Mushtarak dunyoda pragmatik siyosat


14:10 / 08.10.2021 0

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga intervyusi

 

Savol: Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, joriy yil 5-oktyabr kuni Toshkentda mamlakatimizda soʻnggi yillarda roʻyobga chiqarilgan tub oʻzgarishlarga bagʻishlangan “Oʻzbekiston: besh yil davomida amalga oshirilgan jadal islohotlar” mavzusida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida Oʻzbekiston rahbariyatining oʻzaro manfaatli, vazmin tashqi siyosatni amalga oshirishdagi yangicha yondashuvining natijalari ham muhokama qilindi. Darhaqiqat, yurtimizda oxirgi yillarda ulkan yangilanishlar roʻy berdi. Ular bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan qanday baholanmoqda? Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi tub oʻzgarishlarning asosiy omillari nimalardan iborat?

Javob: Mazmunli savolingiz uchun tashakkur. Birinchi navbatda shuni taʼkidlashni istardimki, Siz aytib oʻtgan anjuman yuqori saviyada tashkil etilib, juda dolzarb va samarali boʻldi. Unda xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, chet ellik taniqli olimlar va ekspertlar ishtirok etdi. Oʻylaymanki, tadbir tashkilotchilar saʼy-harakati, shuningdek, ishtirokchilarning oʻzaro munozaralaridagi yaqin munosabatlar va ochiq muloqoti natijasida juda muvaffaqiyatli oʻtdi.

Anjuman davomidagi yalpi majlislardan biri xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash, shuningdek, vazmin, konstruktiv tashqi siyosat yuritish vazifalarini amalga oshirishga bagʻishlandi. Mazkur bir-biriga bogʻliq yoʻnalishlarning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar dasturi – 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi beshinchi ustuvor yoʻnalishida qamrab olingan.

Aytish joizki, konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekistonni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qoʻshishga qaratilgan islohotlar jarayoni qanday ketayotgani yuzasidan jonli va ochiq munozaralar oʻtkazdi.

Oʻzbekistonda boshlangan tub islohotlar mamlakatning yangi, zamonaviy rivojlanish va modernizatsiya yoʻliga oʻtishida, davlatning ichki hamda tashqi siyosati samaradorligini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega boʻldi. Bu fikr xorijiy ekspertlar va diplomatlar qarashlarida ham oʻz aksini topdi.

Muhokamalar chogʻida chet ellik hamkasblarimiz Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati tufayli mamlakatimizning xalqaro munosabatlarda tutgan oʻrni va ahamiyati sezilarli darajada mustahkamlanganini qayd etdi. Asosiy natijalardan biri, bu – Oʻzbekiston imijining tubdan oʻzgargani. Buni Oʻzbekistonning jahonda demokratik jamiyat, kuchli, raqobatbardosh iqtisodiyot, innovatsion institutlar va infratuzilmaga ega mamlakat sifatida qabul qilinayotganida koʻrishimiz mumkin.

Shu yilning sentyabr oyida boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olganini, ularning asosini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish tashkil etishini qatʼiy taʼkidladi.

Oʻz navbatida, ushbu bayonot, xorijlik kuzatuvchilarning baho berishicha, dunyo hamjamiyati, avvalo, Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi sheriklari va xalqaro investorlar uchun kuchli ijobiy chaqiriqdir.

Shunday qilib, Oʻzbekistonning xalqaro maydonda imiji tubdan oʻzgarishiga nima taʼsir koʻrsatdi?

Birinchidan, soʻz va ommaviy axborot vositalari, din va eʼtiqod erkinligi, gender tengligi va millatlararo totuvlikni taʼminlashni qamrab olgan chuqur tizimli islohotlar oʻtkazish maqsadini oʻz oldiga qoʻygan Prezidentning siyosiy irodasi va qatʼiyati.

Xabaringiz bor, 2020-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston tarixda ilk bor butun dunyoda inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish uchun masʼul 47 davlatni oʻz ichiga olgan BMTning Inson huquqlari kengashiga aʼzo boʻlib saylandi.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlangan tashqi siyosat dasturining pragmatik va strategik jihatdan puxta oʻylanganligidir. Ayni shu jihatlar ishonchli va faol tashqi siyosat olib boradigan hamda barqaror sherik sifatida mamlakatimizning obroʻsini mustahkamlashga xizmat qildi.

Bu tashqi siyosiy yoʻnalishning asosiy natijasi Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatning tubdan yaxshilanishi, mintaqada chinakam qoʻshnichilik ruhi shakllanishi, Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlarning muhim mintaqaviy masalalarni hal qilish boʻyicha birgalikdagi ishlarining boshlanishi boʻldi.

Bundan tashqari, mamlakatimizning yetakchi davlatlar – Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yevropa mamlakatlari, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, shuningdek, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyodagi boshqa koʻplab davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalari kengaydi.

Uchinchidan, koʻp tomonlama diplomatiya sezilarli darajada faollashdi. Mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan oʻtkazilgan xalqaro anjumanlar jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholandi. Bu oʻrinda gap, avvalo, xalqaro transport yoʻlaklarini shakllantirish, Afgʻoniston muammosini hal qilish, Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashga bagʻishlangan tarixiy ahamiyatga ega forumlar haqida ketmoqda. Global harakatlarga yoshlarni jalb etish boʻyicha Butunjahon konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Bu yirik forumlarning barchasi siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, energetika, texnologik, madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy va xalqaro aloqalarning yangi, samarali modelini ishlab chiqish uchun siyosiy platformani shakllantirdi.

Bunday nufuzli tadbirlarning davomi sifatida Toshkentda yana bir muhim xalqaro anjuman boʻlib oʻtadi. U xalqaro hamjamiyat oldida turgan dolzarb masala – jahon iqtisodiyotining tiklanish muammolari va koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda kambagʻallikni kamaytirish boʻyicha ilgʻor tajribani oʻrganishga bagʻishlanadi.

Toʻrtinchidan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqa va dunyo davlatlarining umumiy muammolarni hal qilishdagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan hayotiy va dolzarb tashabbuslari Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlardagi faolligi keskin oʻsishiga hamda tutgan oʻrni mustahkamlanishiga olib keldi.

Shuni alohida qayd etmoqchimanki, Oʻzbekiston tashabbusi va taklifi bilan BMTning Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi tashkil etildi, BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik, Barqaror turizm va barqaror rivojlanish, Orolboʻyi mintaqasida ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududini yaratish boʻyicha qator muhim rezolyutsiyalari qabul qilindi.

2020 yilda mamlakatimiz birinchi marta MDHga raislik qildi va Hamdoʻstlik sammitini muvaffaqiyatli oʻtkazib, uning doirasida oʻnlab tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakatimiz hayotiga doir eng muhim voqeliklar qatorida Oʻzbekistonning Turkiy Kengashga toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirishi, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarning oldinga siljishi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi olishini alohida taʼkidlash lozim. Shu bilan bir qatorda mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralar jarayonini yakunlamoqda va “GSP+” tizimida benefitsiar davlat maqomini oldi.

Beshinchidan, iqtisodiy diplomatiya tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb etish sezilarli darajada jadallashdi.

Umuman olganda, yuqorida koʻrsatilgan omillarning barchasi Oʻzbekistonning har tomonlama hamkorlikka ochiq mamlakat sifatida yangi qiyofasi shakllanishiga xizmat qildi. “Yangi Oʻzbekiston” tushunchasi xalqaro maydonda mustahkam joy oldi.

Savol: Janob Vazir, taʼkidlaganingizdek, oʻtgan yillarda nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqada birlashtiruvchi kun tartibini taqdim etdi, bu mamlakatimizning barcha qoʻshni davlatlar bilan davlatlararo aloqalarini sezilarli darajada yaxshilash va mustahkamlashga imkon berdi. Shu bilan birga, hali kun tartibida turgan va hal qilinishi zarur boʻlgan masalalar haqida fikringizni bilmoqchimiz?

Javob: Albatta, davlatimiz rahbari prezidentligining dastlabki kunlaridanoq Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatni tubdan yaxshilashga ustuvor eʼtibor bera boshladi. Birinchi navbatda, oʻtmishda qoʻshnilar bilan aloqalarni mustahkamlash uchun toʻsiqlar yaratgan mintaqaviy masalalarni konstruktiv hal qilishni boshlashdek masʼuliyatli va muhim vazifa belgilab berildi. Qoʻshni davlatlar bilan oliy darajadagi ishonchli munosabatlar va ochiq muloqot oʻrnatilib, ikki tomonlama va umummintaqaviy masalalarni yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va oqilona murosalar asosida hal qilish uchun zarur kelishuvlarga erishildi. Oʻzbekistonning barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʻldi. Mazkur ibora mintaqamizda yaratilgan hamkorlik va oʻzaro anglashuvga ijobiy siyosiy muhitni oʻzida yaqqol aks ettiradi.

Mintaqamiz davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam oʻtkazish tashabbusi amalga oshirildi. Bunday sammitlarning uchtasi Nur-Sulton, Toshkent va Avazada boʻlib oʻtdi. Markaziy Osiyo iqtisodiy forumlari oʻtkazib kelinmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar hamkorlik jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda.

Mintaqaviy hamkorlikning qolgan asosiy masalalari haqida fikr yuritganda, chegara masalalarini hal qilishda davom etish, suv-energetika resurslaridan birgalikda va oqilona foydalanish, transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, qator ekologik masalalar boʻyicha ishlarni davom ettirishni koʻrsatish mumkin.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, mazkur yoʻnalishlar Oʻzbekiston Prezidentining quyidagi masalalarni oʻz ichiga olgan mintaqaviy strategiyasidan kelib chiqadi:

Birinchidan, ikki tomonlama muloqotlar mobaynida hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv sammitlari doirasida oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish.

Ikkinchidan, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik modelini takomillashtirish, savdo va investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, tranzit, energetika va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik samaradorligini oshirish.

Uchinchidan, mintaqamiz oldida turgan zamonaviy muammolar va tahdidlarga birgalikda qarshi turish, shu jumladan, pandemiya va uning oqibatlarini bartaraf etish, ekologik muammolarni hal qilish, ekstremizm va terrorizm keltirib chiqaradigan transmilliy tahdidlarning oldini olish, shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi millatlararo totuvlik, doʻstona va qardoshlik aloqalarini mustahkamlash.

Savol: AQSH va NATO qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqilishi ushbu mamlakatda yangi vaziyatni yuzaga keltirdi. Bu Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikka taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois, xorijda Oʻzbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)da ishtiroki qayta tiklanishi mumkinligiga doir turli sharh va fikrlar paydo boʻldi. Siz bu haqda nima deyishingiz mumkin?

Javob: Savolingizga javob berishdan avval axborot makonida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan turli sharhlarning oldini olish maqsadida, bu javobdagi fikr-mulohazalarim doirasini aniq belgilab qoʻymoqchiman. Men tashqi tajovuz va mamlakat xavfsizligiga tahdidlarga qarshi turish, davlat chegaralarini himoya qilishda qurolli kuchlardan foydalanishdagi umumiy masalalarga oʻtmagan holda, Siz bergan aniq savol doirasidagi oʻz fikrlarimni bildirishga harakat qilaman. Umuman olganda, tashqi tajovuz holatida qurolli kuchlardan foydalanish huquqi inkor etib boʻlmaydigan hodisa va aksariyat mamlakatlarning xavfsizlik sohasidagi milliy konsepsiyalari, shuningdek, harbiy-siyosiy blok shaklidagi turli birlashmalar doktrinalarining ajralmas qismi hisoblanadi.

Oʻzbekiston esa, hamisha barcha masalalarning, ayniqsa, uzoq oʻn yilliklar mobaynida barcha qoʻshni mamlakatlarda tashvish uygʻotib kelgan Afgʻonistondagi nizoning tinch yoʻl bilan hal etilishini yoqlagan va yoqlaydi. Biz afgʻon muammosini hal etishning harbiy yoʻli yoʻq ekanini doimo taʼkidlab kelganmiz. Bugungi kunda jahon hamjamiyatida bu nuqtayi nazarga koʻpchilik xayrixohliq qilmoqda. Afgʻonistondan xalqaro koalitsiya qoʻshinlari olib chiqilgani ham bizning yondashuvimiz toʻgʻri ekanini koʻrsatdi.

Biz Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi, jumladan, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasiga muvofiq, mamlakatimiz harbiy bloklarda ishtirok etmasligi toʻgʻrisida bir-necha bor bayonot berganmiz. Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimiz oʻz milliy xavfsizligini taʼminlash uchun yetarli salohiyatga ega ekani ham amaliy jihatdan oʻta muhimdir. Oʻzbekistonda harbiy qurilish sohasidagi islohotlar muvaffaqiyatli bormoqda, milliy armiyaning harbiy-texnikaviy bazasi mustahkamlanmoqda.

Albatta, zamonaviy dunyo oʻta jadal surʼatda rivojlanmoqda. Global dunyo qurilishining arxitekturasi doimiy oʻzgarish jarayonini boshdan kechirayapti. Shubhasiz, bu muayyan tahdid va xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqdaki, ularga turli yoʻllar bilan, jumladan, harbiy ittifoqlar va tashkilotlar vositasida qarshi turish mumkin.

Biroq xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga toʻqnash kelganda faqat harbiy kuch yoʻlini tanlash hamisha ham kutilgan natijani bermaydi. Axir samaradorligi kam boʻlmagan va hatto koʻpgina holatlarda xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga qarshi turishda lozim darajada taʼsirchan boshqa vositalar ham bor-ku. Ana shunday vositalardan biri, bu – diplomatiya.

Preventiv diplomatiya usullari oʻtgan davrda oʻzining foydali ekanini koʻp bor tasdiqlagan, hozirgi paytda ham amaliy kuchini, jumladan, Afgʻonistondagi yangi vaziyatga yondashuvlarda tasdiqlamoqda. Bu yerda gap faqat ikki tomonlama diplomatiya haqida borayotgani yoʻq. Xalqaro miqyosda koʻp tomonlama darajada milliy va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan har qanday koʻrinishdagi tahdid va xavf-xatarlardan ogoh boʻlishga qaratilgan siyosiy-diplomatik mexanizmlarning butun boshli tizimi yaratilgan va u doimiy ravishda rivojlanmoqda.

Masalan, Markaziy Osiyoda mintaqa mamlakatlari yirik sheriklar bilan muloqotining “5+1” shaklida muvozanatlashgan mexanizmlar tizimi mavjud. Bunday platformalar Rossiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi, XXR, Hindiston, Koreya Respublikasi, Yaponiya bilan munosabatlarda amal qilmoqda. Shuning bilan birgalikda, mintaqada KXSHTdan tashqari, MDH va SHHT singari tashkilotlar ham faoliyat koʻrsatmoqda, ularning doirasida dolzarb masalalar, xususan, mintaqaviy xavfsizlik taʼminlanishiga, shuningdek, Afgʻoniston muammosiga doir masalalar muhokama etilmoqda.

Yaqinda Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan va Afgʻonistondagi vaziyatning muhokamasiga bagʻishlangan KXSHT sammiti hamda SHHT+KXSHT formatidagi uchrashuvda Oʻzbekiston faxriy mehmon, shuningdek, SHHT aʼzosi sifatida ishtirok etgani ham vazmin va amaliy diplomatiyamizning tarkibiy jihati hisoblanadi.

Faol va ochiq siyosat natijasida Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari va jahondagi yirik davlatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatdi. Ular bilan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi hamkorlik faol rivojlanib, harbiy-texnikaviy aloqalar muvaffaqiyatli ilgarilamoqda. Mintaqadagi hamkorlikning barcha qirralari yuzasidan sherik davlatlar bilan oʻrnatilgan muntazam muloqot mintaqaviy barqarorlik mustahkamlanishiga koʻmaklashmoqda, xavfsizlikka jiddiy tahdidlarning oldini olish uchun sharoit yaratmoqda.

Bularning barchasi xavf-xatarlarning oldini olish va ularga izchillik bilan qarshi turish boʻyicha masalalarni samarali muhokama etish va oʻz vaqtida hal etish imkonini beradi.

Savol: Kobulda hukumat almashgani munosabati bilan ayrim sharhlovchilar Afgʻonistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy munosabatlarga jalb etish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy oʻzaro bogʻliqligini “maqbulroq vaqtlar kelgunga qadar” ortga surishga toʻgʻri kelishi haqida xulosa chiqarishga shoshilmoqda. Sizning fikringizcha, bunday taxminlarga qoʻshilish mumkinmi?

Javob: Bunday xulosalar, hoynahoy, sharhlar mualliflarida Afgʻonistonda kechayotgan jarayonlar hamda Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mohiyati haqida yetarli darajadagi anglashning mavjud emasligi bilan izohlanadi.

Biz, albatta, Afgʻonistonda oddiy boʻlmagan vaziyat yuzaga kelayotgani toʻgʻrisidagi fikrlarga qoʻshilamiz. Bu eʼtibor qaratishimiz lozim boʻlgan yangi voqelikdir va undan yuz oʻgirib boʻlmaydi.

Koʻrinib turibdiki, hali-hamon Afgʻoniston hududidagi vaziyat mintaqadagi keskinlikning omili boʻlib qolaveradi. Ushbu mamlakat hududining turli qismlarida ayrim terrorchilik guruhlari faoliyat koʻrsatishda davom etayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Shunday boʻlsa-da, biz Afgʻonistonning nafaqat xavf-xatar va tahdidlar, balki mintaqaviy konstruktiv va yaratuvchan loyihalarga asos boʻladigan yangi imkoniyatlar manbasi ekanini nazarda tutishimiz lozim. Biz Afgʻoniston xalqaro izolyatsiyaga tushib qolishi va janubiy chegaramizda “yakkalab qoʻyilgan” davlat paydo boʻlishiga, oʻtgan asrning 90-yillari oxiridagi ahvol takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik Oʻzbekiston manfaatlariga mos keladi, deb hisoblaymiz.

Oʻzbekiston bu masalaga nafaqat Afgʻonistonning yakkalanib qolishini bartaraf etish, shuningdek, unga insonparvarlik yordami koʻrsatilishini faollashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda ham yondashmoqda. Biz bu mamlakat bilan chegarani ochdik va birinchi galda zarur boʻlgan mahsulotlar – oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta yoʻlga qoʻydik. Shuningdek, rasmiy Toshkent Afgʻonistonning xorijiy banklarda muzlatib qoʻyilgan davlat aktivlarini qayta ochishni yoqlaydi hamda jahon hamjamiyatini Afgʻonistonda ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni davom ettirishga daʼvat etmoqda.

Aynan ana shu vazifalarni hal etish maqsadida kecha, 7-oktyabr kuni Oʻzbekiston rasmiy delegatsiyasi Kobulda boʻlib, Afgʻoniston rahbariyati va Muvaqqat hukumat aʼzolari bilan konstruktiv muloqot oʻtkazdi.

Afgʻonistonga ijtimoiy-iqtisodiy koʻmaklashishni davom ettirish va rivojlanish loyihalarini amalga oshirish gumanitar inqirozning oldini olish, vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatning nizodan keyingi qayta tiklanishi uchun oʻta muhim ekaniga ishonchimiz komil. Bunday vazifalarni hal qilmay turib, ushbu mamlakatda va qoʻshni mintaqalarda uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlash amalda mumkin emas.

Oʻzbekistonda afgʻon yoʻnalishida qandaydir pinhona yoki mavhum maʼnoli kun tartibi yoʻq. Bizning nuqtayi nazarimiz aniq-ravshan, harakatlarimiz shaffof va amaliy mazmunga ega. Oʻzbekiston Afgʻonistonning tinch va mustaqil davlat sifatida qaror topishidan manfaatdordir. Afgʻon zamini mintaqa mamlakatlari va xalqaro xavfsizlik uchun bundan buyon tahdid solmasligi kerak. Barqaror, tinch va farovon Afgʻoniston koʻpmillatli afgʻon xalqining hamda xalqaro hamjamiyatning manfaatlariga javob beradi.

Afgʻoniston Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik mustahkamlanishi uchun toʻsiq emas, balki koʻprik boʻlmogʻi lozim. Bunga xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bundan keyin ham ilgari surishni niyat qilayotgan transafgʻon transport-kommunikatsiya loyihalari koʻmaklashadi.

Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bogʻliqligi boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslari amalga oshirilishi xavfsizlik taʼminlanishining oʻta muhim muammolarini hal qilish va ikki mintaqa mamlakatlarining uzoq muddatli hamkorligi mexanizmlari qaror topishi uchun zarurdir. Shu maʼnoda, Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash toʻgʻrisida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi boʻyicha sheriklar bilan birgalikdagi ishlar davom etmoqda. Savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish masalalari hal etilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha taqdim etilgan dastur uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan. Afgʻonistonda roʻy berayotgan hukumat almashinuvi ushbu mamlakat, mintaqa va jalb etilgan boshqa tomonlar oldiga saqlanib turgan muammolarni barqarorlashtirish va siyosiy hal etish nuqtayi nazaridan kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni qoʻymoqda.

Savol: Joriy yil 17-sentyabr kuni Tojikistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Sammit yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston ushbu nufuzli tashkilotga raislikni qabul qilib oldi. Bunday missiya Oʻzbekistonga alohida masʼuliyat yuklaydi va ayni paytda belgilangan maqsadlarga erishish imkonini beradi. 2022-yilda SHHTning navbatdagi sammitiga tayyorgarlik koʻrar ekan, rasmiy Toshkent oʻz oldiga qanday maqsadlarni qoʻymoqda?

Javob: Oʻtgan davr mobaynida SHHT jahon siyosatining muhim subyekti boʻlib qoldi, qator nufuzli xalqaro tuzilmalar sirasida oʻzining munosib oʻrnini egalladi. “Shanxay ruhi” tamoyillari asosidagi mintaqaviy sheriklik mustahkamlanmoqda. Yangi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi turishda tashkilotga aʼzo davlatlarning birgalikdagi salohiyati ortmoqda, ularning iqtisodiy va madaniy-hamkorligi kengaymoqda.

Hozirgi paytda biz SHHTda faxrli va oʻta masʼuliyatli missiyaga kirishganmiz. Gap masʼuliyat hududi Arktikadan to Hind okeanigacha boʻlgan Yevroosiyo hududining salkam 60 foizini, Xitoyning Liyanyunganidan to Rossiyaning Kaliningradigacha boʻlgan, umumiy aholisi jahon nufusining salkam 44 foizini tashkil qiladigan keng makonni qamrab olgan tashkilotdagi raislik haqida bormoqda.

Shu bilan birga, bunday vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun Oʻzbekiston kerakli siyosiy nufuz va katta tajribaga ega.

2022-yil Shanxay hamkorlik tashkilotida Oʻzbekiston raisligida xalqaro ahamiyatga molik 80 dan ziyod tadbir oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Bunday keng qamrovli vazifalarni amalga oshirish uchun biz maxsus “Yoʻl xaritasi” va oʻz raisligimiz konsepsiyasini ishlab chiqdik. Unda mamlakatimizning 2004, 2010 va 2016-yillardagi raislik tajribasini hamda hozirgi realliklarni hisobga oldik. Shubha yoʻqki, Oʻzbekistonning SHHTdagi raisligi doirasidagi barcha tadbirlar eng yuqori darajada oʻtkaziladi.

Bitta intervyuda mamlakatimiz raisligi kun tartibining barcha jihatlarini ochib berishning imkoniyati yoʻq. Lekin juda muhim bir tomonini aytaman. Oʻzbekiston oʻzining xalqaro tizimlar, jumladan, SHHT faoliyatidagi ishtiroki doirasida sherik davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik natijadorligi rivojlanishini va shu bilan bir vaqtda muhim ichki oʻzgarishlar amalga oshirilishini koʻzda tutadigan amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Barqaror iqtisodiy rivojlanish, xorijiy sarmoyalar oqimini va milliy tovarlar hamda xizmatlar eksporti hajmlarini oshirish, transport infratuzilmasini modernizatsiyalash, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar huquqlari himoyasining huquqiy zamini va mexanizmlarini takomillashtirish ana shular sirasiga kiradi.

Bir soʻz bilan aytganda, SHHTning Oʻzbekistondagi navbatdagi sammiti – davlat va xalq manfaatlarini ilgari surish, tashkilotimizning roli va ahamiyatini yanada mustahkamlash boʻyicha maqsadlarga erishish, uning salohiyatini yangicha va toʻlaqonli hayotga tatbiq etish uchun yaxshi imkoniyatdir.

Savol: Janob Vazir, ruxsatingiz bilan global kun tartibidagi yana bir munozarali masalaga toʻxtalib oʻtsak. Qator siyosatshunoslarning sharhlarida bugungi kunda Markaziy Osiyoda mazkur mintaqadan tashqarida joylashgan davlatlarning oʻzaro geosiyosiy raqobati yuz berayotgani va hatto kuchayib borayotgani haqida fikrlar bildirilmoqda. Siz bunday qarashlarga qoʻshilasizmi? Agar shunday boʻlsa, bu kabi raqobat Oʻzbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlarning manfaatlari va siyosatiga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkin?

Javob: Hozirgi dunyoga realistik nuqtayi nazardan qaraganda, taassuf boʻlsinki, yirik davlatlarning raqobati global miqyosda davom etayotganini va uning baʼzan ochiq-oydin va hatto qatʼiy tus olayotganini qayd etishga toʻgʻri keladi. Albatta, ayrim global jarayonlarning yirik ishtirokchilari oʻrtasida zimdan va baʼzan murosasiz tarzda olib borilayotgan qarama-qarshilik oqibatlari jahonning turli mintaqalarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda.

Qolaversa, mintaqamiz qator maʼlum omillar tufayli tarixan yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari va yashirin daʼvolari oʻzaro toʻqnashadigan jozibador joy boʻlib qolmoqda.

Shuning uchun ham, agar Markaziy Osiyo davlatlari oʻz suvereniteti va davlat mustaqilligini yanada mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, mintaqada ijobiy siyosiy vaziyatni yaratish uchun zarur choralarni koʻrmasa, yirik kuchlarning oʻzaro raqobati mintaqamizda keskinlik kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin.

Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etayotgan yirik davlatlarning manfaatlari turlicha boʻlib, ular baʼzan umumiy nuqtalarga ega boʻlish bilan birgalikda, ayrim hollarda oʻzaro ziddiyatli hamdir. Bu manfaatlar qanchalik xilma-xil boʻlsa-da, ular mavjud va tarixiy, joʻgʻrofiy omillar hamda global tendensiyalar bilan chambarchas bogʻliq. Shubhasiz, bunday davlatlar intilishlari toʻqnashuvi mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob bermaydi, chunki ular Markaziy Osiyo davlatlari oldiga baʼzan “geosiyosiy tanlov” shartini qoʻyadi va bunda bir tomonga yondashish boshqa tomon bilan munosabatlarda keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Tabiiyki, har qanday suveren davlat xalqaro maydonda tashqi kuchlarning manfaatlariga qarab emas, oʻz ehtiyojlarini hisobga olgan holda emin-erkin harakat qilishni, oʻz irodasini turli tomonlar bosimiga boʻysundirmaslikni xohlaydi. Ammo zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi “assimetrik manfaatlar” bilan bogʻliq vaziyatlardan mustasno emas.

Bizning tashqi siyosatimiz ana shunday vaziyatlarning oldini olishga, milliy manfaatlar poymol boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikka, Oʻzbekiston bilan sheriklikdan manfaatdor boʻlgan har bir tomon uchun teng huquqli, oʻzaro manfaatli munosabatlarni taʼminlashga qaratilgan. Bu maqsadga erishish vositalari sirasiga yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan muvozanatli strategik sheriklik tizimini shakllantirish, qoʻshni davlatlar bilan konstruktiv va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish, global darajada keskin oʻzgarishlarning keng miqyosdagi taʼsirini yumshatishga yordam beradigan barqaror mintaqaviy xavfsizlik tizimini barpo etish kabi yoʻnalishlar kiradi. Masalan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari bu borada muhim rol oʻynaydi.

Biz dunyoning yirik davlatlari raqobati mintaqamiz mamlakatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini istamaymiz. Axir tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, afgʻon mojarosining kelib chiqishi dunyo boʻyicha tarqalgan ikkita siyosiy tizimning “sovuq urush” yillaridagi global qarama-qarshiligi bilan bogʻliq ekanini koʻrish mumkin.

Biz u yoki bu pozitsiyani tanlashda faqat maʼlum tashqi kuchlarning foydasinigina koʻzlashga majbur boʻlmasligimiz kerak. Bizning siyosatimiz va aniq xalqaro masalalar boʻyicha pozitsiyalarimiz, eng avvalo, milliy manfaatlarimiz, shuningdek, mintaqaning xavfsizligi va taraqqiyotini taʼminlash zarurati bilan bogʻliq.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning global va mintaqaviy kuchlar oʻrtasidagi raqobat mintaqasi yoki “kim kattaroq dov tiksa butun yutuqni oʻziga oladigan” oʻyin (“zero sum game”) maydoniga aylanishidan manfaatdor emas. Aksincha, biz mintaqamiz barcha kuchlarning oʻzaro hamjihatlik va konstruktiv hamkorlik makoni boʻlishi tarafdorimiz. Har bir ishtirokchi oʻz manfaatini topa oladigan sharoitni taʼminlashga qaratilgan teng huquqli va mushtarak manfaatlar asosida qurilgan muloqot tarafdori sifatida oʻz tashqi siyosatimizni qatʼiy davom ettiramiz.

Antagonistik raqobatning oqilona muqobili, bu – adolatli va ochiq bellashuv.

Savol: Fursatdan foydalanib, bugungi dunyoda keng miqyosda urfga kirgan “koʻpvektorli tashqi siyosat” atamasi haqida ham fikringizni bilmoqchi edim. Bunday siyosatga nisbatan turli yondashuvlar mavjud boʻlib, baʼzan tanqidiy baholar ham uchraydi. Misol uchun, koʻpvektorli tashqi siyosat xalqaro munosabatlarda beqarorlik va hatto maʼlum tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkinligi taʼkidlanadi. Bu masalada Sizning nuqtayi nazaringiz qanday?

Javob: Menimcha, koʻpvektorlilik tushunchasiga qandaydir salbiy maʼno berish oqilona ish emas. Oʻzaro bogʻliq boʻlgan zamonaviy dunyoda samarali koʻpvektorli siyosat yuritishni istamaydigan mamlakatni topish qiyin boʻlsa kerak. Hamma intilayotgan “koʻp qutbli dunyo” tushunchasining oʻzi barcha uchun koʻpvektorli xalqaro hamkorlik muhim ekanini nazarda tutadi.

Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari va ustuvor yoʻnalishlari xalqaro maydonda suverenitetni va harakat erkinligini taʼminlashga qaratilgan. Bunda muhim yoʻnalishlardan biri sifatida jahon siyosatining barcha asosiy ishtirokchilari bilan koʻp tarkibli strategik sheriklik tizimini shakllantirish va shu asosda mustaqillikni yoʻqotmasdan, bir vaqtning oʻzida bir nechta yirik hamkorlar bilan munosabatlarni rivojlantirish, milliy manfaatlarni ilgari surishga qaratilgan.

Natijalar koʻrsatib turibdiki, bu tamoyil amalda oʻzini toʻliq oqladi va hozirgi bosqichda ham dolzarbdir.

Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston oʻzi uchun dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarning muvozanatli majmuasini shakllantirib, geosiyosiy muvozanatni saqlash, siyosiy va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlarning xilma-xilligini taʼminlab kelmoqda.

Mamlakatimiz tashqi siyosat sohasida keng doiradagi sheriklarga ega. Hozirgi kunda dunyoning 135 dan ortiq davlat bilan teng huquqli munosabatlarni, 120 dan ziyod mamlakat bilan oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, Oʻzbekiston 55 ta elchixona, konsullik idoralari va xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxonalari timsolida jahonning turli hududlarini qamrab olgan optimal diplomatik tarmoqqa ega.

Hamkorlarning keng tizimi biz uchun tashqi siyosatdagi aloqalarning tartibsizligini anglatmaydi. Aksincha, har bir davlat va har bir xalqaro tashkilot bilan munosabatlarimizni rivojlantirishda davlatimiz manfaatlariga mos keladigan aniq, chuqur oʻylangan pragmatik vazifalar mavjud.

Oʻzbekiston tinchlikparvar siyosat olib bormoqda va yuqorida aytib oʻtganimdek, harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaydi. Biz suverenitetni hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, kuch ishlatmaslik va oʻzaro manfaatlarni hisobga olishning umumeʼtirof etilgan xalqaro meʼyorlari va tamoyillari asosida tashqi siyosatdagi sheriklarimiz bilan teng huquqli hamkorlikni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Bunday yondashuv mamlakatimiz ichkarisidagi keng koʻlamli islohotlarni davom ettirish, xorijiy investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilishda eng qulay tashqi sharoitlarni taʼminlash uchun ikki va koʻp tomonlama hamkorlik mexanizmlarini faol qoʻllash, shuningdek, Oʻzbekistonning yirik jahon bozorlariga chiqishini ishonchli hamda barqaror tarzda kafolatlay oladigan koʻp tarmoqli transport yoʻlaklarini shakllantirish imkonini bermoqda.

Shuni taʼkidlash kerakki, maʼlum omillar tufayli tashqi siyosatda koʻpvektorli hamkorlik tamoyilini qoʻllashda har bir davlat uchun ham bir xil qulay imkoniyatlar mavjud boʻlavermaydi.

Fikrimcha, Oʻzbekiston tashqi siyosatida pragmatik koʻpvektorli modelni qoʻllash boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish vaqti keldi, chunki bu boradagi amaliyotimiz oʻziga xos tajriba va xususiyatlarga ega. Koʻpvektorli tashqi siyosat borasidagi oʻzbek modelining asosiy xususiyatlaridan biri shuki, uning ustuvor vektori, bu – milliy manfaatlar.

Yana bir oʻziga xos xususiyat shundaki, bizning tushunchamizda koʻpvektorlilik ijobiy va konstruktiv maʼnoga ega. Biz turli yirik sheriklarimizga “teng masofadagi uzoqlik” emas, balki “teng masofadagi yaqinlik” tamoyilini qoʻllaymiz. Oʻzbekiston xalqaro hamkorlarga nisbatan faol va ayni paytda moslashuvchan siyosat olib bormoqda, ularni tashabbuslarimizni ilgari surish va amalga oshirish jarayoniga jalb qilmoqda.

– Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, bizga vaqt ajratganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Savollarimizga Oʻzbekistonning yangi tashqi siyosati batafsil yoritilgan, Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman dunyodagi hozirgi geosiyosiy vaziyatning barcha jihatlari chuqur tahlil qilingan sermazmun javoblar uchun katta rahmat!

 

Salim DONIYOROV suhbatlashdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//