Kechirasiz, bu yerda o‘lish taqiqlangan!


Saqlash
16:02 / 19.02.2024 0 1422

Sarlavhani o‘qib hayratlanmang, qanchalik g‘alati tuyulmasin dunyoda shunday joylar bor. U yerda o‘lish taqiqlangan. Bugun yer yuzidagi shunday cheklovlar bo‘lgan joylar haqida ma’lumot beramiz.

 

O‘lish yoki marhumni dafn qilish taqiqlangan joylar asosan Yevropada mavjud va tabiiyki bunday cheklovlar joriy etilishining ma’lum bir sabablari bor. Shunday shaharchalardan biri Ispaniyaning janubiy qismidagi Granada avtonom viloyatining tarkibiga kiruvchi Lanjaron shaharchasi hisoblanadi. Hududda o‘lim taqiqlanishi haqidagi qonun 1999-yil Granada shahri hokimi tomonidan imzolangan. Bunga sabab sifatida Lanjaron shaharchasida eski qabristonlar ko‘pligi va dafn qilish uchun bo‘sh  joy qolmaganligi aytilgan. Qonunning yana bir qiziq tomoni shundaki, hududda nafaqat dafn qilishni taqiqlangan, balki eski qabristonlar butunlay tekislanib, qayta ochilmaguncha shaharchada yashovchi 4 ming kishining o‘lmasligi ham majburiy deb belgilanadi. Albatta, odamlar qonunga to‘liq bo‘ysunolmagan, o‘lganlarni qo‘shni shaharchalar qabristoniga dafn qilishda majbur bo‘lishgan.

 

Lanjaron (Ispaniya)

 

Bunday taqiq faqat kichik shaharcha yoki qishloqlarda bo‘ladi deb o‘ylagan bo‘lsangiz yanglishasiz. Vafot etish taqiqlangan joylar ro‘yxatida o‘zining sohilbo‘yi plyajlari bilan butun dunyoga mashhur, Fransiyaning janubi-sharqidagi Le Lavandu kommunasi ham bor. Bu joyda o‘lishni taqiqlash haqidagi qonun 2000-yilda shahar meri tomonidan imzolangan. Qonunni joriy qilinishiga sabablardan biri mavjud qabristonlarning to‘lgani, yangisini ochishga joy qolmaganida edi. Bu muammo yuzaga kelishiga ham yetarlicha sabablar mavjud edi.

 

Birinchidan, hududning sokin va nisbatan iliq iqlimli sohillari har yili minglab ishqibozlarni o‘ziga jalb qiladi, sayyohlar uchun mehmonxonalar esa shaharning duch kelgan joyiga qurib tashlangan. Rejasiz va mo‘may daromadni ko‘zlab qilingan qurilishlar shahar infratuzilmasini juda yomon ahvolga olib keldi, natijada shaharda o‘likni ko‘mish uchun 2 metr joy topish katta muammoga aylandi.

 

Ikkinchidan, bu chekka hududda xalqaro aeroport yo‘q. Sayyohlar avtomobillarda soatlab tirbandlikda qolib ketishdan norozilik bildirishi sabab, ma’muriyat mahalliy ichki yo‘llarni kengaytirishga majbur bo‘ladi. Oqibatda o‘zi shundoq ham tanqis bo‘lgan yer yanada kamayadi.

 

 

Fransiyada o‘lish qonunan taqiqlangan joy faqat Le Lavandu emas. Mamlakat janubi-g‘arbida joylashgan Sarpurenks qishlog‘ida ham 2008-yildan beri o‘lim qat’iy taqiqlangan. Hatto kimdir vafot etsa qarindoshlari jazolanadi. Nega qoidalar juda keskin? Gap shundaki, qishloqda mavjud qabriston juda eskiligi va buzib qaytadan kengaytirilishi haqida buyruq chiqariladi. Biroq qishloqda yashovchi 300 nafar atrofidagi aholi qarorga jiddiy qarshilik qiladi. Bundan g‘azablangan mahalliy hokimiyat qishloqda o‘lishni taqiqlovchi qonunni imzolaydi va bu voqeadan so‘ng Sarpurenks qishlog‘ida yashovchi doimiy aholi soni yanada kamayadi. Hozirgi kunga kelib qishloqda barmoq bilan sanarli dehqonlar yashaydi xolos.

 

 

 

Shuningdek, Fransiyada nisbatan katta kommuna Kyunoda ham bemalol “o‘la olmaysiz”. Eski qabristonlar to‘lgani, ularni buzsa, turli kasalliklar tarqalishidan xavfsiragan Kyuno meri 2007-yilda yangi qabriston ochish maqsadida Tuluza departamentidan yer ajratishini so‘raydi. Biroq tuluzaliklar taklifni qabul qilmagach, Kyuno hokimi hududdagi qabristonlarda dafn qilishni taqiqlovchi qonunni imzolashga majbur bo‘ladi. Hujjat zaruratini to‘g‘ri tushungan kommuna ahli merni qo‘llab-quvvatlaydi va Tuluza viloyati vakillariga yer ajratmagani uchun noroziliklar bilan murojaat qiladi. Biroz vaqt o‘tgach Tuluza departamenti yer ajratishga rozi bo‘ladi va Kyunoda ham o‘lishga “ruxsat beriladi”.

 

 

 

Bu kabi antiqa qonunlar faqat aholi zich yashaydigan g‘arbiy Yevropada emas, balki keng hudud, nisbatan kam sonli aholiga ega shimoliy Yevropa, jumladan Norvegiyada ham mavjud. Cheklov yer tanqisligidan emas, balki mutlaqo boshqa sabab tufayli joriy qilingan. Norvegiyaning Svalbard orollari tarkibiga kiruvchi Longyir shaharchasida mingdan ortiq aholi yashaydi va u Yerning eng shimoliy aholi punkti hisoblanadi. Shahar yaqinida Svalbard aeroporti joylashgan bolib, u dunyodagi eng shimoldagi aeroport. Shaharda Svalbard xalqaro universiteti va  BMT shafeligida yer osti xalqaro o‘simliklar urug‘laridan namunalar saqlanuvchi ulkan ombor qurilgan. Global falokat yuz bergan taqdirda o‘simlik dunyosini saqlab qolishi kerak bo‘lgan ushbu muhim obyekt joylashgan hududda vafot etish va dafn qilish hukumat tomonidan bundan 86 yil oldin taqiqlangan. Taqiqning bir qator jiddiy sabablari mavjud.

 

Birinchidan, bu yerga jasad ko‘milganda ham bir necha yillar asl holida saqlanib turadi. Taqiq joriy qilinishiga bosh sabab ham shu edi. Voqea 1938-yilda bo‘lgan. Hududda ilmiy izlanish olib borish uchun kelgan olimlar 1917-yilda o‘tkir yuqumli virusdan vafot etgan odamning jasadini qazib olib o‘rganishadi. Jasad hech qanday buzilishlarsiz saqlangan edi. Uning chirimasligiga sabab Longyir havosining juda sovuqligi, yer ham deyarli muz qatlamidan iborat. Shundan so‘ng olimlar hukumatga o‘lganlarni dafn qilishni taqiqlashni taklif qiladi. Negaki, har qanday yuqumli viruslar bilan vafot etgan inson tanasida bir necha yil davomida saqlanib qolishi xavfi yuqori. Natijada virus boshqalarga yuqishi mumkin.

 

 

Ikkinchi sabab, bu yerda yashaydigan qutb ayiqlari tufayli yuzaga kelgan. Qutb ayiqlari ming yillardan buyon yashayotgan yeriga XX asr boshida inson qadami yetishini yomon qabul qilgan. Longyirga tashrif buyurishni istagan har qanday inson oq ayiqlardan himoyalanish yo‘llarni bilishi shart. Ayiqlari nafaqat tirik odamlarga hujum qilishi bilan xavfli, balki o‘lgan odamlar jasadini topib, burdalaydi ham. Bundan tashqari, ayiqlar qancha ko‘p odam jasadini iste’mol qilishsa, shunchalik vahshiylik xususiyati ortib, odamlarga hujum qilish holatlari ko‘paygan. Shu sabablar natijasida Longyirda vafot etish ta’qiqlangan. Hozirgi kunda hududga xasta odamlarning kelishiga qat’iy cheklov mavjud. Qolaversa, shaharda doimiy yashovchi aholidan birortasi kasallansa yoki qarisa, tezda shahardan chiqarilib, boshqa orollar yoki Norvegiyaning janubiy hududlariga jo‘natib yuboriladi.

 

O‘qiganingizdek, bunday taqiqlar asosan yer yetishmasligi sababli joriy qilingan. Dunyo aholisi 1804-yilda 1 milliard bo‘lgan bo‘lsa, hozir 8 milliarddan ortiq. Insoniyat shu zaylda ko‘payishda davom etar ekan, hozircha ayrim kichik hududlardagina yuzaga kelayotgan yer muammosi bir necha yillardan so‘ng butun sayyoramizni qamrab olishi mumkin. Muammo yaqin yillarda dunyoning boshqa shaharlarida, jumladan bizda ham kuzatilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday ekan odamlar faqat o‘z rohat-farog‘atini o‘ylab yerdan ayovsiz foydalanmasligi, kelajak avlod ham bu yerda yashashda haqli ekanligini o‘ylab mas’uliyat bilan yondashishi, yer va undagi resurslarni asrashi kerak.

 

Nusratjon QODIROV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 0 175
Yaponlarning yaxshi odati

Bilasizmi?

15:04 / 24.04.2024 0 218
Goʻzallik qimmatga tushmasin

Qatra

10:04 / 16.04.2024 5 410
Velosiped

Qatra

10:04 / 15.04.2024 3 883
Onasini eng uzoq kutgan farzand



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 204527
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95703
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 21945
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 3 19678
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15111
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 8 14879
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 12830
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11773
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya