Opamni axtarib


Saqlash
16:12 / 14.12.2023 2 1166

Saharlab supadan onamning jekirigi eshitildi:

– ...qaydasa-an? Biyaqqa qara-a!..

Chopib chiqdim:

– Hov, aya?!

– Ay, anov, opangdi partigi (“fartugi” – sheva. “Etak”, “choyshab” maʼnosida) qop ketipti-ku! Paxtani nimaga teradi, endi?.. Ma, cho-op, orqasidan! Hali uzoqqa ketmagandir...

 

Darvoza tutqichini tutganimda, miyamga “lop” urildi: “Telefon!” Oʻsha tezlikda izimga qaytib, uyga kirdim. Telefonimni tokdan sugʻurib qarasam, quvvati endi ellik foizdan oshibdi: “...palakat! Oylik olay-da, bir-rinchi seni bahringdan oʻtaman!..” Toʻnkarilib qolgan shippagimni tepib oʻnglayotganimda, onam alagʻda tikilib turardi. Koʻchaga qadamim tegar-tegmas onamning ovozi qulogʻimni quvib yetdi:

— ...machitti oldiga borib baqi-ir! Eshitib qaytadi, uzoqqa ketmagan boʻsa!

 

Masjidning oldida yoʻl ikkiga ayriladi: biri kunchiqarga – jarga, biri kunbotarga – “Mojor”ga (qoʻshni qishloq) qarab ketgan. “Mojor” chegarasidagi chorrahada “Damas”lar terimchilarni tepaga, qirlar etagidagi paxtazorlarga tashiydi. Pulga, albatta. Opamlar oʻsha tarafga ketishgani aniq boʻlsa-da, har ikki yoʻlniyam qoʻyib, masjid ortidagi soʻqmoqni tanladim. Onam aytganday baqirishning nafsizligini kimsasiz koʻcha besas “aytib” yotardi. Telefon ustiga telefon qilaverib, asablarim charchadi – oʻchiq. Turqim tirishib, gʻoʻldirab boraman: “...nokerak paytda yoniq, kerak paytda oʻchiq telefonni boridan yoʻgʻi yaxshi!”

Soʻqmoq katta lotok ariqqa yetib tugaydi. Ariq koʻprigidan oʻtib, dasht yoʻliga tushdim. Orqa-yu oldimga olazarak ketyapman: “...boyagina ketishgandi-ku, shu-uncha uzoqlashishga ulgurdimi! Yoʻlkiraga ketadigan shu toʻrt ming soʻmniyam tejab, piyoda borib kelyapmiz, degandi. Ayollarning mayda qadami unmasdi-ku, uncha?” Telefonim ekranidagi soatga koʻz tashlab qoʻyaman: “...ishga kechikmasam boʻldi!”

 

– ...assalomu alaykumdan boshlayman har bir soʻzimni!, – ortimda vilosipedli kishining kelayotganini koʻrgandimu kimligiga razm solmabman. Besh yasharlikda tanishganimiz, sinfdosh ham qoʻshni joʻramning otasi Gʻulom aka ekan. Xiyol dimogʻda, kesatibroq gapiradi. Kesatiqlari tagdor, bir joyingni oʻpirmasdan oʻtmaydi. Lekin oʻzi yaxshi odam: halol, mehnatkash, tinimi yoʻq. Esimni tanibmanki, zaboyda, ohaktosh konida ishlaydi. Ogʻir ish: uzzukun harsangga kuvalda urasan, lom urasan, pona qoqasan, tosh boʻlaklarini toʻplaysan, yuk mashinasiga ortasan, keyin olasan pulingni... Bir zamonlar besh-olti kun chiqib, tovbamga tayanganman. Bu odamning esa umri shu mehnatda oʻtdi, hisob. Qizlarini oʻqitdi, uzatdi, oʻgʻlining ham maʼlumotini oliy qilib, ishga joyladi, uylantirdi. Va, mana, hanuz oʻsha ohaktosh koniga, oʻsha velosipedida yoʻl tortyapti. Ha, Paxtachining peshanasiga shu togʻ-u toshlarning boriga shukur. Yoʻqsa yurtdagi yalpi ishsizlik kasriga bu elni oʻgʻri-yu gʻar bosib ketardi.

– ...vaalaykum assalom!, – yetib kelib, vilosipeddan tushdi. – Aha-a, bemahalda, biyaqqa qarab?

Qoʻlimda tugilgan fartukni koʻrsatib, muddaomni maʼnilatdim. Oshnamning otasi ulovidan qanday oshigʻich tushgan boʻlsa, shunday shoshib mindi yana:

– ...mayli, charchama!

Tezlashish oʻrniga sekinlashdi, nariroq borib. Toʻxtadi. Soʻl oyogʻi yerda, egarda osigʻliq qolgan oʻng oyogʻi tizzasiga qoʻlini qoʻyib, yarim oʻgirildi menga:

– Qaysi fermerda teryapti, opang?

– Sanjarda..?

– Aniq shundama yo...

– Shunda, aka, shundamiz degandi...

Gʻulom aka boz indamay, egarga oʻtirdi. Men-da indamadim: “...yoʻlimiz boshqa ekan”.

 

Ariq labidagi yoʻl tugab, Narpay kanali uzra oʻtgan katta yoʻlga oʻtdim hamki, opam koʻrinmasdi. Kamiga telefonim ham xayr-maʼzurni nasiya qilib, oʻchdi-qoldi. Mingʻirlab oʻzimni ovutgan boʻldim: “...yaxshi boʻldi, ana endi bor diqqati faqat yoʻlga qadalgan chin yoʻlovchisan!”

Ikki yoni simtikan bilan ihotalangan temir yoʻlga yaqinlashib borardim. Yonginamda “oʻtarava”lar oʻtib-qaytadi. Aksari “Damas”u mototsikllar: “Ural”, “Minsk”, “IJ”... Har oʻtgan “Damas”ga sin solaman: “...shunisining ichidadir, balki, opam?” Xayolimda ana-mana bittasining tormoz chiroqlari choʻgʻday yonadi-yu eshigi “gʻur-r-rt” surilib, opam sakrab tushadigandek... Va menga sari hadahalab keladigandek: “...zarilmasidi shu, uka, sherigimdi ortiqcha partiklari koʻp. Bir amallardim, uka. Ishing nima boʻp ketti seni?! Valsapid-palsapid topilmadima bitta?! Charchab ketgandirsan?.. Shopir aka, ukamdi uyga obborib qoʻying? Mana, puli. Biz shu yerdan tushamiz. Piyoda yursagam oʻlmaymiz. Goʻram qomadi oʻzi. Oʻtir, ukashim...” Opamdan kutsa boʻladi buni. Koʻnmasam, yigʻlab ham beradi: kuppa-kunduzi, hammaning koʻzi oldida...

 

Talaba edim. Opam Boʻkaga paxta terishga bordi. Qaytishda hamrohlariga kutib turishlarini tayinlabdi-yu shaharga, mening oldimga shoshibdi. Hali darslarim tugamagandi. Shuning uchun opamni, tanaffus paytini moʻljallab, toʻgʻri fakultetga boshlab keldim. Qizlar koʻproq edi, oʻqishimizda: bir-biridan suluv, bir-biridan oppoq, bir-biridan kibor qizlar... Opamni ular bilan yoʻl-yoʻlakay tanishtirarkanman, chanoqlar tilib tashlagan qoʻllarini qayoqqa yashirishini bilmayotgandek qimtinardi. Charaqlab soʻrashayotgan saboqdosh qizlarning charos koʻzlari-yu loʻppi yuzlariga hayrat ila, anqayib-tanqayib qarardi. Qoʻzgʻolgan qovogʻari uyasiday vagʻillayotgan sinfxonaga kirdim-u “Tanishinglar, bu mening opam!”, dedim baralla. Old partadagi qizlar “Oʻ-oʻ-oʻ!”, deb oʻrinlaridan turishdi. Oʻzlariga xos “salom-alik”ka oʻtishdi. Qaysi quchoqlagan opamni, qaysi oʻpgan... Kursdosh joʻralar esa sipogina iyak qoqishardi: “...salomalaykum, opa, yaxshimisiz?” Dars boshlandi. “Vagʻir-vugʻur” tinay demasdi. Qarasam, opam, boshini ushlagancha, menga moʻltirab oʻtiribdi. Javob soʻradig-u chiqib ketdik. Yoʻl ustida, tushlik bahona, choyxonaga sudradi. Garchi taomnomadagi eng arzon yemishni kishibexabar buyurtma qilgan esam-da, shungayam opaginamning bir kunlik tergan paxtasining puli ketdiyov. Choyxonadan chiqqach, bozorga boraylik, deb qoldi opam. Uydagilarga ul-bul olmoqchidur-da, tusmoli bilan avtobekatga yetakladim. Avtobuschi tomga odam ortmadiyam, xayriyat. “Otchopar” bozorida sulayib avtobusdan tushdik. Ur-sur bozor rastalari aro menga nimadir tutqazdi, opam: “...kiyib koʻr-chi?” Jemfer ekan. Kerakmas, dedim (“...nechchi kunlik paxta puli ekan, narxi?!”). Opam boz undadi. Boz bosh chayqadim. Opam yalinishga tushdi. Soʻng yolvordi. Soʻng... yigʻladi. It egasini tanimaydigan, tanisa-da tan olmaydigan shaharning gavjum bozori oʻrtasida, hech kimga va hech narsaga qaramasdan, “hoʻng-hoʻng” yigʻlardi. Ilojsiz oldim-u qoʻltiqqa urdim. Opam uydagilarga olarini oldi-yu hamrohlari oldiga oshiqdi. Xayrlasha turib, meni mahkam bagʻriga bosarkan, koʻzlarining yoshi qurimaganini koʻrdim. Katta yoʻl yoqasida yolgʻiz ijaraxonamga qaytarkanman, yangi jemferni qattiq quchgan koʻyim yelkalarim titrardi. Endi men yigʻlardim...

 

Temir yoʻldan oʻtadigan darchaga yetib kelib toʻxtadim. “Damas”lar paydar-pay ayollarni “toʻkardi”. Opam koʻrinmasdi hanuz. Bitta-ikkitasidan Sanjar fermerning yerini soʻragandim, kunchiqarni koʻrsatishdi. Oʻsha yoqqa qayrildim. Eski razyezd oʻrnidan, simtikanlarni koʻtarib oʻtisharkan, odamlar. Shunday, tayin yoʻl boʻlmasa, “yoʻl”ini ochvoladi yoʻlovchi. Ajabki, odamlarni tezyurar poyezd emas – tirikchilikning shiddati koʻproq choʻchitadi. Illo, qanchasining oyogʻini kesib ketdi poyezd. Qanchasining podasini sochib ketdi... Birda oʻgʻrincha, birda toʻgʻrincha oʻtaverishadi, relslar ustidan.

Oʻzim ham engashib oʻtdim. Tutqator boʻylab bordimu... sanoqsiz ayollar qiy-chuvi fonidagi paxtazordan chiqdim. Qidirganim fermer dalasi shu ekan: gʻoʻzalari kalta-kalta, joʻyaklarini oʻt bosib yotardi. Opam koʻrinmadi. Qatorbergich xotin pildirab kep qoldi. Niyatimni uqqach, oldimga tushdi: “...yuringchi, u boshidadir maydonni!” Paxtazor biqinidagi shudgorda loʻkkillab boramiz. Xotinning dahani dam bilmaydi. Mening esa xayollarim. Ahyonda gʻoʻldirab qoʻyaman:

– Ishga kechikdim-da...

– Menga tashlab ketavering unda, oʻzim berib qoʻyaman?, – dedi “Qatorbeka” oldinda borayotib.

– Yoʻgʻ-ey, xola, rahmat. Boʻlari boʻldi endi. Oʻziga topshirib ketaman...

– Dala havosidan toʻyib-toʻyib nafas oling, boʻmasa. Paxtalarimizni koʻring!

– Koʻryapman... Qachondir nimadir yozarman ham, balki...

– Yozuvchimisiz?

– Shunga yaqinroq.

– Men haqimda yozing, mana! Mahallakomman, asli. Oʻn uch tonna paxta topshirdik, misol uchun...

– Shu uch kundami?

– Bir kunda-a. Kechaning oʻzida!

– Xa-a...

 

Opamning qorasi koʻrinmasdi, hech yerda. Paxtazorni oʻrtaladik. Qatorbergich xotin terimchi ayollar uzra ovoz qoʻyib, opamni chaqirdi. Birovi boshini koʻtarmadi. Besh-olti ayol qator soʻrab kep qoldi-yu qatorbergich oʻzi bilan oʻzi andarmon boʻp qoldi. Soʻqmoqdan oʻzim ketdim, uyogʻiga. Birda-yarimda bosh koʻtarib qolganidan opamni soʻrayman. Yelka qisishadi. Paxtazor tugayozib qoldi hamki, opamni... taniganni topmadim, hatto. Egnimga ilashmagan oʻtmi-tikanak qolmadi, bu orada. Maydon tugab, tutqatorlarga, undan yoʻlga chiqdim. Boshqa paykallar, boshqa fermerning yerlari sarhadida serrayib qolgandim. Paxta gʻoʻzalari qirlarga, qirlardan oshib ufqqa tutashib ketgandi. Olis-olislarda kimlardir egilib-bukilar, paxtaga muk tushgandi. Shularining bittasidir opam?.. Toqatim tugadi. Bu yurtning chegarasi bor, ammo paxtasining adogʻi yoʻq. Qaytdim-ey!

 

Goh oʻzimni yanib, goh opamni koyib, goh paxtazorini oʻtoq qildirmagan fermerni soʻkib... uyga qaytardim. Yarim yoʻlda telefonimni “zoʻrlab” yoqishim hamono jiringladi: “Opam!”

– ...allo, uka, men uydaman! Tez qayt!.. Boʻldi, qizishma... Ayam meni oʻylab seni yuborgan, sen ayamdi oʻylab koʻngansan, men hammani oʻylab uyga qaytdim. Bor gap shu...

Telefonning ham, mening ham unim oʻchdi. Ikkinchimi-uchinchi kurs mahalim, qishda uyga kelganim yodimga yopirildi, negadir. Opam ishda, shaharda ekan. “Ketib qoma, uka, ertaga ruxsat soʻrab boraman!”, dedi telefonda. Biroq men ertasi kun tonggidan Toshkentga otlandim. Opamga bir ogʻiz ham aytmadim, bu haqida. Oqibatda, bexabar opam, qosh qorayganda kirib kelibdi, halloslab. Yoʻq, avval qishlogʻimizda “Qizil uy” deb dong taratgan tamaddixonaga borgan, shahardan qayta-qayta. Ikkita issiq non, qaynoqqina shoʻrva olgan. Obdan oʻratgan. Va qoʻllarida avaylabgina, huv-v, oʻsha tamaddixonadan, piyoda opkelgan. Tun boʻyi yomgʻir ezib yogʻib chiqqandi. Yoʻllar loy, koʻlmak koʻp... Darvozadan kiriboq, meni soʻragan: “...ukam qani? Shoʻrva sovib qoladi. Issiqqina ichib olsin!”

 

Sherbek BOBOQULOV

Foto: Abdumannon MUHAMMAD

 

2 Izohlar

Sobir

10:12 / 15.12.2023

Qishloqni eslatadigan va o‘zbekiston paxta siyosatini yozibdi

Shehroz

09:12 / 15.12.2023

Voqealar hayotiy maroqli mutola uchun rahmat

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

16:04 / 26.04.2024 0 206
Yaponlarning yaxshi odati

Bilasizmi?

15:04 / 24.04.2024 0 218
Goʻzallik qimmatga tushmasin

Qatra

10:04 / 16.04.2024 5 410
Velosiped

Qatra

10:04 / 15.04.2024 3 885
Onasini eng uzoq kutgan farzand



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 204532
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 95707
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 21950
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 3 19700
Milliy urf-odatlar

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 15112
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

10:12 / 28.12.2021 8 14892
Manqurt(lik)

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 12846
Xarakter

Bilasizmi?

11:11 / 08.11.2021 5 11774
Eng ko‘p uchraydigan 10 ta fobiya