Tez orada Germaniyaga ishga boruvchilar uchun til bilish talabi yumshatiladi

Saqlash
11:03 / 18.03.2024 995 0

Germaniyada mehnat muhojirlariga boʻlgan talab oshib bormoqda. Bunga davlatda boʻlayotgan katta demografik jarayonlar sabab qilib koʻrsatiladi.

 

Ayni vaqtda olmon mehnat bozorida Oʻzbekistondan boruvchi tibbiyot yoʻnalishidagi mutaxassislarga talab katta. Jumladan, Germaniyadagi 1000 dan ortiq shifoxonalarga tibbiyot xodimlari yetishmayapti. Bu borada Oʻzbekiston tomoni ushbu boʻshliqni toʻldirishga tayyorligini taʼkidlaydi.

 

Biroq, mazkur jarayonni til bilishdagi muammolar sekinlashtirib yubormoqda. Bu esa til boʻyicha qoʻyilgan talablarni yumshatish taklifini koʻrib chiqishga undaydi.

 

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, Germaniyaning “Mangold Consulting Gmbh” kompaniyasi prezidenti Klaus Mangold hamda boshqaruvchi direktor, doktor Kristof Mangold oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham til bilish talabi yumshatilishi taklif qilinib, nemis tili oʻquv kurslari muddatini qisqartirish zarurligi aytilgan.

 

Bu faqat tibbiyot sohasidagi xodimlar uchun emas, balki metallni qayta ishlash korxonalaridagi mexatronika, logistika, yuk avtomobili haydovchiligi yoʻnalishlariga ham taalluqli boʻlishi mumkin. Chunki mazkur sohada ishlovchi kadrlarga ham hozirda Germaniyada talab yuqori.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish