Bo‘lar ekan-ku yoxud bugunning kechadan farqi nimada?


Saqlash
18:08 / 03.08.2023 755 0

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!”, degan bosh g‘oya asosida amalga oshirilishi belgilab olindi. Hech shubhasiz, mustaqillik yillari xalqimizning ming yillar davomida orzu qilib kelgan ozodlik, erk va erkinlik yo‘lidagi kurashlarining mantiqiy natijasi bo‘ldi. Bu yillar mobaynida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. O‘zbekiston jahon hamjamiyatining haqli ravishda to‘laqonli a’zosiga aylandi.

 

Ayniqsa, so‘nggi olti-yetti yil avval boshlangan yangilanishlar, xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘tkazilayotgan islohotlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dadil qadamlar nafaqat mamlakatimiz aholisida, shuningdek, jahon hamjamiyatida ham hursandchilik bilan kutib olinmoqda.

 

Bugun xalqimiz Yangi O‘zbekiston aslida yangi hayot uchun kurash ekanligini, bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarsiz mamlakatimizda uzoq yillar davomida to‘planib qolgan barcha sohalardagi muammolarni hal etish aslo mumkin emasligini yaxshi anglab turibdi.

 

Qolaversa, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi har bir kun biz uchun avvallari xayolimizga ham kelmagan imkoniyat va istiqbollarni yaratib bermoqda. Shu nuqtai nazardan ham, yuqorida nomi qayd etilgan qarorda o‘tgan qisqa, ammo tarixiy jarayonlar, islohotlarga boy tarixiy davr mazmun-mohiyatini ochib berish lozimligi ta’kidlanadi. Mazkur vazifani “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor”, degan hayotiy shior mohiyati va ahamiyati ila ochib berilishiga e’tibor qaratilgani ham bejiz emas. 

 

Shunday ekan, bizning vazifamiz ana shu ikki davrni adolat tamoyillariga amal qilgan holda xolis tahlil qilishdan iborat.  Tahlillarni “Kecha” (1991-2016 yillar) va “Bugun” (2016-yildan hozirgacha) rukni ostida amalga oshiramiz. Ularning ayrimlari quyidagilardan iborat:

Kecha mamlakatimizda majburiy mehnat avj olganligi bilan ajralib turadi. Ma’lumki, 1930-yilda Xalqaro mehnat tashkilotining Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-konvensiyasida, keyinchalik, uning 2014-yildagi qo‘shimcha bayonnomasida majburiy mehnat qattiq taqiqlangan, uni amalga oshirish inson huquqlarini paymol qilishdan iborat ekanligi qayd etilgan bo‘lsa-da, biroq uzoq yillar davomida bu masalaga bizda e’tibor berilmadi.

Ayniqsa, oq paxta biz uchun “qora dog‘” bo‘ldi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, 2010-yilda mamlakatdagi va xorijdagi inson huquqlari faollari O‘zbekistonda paxta yetishtirishda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatidan foydalanilgani uchun o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilish bo‘yicha petitsiyaga imzo chekdilar.

 

Mazkur davrda ijtimoiy hayotning qaysi jabhasida bo‘lmasin xodimlarni asosiy faoliyatidan ish paytida ajratib olib, go‘yoki, “ijtimoiy foydali mehnat” bahonasida turli vazifalarni bajarishga majbur qilish odatiy hol bo‘lib qoldi. Bu narsa ayniqsa, ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida hamda sog‘liqni saqlash sohasida avj oldi. Maktab o‘qituvchilari o‘z faoliyatining qariyb chorak qismini qishloq xo‘jaligi, obodonlashtirish, boshqa tashkilotlar funksional vazifalariga kirgan topshiriqlarni bajarishga majbur bo‘ldilar. Natijada ta’lim tizimi sifati keskin pasayib ketdi. O‘qituvchi, murabbiylarning ta’lim tizimidan boshqa sohalarga o‘tib ketish darajasi o‘sdi. Bolalarning ta’lim olish darajasi tushib ketdi, ularning dunyodagi ilg‘or mamlakatlardagi o‘z tengdoshlaridan bilim saviyasi bo‘yicha ko‘rsatkichlari salbiy mazmunga ega bo‘ldi.  

 

Bugun esa mamlakat rahbarining sa’y-harakatlari bilan majburiy mehnatga barham berildi. Aslida majburiy mehnatni taqiqlash bo‘yicha jiddiy ishlar 2017-yilning boshidanoq boshlangan edi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining faol harakatini ham esdan chiqarmaslik lozim.

 

Xalqaro tashkilotlar, ekspertlar O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini doimo qo‘llab-quvvatlab turdi. 2022-yil 10-mart kuni mamlakatimizda majburiy mehnatning bekor qilinganligi, rahbariyatning mazkur masala bo‘yicha qat’iy munosabatini e’tiborga olib, “Cotton Campaign” xalqaro kaolitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga joriy qilingan boykotni bekor qildi. Shunday qilib, 12 yil davom etgan boykot barham topdi. Bu O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida erishgan katta va salmoqli yutug‘i edi. Mazkur masalada O‘zbekiston rahbariyatining munosabati qat’iy ekanligini yangi tahrirdagi Konstitutsiya misolida ham ko‘rish mumkin. Uning 44-moddasiga ko‘ra majburiy mehnat taqiqlandi.  

 

Kecha biz uchun ko‘plab masalalar, bajarilishi qiyin bo‘lgan vazifalar atayin jamiyatdan yashirildi. Shuning uchun ham bu davrda “yopiq mavzu”lar soni talaygina edi. Ana shunday “yopiq mavzu”lardan biri – kambag‘allik masalasi edi. Inson har doim yaxshi yashashga farovon turmush kechirishga, birovdan kam bo‘lmaslikka harakat qiladi. Ammo O‘zbekiston sharoitida biz kambag‘allik degan so‘zni ishlatishga shoshmadik. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, biz o‘zimizni o‘zimiz aldadik, rasmiy ma’lumotlarda bu haqida axborotlar berishni o‘zimizga ep bilmadik. Kambag‘allik so‘zi o‘rniga “ehtiyojmand”, “kam ta’minlangan” kabi so‘zlarni ishlatishga majbur bo‘ldik. Bu narsa rasmiy doiralarda muayyan darajada xotirjamlik kayfiyatini paydo qilgan bo‘lsa-da, biroq aholining kambag‘allik darajasi, shunga mos ravishda, ijtimoiy norozilik holati yildan-yilga ortib boraverdi.

 

Bugun esa O‘zbekiston hukumati katta siyosiy iroda ko‘rsatib, mamlakatimizda kambag‘allik muammosi mavjud ekanligini, u uzoq yillar davomida shakllangan, o‘ta ayanchli holatga aylanib borayotganligini baralla aytishdan cho‘chimadi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor mazkur masala 2020-yilning 24-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ko‘tarildi. Shuni ta’kidlash kerakki, bu masala ana shu paytdan boshlab O‘zbekiston iqtisodiy-ijtimoiy siyosatining eng dolzarb masalasiga aylandi. Ayrimlarda aholiga moddiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy nafaqa tizimini yaxshilash, turli imtiyozlar berish bilan kambag‘allik muammosini hal etsa bo‘ladi, degan fikr bor. Qayd etish lozimki, masalaga shu taxlitda yondashuv bir yoqlama yondashuv hisoblanadi. Buning natijasida ayrim masalalarni muayyan makon va vaqt holatida hal etish mumkindir. Ammo bunday yondashuv jamiyatda yillar davomida shakllangan kambag‘allik muammosini aslo hal etmaydi. Kambag‘allikni kamaytirishning eng ishonchli va tez etish yo‘li esa aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iboratdir.

 

O‘zbekistonda kambag‘allikni kisqartirish bo‘yicha xorij tajribasi jiddiy ravishda o‘rganildi. Uning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi, kambag‘allik darajasini aniqlash mezonlari va baholash usuli, aholi moddiy ta’minotining minimal standartlari va me’yoriy asoslarini puxta ishlab chiqish maqsadida Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarning 14 nafar ekspertlari jalb qilindi. Bugungi kunda “2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish konsepsiyasi” asosida jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. 2022-yil yakunlariga ko‘ra kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaygan. Yil davomida 200 ming tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. 10 ming korxona faoliyati kengaytirildi. 11 mingtasining quvvati tiklandi. Olib borilgan ishlar natijasida bugungi kunga kelib 1 million kishi kambag‘allikdan chiqarildi.

 

Kecha nihoyatda katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan holda mamlakat iqtisodiyoti, hususan sanoat sohasida olib borilgan tub o‘zgarishlar, islohotlar O‘zbekistonni jahondagi yirik sanoati rivojlangan mamlakatga aylantirishga imkon bermadi. Ayni paytda, mavjud sanoat sohasi mamlakat va millatning toboro ortib borayotgan tabiiy ehtiyojlarini ham qondira olmadi. Ayniqsa, davlat korxonalarining transformatsiyasini hamda xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish yuz bermadi. Samarasiz korxonalar soni yildan-yilga ortib boraverdi. O‘zbekiston sanoatini rivojlantirishning fundamental drayverlari yaratishda sustkashlikka yo‘l qo‘yildi. Sohaga zamonaviy, yuksak texnika va texnologiyalarning joriy etilishidagi kamchiliklar esa mehnat unumdorligini oshirishga yo‘l qo‘ymadi. Yalpi ichki maxsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarishi sohasining ulushi 2016-yilda 19,5 foizni tashkil etdi, xolos. Sanoat ishlab chiqarish sohasiga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 2010-yilda arang 4,9 trillion so‘mga yetdi.

 

Bugun esa Yangi O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining eng asosiy yo‘nalishi bo‘lgan sanoat sohasini rivojlantirish asosiy vazifaga aylandi. Mamlakatimiz “agrar-industrial davlat”dan “industrial-agrar davlat”ga aylandi. Sanoat sohasidagi siyosatni samarali amalga oshirish, sanoatni innovatsion asosda tashkil etish, uni rivojlantirishda drayver va o‘sish nuqtalarini belgilab olish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish orqali sanoat tarmoqlari raqobatbardoshligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. Olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. Bunday muvaffaqiyatlarga erishishda yalpi ichki mahsulotning chorak qismini tashkil etuvchi sanoat sohasining ulushi sezilarli bo‘ldi.

 

Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, O‘zbekiston sanoati Mustaqil davlatlar hamkorligi mamlakatlari orasida jadal o‘smoqda. Masalan, O‘zbekistonda 2022-yilda sanoat ishlab chiqarishi fizik hajmi indeksining o‘sishi 5,2 foizni tashkil etga bo‘lsa, bu raqam Qozog‘istonda 1,1 foizga, Rossiyada 0,6 foizga, Ozarbayjonda 1,1 foizga pasaygan. Mamlakatimizda sanoat sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli yutuqlar salmog‘i tobora ortib bormoqda. Masalan, 2022-yilda sanoat ishlab chiqarish hajmi 551,1 trillion so‘mga yetdi. Vaholangki, bu raqam avvallari 63 milliard so‘mdan iborat edi, xolos. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarish sohasining ulushi 2022-yilda 26,7 foizni tashkil etdi, sohaga jalb etilgan investitsiyalar hajmi mazkur yilda 124,6 trillion so‘mga yetdi.

 

Kecha “mamlakat xavfsizligini ta’minlash” bahonasida o‘ta qattiq va mutlaqo mantiqsiz pasport tizimi amal qildi. O‘sha davrda O‘zbekiston hududida 60 dan ortiq tekshirish punktlari tashkil etildi. Jumladan, Xorazmdan Toshkent shahrigacha 17 ta, Farg‘ona vodiysidan poytaxtgacha 8 ta shunday punktlar faoliyat ko‘rsatdi. Bunday punktlarning vazifasi davlat va millat xavfsizligiga “rahna solayotgan shubhali shaxslar”ni aniqlash, ularning respublika hududida erkin harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, odamlar o‘z yaqinlarining janoza tadbirlariga, to‘y-marosimlariga ham bora olmay qoldilar. Bahona bitta: tekshiriluvchining yo pasporti yodidan chiqib qolgan yoki bunday shaxslar tekshiruvchilarda shubha uyg‘otgan. Tabiiyki, bunday holat odamlarimizda haqli noroziliklarni keltirib chiqarardi. Ayniqsa, xorijdan kelgan mehmonlarning bunday punktlardan o‘tishidagi jiddiy muammolar vaziyatni yanada keskinlashtirar, ularda O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch kayfiyatining so‘nishiga sabab bo‘lardi.

 

Bugun esa o‘sha tekshiruv punktlari bekor qilindi. Mashhur qiziqchimiz aytgani kabi “endi fuqarolarimiz o‘zlarini bemalol O‘zbekistonlikmiz, deya olyaptilar”. Bugun yo‘llarimizda hech qanday punktlar, postlar, sun’iy to‘siqlar yo‘q. Odamlarimizning mamlakatimiz bo‘ylab erkin-emin harakatlanishini ko‘rib inson hayratga tushadi:

– Bo‘lar ekan-ku, nahotki, bir mamlakatning aholisi bo‘lsakda, bir-birimizga ishonmasak, hujjatsiz harakat qila olmasak?

 

Tekshiruv punktlarining bekor qilinishi oqibatida odamlar orasida muayyan darajada shakllanib borayotgan ishonchsizlik kayfiyati yo‘qoldi, kishilar va kuch ishlatar organlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va samimiylik rishtalari  paydo bo‘ldi.  

 

Kecha mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini korrupsion holatlarsiz tasavvur etib bo‘lmas edi. O‘zbekiston jamiyatida “sendan ugina, mendan bugina” qabilida ishlash tizimi avj olgan edi. Ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qurilish sohalarida korrupsiya holatlari juda ko‘p uchrar, odamlarning norozilik kayfiyati esa tobora ortib borardi.

 

Korrupsiya holatining jamiyat ijtimoiy qiyofasiga salbiy ta’siri kuchlidir. Bu narsa jamiyatda ijtimoiy tabaqalanishning kuchayishiga, qonun ustuvorligi tamoyillarining obro‘sizlanishiga ta’sir etadi. Ayniqsa, mazkur salbiy holat xalqning davlatga, hukumatga bo‘lgan ishonchini yo‘qotib, xalqaro hamjamiyatda mazkur mamlakatga bo‘lgan do‘stona munosabatlarga putur yetkazadi.

 

Ta’lim tizimida shakllangan korrupsiya holatlari, poraxo‘rlik, ta’magirlik jamiyat uchun zarur bo‘lgan har tomonlama yetuk mutaxassis kadrlar korpusining shakllanishiga imkon bermadi. To‘g‘ri, ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan o‘z hayotiy prinsiplaridan voz kechmagan minglab vatandoshlarimizni topish mumkin edi. Ular jamiyat hayotining barcha jabhalarida o‘z vazifalariga vijdonan munosabatda bo‘ldilar. Ommaviy axborot vositalarida, turli anjumanlar, yig‘ilishlarda korrupsiya jamiyatni ichidan turib yemiradigan qurt ekanligini, u bilan jiddiy, tizimli ravishda kurashish davlat va jamiyatning hayot-mamoti ekanligini qayd etishdan charchamadilar.  

 

Bugun esa ana shunday mexanizm, chuqur o‘ylangan ta’sirchan tizim yaratildi. Ta’bir joiz bo‘lsa aytish kerakki, 2016-yilning oxiridan mamlakatimizda boshlangan yangilanishlarning aynan korrupsiya balosidan qutqarishdan boshlanganligi juda to‘g‘ri bo‘ldi. Chunki, jamiyatda amalga oshirilishi mo‘ljallangan barcha islohotlar taqdiri o‘sha mash’um holatni yo‘q qilish bilan bog‘liq edi. Shuning uchun ham muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Qonunchilik palatasida 2016-yil 24- noyabrda tasdiqlangan, o‘sha yilning 13-dekabrida Senat tomonidan ma’qullangan va 2017-yil 3-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzosi bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda mazkur masalaning o‘ta jiddiy ma’noga ekanligiga qaratilgan yana bir e’tibor edi. Ushbu farmonga binoan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Bu esa shubhasiz, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning davomiyligi va hayotbaxsh ekanligini ta’minlash yo‘lidagi dadil qadam edi. Shuningdek, sohadagi ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlash bilan birga xalqaro reytinglar va indekslarda yuqorilashga va yurtimiz nufuzini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Masalan, 2022-yil uchun “TRANSPARENCY INTERNATIONAL” tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksi reytingida O‘zbekiston 2021-yilda 2020-yilga nisbatan 7 pog‘ona yuqorilab, 140-o‘rinni, 2022-yilda esa 14 pog‘onaga yuqorilab, 126-o‘rinni egalladi hamda indeks bahosida qatorasiga 5 yil davomida barqaror o‘sishga erishdi.

 

Bugun bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar tufayli, ayniqsa, korrupsiya holati juda avj olgan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida mehnat qilayotgan yuz minglab xodimlar maoshlarining oshirilishi, ular mehnatini munosib baholash mexanizmlarining yaratilishi, hech shubhasiz, O‘zbekiston jamiyatida uning ildizlarini yemirishda asosiy rol o‘ynaydigan korrupsiya holatlarining tag-tomiri bilan yo‘q qilishga xizmat qiladi.

 

Kecha odamlarimiz o‘z peshona teri bilan ishlab topgan pul mablag‘ini naqdlashtirish borasida azob chekdi. Banklar bu vazifani uddalab berolmadi. Do‘konlardan maxsulot oladigan bo‘lsak ularning narxini 10 foizga qimmat baholarda olishga majbur bo‘ldik. Bozorlardan maxsulot sotib olishdan ham murakkabroq muammo yo‘q edi. O‘sha paytlari hayotimizda “обнальшик” degan “ishbilarmonlar”ning yangi toifasi yuzaga keldi. Bunday ishbilarmonlar pulni naqdlashtirish uchun odamlar ustidan 30, hatto 40 foizgacha sudxo‘rlik qilishdi. Biz esa chidashga majbur edik. Bu borada ayniqsa davlat sektorida ishlaydiganlar, o‘qituvchilar, sog‘liqni saqlash xodimlari eng ko‘p zarar ko‘rdilar. Oladigan maoshning tayini, cho‘g‘i yo‘q. Biroq biz farzandlarimiz rizqini qiyib, katta-katta foiz hisobiga o‘z mehnatimiz evaziga ishlab topgan pulimizni qandaydir “ishbilarmon”larga berishga majbur bo‘ldik.

 

Milliy valyuta almashinuv jarayoni ham jiddiy ravishda buzilgan edi. “Qora bozor” savdosi avj oldi. Buning natijasida savdo-sotiq, tadbirkorlik va ishbilarmonlik jarayonlarida sun’iy to‘siqlar yuzaga keldi.

 

Bugun esa o‘sha muammo tag-tugi bilan hal bo‘ldi. Barcha qishloq-shaharlarda bank kartalaridagi pullarni naqdlashtirishning 24/7 tizimi ishga tushdi.  Ayni paytda pul-kredit siyosati sohasida ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, to‘lov tizimlari rivojlantirildi, chet el valyutasini sotib olish imkoni yaratildi, naqd pul muammosi hal etildi, uzluksiz ishlovchi avtomatlashtirilgan bankomatlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa  odamlarda ertangi kunga bo‘lagan ishonchini yanada mustahkamladi.  

 

Kecha mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoyalash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilganini ta’kidlash lozim. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolar ro‘yhati tuzildi, ularning munosib turmushini tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Qator-qator dasturlar, konsepsiyalar yaratildi. Biroq bu ishlar o‘z samarasini bermadi. Biz yuqorida qayd etganimiz kabi, kambag‘allik darajasi pasaymadi, aksincha, uning salmog‘i ortib boraverdi. Turar joyga ega bo‘lmaganlar soni yildan-yilga ko‘payib bordi. Ishsizlik muammosi hal etilmadi. Har yilgi xisobotlarda ish bilan ta’minlanganlar soni 700 mingdan bir million kishigacha etib taqdim etilgan bo‘lsa-da, ammo real hayotda ularning soni juda kam edi.  Mamlakatda xalq manfaatlarini ifoda eta olmaydigan “davlat – jamiyat – inson” tamoyiliga amal qilindi. Davlat qurilishi va boshqaruvi, barcha siyosiy tuzulmalar, ularning ish uslublari va faoliyati ham ana shu tamoyil asosida shakllangan edi.

 

Bugun esa inson, uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor va muqaddas maqsadiga aylandi. Jamiyat qurilishi va davlat boshqaruvida ana shu muhim va ezgu g‘oyaga suyanilmoqda. Bunday siyosat “Davlat – inson uchun” va “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

 

Bugun davlat budjetining asosiy qismi ijtimoiy sohaga ajratilmoqda. 2023-yili davlat budjetida 130 trillion so‘m, ya’ni jami xarajatlarning salkam 50 foizi ijtimoiy sohaga ajratilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, ularning har bir qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim mexanizmi joriy qilindi. Xususan, 2017-yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugun 2 milliondan ortiq oilaga ko‘mak berilyapti. Ajratilgan mablag‘lar esa 7 baravarga ko‘paydi.

 

Alohida e’tibor kam ta’minlangan oilalardagi bolalarga qaratilmoqda. Bunday bolalarni parvarishlash uchun to‘lanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori o‘rtacha 1,5 barobar oshirildi.

 

Masalaning huquqiy asoslari ham yaratildi. Jumladan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 115- va 122-moddalari bilan aholini ijtimoiy himoyalash masalalari huquqiy kuchga aylantirildi. Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda 3 barobar oshdi.

 

O‘zbekiston davlatining aholi ijtimoiy himoyasini to‘laqonli ravishda ta’minlashga doir faoliyatida, so‘zsiz, Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 1-iyundagi farmoni bilan Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi katta voqea bo‘ldi. Bu – juda katta, misli ko‘rilmagan yutuq.

 

Kecha ming yillar davomida o‘zaro qardoshlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yib kelgan, an’anaviy tarzda bordi-keldi aloqalari asosida yashab kelgan qardoshlarimiz – Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston davlatlari bilan bo‘lgan chegaralarimiz taqa-taq berk edi.  

 

Hech qachon yodimdan chiqmaydigan hayotiy misol: 2014 yili Namangan viloyatining Kosonsoy tumani va Qirg‘iziston Respublikasi chegarasida bir tomonda mushtipar ona, chegaraning narigi tarafida bir necha yillar avval qo‘shni davlatga kelin bo‘lib tushgan o‘sha onaning qizi bir-birlariga qarab yum-yum yig‘lab turibdilar. Kelin o‘z farzandiga to‘y qilyapti. Ona esa o‘z nabirasining to‘yida ishtirok eta olmaydi. Chunki chegaradan o‘tish mumkin emas. Bunday holatni ko‘rishning o‘zi azob. Afsuski, ana shunday vaziyatni barcha qo‘shni davlatlar chegaralarida ham ko‘rish mumkin edi. Qanchadan-qancha vatandoshlarimizning yurak-bag‘ri ezilib ketmadi-ya...

 

Bugun esa sun’iy ravishda qo‘yilgan va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan barcha to‘siqlar olib tashlandi. To‘g‘ri, davlat chegaralari muqaddas hisoblanadi, ularni ko‘z qorachig‘idek asrash har birimizning burchimiz. Masalan, O‘zbekiston bugun Qozog‘iston bilan 2356, Qirg‘iziston bilan 1476, Tojikiston bilan 1282, Turkmaniston bilan 1831 kilometr chegaralarga ega. Ularning har bir qarichini himoya qilish fuqarolik vazifamizdir. Biroq bugun butun dunyoda kuchli globallashuv ketayotgan bir davrda u yoki davlatning faqat o‘z qobig‘ida yashashi mutlaqo mumkin emas. Ayniqsa, asrlar davomida bir daryodan suv ichib, qiz berib, qiz olgan o‘zbek-tojik, o‘zbek-qozoq, o‘zbek-qirg‘iz, o‘zbek-turkman oilalarini qanday qilib ajratib tashlash mumkin?!

 

Shuning uchun ham Markaziy Osiyo davlatlari O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar, ular kuchli siyosiy iroda namoyish qildilar. 2017-yili O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaralar ochila boshladi. 2019-yil holatiga kelib, O‘zbekiston va Tojikiston chegarasidagi barcha 17 ta nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklandi. Huddi shunday ishlar boshqa qo‘shni davlatlar bilan chegaralarda ham amalga oshirildi. Buning natijasida bir tomondan, har ikki davlat fuqarolarining azaliy do‘stlik rishtalari yana jonlandi, uzoq yillar bir-birining diydoriga to‘ymagan yaqinlar, do‘st-birodarlar yana yaqinlashdilar.  

 

Kecha O‘zbekistonda kichik vatani – o‘z uyiga ega bo‘lmagan yuz minglab oilalar bor edi. Odamlarni munosib uy-joy bilan ta’minlash haqida ko‘p gaplar bo‘lgan bo‘lsa-da, biroq, mazkur masalani real hayotda amalga oshirish imkoni bo‘lmadi. O‘sha paytlarda turli oilalardagi hayot tarzidan xabarimiz bor: katalakdek kichik uylarda uch, to‘rttalab oilalar o‘nlab yosh bolalari bilan istiqomat qilar, munosib turmush uchun ularda na sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilinar, na normal ijtimoiy muhit bor edi. Hayotning og‘irligidan oilaviy kelishmovchiliklar kuchayib borar, ajralishlar salmog‘i esa yildan-yilga ortib bordi.

 

Keling, yaxshisi, birgina misol keltiraylik: 1991 – 2016 yillarda Toshkent shahrida 77,2 ming xonadonli 1287 ta ko‘p qavatli uylar qurildi xolos. Toshkent shahridek azim makonda bu raqam dengizdan tomchi edi. Uy-joyga muxtoj bo‘lganlarni har bir toifadagi fuqarolar ichidan topsa bo‘lardi. Qanchadan-qancha olimlar, ziyolilar, hatto mamlakat va millat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lganlar uy qidirib sarson-sargardon bo‘ldilar. Axir buni unutib bo‘ladimi?! Yaqin tarix-ku!

 

Bugun mamlakatimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Natijada so‘nggi 6 yilda mamlakatimiz bo‘yicha 300 mingta yoki avvalgi yillarga qarganda 10 barobar ko‘p uy-joy qurildi. Bugungi kunda mamlakatimizning qaysi hududiga bormang, barchasida jadal ravishda uy-joy qurilishi davom etmoqda. Ba’zan odam hayron qoladi: nahotki, O‘zbekistonda o‘z kichik vatani – uy-joyiga ega bo‘lmaganlar shunchalik ko‘p bo‘lsa?! Ha, haqiqatdan ham shunday edi. Bugun O‘zbekistonda har bir oilani uy bilan ta’minlash davlat oldidagi eng katta vazifaga aylandi. Shu ma’noda, 2023-yil 13-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni alohida ta’kidlash lozim. Odamlarni uy-joylar bilan ta’minlashda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” va boshqa davlat dasturlari doirasida qurilgan massivlarning bo‘sh yerlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurish davom ettiriladi va 2023-yilda qurish hajmlari 90 mingtaga yetkaziladi. Birgina joriy yilda 38 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 31 mingta, boshqa davlat dasturlaridagi massivlarda 8 mingta, xususiy pudrat tashkilotlari hisobidan 51 mingta kvartiralar qurilishi belgilandi. Kelgusi yetti yilda 15 milliard AQSh dollari yo‘naltirish hisobiga, qo‘shimcha 1 million xonadonli uy-joylar qurilishi ta’minlanadi. Bu tom ma’noda buyuk g‘alaba bo‘ladi.

 

Kecha milliy madaniyatimiz aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish borasida ma’lum darajada ish olib borgan bo‘lsa-da, biroq bu borada to‘laqonli faoliyat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Ko‘plab islohotlar o‘tkazishga harakat qilingan bo‘lsada, ularning samaradorlik darajasi past bo‘ldi. Madaniyat maskanlarini boshqarishning huquqiy bazasi juda eskirgan, madaniyat va san’at xodimlarini ijtimoiy himoyalash tizimi yaroqsiz holga kelib qolgandi. Uzoq yillar davomida “Madaniyat to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinmadi.

 

Bugun esa madaniyat va san’at tom ma’noda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Shuni alohida qayd etish lozimki, 2017-2023-yillar mobaynida madaniyat va san’at sohasiga oid 4 ta Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 35 tadan ortiq farmon va qarorlari, Hukumatning 100 dan ortiq qaror va farmoyishi qabul qilindi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bora 2021-yil 23-yanvarda O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinib, madaniyat va san’at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi belgilandi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratildi. Ilk marotaba 15 aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni etib belgilandi. Milliy va jahon madaniyati namunalari bilan aholiga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi, Xalqaro festivallar direksiyasi, “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, O‘zbek milliy maqom san’ati va Respublika Baxshichilik san’ati markazlari hamda uning huzurida Baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi. Adolat yuzasidan qayd etish lozimki, uzoq yillar mobaynida O‘zbekiston san’atiga bunchalik darajada katta e’tibor berilmagan edi.

 

Kecha mamlakat ta’lim tizimi muammolar girdobida o‘ralashib qolgan edi. 2016-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish darajasi 27 foizdan oshmas edi. Bunday muassasalarning moddiy-texnik bazasi o‘ta nochor bo‘lib, ularning binolari deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan, bog‘chalarni malakali tarbiyachilar bilan ta’minlash holati barchani tashvishga solar edi. Xususiy maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish amri mahol edi. Maktab ta’lim tizimidagi ahvol esa undan ham battar edi. 1997-yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy dastur zamonaviy talablarga javob bermas, uning konseptual jihatlari allaqachonlar eskirgan bo‘lib, samaradorlik darajasi juda past edi. Ta’limga zamonaviy metodikani olib kirish masalasi esa o‘tkir muammo bo‘lib qolaverdi. Maktablarda ta’lim sifatining pastligi, xorij tajribasiga bee’tiborlik, majburiy mehnatning avj olganligi, oylik maoshlar hajmining o‘ta kamligi tufayli o‘qituvchilar, ayniqsa, erkak o‘qituvchilar ta’lim muassasalarini tark etishga majbur bo‘ldilar.

 

Kasb-hunar kollejlarini tashkil etish biror-bir natija va samara bermadi. Uzoq yillar davomida bunday ta’lim muassasalarida millionlab o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim va kasb-hunar egallagan bo‘lsalarda, uning natijasi jamiyatni qoniqtirmadi. Oliy ta’lim tizimidagi ahvol ham deyarli qoniqarsiz edi. 2016-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish darajasi 9 foizdan oshmadi. Shu davrda mamlakatimizda birorta ham nodavlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etilmadi. Sirtqi ta’lim tizimi yopildi.

 

Bugun esa ta’lim tizimi tom ma’noda yangilanmoqda. 2023-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 72 foizga yetdi. Maktab ta’limida qisqa vaqt ichida qo‘shimcha 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi, 200 ga yaqin mutlaqo yangicha mazmun va shaklga ega bo‘lgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab tashkil etildi.

 

Ta’limga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib kelishi, darsliklarning eng ilg‘or xorijiy tajribalar asosida to‘liq yangilanishi, maktablarga minglab xorijiy muallimlarning taklif etilishi maktab ta’limining yaxshilanishida alohida rol o‘ynadi. Ayniqsa, o‘qituvchi va murabbiylar mehnatiga munosib haq to‘lash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarning ko‘rilishi ushbu soha mutaxassislarining nufuzini yanada oshirdi.

 

2022-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish darajasi 38 foizga yoki 4,2 barobarga ortdi. Oliy ta’lim muassasalarining soni 2016-yildagi 77 tadan bugungi kunda 210 taga oshdi. Shuningdek, 65 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari tashkil etildi, xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni 4,2 barobar ko‘paydi.

 

Yana shu narsani qayd etish lozimki, qisqa vaqt ichida avvallari biz uchun mutlaqo notanish bo‘lgan, bizning tassavvurimizda ham bo‘lmagan, mohiyatan yangi tushunchalar, atamalar paydo bo‘ldi. Gap “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans”, “Prezident Xalq qabulxonalari”, “Ijtimoiy axloq”, “Ma’rifatli jamiyat”, “Yangi ma’naviy makon”, “Davlat – inson uchun” kabi ko‘plab yangi atamalar nomlanishi xususida ham emas. Eng asosiysi, bugun shu kabi tushunchalar mamlakatimiz aholisining real hayotiga to‘liq kirib kelganligi, ular xalqimiz hayotida aniq samara va natijalar berayotganligidadir. Aslida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun”, degan bosh g‘oyaning ro‘yobi ham shunda, deb o‘ylaymiz.

 

                                                        Abduxalil MAVRULOV,

                                               tarix fanlari doktori, professor

 

 

“Oyina.uz”ni Telegram'da kuzating! 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 29
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19364
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16499
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi