Turkiyaga kirishda asosan 20-35 yoshdagi xorijliklar qatʼiy tekshiruvdan oʻtmoqda

Saqlash
14:03 / 27.03.2024 984 0

Bugungi kunda Turkiyaga kirish va chiqish chegara punktlarida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mamlakatga kelayotgan xorijliklarga nisbatan qatʼiy tekshiruvlar amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi.

 

Maʼlum boʻlishicha, Istanbul xalqaro aeroportida asosan 20-35 yoshdagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilgan.

 

Shuningdek, oʻzining xatti-harakatlari bilan shubha uygʻotgan shaxslar bilan migratsiya xizmati xodimlari tomonidan suhbat oʻtkazilib, shaxsiy uyali telefonlari tekshirilish holatlari ham uchramoqda.

 

Maʼlumotga koʻra, terrorizm, odam savdosi va boshqa jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanganlar, taqiqlangan tovarlarni olib oʻtishga uringan shaxslar “Turkiyaga kirishi istalmagan yoʻlovchi” sifatida baholanib, Turkiya hududiga kiritilmasdan, mamlakatiga qaytarib yuborilmoqda.

 

Jumladan, joriy yilning yanvar-fevral oylari davomida Turkiyaga kiritilmagan 163 nafar Oʻzbekiston fuqarolaridan 54 ta nafari muqaddam Turkiyaga kelib, qonunbuzarlik sodir etib kirishiga taqiq qoʻyilganlarni tashkil etgan.

 

Konsulxona xabarida yozilishicha, ayrim vatandoshlarimiz tomonidan Istanbul aeroportida politsiya xodimlarining qoʻpol muomalasi boʻyicha shikoyatlar kelib tushgan. Bu boradagi shikoyat va eʼtirozlar diplomatik kanallar orqali turk tomoniga yetkazilgan va hozirgi kunda mutasaddi tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

 

“Oʻz oʻrnida, fuqarolarimizdan mahalliy qonunlarni hurmat qilib, ularga toʻliq rioya etishlarini soʻrab, oldin qonunbuzarlik sodir etib deport qilingan fuqarolardan esa Turkiyaga kirish taqiqi bor yoki yoʻqligini Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Turkiya diplomatik vakolatxonalaridan oʻrgangan holda kelishlari tavsiya qilinadi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish