Yangi O‘zbekiston formulasi


15:08 / 12.08.2021 0

 

 Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot

bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir.

Shavkat Mirziyoyev

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yil 19-yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ma’naviy hayotimizda tarixiy voqea bo‘lib qoladi. Ushbu yig‘ilishda soha rivoji uchun ulkan ahamiyat kasb etuvchi fikrlar, g‘oyalar, tashabbuslar o‘rtaga tashlandi. Bu haqda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov bilan suhbatlashdik.  

 

– Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, degan fikr zamirida qanday ma’no bor?

– Keling, bu go‘zal majozning hikmatini birga qidiraylik. Tan bahaybat bo‘lishi mumkin, lekin jon bo‘lmasa, u jasad. Qimirlay olmaydi, o‘zini himoya qila olmaydi. Jon-chi? Jon, ruh agarda kuchli, qudratli tanga jo bo‘lmasa, ojiz nur nuqtasi bo‘lib qoladi. Tan bilan jon bir bo‘lmasa, ularning hech biri yashay olmaydi. Yo‘qlikka yuz tutadi.

Kuchli iqtisodiyot va kuchli ma’naviyat birligi prinsipi mustahkam ilmiy va tarixiy asosga ega. Biz ikki Renessansni ko‘rgan, qurgan millatmiz. O‘sha paytlarda ham iqtisodiyot rejali emas, bozor iqtisodiyoti edi. Ma’naviyatimiz kuchli edi. Demak, biz kuchli iqtisodiyot bilan kuchli ma’naviyatni birlashtirib, ikki marta yuksalib ko‘rganmiz. “Yangi O‘zbekiston = Kuchli iqtisodiyot + Kuchli ma’naviyat” formulasi ikki qudratli kuchni birlashtiradi. Mana shu ikki kuch, qudrat bizni Uchinchi Renessansga olib chiqadi. 

      

– Yondashuvning mohiyatan yangiligi nimada?  

– Bu mutlaqo yangi metodologik yondashuv. Uzoq yillar iqtisodiyot bilan ma’naviyatni bir-biridan ayro tushunib keldik, hatto qarshi qo‘yishgacha borganmiz. Go‘yo iqtisodiyot boshqa joydan, ma’naviyat boshqa joydan chiqib kelib, raqobat qilardi. “Avval iqtisod, keyin siyosat (ma’naviyat)”, “Miya to‘ymasa, qorin to‘ymaydi” kabi maqollar ham o‘ylab topilgan va bu topilmalar iqtisod bilan ma’naviyatni – jism bilan jonni sun’iy, mexanik ravishda ajratib tashlagandi. Prezidentimiz talqinida bir-birlaridan ajratilgan jism bilan jon birlashdi. Bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot, ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat birlashadi.

Yana bir yangilik. Shu paytgacha biz ma’naviyatga kuchli degan sifat, nisbat bera olmaganmiz. Ma’naviyat statik emas, dinamik hodisaligini qabul qila olmadik. Uning o‘zgarib, kuchayib-susayib turishini inobatga olmadik. Yo bor yo yo‘q, yo yuksak yo tuban, yo “ma’naviyatli” yo “ma’naviyatsiz” degan iboralarni qo‘lladik. Ma’naviyatni quloqqa yoqimli, mayin xilqat deb keldik. 19-yanvar kuni Prezidentimiz nutqida birinchi marta “kuchli ma’naviyat”, degan ibora yangradi. Bu ilmiy nuqtai nazardan o‘ta muhim, metodologik, prinsipial yangilik bo‘ldi.

 

– Agar iqtisodiyot kuchli bo‘lib, ma’naviyat kuchsiz bo‘lsa, nima bo‘ladi?

– “Odamda niyat, motivning to‘g‘riligi, uning o‘z burchidan kelib chiquvchi majburiyatini anglashi – uning yaxshi odam ekanligining mezonlaridir”, degan edi Immanuel Kant. Iqtisodni ana shunday, yaxshi odamlar kuchaytiradi. Yaxshi odamlarni esa kuchli, to‘g‘ri ma’naviy motiv boshqaradi.

Agar iqtisodiyot kuchli bo‘lib, ma’naviyat kuchsiz bo‘lsa, burchga xiyonat, mas’uliyatsizlik urchiydi, korrupsiya kuchayadi, ijro intizomi yo‘qqa chiqadi. Bu hol kuchli iqtisodiyotni yemiradi. Afsuski, ba’zi joylarda buning misollari ham uchrab turadi. Masalan, Jizzaxda binoni nima qulatdi? Korrupsiya. Chunki mana shu nuragan bino qurilishida iqtisodiyot kuchli, ma’naviyat ojiz bo‘lgan.

 

– Ma’naviyat kuchli bo‘lsa-chi?

– Kuchli ma’naviyat korrupsiyani daf qiladi. Burchga xiyonat, mas’uliyatsizlikka qiron keltiradi. Vijdonni, burchni, korrupsiyaga qarshi pozitsiyani, ijro intizomini kuchaytiradi. Iqtisodiyotni sog‘lom, kuchli qiladi. Kuchli ma’naviyat uxlayotgan, mudrayotgan odamlarni uyg‘otadi. Ikkilanayotganlarga to‘g‘ri qaror beradi, ishontiradi, birlashtiradi. Mehnatga safarbar qiladi.

Tarixga qarasak, buyuk iqtisodiyotni yaratuvchilar – jo‘shqin qalbli va g‘oyaga ishongan odamlar bo‘lgan. Milliy g‘oya, ma’naviyat iqtisodiyotni qanday yuksaltirishiga II jahon urushi oqibatida vayronaga aylangan Yaponiya, Germaniyaning o‘ttiz yildan keyingi qiyofasi misol bo‘la oladi. Tiklanish davrida och, sillasi qurigan yaponlar stanok oldida oyoqda turolmay qolishadi. Shunda o‘zlarini qo‘ltiqdan arqon bilan shiftga osib qo‘yib, ishni davom ettirishadi. Nemislar 10 soatlik mehnat uchun beriladigan bir parcha qora non evaziga o‘z hisoblaridan 4 soat qo‘shimcha bilan 14 soat ishlashdi. Ayting-chi, ularni nima harakatlantirdi? Albatta, ma’naviyat, albatta, milliy g‘oyaga ishonch.  

 

– Bugungi tahlikali vaziyatda har birimiz hushyor va ogoh bo‘lib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini o‘ylab yashashimiz zarur. Shunday emasmi?

– To‘g‘ri aytdingiz. Bu fikr ikki qismdan iborat. Birinchisi – “hushyor va ogoh bo‘lish”, ikkinchisi – “xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini o‘ylab yashash zarur”ligi aytildi ma’ruzada. Hushyor, ogoh odam qanday odam? Hayotda, internetda, eshitayotgan, o‘qiyotgan, ko‘rayotgan narsalariga diqqat bilan qaraydi. Baho beradi. Befarq bo‘lmaydi. “Menga nima?” demaydigan, his-tuyg‘uga berilmaydigan, aqlli, sergak, ziyrak, hozirjavob odam. U o‘qigan, ko‘rgan narsasiga “Nima uchun?” degan savol bilan qaraydi. Shuning uchun adashmaydi. Uni aldab bo‘lmaydi. Chunki o‘zini o‘zi juda yaxshi himoya qiladi. 

Nega men, siz, har bir fermer, tadbirkor, o‘qituvchi, dizayner, bloger, imom, shoir, hatto hozircha kambag‘al, “temir daftar”ga kirib, davlatdan yordam olayotgan shukronali vatandoshimiz ham milliy manfaatlarimizni o‘ylab yashashimiz kerak? Nega mana shu suhbatimizni o‘qiyotgan “Yangi O‘zbekiston”ning har bir mushtariysi xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini o‘ylab qadam tashlashi kerak?!

Men bu savolga savol bilan javob bermoqchiman: “Dunyoda har bir davlat fuqarolari o‘z davlati manfaatlarini o‘ylaydi. Mening Vatanim zo‘r bo‘lsin, deydi.  Ayting-chi, O‘zbekiston manfaatlarini biz – 2021-yilda yashayotgan farzandlari o‘ylamasak, kim o‘ylaydi? Braziliyaliklarmi, inglizlarmi, hindlarmi, serblarmi? Ular o‘z xalqlarining tinchligi, mamlakatlari manfaatlarini o‘ylab yashaydi. Ochiq, achchiq haqiqat – biz qachon xudbin bo‘lsak, bitta-bitta yengilib, mag‘lub, mustamlaka bo‘lganmiz. Xudbinligimiz bizni parchalagan. Qum donalariga aylantirgan. Oyoq osti qilgan. Birlashganimizda hammamiz g‘olib, ozod, baxtli bo‘lganmiz. Milliy o‘y bizni birlashtirib, qoyaga aylantirgan.  Qoyani kim oyoqosti qila oladi?

  

– Yig‘ilishda ma’naviyat va ma’rifat sohasi ixtisosliklarini fanlar klassifikatoriga kiritish, bu yo‘nalish bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash topshiriqlari berildi. Buning ahamiyati nimada?

– Bilasizmi, Prezidentimiz “Har bir sohaning ilmi bor”, degan fikrni ko‘p eslatadi. Soha bormi? Ha. Muhimmi? Juda! Demak, uni o‘rganib, rivojlantiruvchi ilmi ham bo‘lishi kerak. Ilmsiz ish – tavakkal ish. Ilm sohani rivojlantirish qonuniyatlari, prinsip, mexanizm, mezonlari, nazariya va metodikasini ishlab chiqishi kerak. To‘qimachilik, sport, san’at, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot, mehnat resurslari, tadbirkorlik, chorvachilik, sog‘liqni saqlash, qo‘yingki, hamma sohaning o‘z ilmi bor. Lekin ma’naviyat va ma’rifat O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi, deyilsa-da, sohani maxsus o‘rganuvchi ilmiy ixtisoslik yo‘q edi. Natijada sohaga siyosatshunoslik, falsafa, pedagogika, tarix, madaniyatshunoslik fanlari nuqtai nazaridan qarab kelindi. Sohaning fundamental asoslari tadqiq etilmay, yuzada turgan jihatlari o‘rganildi. 2021-yilning 19-yanvar kuni bu omonat yondashuvga chek qo‘yildi.

 

– Davlatimiz rahbari loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini ta’kidladi.

– Keling, ochiq gaplashaylik. “Jamoatchilik nazorati nima?” deb so‘rasangiz, ko‘pchilik yelka qisadi. Bu juda yomon. Rivojlangan demokratik davlatlar tarixida jamoatchilik nazorati zo‘r bo‘lgan. Yaponlar o‘zlarini “Biz ming ko‘zli devormiz”, deyishadi. Bu nima degani? Bu – yapon zaminida kim qonunga zid biror ish qilayotgan bo‘lsa, boshqalar unga munosabat bildiradi. Tasavvur qiling, biz Yaponiyadamiz. Men svetofor qizilidan o‘tib ketdim. Siz shu zahoti yo‘l-patrul xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘sha joyni, vaqti-soatini, mashinam raqamini yozdirasiz. Ikkalamiz tanish bo‘lsak ham. Men ham sizdan xafa bo‘lmayman. Chunki o‘zim, bilib, nojo‘ya ish qildim.

Bizda esa hali mana shu madaniyat past. Bir o‘zbek boshqasining qonunga qarshi nojo‘ya qilmishini huquq-tartibot organlariga aytsa, uni qoralaymiz. Bu bilan yomonlikni, gunohga sherik bo‘lib qolayotganimizni anglamaymiz. Vaholanki, dinimizda bu borada aniq ko‘rsatmalar bor. Payg‘ambarimiz (s.a.v) iymonning kuchli va zaif darajalarini belgilab berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror nojo‘ya ish qilayotganni ko‘rsangiz, qo‘lingiz bilan qaytaring, bunga kuchingiz yetmasa, tilingiz bilan qaytaring. Bunga ham imkon topmasangiz, hech bo‘lmasa, ko‘nglingizda u ishga norozi bo‘ling, ana shu imonning eng zaif darajasidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Dinimiz noto‘g‘ri holatlarga beparvo bo‘lishdan qat’iyan qaytaradi, uni iloji boricha tezroq tuzatishga targ‘ib etadi.

 

– Biz bu qoidalarga amal qilyapmizmi?

– Afsus. Ko‘cha-ko‘yda, taksida bir odam dushmanning bo‘htonlarini takrorlab ketayotgan bo‘lsa, biz nima qilamiz. Ichimizdan nafratlanamiz, lekin indamaymiz. Mana shu loqaydlik. Yaxshi mo‘min bo‘lsak, nega indamaymiz? “Aka, uka, opa, singlim, unday demang. Hayotimizga qarang, yildan yilga yaxshilanib boryapti. Bir joyda siz aytgan kamchiliklar bo‘lsa bordir. Lekin mamlakat bo‘yicha bunday xulosa berish to‘g‘ri bo‘lmas. Mana bunday, bunday, bunday ishlar qilindi. Bahramandmiz. Hammamiz ko‘rib turibmiz”, deb qo‘ysak, imonimiz halovat topadi-ku! Shunda nojo‘ya ishni qilayotgan kishi to‘xtar. To‘xtamasa, sizdan keyin kelayotgan mening yoki uchinchi vatandoshining gapidan so‘ng to‘xtaydi. Uyaladi. Nojo‘ya ishni to‘xtatishga sabab bo‘lishning savobi qanchalar ulug‘.

Biror yaxshi ishni ko‘rganda nima qilishimiz kerak? Indamay o‘tib ketishimiz kerakmi? Menimcha, bunda ham, Payg‘ambarimiz aytganlaridek, loqayd bo‘lmasligimiz kerak. Vaqtimiz bo‘lsa, to‘xtab, bir daqiqaga bo‘lsa-da, qo‘limiz bilan yordam beraylik. Shoshayotgan bo‘lsak, so‘zimiz bilan qo‘llab, “Hormang! Yashang!”, deb maqtab o‘taylik. Bunga ham yaramasak, ichimizda “Yaxshi ish qilyapti. Baraka topsin”, deb o‘ylab o‘taylik loaqal. Unutmaylik, milliy yuksalishimiz har birimizning jamiyatda, internetda uchrayotgan har bir nojo‘ya ishga ham, yaxshi ishga ham loqayd, beparvo bo‘lmay, munosabat bildirishimizga-da bog‘liq.

 

– Bundan qanday amaliy xulosa qilishimiz kerak?

– Yangi O‘zbekistonning milliy g‘oyasi – “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” intilish. Uning ro‘yobi uchun har birimiz bir soat vaqtimizni ayamay, asosiy tamoyillarining ma’nosini tushunib olishimiz kerak. Ular “Jonajon O‘zbekiston – muqaddas Vatan”, “Milliy o‘zlik”, “Kuch – adolatda”, “Xalq roziligi”, “Jaholatga qarshi – ma’rifat”, “Oila va mahalla Vatan ichra vatandir”, “Innovaеsion taraqqiyot” deb ifodalandi. Bir soatdan keyin har birimiz, hamma joyda, doimo ana shu tamoyillarga o‘zimiz amal qilaylik. Mana shu tamoyillarga mos faoliyat yuritayotgan har bir vatandoshimizga qo‘l, so‘z, fikr bilan madad beraylik.  Aksincha, milliy g‘oyamiz tamoyillariga zid, nojo‘ya ish qilayotgan har bir vatandoshimizni qo‘limiz, so‘zimiz bilan to‘xtatishimiz kerak. Bunga irodamiz yetmasa, loaqal ko‘nglimizda bu ishdan norozi bo‘lishimiz lozim.

    

– Hozir ta’kidlab o‘tayotganlaringiz kundalik hayotimizda o‘z ifodasini qanday topadi?

– Har bir o‘zbekistonlik “Jonajon O‘zbekiston – muqaddas Vatan” deb, o‘zini vatanparvar tutsin. Vatanni parvarish qilsin. “Milliy o‘zlik” deb, o‘zini xalqining bir farzandi, xizmatkori deb faxrlansin. O‘zbekning go‘zal madaniyati, ma’naviyatini namoyon qilsin. “Kuch – adolatda”, deb birovning haqiga qo‘l cho‘zmasin, o‘z qonuniy haqini birovga bermasin. “Xalq roziligi” uchun ishi, mahsuloti, muomalasi bilan boshqalarni o‘zidan rozi qilsin. Kasbiy, oilaviy, insoniy, ota-onalik, farzandlik burchlarini a’lo bajarsin. “Jaholatga qarshi – ma’rifat” deb hayotda, internetda hushyor bo‘lsin. O‘zini va vatandoshlarini ogohlantirsin. O‘zini firibgar va dushmanlarga aldatib qo‘ymasin. Jaholat tarqatuvchini ko‘rgan joyida tutib, qonun qo‘liga topshirsin. Jaholatni to‘xtatsin. Xalqini ma’naviy viruslardan himoya qilsin. “Oila va mahalla Vatan ichra vatandir” degan iqror bilan ota-onasini, qarindoshlarini, mahalladoshlarini, keksalarni e’zozlasin, ularga xizmat qilsin. Marosim, ma’rakalarda bel bog‘lab shay tursin. Yetti qo‘shnisi, ularning bolalarining ismlarini bilsin, ularga murabbiy bo‘lsin. Farzandlarini milliy va ilmiy tarbiyalasin. “Innovatsion taraqqiyot” yangiliklarini yaratib yashasin. Innovatorlik qilish faqat yangi modda, texnologiya yaratish degani emas. Uyda, ro‘zg‘orda, bola tarbiyasida, madaniyatda, muomalada yangi va yaxshi tomonga o‘zgarsin. Sog‘lom turmushga, kitobxonlikka odatlanish, har bir foydali, xayrli tashabbus ham innovaеsiya. Har bir ishni ilm, ilmiy-texnika yutuqlari va ilg‘or tajribalarga asoslanib qilish hayotimiz sifatini oshiradi.

 

– Prezidentimiz ma’ruzasida rivojlangan davlatlarning bugungi takomilida milliy g‘oya muhim, ulug‘ rol o‘ynagani ta’kidlandi. Xorij tajribasida bunga qanday misollar bor?

– Bu juda katta savol. Javobni qisqartib aytay. Hozir, ikkalamiz suhbatlashayotgan daqiqalarda ham Amerika orzusi g‘oyasi ishlayapti. Amerikaliklarga motivatsiya ulashyapti, birlashtirib, ularni harakatga keltiryapti. Mafkura masalasi bilan Xavfsizlik kengashi shug‘ullanyapti.  Pentagon yaratilayotgan vatanparvarlik mavzusidagi kino va telelavhalar ssenariylarini tasdiqlaydi. Shuning uchun Hollivudda ishlab chiqarilgan har bir kino, multfilm, videorolikda AQSH siyosati targ‘ib qilinadi. AQSH bayrog‘i va davlat ramzlari namoyish etiladi. Mafkuraviy vazifalar ijrosi ustidan nazorat nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Germaniyada milliy g‘oya nemis millati va davlati birligi negizida shakllangan. Shaxs ma’naviy tarbiyasida asosiy urg‘u nemis milliy xarakterini shakllantirishga qaratilgan. Qat’iy tartib va qonun-qoidalarga rioya etish nemis xalqining eng kuchli jihati hisoblanadi. Barcha OAV milliy g‘oyaning targ‘ibotchisi hisoblanadi.

Niderlandiyada mafkuraviy jarayonlar Ijtimoiy siyosatni tadqiq qilish kengashi (WRR) tomonidan boshqariladi. Kengash muntazam ravishda muhim dasturlarni tuzish uchun olimlar va fuqarolik jamiyatlarining fikrlarini tinglaydi. Monitoring olib boradi. Davlat telekanallarida qaysi ko‘rsatuvlarning namoyish etilishi  to‘g‘risidagi qaror “Netherlands Public Broadcasting” (NPO) tomonidan qabul qilinadi.

 

– Sharqda-chi?

– Yaponiyada “Millat, Vatan, Taqdir tushunchalari uyg‘un. Maktablarda bizning “Tarbiya” darsiga o‘xshagan “Yapon xulqi fani o‘tiladi. Boshlang‘ich maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilarining ma’naviy tarbiya bo‘yicha maxsus sertifikat olishi majburiy. O‘quvchilarga yapon millati ruhini singdirish ularning eng asosiy vazifasidir.

Xitoyda milliy g‘oyaga Konfutsiy ta’limoti asos qilib olingan. Maqsad – Buyuk Xitoy davlatini qurishda dunyodagi barcha xitoyliklarni birlashtirish. Tarbiya “Ona Vatanga xizmat qilish va sodiq bo‘lish g‘oyasi asosiga qurilgan. Mafkuraviy siyosat Xitoy kompartiyasi tomonidan boshqariladi. Internetda g‘oyaviy xurujlardan himoyalanish uchun Xitoy milliy dasturiy ta’minot tizimi ishlab chiqilgan. “Google” o‘rniga “Baidu”, “Telegram” o‘rniga “WeChat”dan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. 

Koreya Respublikasida milliy g‘oyaning asosi koreys millatining o‘zligi hisoblanadi. Bu o‘zlik urf-odatlar, axloqiy ideallar orqali singdirib boriladi. Koreys tiliga yuksak hurmat shakllangan. Yoshlar tarbiyasida oila asosiy maskan. Tarbiyaning ilk bosqichida onalar farzandlariga koreys milliy an’analarini (salomlashish, kattalarga hurmat...) o‘rgatishadi. Veteranlar va vatanparvarlik ishlari bo‘yicha vazirlik bor. Vatan uchun qurbon bo‘lganlarni hurmat qilish, vatanparvarlik ruhini saqlash va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Bosh vazifasi – vatanparvarlik qadrlanadigan jamiyatni yaratish. Shu orqali milliy yuksalish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Turkiya mafkurasida zamonaviy turk millatining umumiy o‘ziga xosligi: vatanparvarlik, davlat mustaqilligiga sodiqlik, patriarxal asoslar, rahbarni e’zozlash, islomiy o‘ziga xoslik va boshqalar bilan ajralib turadi. Hozirgi paytda milliy va diniy qadriyatlarga tayangan “Yangi Turkiya” mafkurasi shakllanmoqda.

 

– O‘zbekiston mafkurasining negizini nima tashkil qiladi?

– Yaxshi savol. Prezidentimiz milliy g‘oya, mafkura masalasiga alohida to‘xtalib, “Mafkura deganda eski sovet mafkurasini tasavvur qilib, labiga uchuq toshayotganlar ham yo‘q emas”, dedi. Chunki shunday kaslar bor. Ular mafkura deganda KPSSni tushunadi yoki bizning mafkurasiz, maqsadsiz, olomon bo‘lib yashashimizni istaydi. Prezidentimiz aniq-tiniq qilib: “Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, deb ta’kidladi. Eslab qolaylik: O‘zbekiston mafkurasining negizini Ezgulik, Odamiylik, Gumanizm g‘oyalari tashkil qiladi. Fikr tarbiyasi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tashkil qiladi.

Masalaning aynan shunday qo‘yilishi butun olamga O‘zbekiston mafkurasi, ma’naviy-ma’rifiy siyosatining olijanob maqsadlarini yana bir bor ifodaladi. Beixtiyor Hazrat Navoiyning “Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami!” degan satrlari yodga tushadi.

 

– Nahotki milliy g‘oyaning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, eskicha stereotip bilan qaraydiganlar hali ham bor bo‘lsa? 

– Afsuski, bor. Hammamiz hayotni, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib kelamiz. Bilib bilmay “Что такое маънавият?”, “Ma’naviyat nega kerak, o‘zi?” degan gaplar ham bo‘ldi. Mana shunday talmovsirovchilarning ko‘zi ochib qo‘yildi. Ularning bir toifasi – bilmay, o‘ylamay gapirdi. Ikkinchi toifa – bilib, o‘ylab gapirdi. Ma’naviyatni bilmay yomonlaganlar g‘o‘r, dunyoqarashi tor, qayroqmiya, kitob o‘qimaganlar bo‘ldi. Bilib yomonlaganlar bizga yo‘ldosh emasliklarini bildirib qo‘yishdi. Chunki ular ma’naviyat, milliy g‘oya bizlarni hushyor, ogoh qilib, birlashtirishini juda yaxshi bilishadi. Ular bizning loqayd, beparvo bo‘lishimizni, “ikki ko‘zli go‘sht”, bema’ni odamlar bo‘lishimizni istaydi. Ana shunda biz o‘zimizga zarar, ularga foyda keltira boshlaymiz-da.

 

– Mana shunday go‘zal, odamiylik mafkurasiga kim qarshi chiqishi mumkin? Kimlarning labiga uchuq toshishi mumkin?

– Javob aniq – xalqini emas, o‘zini o‘ylovchilar. Yoki “Odami ersang demagil odami, onikim yo‘q o‘z g‘amidin g‘ami”, deguvchilar.

 

Sardor BEKTEMIROV

suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish