ta harf va 1 ta harflar birikmasi hamda tutuq belgisidan iborat o‘zbek alifbosida ng borasida quyidagi fikr ilgari suriladi:

 

Amaldagi alifbo               Loyihadagi taklif

          Ng ng                            ng

 

Izohi: 1) ng tovushi hech qachon so‘z boshida kelmagani uchun ushbu harflar birikmasining bosh shakli – Ng dan voz kechilmoqda.

 

2) ng harflar birikmasi yaxlit harfga aylantirilmasdan hozirgidek n va g harflari orqali ifodalanmoqda.

 

Modomiki, qulaylik, ixchamlik yo‘lidan borilar ekan, so‘z o‘rtasi va oxirida qo‘llanadigan ng (ñ) sonori uchun ham bitta belgini qabul qilish ayni muddaodir.

 

Turkiy xalqlarning qadimiy xatlaridan sanalgan O‘rxun-Enasoy yozuvida sirg‘aluvchi ng tovushi maxsus harf vositasida ifodalangan. Kultegin bitiktoshida ham quyidagi so‘zlarni uchratamiz: täŋri tangri, tört buluŋ to‘rt yoq, dunyoning to‘rt tomoni, küŋ boltï – joriya bo‘ldi, qaŋïm otam.

 

Har bir alifbo qaysi tilda yaratilgan bo‘lsa, o‘sha tilning xususiyatlaridan kelib chiqadi. Qadimda yozuv, imlo va alifbo islohi bilan bog‘liq bir necha jarayonlarni kuzatish mumkin. Chunonchi, arab alifbosi turkiy tillar tovush xususiyatini to‘liq  ifodalay  olmaganligi bois  tarixda  uni  bir  necha  marotaba  o‘zgartirishga  qaratilgan  harakatlar  bo‘lgan. Chunki turkiy tilda arab tiliga nisbatan unli tovushlar ko‘proq. Bizdagi e, o‘ kabi tovushlar arab tilida yo‘q. Shuning uchun et so‘zi it, qo‘sh esa qush tarzida yoziladi. Holbuki, ularning ma’nolari o‘rtasida katta tafovut mavjud. Beruniy o‘zining  “Saydana” asarida  bejiz “Arab yozuvida buyuk  bir  ofat  bor, u  ham  bo‘lsa  bir  necha  juft  harflarning  ko‘rinishida bir-birlariga   o‘xshashliklari  va  ularni  farq qilish  uchun  nuqta  e’rob (ya’ni so‘zni to‘g‘ri  talaffuz  etish  uchun  harflarning  osti  va  ustiga  qo‘yiladigan) belgilarning  zarurligidir. Agar bular tushirib qoldirilsa, ma’no mutlaqo anglashilmaydi” deb yozmagan.

 

Mahmud Koshg‘ariy turkiy fonemalar bilan arab yozuvidagi grafemalar o‘rtasida katta nomutanosiblik mavjudligi, shuning uchun bu yozuv turkiy tillar fonetik (fonologik) tizimini to‘g‘ri ifodalay olmasligini ko‘rsatib beradi. Xususan, arab yozuvida shunday harflar borki, bu harflar faqat arab tiliga xos bo‘lgan fonemalarni ifodalaydi: “hech bir turk qabilasi tilida ث harfi (ni ifodalagan tovush)  yo‘qdir. Itboq harflaridan bo‘lmish ط ظ ص ض harflari (ni ifodalagan tovush) ham turk tilida yo‘qdir. Shuningdek, bo‘g‘iz tovushlari ifodasi bo‘lmish ع ح ﻫ harflari ham turklarda yo‘qdir. اُکْكى ükkі so‘zini اُهى ühі deguvchilar juda kamdir. اُكّىِ ükkі so‘zini “k” bilan talaffuz qilish qipchoqchadir. Tutantiriq yog‘ochini kanjaklar جَهٰا јähä deydilar. Bu talaffuz til xususiyatiga mos emasdir; ko‘z og‘rig‘ini اَوَهْ äväh deydilar, bu so‘z ham yuqoridagidek mos emasdir”.

 

Buyuk tilshunos ajdodimiz yozuvdagi ana shu kamchilikni mavjud harflarga nuqtalar qo‘yish orqali bartaraf etishga harakat qildi. U turkiy tildagi o‘n sakkizta harf haqida gapirib, shunday yozadi: “Bu asosiy harflardan boshqa talaffuzdagina (yozuvda emas) ifodalanuvchi yana yettita harf borki, bu tildagi so‘zlar ularsiz yozilmaydi. Bular qattiq talaffuz qilinadigan ب (p), arabcha ج (j) – “jim” (bu lug‘atda, ya’ni turkchada kam qo‘llaniladi), ز (z) bilan ش (sh) oralig‘ida talaffuz etiladigan ژ (j); arabcha ف (f); nuqtali غ (g‘); (7) ق (q) bilan ک (k) oralig‘ida talaffuz etiladigan yumshoq ک (g), kofi g‘unna bilan غ (g‘) oralig‘ida hamda ق bilan ن oralig‘ida talaffuz etiladigan ng‘ (ң)dir. Bu harflarni talaffuz qilishda turklardan boshqalar qiynaladilar”. Milliy til va tovushga xos mazkur holat “Devonu lug‘otit-turk” asaridan keltirilgan maqollarda o‘zining go‘zal ifodasini topgan: Tirig esӓn bolsa taŋ ӧküš(sh) kӧrür – odam eson (sog‘) bo‘lsa, qiziq narsalarni ko‘p ko‘radi;  taǧïǧ (g‘) uqruqïn egmӓs, teŋizni qayǧïqïn bükmӓs – tog‘ arqon bilan egilmaydi, dengiz qayiq bilan bekilmaydi; ӓn iŋrӓsӓ botu bozlar – urg‘ochi tuya ingrasa, bo‘talog‘i bo‘zlaydi (ovoz chiqaradi); Tavǧač xannïŋ turqusï telim teŋlӓmӓzib čmas Tavg‘ach (Xitoy) хoqonining ipak matosi ko‘p, lekin o‘lchamay kesilmaydi. Quvonarlisi, ko‘hna manbalarda qo‘llanishda bo‘lgan bu kabi ko‘plab so‘zlarimiz bugungi kunda ham o‘zining jozibasini saqlab qolgan.

 

1927-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan  o‘zbek, qozoq va qirg‘iz  jumhuriyatlarining  ilmiy  kengashida  yangi  alifbo  qabul  qilinadi.  Bu alifbo O‘rta  Osiyo   turklari  uchun  yagona  alifbo  edi.  Imlochilar turkiy xalqlar alifbosini birlashtirishga, imkon qadar bir-biriga yaqinlashtirishga harakat qildilar. Bu alifbo turkiy tillar tabiati, fonetik xususiyatlariga nisbatan mos kelar edi. Bunga sabab alifboni shakllantirishda ilmiy asoslarning to‘g‘ri  tanlanganligidadir.

 

1928-yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan butun ittifoq Yangi  alifbo markaziy  qo‘mitasining  II plenumida  lotin yozuviga o‘tish uzil-kesil hal etildi.  Natijada 1929-yildan boshlab amal qilingan lotin yozuvida ham ng undoshi uchun harfi tanlab olindi. 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi. 19291940-yillardagi ijobiy tajribadan kelib chiqib, respublikaning rivoji va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtirish maqsad qilingan ushbu qonunda dastlab ng sonorini ñ belgisi orqali yozish mustahkamlangan.

 

Binobarin, jadidlarning asosiy xizmatlaridan biri shu bo‘ldiki, ular milliy alifboga ng tovushi uchun alohida harf kiritdilar. Ya’ni arab alifbosiga o‘tilgandan buyon yozuvda ikki harf (nun vа qof) bilan aks etib kelgan sonor asliga qaytdi. Bu haqda tarixchi va sharqshunos Boymirza Hayit shunday yozgan edi: “Jadidchilar arab harflarini qulay o‘rgatmoq vа turkchani to‘g‘ri talaffuz  ettirmoq uchun arab harflaridagi fatxa, kasra vа zamma ishoratlari o‘rniga alohida harflarni ilova qilgandilar. Ular bu alifboga turklarning eng eski “ng” harfini ham qo‘shdilar. Turkistonda alifbo shu tariqa yaratilgandi”.

 

Aytish joizki, ushbu tovush o‘zbek shevalari fonetik tizimida ƞ tarzida ifodalanib, sayoz til orqa undoshlari safidan o‘rin olgan. Shu bilan birga, zamonaviy qozoq (ӊ), tatar (ӊ), turkman (ñ), qoraqalpoq (ń) tillarining alifbolarida bitta harf vositasida bitilgan. Bundan tashqari, turkologiyada qabul qilingan xalqaro transkripsiyada ng undoshi ŋ harfi bilan beriladi. Filologiya fanlari doktori Suvon Meli matbuotdagi chiqishlarida (“Baxtiqaro “ŋ”, “Ma’rifat”,  2021-yil 12-may; 2021-yil 23-iyun) kuyunchaklik bilan ta’kidlaganidek, “Odamlarimiz chiroyli gapirishi, har bir so‘z va tovushni to‘g‘ri, aniq talaffuz qilishi yangi taraqqiyot bosqichiga kirgan mamlakatimizning ruhiy-ma’naviy iqlimiga ijobiy, xayrli ta’sir o‘tkazishi tayin. Pala-partish so‘zlash, xom-xatala yozish, agar bu epidemiya darajasiga chiqsa, hech qachon ezgu natija bermaydi”.

 

 Mahmud Koshg‘ariy aytmoqchi, faqat turkiy tillar uchun xos bo‘lgan ng tovushini yozuvda aks ettirish uchun ñ belgisini qabul qilish “bir tovush bir harf” tamoyilini ifodalash barobarida qadimiy va milliy an’analarni tiklash hamdir. Qolaversa, ushbu tovush borasidagi “kerak yoki kerak emas” degan asossiz tortishuvlar barham topadi. Eng muhimi, millatimiz g‘ururi, or-nomusi, teran ildizlarga ega bo‘lgan ona tilimizni kompyuterga moslashtirish, buning uchun esa XV-XVI asrdan buyon foydalanib kelayotgan tovushdan voz kechish yo‘lidan bormasligimiz kerak. 

 

Baxtiyor ABDUSHUKUROV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

1 Izoh

Sindorov Lutfulla Kurolovich

00:12 / 19.12.2023

Juda to‘g‘ri, asosli fikr-mulohazalar berilgan. Alifboni islohida, albatta, bunday takliflarni inobatga olish zarur.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19341
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16447
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi